Massimo Karrera: “Konte jamoasi maydonda nima qilishni biladi. “Spartak”da shunga erishishni istayman”
20 sen 2016 23:10
Yangiliklar
Massimo Karrera: “Konte jamoasi maydonda nima qilishni biladi. “Spartak”da shunga erishishni istayman”
U moskvaliklar o'yiniga katta o'zgarish olib kirganini tanqidchilar ham takidlab o'tishdi. Karrera bosh murabbiy sifatida birinchi eksklyuziv intervyuga rozi bo'ldi.
– Italiya terma jamoasi yordamchisi sifatida ishladingiz. O'zingiz uchun nomalum bo'lgan Rossiyada Dmitriy Alenichev shtabida faoliyat yuritishga nima chorladi?
– Gap shundaki, men “CHelsi”da Antonio Konte shtabiga qo'shila olmasdim, chunki u erda klub xodimlarining o'zi etarli edi. O'sha payt Alenichevdan jamoasining himoyadagi o'yinini yaxshilash taklifi borasida qo'ng'iroq bo'ldi. Bunga darhol rozilik bildirdim, chorlovlar menga yoqadi. SHu bilan birga “Spartak”ning Rossiyadagi eng mashhur klublardan biri ekanini bilardim.
– Alenichev sizga o'zi qo'ng'iroq qildimi?
– Yo'q, darvozabonlar murabbiyi Janluka Riommi aloqaga chiqdi.
– Rossiya haqida kam bilishingiz ahamiyatsiz edimi? Yoki bu erda Kapello va Skalaning ishlagani yordam berdimi?
– Yo'q, gap bunda emas. Futbol chegara bilmaydi. Agar rostdan o'yinni sevsang, senga Italiyada ish taklif etishlari yoki aksi muhim emas. Qarorni darhol qabul qildim.
– Sizga yordamchi bo'lib ishlash qulay ekani va faoliyatingizni boshlaganda bosh murabbiy bo'lishni oldingizga maqsad qilib qo'ymaganingiz to'g'risida eshitdik.
– Bunday deb aytmaganman. SHunday bo'ldiki, men nafaqat o'zimdan, balki jahondagi ko'plab murabbiylardan yaxshiroq saviyadagi mutaxassisga yordamchilik qildim. Kontening yordamchisi sifatida ishlash qulay bo'ldi. Biroq qachondir bosh murabbiylik qilishni oldimga maqsad qilgandim. Antonio bilan Italiya terma jamoasidagi sarguzashtimiz yakunlanganda men yurtimda qolishga urinib ko'rdim, ammo qiziq takliflar uchramadi. SHu sababli Alenichevning taklifiga xursandlik bilan javob berdim.
– “Spartak” bosh murabbiyiga aylanishdan avval qancha vaqt o'ylandingiz?
– Jamoani oldindagi ikki uchrashuvda boshqarishimni taklif qilishdi. Rozi bo'ldim, chunki futbolchilarni bilardim. Bu klubda muvaffaqiyatga erishish uchun barcha narsa etarli ekanini bilgan holda rozilik bildirdim.
– Bosh murabbiyga aylanganingizdan so'ng ishga munosabatingiz yoki jamoaning sizga bo'lgan munosabatida o'zgarish yuz berdimi?
– Munosabatlar birinchi navbatda o'zaro hurmat asosiga qurilgan. Bu erga yordamchi bo'lib kelganimdan boshlab. SHuning uchun hech narsa o'zgarmadi. Bosh murabbiy bo'lib olgach, darhol buyruq berishga o'tib ketgan deb o'ylamang. Ular bungacha bo'lganidek hamon mening yigitlarim.
– “Spartak” unga nisbatan matbuot va muxlislarning yondoshuvi o'zgacha klub ekanini tushundingizmi?
– Ha, klub g'alabaga ko'nikkani, ammo anchadan beri hech narsa yutmaganini bilaman. Menga bunday sinovlar yoqadi. O'zim faqat g'alaba kutilgan jamoalarda o'ynaganman. Yutuq so'zi nima anglatishini bilaman. Lekin so'zni aytish oson, aslida muvaffaqiyat uchun boringni berish, intilish va xohish kerak. Bularsiz g'alaba qozonib bo'lmaydi.
– Uzoq vaqtdan beri sovrin yutmagan jamoada ishqibozlarning bunchalik ko'pligi sizni ajablantirdimi?
– Afsuski, futbolda bir jamoa g'alaba qozonadi. “Spartak”ning fantastik muxlislari bor. Vazifamiz shundan iboratki, stadionga ko'proq ishqiboz kelishi va ular jamoasini sevishi kerak. Ha, yutqazish mumkin, faqat birgina holatda: raqibing sendan sezilarli kuchliroq bo'lganda.
– Rossiya matbuot nima deyayotgani, sharhlovchilar qanday sharhlayotganidan xabardormisiz?
– Albatta. Ruschada o'qiy olmayman, ammo nimalar yozishayotgani haqida aytib turishadi. Men uchun keltirilayotgan faktlar muhimroq. Har qanday narsani yozish mumkin. Ishingni yaxshi bajarsang, mehnatingni futbolchilarning o'zlarini berishlarida ko'rsang, har qanday ishqiboz baholashda tablodagi hisobga qarab o'tirmaydi.
Ishlar yaxshi ketayotgan paytda ham tanqid qiladigan jurnalistlar topiladi. Jamoani men boshqaraman va talablarni ular qanday bajarganini o'zim yaxshi bilaman.
– Italiya matbuoti sizga qiziqish bildiryaptimi?
– Hozircha yo'q. Ular qo'ng'iroq ham qilishmadi. Bu yaxshi. CHunki ko'p gapirishni yoqtirmayman.
– “Spartak”da ko'p yillar o'ziga xos o'yin uslubi bo'lganini bilasizmi? To'pni nazorat qilish, qisqa to'plar oshirish, xuddi “Barselona” uslubidek. Kplab muxlis va sharhlovchilar jamoa shunday uslubda o'ynashi kerak deb hisoblaydi.
– Uslubni o'yinchilar aniqlaydi. “Barselona” tarkibiga qarang. Maydon markazida Inesta va Xavisiz tiki-takani o'ynab bo'lmasdi. Albatta, jamoa futbol o'ynashi lozim. Men “Spartak” futbol o'ynashini xohlayman. O'yinchilar birgalikda harakat qilishi va ajralib qolmasligi lozim. To'pni egallaganda yoki uni egallab turmaganda jamoa nima qilishni bilishi darkor. Har bir futbolchi maydonda nima qilishini biladigan jamoa bo'lishi lozim.
– Karrera boshchiligidagi “Spartak” qanday o'ynaydi?
– Qisqa va uzun paslar, pressing, aniq raqibni yutishga zarur bo'lgan futbolning barcha jihatlari. Bazi jamoalarga qarshi qisqa pas bilan o'ynab bo'lmaydi. Ularni uzun paslar bilan qiyin ahvolga tushirish mumkin. Har qanday holatda o'yindagi faollik bo'lishi lozim.
– Futbol o'ynash nima degani?
– Bu o'yinni yaxshi tashkil qilish va maydonda nima qilishni bilish deganidir.
– Jamoaning qancha payt himoyalanishi, qancha vaqtni raqib tarafda o'tkazishi ahamiyatga ega emasmi? Hujumdagi ko'rsatkich 10 foiz bo'lsa ham?
– Yo'q, muhim emas. Bazi uchrashuvlarda himoyada ko'p vaqt o'tkazishga majbur bo'lasan. Hujumda yuqori o'ynaydigan klublar bor, ularga qarshi chuqur himoya tashkil qilish zarur. Raqibga qarab turli taktik variantlardan birini tanlash mumkin.
– Portugaliya Evropa chempionatini yutgan futbol yaxshimi yoki yomon?
– Yaxshi, albatta. Bu futbolda istalgan jamoa yutishi mumkinligini anglatadi. Agar Portugaliyada bo'lganidek sportcha jahl va o'zini berish bo'lsa, katta iqtidorlarsiz ham yutuqqa erishish imkoni bor. Jamoa intizomli o'ynab, birgalikda g'alabaga erishishi bir yulduz o'yin taqdirini hal qilganidan yaxshiroq.
– Zamonaviy futbolda hamma himoyada yaxshi o'ynashni o'rganib olgani va uni yorib o'tish qiyin kechishini muammo sifatida gapiramiz. Bunga qanday chora topish mumkin?
– Yuqori saviyali ijrochilar evaziga. Birga-bir holatda raqibni aldab o'tib, himoyani mushkul holga tushirib qo'yadigan. Jamoada Messi, Neymar yoki Krishtianu Ronaldu darajasida futbolchi yo'q bo'lgan taqdirda bu muammoga aylanadi. Unda raqib himoyasini yorib o'tish uchun qiyinroq qarorlarni qabul qilish kerak bo'ladi.
– “Spartak”da jamlangan futbolchilar bilan Rossiya chempionatida g'olib chiqsa bo'ladimi?
– O'ylashimcha, ha. Rossiyada chempionlik uchun kurashadigan 4-5 jamoa bor. Biz ular safiga kiramiz. Bizda to'g'ri ruhiy ishtiyoq, yaxshi jismoniy holat, sportcha jahl bor va g'alaba qozonishni istaymiz. Takrorlayman, biz yagona emasmiz. Vazifamiz oxirigacha kurashishdan iborat. Yakunda g'olib chiqa olmasak, bu bizning kuchsizligimiz emas, balki raqibning kuchliroq bo'lgani evaziga yuzaga kelganini tushunishimiz lozim.
– Sobiq bosh murabbiy Valeriy Karpin “Spartak”da hammasi juda yaxshi bo'lgani, yani futbolchilar vaqtida maosh va mukofot pullarini olishi tufayli ishtiyoqni yo'qotib qo'yishi haqida gapirgandi. Nega vaqtida maosh oladigan italyan klublari mashg'ulot va o'yinda ishtiyoqni yo'qotishmaydi. Qanday farq bor?
– Bu faqat Rossiya futboliga aloqador muammo deb o'ylamayman. Italiya va boshqa mamlakatlarda ham futbolchilardagi ishtiyoqsizlik oldinga intilishiga xalal beradigan klublar mavjud. Ehtimol, anchadan beri sovrin yutmagani sababli “Spartak”da bunga ko'proq etibor berilgandir. Italiyada ham bu uchraydi. 5 million maosh oladigan futbolchini olishing bilan u senga natija bera olmaydi. Bunday o'yinchiga ham yo'l va ishtiyoq topish lozim.
– Bir necha mavsum avval Italiyada aksariyat jamoalar uch himoyachi bilan o'ynashga o'tishgandi. Rossiyada klublar oxirgi paytlarda bundan deyarli foydalanishmayapti. 3-5-2 sxemasining ustunligi va kamchiliklari nimada?
– Bu sxema qo'l ostingizda o'yin qobiliyati bo'yicha bir-birini to'ldiradigan himoyachilar bo'lganda to'g'ri keladi. Masalan, ikki nafar biror o'yinchiga qarshi yaxshi harakat qiladigan va oxirgi himoyachi. Menga 3-5-2 sxemasi yoqadi. U hujumda o'ynash uchun juda qulay. Sxema hujum paytida katta imkoniyat beradi, agar unga to'g'ri keladigan futbolchilarga ega bo'lsangiz. Salbiy taraflardan biri esa bu sxemada yuqori pressing qo'llash qiyin, shunda 4-4-2ga o'tish kerak bo'ladi.
– Nima uchun Italiyada bu sxema juda mashhur? Ko'p klublar bundan foydalanib kelishadi.
– Aytish qiyin. Qaysidir vaziyatda bu sxema urf bo'ldi. Takidlaganimdek, bunga to'g'ri keladigan futbolchilarning tarkibda bo'lishi juda muhim. “Yuventus”ni oling. Bonuchchi-Kellini-Barcali – ideal himoya. Kellini birga-bir kurashda ajoyib, Barcali jismonan juda kuchli, Bonuchchi o'yinni o'qiydi. Uchlikda ular bir-birini to'ldiradi. Bu uchlikdan ikkisi o'ynagan taqdirda ularda muammolar yuzaga kelardi. Uch himoyachi bilan o'ynash himoyaviy taktika ekanini gapirishadi. Aslida bunday emas. CHunki hujum paytida sxema darhol 3-2-5ga o'zgaradi va kamida 5 nafar futbolchi bilan hujum qilishga o'tasan.
– Italiyalik murabbiylarning boshqa mamlakatlarda muvaffaqiyatga erishishi va ularga talabning kuchliligi sababi nimada?
– Taktikaga juda ko'p etibor qaratamiz. Ko'pchilik uchun mayda sanalgan jihatlarga ham diqqat qilamiz. Masalan, futbolchining tanasini qanday boshqarishi, to'p qanday borishi va shu kabi holatlarga. Bu esa o'yinni yaxshiroq tashkil qilishga yordam beradi.
– Konte Germaniya bilan o'yindan keyin italyan futboli katenachcho emasligini aytgandi.
– Ha, italyan futboli katenachcho emas. Bazida bu unga o'xshashib ketishi mumkin. Kuchliroq raqibga qarshi o'ynaganda qarshi hujumlar imkoning ekanini tushunasan va shu tizimda o'ynaysan. Bunda raqibga muammo yaratishga intilasan.
– Trapattoni va Lippidan nimalar o'rgangansiz?
– Trappattonidan turli jihatlarga etibor qaratishni o'rganganman. Himoyada futbolchi qanday harakat qilayotgani, to'pni qanday qabul qilayotgani kabi. Lippidan o'yinni tashkil qilish asoslarini o'zlashtirganman. Biz 4-3-3 sxemasida o'ynagan paytimiz bazi jamoalar 11-0, yani mutlaqo himoyada o'ynashni boshlashgandi. Bunday raqiblar boshini berk ko'chaga qamab qo'yadigan harakat va kombinaciyalarni o'rganganmiz.
– Konte bilan ishlash sizga nima berdi?
– Undan imkon qadar ko'proq narsa olishga intildim. Konte bilan 5 yil ishlaganim omadim deb o'ylayman. Bu besh yil boshqa joyda bosh murabbiy sifatida ishlashim mumkin bo'lgan besh yildan foydaliroq bo'ldi. Jamoani qanday tayyorlashi, ruhlantirishini o'rgandim. Konte tayyorlagan futbolchi maydonga tushganda nima qilishni boshladi. “Spartak”da men aynan shunga erishishni xohlayman.
Behzod NAZAROV tayyorladi.
Fikrlar