Timur Kapadze: "Hayotimda bir bosqich tugab ikkinchisi boshlanyapti" (Birinchi qism)
22 dek 2017 12:48
Yangiliklar
Timur Kapadze: "Hayotimda bir bosqich tugab ikkinchisi boshlanyapti" (Birinchi qism)
Buni albatta o'ziga xos voqelik desa bo'ladi. CHunki Kapadze hech qachon oddiy o'yinchi bo'lmagan. Har yili ko'plab o'yinchilar futbolni tugatishadi, biroq doim ham barchaga birdek etiborda bo'lavermaymiz. Bunga sabab bazan o'sha futbolchi futbolga hech narsa bermagan bo'lib chiqadi.
Timur Kapadze futbolchilik faoliyatini yakunlaganidan so'ng undan intervyu olishni lozim topdik. Intervyu nihoyatda cho'zilib ketgani bois, albatta bu bir qator mavzularni o'z ichiga olganidan, uni ikki qismga bo'lgan holda o'quvchilar etiboriga havola etishni lozim topdik. Bugun birinchi qismini o'qishingiz mumkin.
- 4 dekabr kuni bo'lib o'tgan “Lokomotiv” va “Bunyodkor” o'rtasidagi O'zbekiston Kubogi finali futbolchilik faoliyatingizdagi oxirgi o'yin bo'lib qoldi. Bu uchrashuvga qanday munosabatda bo'ldingiz: boshqa o'yinlar qatori oddiymi yoki alohidami?
- Albatta, bu o'yin men uchun alohida etiborga ega bo'ldi. CHunki Kubok finali faoliyatimdagi oxirgi uchrashuv ekanini nafaqat o'zim, balki hamma bilardi. SHu bois uchrashuvga yanada jiddiy tayyorgarlik ko'rdim. Faoliyatimni chiroyli yakunlash uchun g'alaba qozonishimiz shart edi, buni futbolchilarga ham aytdim. Xullas barchamiz fikrni bir joyga jamlab finalga tayyorgarlik ko'ra boshladik.
O'yindan oldin rahbariyat jamoani yig'ib, finalni yutishimiz kerakligini, o'tgan yilga o'xshab “Oltin dubl” qilishimiz kerakligini takidladi. Finalga etibor yuqori bo'ldi, O'FF va PFL vakillari o'yin bilan bog'liq tashkiliy ishlarni juda yaxshi bajarishdi. Eng asosiysi stadionga kelgan muxlislar xafa bo'lishmadi. Eng xursand qilgani esa g'alabaga erishganimiz bo'ldi.
- Ikkinchi taymda almashtirildingiz. Buni o'zingiz xohladingizmi yo murabbiy qarori edimi?
- Bahsni asosiy tarkibda boshlashimni bilardim. O'yindan oldin murabbiylar shtabiga aytdim: kuchim etguncha o'ynayman. Endi baribir chetdan murabbiylarga yaxshiroq ko'rinadi, balki toliqib qolgandirman, shu bois meni almashtirishdi. Qolaversa, bu mening oxirgi uchrashuvim bo'lgani bois ikkinchi taym o'rtalarida maydonni tark etishim lozim edi. Bu paytda hisob 1:0 edi, shuning uchun murabbiyimiz tavakkal qilmadi deb o'ylayman.
- Maydonni tark etayotganda qanday hissiyotlar cho'lg'ab oldi?
- Meni almashtirishayotganini ko'rganimda dastlab sardorlik bog'ichini Islom To'xtaxo'jaevga topshirdim. So'ng jamoadoshlarim oldimga kelib men bilan xayrlashishdi. Bundan esa to'lqinlanib ketdim va yig'lab yuborishimga sal qoldi. Ko'zim to'lib turgandi. SHunda payt ko'z oldimdan butun faoliyatim kechdi. Yoshligimda futbolga kirib kelganim, futbolni qanday tugatganim... Mirjalol Qosimovga ham rahmat, u kishi meni yoniga chaqirib tabriklab qo'ydi. SHu o'rinda o'yinda ishtirok etgan hamma-hammaga minnatdorchilik bildiraman.
- Futbolchi xayrlashuv uchrashuvini o'tkazayotganida o'zini boshqacha his qiladimi?
- Albatta. CHunki bu hammasi tugadi degani. SHu bois ham butun faoliyatim ko'z oldimga keldi. Endi men rasman futbolchi emasman va hayotimda yangi sahifa ochaman. Boshqacha aytganda, hayotimda bir bosqich tugab ikkinchisi boshlanyapti.
- Faoliyatni tugatish yil boshidagi maqsad edimi yoki mavsum davomida yuzaga keldimi?
- Yil boshida bunday maqsadim bor edi deya olmayman. Albatta, qachondir tugatishim kerak edi, lekin yil boshida reja qilmaganim aniq. Bu narsa vaqt o'tishi bilan yuzaga keldi. Endi yosh bola emasman. Yoshim ham 36dan o'tib 37ga qarab ketyapti. Baribir bu yil bo'lmasa keyingi yil tugatardim, shuning uchun uzoq o'ylanib o'tirmay shu yil tugatishga qaror qildim. Aslida futbolchilik faoliyatimni terma jamoada tugatishni maqsad qilgandim.
Terma jamoadagi o'yinlarim soni 119tani tashkil qilyapti va 120-o'yin xayrlashuv uchrashuvim bo'ladi degan niyatim bor edi. Ammo peshonaga bitilmagan ekan bunday bo'lmadi. Agar terma jamoa safida hech bo'lmasa birorta o'rtoqlik o'yinida bo'lsa ham 15-20 daqiqa to'p surib shu orqali tugatganimda baribir yil oxiriga kelib “Lokomotiv”da ham tugatgan bo'lardim. Lekin terma jamoa jiddiy o'yinlar o'tkazgani bois bunga fursat bo'lmadi. Keyin ikkinchi davra bahslari boshlandi. Men ko'p o'yinlarda zaxirada qolib ketdim. SHundan so'ng tugatishim kerak, maydonni yoshlarga bo'shatib berishim zarur degan xulosaga keldim.
- Yakuniy qarorga kelish qiyin bo'lmadimi?
- O'ziga yarasha qiyin bo'ldi deb bemalol ayta olaman. CHunki shug'ullanib turgan ishingdan voz kechish oson bo'lmaydi. Yigirma yil futbol o'ynagan kishi uchun sevimli ishini birdaniga to'xtatiish nihoyatda qiyin. Buni faqat boshidan o'tkazgan tushunar ekan. Oliy liganing oxirgi turlarida “Dinamo”ga qarshi o'yindan oldin jamoamiz murabbiyi Mirko Yelichichga mavsum tugagach futbolni tugatishimni malum qildim. SHunda Yelichich bu sening qaroring, butun jamoa qaroringni hurmat qiladi, agar xo'p desang murabbiylar shtabida ish boshlab menga yordam berishing mumkin, chunki sen bizga keraksan dedi.
- Nima deb o'ylaysiz, aynan terma jamoa uchun “Kapadze va uning do'stlari” degan shou-uchrashuv tashkil qilsa bo'ladimi?
- Kubok finalida maydonga tushib faoliyatimni tugatganim yaxshi bo'ldi deb o'ylayman. Endi shou-uchrashuvga kelsak, buni amalga oshirish oson emas. Avvalo bo'sh kunni topish kerak, keyin tashkiliy ishlar degandek, futbolchilarni ro'yxat qilib chaqirish lozim, ular o'sha kuni bo'sh bo'ladimi-yo'qmi, xullas bu tomonlama ham ish ko'p. Kim biladi deysiz, balki siz aytayotgan o'yin kelajakda bo'lib qolar.
- Bazan shunaqasi bo'lib turadi. Futbolchilar faoliyatni tugatishni elon qilishadi, biroq ko'p o'tmay yana maydonga qaytishadi. Sizda ham shunday bo'lishi mumkinmi?
- Menimcha, bo'lmaydi. CHunki yakuniy xulosaga kelib bo'ldim va endi boshqa o'ynamayman. Ochig'i, boshqa jamoa safiga borib qo'shilishdan mano ko'rmadim. “Lokomotiv”da qolib keyingi yilni ham bir o'ynab, bir zaxirada qolib o'tkazishim mumkin edi, ammo bu o'zimga to'g'ri kelmadi. Undan ko'ra yoshlar o'ynasin dedim. Tan olish kerak, menda bu yil qiyinchiliklar ko'p bo'ldi. Qaysi tomonlama? O'yinlardan keyin tiklanish oldingi yillardagidek oson kechmadi. Qolaversa, ko'p yugursam toliqish hollari sezildi. Inson o'z organizmini alday olmaydi. Menda ham shunday bo'ldi.
- Bundan keyin sizni “Lokomotiv” murabbiylar shtabida ko'ramizmi?
- Ha, shunday bo'ladi. Rahbariyat shu fikrni ilgari surdi, qolaversa bosh murabbiyimizning o'zi ham shuni xohladi. Bu erda faqat mening istagim bilan ish bitmaydi. Avvalo rahbariyat va murabbiylar shtabining xohishi bo'lishi kerak. Murabbiylik sohasi men uchun yangi chaqiriq bo'ladi. SHuncha yil futbol o'ynadim, ko'p murabbiylar bilan ishladim, shunday ekan yangi ishimda muvaffaqiyat qozonishga umid qilib qolaman.
- Murabbiylikni qaysi nuqtadan boshlashni afzal ko'rasiz? Birdaniga kattalar jamoasida ishlashnimi yoki hammasini bolalar futbolidan boshlashnimi?
- Bundoq o'ylab qarasak, bolalar futboli kattalar futbolidan keskin farq qiladi. Albatta, men hozirdanoq bosh murabbiy bo'lishga tayyor emasman. Dastlab Andrey Miklyaev, Mirko Yelichich, Andrey Fyodorov kabi murabbiylar yonida yurib malaka oshirishni xohlayman. Agar imkon bo'lsa, o'rinbosarlar jamoasida ishlashim mumkin, ammo kattalar bilan ishlash uchun hali ko'p o'qib-o'rganishim kerak. Bolalar futboli esa butunlay boshqa mavzu, yosh bolalar bilan ishlab keta olishimga ko'zim etmaydi.
- Ortga nazar tashlab faoliyatingizdagi qaysi yillarni ko'proq yodga olasiz?
- Birinchi navbatda “Cementchi”da qo'ygan ilk qadamlarim yodga tushadi. O'tish o'yinlarida (pulka) maydonga tushganim hozir ham esimda. O'shanda “Cementchi” tarkibida beshta o'yinda maydonga tushib, beshta gol urgandim. Undan keyin qanday qilib “Neftchi”ga o'tganim yodda qolgan. Men Farg'onada katta bo'lganman va Farg'ona futboli tarbiyalanuvchisiman. 1997-98 yillar “Neftchi” juda kuchli jamoa edi. 1997 yil o'tish o'yinlarida qatnashgan bo'lsam, 1998 yilning boshida Hokim Kubogida “Neftchi”ga qarshi o'ynaganman.
O'sha o'yinda meni kuzatgan Yuriy Sarkisyanning keyinchalik o'z jamoasiga taklif etganini hamon eslayman. SHaxsan Yuriy Vazgenovich menga qiziqayotganini eshitganimda juda hayajonlangandim. Bu haqda dadamga ham aytganman. O'yindan ertasi kuni Sarkiyasn meni oldiga chaqirdi va “Neftchi”da o'ynashni xohlaysanmi deb so'radi. Men esa ha dedim. SHu-shu “Neftchi” futbolchisi bo'lib qoldim. Faoliyatim davomida alohida bir yilni ko'proq eslayman deb aytolmayman. “Neftchi”dan keyin “Paxtakor”ga kelganim, “Bunyodkor”ga qanday o'tganim, xorij klublaridagi faoliyatim va oxirida “Lokomotiv”ga kelganim bularning hammasini eslab turaman.
- “Neftchi” o'rinbosarlar tarkibidagi ilk o'yiningiz yodda qolganmi?
- Ha, albatta. O'rinbosarlar safida chempionatning birinchi o'yinini Termizda o'tkazgandik. Biz shu uchrashuvga avtobusda yo'l olganmiz. Men bahs tugashiga 15-20 daqiqa qolganida maydonga tushib, to'pga birinchi tegishdayoq bosh bilan gol urganman. Bungacha hisob 1:1 edi. SHunday bo'ldiki, “Neftchi” o'rinbosarlari ketma-ket uch yil (1998, 1999, 2000) chempion bo'ldi. Qaysidir yil men o'rinbosarlar o'rtasida to'purar ham bo'lganman. 2001 yilga kelib asosiy tarkibda o'ynay boshladim. Ko'p o'yinlar yodda qolgan. O'z maydonimizda “Paxtakor”ni 3:1 hisobida yutganimizni ham yaxshi eslayman, men ikkita gol urgandim. Undan keyin nima bo'lganini yaxshi bilasiz. 2002 yil “Paxtakor”ga o'tdim va shu bilan faoliyatim poytaxtga ko'chdi.
- “Paxtakor” sizga juda katta tasir ko'rsatgan, to'g'rimi?
- “Paxtakor”ga kelgach, birinchi navbatda o'ynaydigan joyim o'zgardi. Tachmurod Agamurodov meni hujumdan olib tayanch yarim himoyasiga qo'ya boshladi. Vaholanki, bu klubga hujumchi sifatida kelgandim. Boshida hayron bo'lganim rost, lekin murabbiyning qarorini hurmat qilgan holda yarim himoyada o'ynay boshladim. “Paxtakor” yarim himoyasida Server Jeparov bilan Andrey Vlasichev o'ynardi. Men esa raqobatda Vlasichevga yutqazardim. SHunga qaramay o'z ustimda ishlashda davom etib, ikkinchi davrada to'laqonli asosiy tarkib azosiga aylandim.
- Hech o'ylab ko'rganmisiz, Agamurodov nima uchun sizni tayanch yarim himoyasiga qo'ygan bo'lishi mumkin?
- CHempionat oldidan yig'in o'tkazish uchun Dubayga borgandik. Tarkibda yaxshi hujumchilar ko'p edi: Anvar Soliev, Nematillo Quttiboev. Balki murabbiy hujumda raqobat kuchliligi bois meni zaxirada olib o'tirgandan ko'ra boshqa chiziqda sinab ko'rishni maqsad qilgan bo'lishi mumkin. Jamoa ikkiga bo'linib o'ynaganida Agamurodov meni tayanch nuqtasida sinab ko'rdi. Men uchun muhimi maydonga tushish bo'lib, qaysi chiziqda to'p tepishimning farqi yo'q edi. Men hech qachon o'zim uchun o'ynamaganman, doim jamoa uchun harakat qilganman. Kerak bo'lsa, to'psiz yugurishga ham tayyor edim.
Futbolchi qachon zo'r bo'ladi? Qachonki o'ynab turgan jamoasiga foyda keltirsa. To'pni olib quruqdan quruq yugurgan bilan ish bitmaydi. Hozir ko'p yoshlar to'p kelgach o'zim aldab gol uraman deydi. SHunda ularga aytaman: jamoa uchun o'ynashni o'rganinglar, o'zlaring uchun emas. CHunki faqat o'zini o'ylaydigan futbolchi uzoqqa bora olmaydi. Futbol - jamoaviy o'yin bo'lgani uchun maydonda hamma bir-biriga bog'liq bo'ladi: darvozabondan tortib hujumchigacha. Afsuski, ko'p yoshlar buni tushunmayapti. Terma jamoada ko'plab murabbiylar bilan bilan ishlashga muvaffaq bo'ldim. Bundan judayam xursandman. O'z vaqtida Valeriy Nepomnyashiy, Rauf Inileev, Ravshan Haydarov, Vadim Abramov, Mirjalol Qosimov, Bob Xougton kabi murabbiylar ishlab ulardan ko'p narsa o'rgandim va o'rganganlarimni endilikda murabbiylik faoliyatimga tadbiq qilishni xohlayman.
(Davomi bor...)
Fikrlar