So’nggi yangiliklar

09:10Миллатлар лигаси. Португалия - Хорватия, Роналду терма жамоа сафидаги 131-голини урди  0 08:58Дахшатли нархлар. "Барселона" мухлисларга футболкаларни тарихдаги энг қиммат нархларда сотмоқда   1 08:30ЖЧ саралаши. Аргентина - Чили, Аргентина ўз уйида йирик ғалаба қозонди, Ди Мариа терма жамоа билан хайрлашди  3 08:26Машариповнинг голи, Юсуповнинг қаҳрамонлиги. Ўзбекистон - КХДР учрашувидан ГАЛEРEЯ  0 07:59Роналду: "Португалиянинг Евро-2016даги ғалабаси жаҳон чемпионатидаги ғалабага тенг"  10 07:28Миллат қаҳрамонлари! ФИФАнинг энг кучсиз жамоаси тарихида илк бор расмий учрашувида ғалаба қозонди  6 01:47Миллатлар лигаси. Роналду 900-голини урган ўйинда Португалиядан ғалаба ва бошқа натижалар  6 01:10Сенсация! Манчинининг Саудияси Индонезияни мағлуб қила олмади  6 00:55Жалолиддин Машарипов: "Ўйинимиздан кўнглим тўлмади, бундан яхшироқ ўйнай оламиз"  4 00:36Бу даҳшат! Роналду фаолиятидаги 900-голини урди  10 00:22Ўзбекистон термасида Сречко Катанец қўл остида илк марта шундай ҳолат кузатилди  11 00:05Шерзод Насруллаев: "Майдоннинг ҳолати яхши эмаслиги бугунги ўйинга таъсир қилди"  18 23:40Элдор Шомуродов: "Ҳар бир учрашувда фақатгина уч очко учун ўйнаймиз"  9 23:22ЖЧ саралаши. Эрондан кичик ғалаба, БАА Қатарда камбек амалга оширди  21 22:59Миллатлар лигаси старт олмоқда! Португалия - Хорватия ва бошқа учрашувларнинг асосий таркиблари билан танишинг  4

Nodirxo'ja Yuldashev: 2007 yildayoq katta sakragan "Quruvchi", bog'chada yashagan "Traktor" Yangiliklar

Nodirxo'ja Yuldashev: 2007 yildayoq katta sakragan "Quruvchi", bog'chada yashagan "Traktor"

Avvalo 2006 yilga kichik tuzatib kiritib o'tsam. “Quruvchi” jamoasi bir yil avvalroq 2-ligadan pulkaga chiqqandi. 2007 yil ular birinchi urinishdayoq oliy liga yo'llanmasini qo'lga kiritgan.

Birinchi liganing so'nggi turida “Quruvchi” uy maydoni “to'qimachilar” stadionida “Vobkent” bilan o'ynashi kerak bo'lgan. Bu haqda xabar topib, o'yinga borgandim. “Quruvchi”da 83, “Vobkent”da 80 ochko bor edi. Durang ham poytaxtliklarni chempion qilardi. Hikmat Ergashev boshchiligidagi jamoa raqibiga hech qanday imkoniyat qoldirmaydi. So'nggi tur oldidan har ikki jamoa oliy liga yo'llanmasini qo'lga kiritib bo'lgan edi. SHu yili “Surxon” va “Qo'qon-1912” hattoki birinchi ligadan ham tushib ketadilar. Natijada 2007 yil poytaxt sharafini 4ta jamoa oliy ligada himoya qiladigan bo'lgan.



 O'z paytida SHarof Rashidov aynan mana shu VIPdan "Paxtakor" o'yinlarini tomosha qilgan.


Endi 2007 yilga to'xtalaman. “Katta tanaffus” degan ko'rsatuvni kim eslaydi? Hilola va Otabek degan boshlovchilar olib borardi. SHulardan Otabek “Kamolot”da bo'lib o'tgan o'zgarishlar natijasida matbuot kotibiga aylandi. Uning qilgan eng birinchi ishlaridan bu myp.uz sayti tizginini qo'lga olish bo'ldi. 1,5 yillik mehnat 1 oyga qolmay bir tiyin bo'ldi-qoldi. Biz qilgan barcha ishlar xatoga chiqarildi. Qandaydir tekshiruvlar, yoshmiz, tushunmaymiz. Natijada qaysidir aqlli juda bir katta saytning barcha arxivlarini o'chirib yuboradi. Yakunda tekshiruvchilar bizning foydamizga xulosa qildi, ammo kech edi. Ahil bir oilani buzib yuborishgandi. Men esa malum muddat ishsiz qoldim. 2006 yil “Inter Futbol” gazetasi aloqaga chiqmaganmi, ularga suratlarni yuborishni boshlab yuborganman. Sayt yopilgach, “Inter Futbol” rahbariga tashkilot saytini ishga tushirish haqidagi taklifni berdim. Bu ularga maqul keldi va sayt uchun byudjet ajratildi. U paytlar ko'pchilik sayt haqida tasavvurga ega emaslb. Bor-yo'g'i 300 AQSH dollariga sayt yaratdik. Endi menga shaxsiy kompyuter kerak edi xolos. Yana tog'am jonimga oro kirdilar. 2007 yilda uyimda internetga ulanadigan kompyuter bo'lardi. Endi bor etiborim “Inter Futbol” gazetasiga qaratildi. Ham saytga xabar yozardim, ham gazeta uchun maqolalar. “Inter Futbol”da maqola chiqarish, “Real”, “Barselona”, “Manchester Siti” kabi klublarning asosiy tarkibidan joy olishdek mushkul ish edi. O'sha yillari bu gazetada ishlaganlarni sanab o'tay: Ulug'bek Mirzaev, Baxtiyor SHirinov, Xayrulla Hamidov, Avaz Berdiqulov, Otabek Eshmamatov, SHuhrat SHarif (ko'proq tahlil yozardi, hozirgi faoliyati menga tanish emas), Boburbek Tursunov (intervyular bo'yicha mutaxassis edi), Norbek Niyozov, Vladimir Safarov. Bularning bari Toshkentda turib ijod qilardi. Faqatgina Bobur aka Andijonda yashasa-da, ko'pincha Toshkentda bo'lardi. Endi tasavvur qiling, mana shunday jurnalistlar ishlaydigan maskanda maqola yozish uchun nima qilish kerak? YO Siz o'ta kuchli yozuvchi bo'lishingiz kerak yoki ular nazardan chetda qoldirgan ishlarni qilishingiz. U paytlar o'yin sharhlarini jonli yoza olmasangiz, gazetada Sizga joy yo'q edi. “Vobkent” bilan “Traktor” o'ynamaydimi, Siz uni o'quvchiga TVda ko'rgandek tasvirlab berishingiz kerak bo'lardi. Har bir daqiqa muhim ahamiyat kasb qilardi. Men eng kam “gonorar“ oladigan yosh jurnalist edim. Stadionga birinchi bo'lib borardim. O'yin sharhlarini SHuhrat SHarif, Otabek Eshmamatov va Boburbek Tursunov yozardi. Bular o'yinga borsa, bormasa men stadionga kelardim. Agar ular kelmagan taqdirdagina menga navbat kelganini bilardim.


Men o'sha davr uchun Toshkentning eng obro'li maktabida o'qiganim bilan (boylar juda ko'p edi), imkoniyatim juda past bo'lgan. Har seshanba va juma kunlari “Futbol Ekspress” va “Inter Futbol”ni sotib olishim kerak emasmi, pul esa yo'q. Nima qilardim, u paytlar o'qituvchilar uchun oylik yo'l chiptasi bepul berilardi. Onamning yo'l chiptalarini men ishlatardim. CUMda buvimnikida turmaymanmi, uyga shanba va yakshanba qaytaman. Boshqa payt yo'l chiptasini sinfdoshimga berib qo'yardim va u kuniga menga bir tomonga ishlatadigan yo'l kira pulini berardi. Uyga metroda bormasdan, jeton pulini tejagan holda 2-3ta transportga chiqib etib olardim yo'l chiptasi orqali. Xullas bu to'plangan pullar bir oyda 8 marotaba chiqadigan jami 16ta gazetani sotib olish uchun ishlatilardi.


"Nasaf"ning eski stadioni, ancha eski suratda


SHu darajada sodda bo'lganmizki, 2007 yil Baxtiyor aka SHirinov bilan “Inter Futbol” gazetasiga maqola yozish uchun Qarshiga borganmiz. O'zbekiston MTJ 7 fevral kuni Ozarbayjon bilan o'ynashi kerak. Borish shartini hozir eslasam kulaman. Borib-kelish yo'l kira xarajatiga “Inter Futbol” pul beradi. Yotoq va eb-ichish Baxtiyor akaning hisobidan, ular shahrisabzlik. “Gonorar“dan “Inter Futbol” yo'l kiramizga bergan xarajatni ushlab qoladi. Tasavvur qilyapsizmi, ishlash uchun o'sha paytlar tashkilot manfaatiga xizmat qilsa-da, o'zimizning puldan voz kechardik. Keyin o'ylab qarasam, aslida tashkilotning o'zi bizga murojaat bilan chiqishi kerak bo'lgan. Qisqasi men “Inter Futbol” gazetasining poytaxtda zaxiradagi muxbiriman endi.


2007 yil mana shunday boshlandi. Endi men bevosita stadionlarga boraman, saytga xabar qo'yaman. Voqealardan ancha ilgari tanisha boshladim. Muxlis sifatida “Quruvchi” meni xursand qila boshladi, yana bitta kuchli jamoa paydo bo'layotgandi. Endi Toshkentda 4ta jamoa. Bu meni ko'proq maqolalar yozishimga sabab bo'lishi mumkin. “Quruvchi” qanday jamoa ekanini ko'rsatib qo'yish uchun Toshkentga jahon chempioni Petini olib keldi. JCH-98 g'olibi 9 yil o'tib Toshkentga kelgandi. Hali reytingi tushib ulgurmagan. Bu bilan “Quruvchi” bizning kimligimizni ko'rib qo'y degandek bo'ldi va birin-ketin “Paxtakor”dan tashqari barcha klublardan eng yaxshi futbolchilarni yig'a boshladi. Aleksandr Xvostunov, Jasur Hasanov, SHavkat Salomov, Viktor Karpenko, Sergey Lushan, Pavel Bugalo, Vladimir SHishelov, Vyacheslav Ponamaryov, Gochguli Gochkuliev faoliyatini “Quruvchi”da davom ettiradigan bo'ldilar. Ulardan ko'ra ko'proq muvaffaqiyatli to'p tepa olgan Rashid G'ofurovning o'tishi ancha qiziq bo'lgan. Baxtiyor Boboev uyidan chiqishni istamaydigan G'ofurovning faoliyati tugab borayotgani, yaxshi pul ishlab olish uchun qulay fursatligini bir amallab tushuntirgan edi. Men uchun eng yoqimsiz transfer Baxtiyor Ashurmatovni o'tishi bo'lgan. Men uni “Paxtakor”da kutgan edim. Ammo og'ir jarohati bois Babayan va Haydarov unga “stavka” qilmagandi.


Bosh aylanib qolish mumkin edi. Bu erda “Paxtakor”, bu erda “Quruvchi”, yana Rauf Inileev bilan MTJ, ketidan Abramov boshchiligidagi OTJ. 2007 yil musobaqalarga boy bo'lgan. Osiyo chempionati Evrodan qochish maqsadida 2004 yildan keyingisini 2007 yilga belgilagan edi. Voqealar shunchalik ko'pki, barchasini birdaniga eslay olmasam kerak. Xullas chempionat boshlandi. Bir yil avval Nepomnyashhiyning asosiy tarkibga jalb qilishi bilan “Paxtakor”da debyut qilgan Odil Ahmedov mavsumni asosiy tarkibda boshlaydi. Men u paytlar Odil bilan deyarli tanish emasdim. Server Jeparov, Timur Kapadze, Zayniddin Tojiev, Anvar Soliev kabi bor jamoada muxlislar Ahmedovga ko'p ham etibor qilmasdi, men ham. U paytlar tayanch yarim himoyachisi ishini ko'p ham tushunmaganimiz bo'lsa kerak. Faqat kulmang, bu o'rinda jiddiy gapni aytaman. Men “Paxtakor” o'rinbosarlari o'yinini ko'rish uchun borardim, u erda men uchun yangi kashfiyot porlayotgan edi. Bu Stanislav Andreev edi. 28-raqamda ham o'rtada, ham qanotda, juda zo'r o'ynardi. Hali pul topmagan, bazada yashaydi, uylanmagan, otasi bilan bir yotoqda turadi, qiyinchilik ko'rgan bola edi. 19 yoshida asosiy tarkibga kira olmagani yagona sababi, bu poziciyada Server Jeparov o'ynardi. “Paxtakor” o'rinbosarlarining o'sha yillardagi muxlislari uni qanday o'yinchi bo'lganini yaxshi biladilar. Keyin barchasi  o'zgarib ketdi, shunday bo'ldiki, meni u bilan qo'l berib ko'rishmaganimga taxminan 8 yillar bo'ldi.


Osiyo va O'zbekiston futbolini o'zgartirib yuborgan insonlar FIFA rahbari bilan Toshkentda. 2007 yil Mirabror Usmonovning taklifi bilan Muhamad Bin Hammam va Yozef Blatter yurtimizda mehmon bo'lgan edilar. Mana shu tashrifdan keyin O'zbekistonda yana bir necha FIFA va OFK loyihalari amalga oshirila boshladi.


“Quruvchi” jiddiylasha boshladi. “Paxtakor” muxlisi bo'lsam-da, “Traktor” futbolchilari bilan salom-aligim bor edi. OTJ azolari Bahrom Yuldashev, Aziz To'xtaboev, Aziz Ashurov bilan intervyu olish bahonasida tanishib qolganmiz. “Traktor” o'yinlari tugaganidan keyin ularning barchasi stadion yonida, tunuka bilan to'sib qo'yilgan devor orqali baza deb nomlanmish qarorgohga kirib ketar edilar. Uning ichida nima borligi meni rosa qiziqtirardi. Bir kuni bolalar cho'milib chiqaylik, keyin intervyu beramiz, yuring, kutib turasiz deyishdi. Men kirdim va... 


Bu tashlandiq bog'cha bo'lib, 2 qavatli. Binoning balandligi nari borsa 5 metr adashmasam. “Traktor”da o'sha payt 3 xil toifadagi o'yinchilar to'p tepardi. Hech kimga kerak bo'lmay qolgan qariyalar. Bularni Abramov tajribasi uchun olib yurardi. Endi nom qozonayotgan futbolchilar va “molodoylar”. Mening o'sha yillardagi eng yaxshi o'yinchim bu No'mon Hasanov bo'lgan. Hech qachon “yugurganini” ko'rmaganman. Oldiga yoshlarni yig'ib olib yugurtirardi. Lekin Hasanovga to'p tushsa bormi, tamom, golli uzatma aniq bo'lardi. Keyinchalik ularga qarshi futzal o'ynaganimda, o'sha yillari himoyachilarga qanday qiyin bo'lganini tushunganman. Bu paytda “Paxtakor” futbolchilari bilan bir stolda o'tirish, menga hozir Marsga chiqishdek gap edi.


“Traktor”dan chetlashmay turay. Eski bir avtobusi bor jamoaning cho'milish xonasida bor yo'g'i 2ta dush bo'lardi. Birinchi Toshkentda uyi borlar, keyin bazada yashaydiganlar kirardi. Yuqoridagi uch futbolchi, bog'cha opaning xonasida (3ta kravat) yotsa, yana 10 nafarga yaqin bola umumiy yotoqxonada istiqomat qilardi. Oybek Qilichev o'sha yillari umumiyda turardi. Uning ham o'yinlari menga yoqardi, yosh, qo'rqmas botirga o'xshardi. “Traktor”da mukofot puli piramida shaklida bo'lardi. Birinchi g'alabaga 200 $, keyingi o'yinda mag'lubiyatga uchramasangiz 300 $... SHunday tartibda o'sib borgan. Mag'lubiyatga uchrasangiz, yana 200 $ga tushadi. Har holda, futbolchilar shunday aytardi o'shanda.



Lekin yana bir narsani aytaman, shu yili futbolimizning keyinchalik buzilib ketishiga sabab bo'lgan TOTALIZATOR O'zbekistonga kirib kelgan edi. Futbolchi va murabbiylarni hozirgi Buyuk Ipak Yo'li va Darxon mavzesidagi totalizatorlarda uchratish oddiy hol edi. To'g'ri, totalizator O'zbekistonda uzoq ushlanib qolmadi, ammo ko'p narsani buzib ketdi.


“Neftchi”ning ishlari orqaga keta boshlagan paytlar “Paxtakor”ga munosib raqib paydo bo'lgandi. “Quruvchi” dastlabki 4ta turning barchasida g'alaba qozondi. Bir zumda MHSK stadioni kapital tamirdan o'tkazildi. “Paxtakor” esa 3-turda “Mashal”dan ochko yo'qotgan. Aynan shu yili “Dinamo” Kiev “SHaxtyor” Doneck o'rtasida amalga oshirilgan ishlar bo'la boshladi. Bu ikki jamoa bir-birining raqibiga mukofot bilan chiqa boshlashdi. “Paxtakor”ni yutib bergan jamoa “Quruvchi” tomonidan rag'batlantirilardi. Aynan 2007 yil boshlangan raqobat 2008 yilgi O'zbekiston MTJni JCH saralashida muvaffaqiyatsizlikka uchratgan bo'lsa, 2011 yil mashhur qilgan edi. Bu haqda keyingi yillarda.


SHuni takidlab o'tishim kerakki, yozayotgan xotiralarim bu mening fikrlarim, boshqalarning voqealariga to'g'ri kelmasligi mumkin. Yana bir malumot, 4-turdan keyin “Paxtakor” Markaziy stadioni rekonstrukciya uchun yopiladi. Aynan shu turda kechagidek yodimda uzoqdan Aziz To'xtaboev “Quruvchi” darvozasini ishg'ol qilib, “Traktor”ga mehmonda 1:0 hisobidagi g'alabani taqdim etadi. Bu gol bilan u o'zi uchun OTJ eshiklarini ham ochgan edi. Bu paytda O'zbekiston OTJ Pekinda bo'lib o'tadigan Olimpiya o'yinlari saralash bosqichida ishtirok etayotgandi. Bu Abramovning O'zbekiston terma jamoalari bosh murabbiyi sifatidagi birinchi terma jamoasi edi.


2007 yil tugamadi, birozdan so'ng davomi.


Nodirxo'ja Yuldashev: 2006 yil voqealari. O'yinni berishni so'ragan murabbiy, to'y o'rniga futbol va salom texnika asri! 

Nodirxo'ja Yuldashev: 2005 yilning alamli xotiralari - Toshimucu Yoshida!

Reyting: +4   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика