"Maradona bilan bir necha marotaba to'qnash kelganman. Darajasi sezilib turardi". Srechko Katanec bilan suhbatning so'nggi va eng qiziqarli qismi!
11 iyu 14:06
Yangiliklar


"Maradona bilan bir necha marotaba to'qnash kelganman. Darajasi sezilib turardi". Srechko Katanec bilan suhbatning so'nggi va eng qiziqarli qismi!
“Futbolda o'zi ko'p narsa mantiqsiz. Masalan, to'p to'singa tegib darvozaga kirib ketadi-yu, boshqa bir vaziyatga to'singa tegib qaytib ketadi. Bularning barchasi uchun murabbiy javobgar bo'la olmaydi-ku. Futbol shunisi bilan ham qiziqarli. Millionlab insonlar aynan shuning uchun futbolni sevishadi. Masalan, Osiyo Kubogidagi Qatar bilan o'yinning ikkinchi bo'limi boshida nima bo'lgani esingdami?”, – dedi Katanec.
- Biz gol urganimizmi? Qatar darvozabonining Fayzullaevga nisbatan ishlatgan folimi yoki Shukurovning xavfli zarbasi?
- Yo'q. Sen hali yoshsan, ammo ko'p narsani esingdan chiqarib yuboribsan. Biz ikkinchi bo'limni kuchli pressing bilan boshlagan edik. Bir vaziyatda Qatar terma jamoasi havodagi to'pga kurashayotgan chog'ida jarohat olgandi va unga taxminan bir daqiqa vaqt davomida ichida yordam ko'rsatilgan edi. Shu vaqt ichida Qatar terma jamoasi bosh murabbiyi futbolchilarni o'z yoniga chaqirib, maslahatlar bergan edi. Shundan so'ng Qatar o'z uslubini o'zgartirdi. Tasavvur qil, o'yin davom etayotgan chog'i bunday qilish qanchalik to'g'ri? Bosh hakam albatta ushbu vaziyatga etibor bermagan. Lekin bu adolatsizlik.
Men bunday ayyorliklarga qarshiman. Simulyaciya qilib vaqtni cho'zish ham meni g'azablantirdi. Hech qaysi bir futbolchiga o'zidan-o'zi ataylab vaqtni cho'zishga yo'l qo'ymayman. Men bunday narsalarga qarshiman. Maydonda futbol bo'lishi kerak. Afsuski, BAAga qarshi o'yinning so'nggi daqiqalarda yigitlar ataylab vaqtni cho'zishdi.
- Ha, ammo o'zingiz bilsangiz kerak. Bunday simulyaciyalar va vaqtni cho'zishlar arablarga xos jihat. Ularni bizni yillar davomida mana shunday qiliqlari bilan mag'lub etib kelgan. Men simulyaciya qilish yaxshi demoqchi emasman, ammo BAAga qarshi uchrashuvda simulyaciya qilishga haqqimiz bor edi deb o'ylayman.
- Ha. arablar o'ta ayyor. Eronliklar ham har doim janjal keltirib chiqarishga, provokaciya qilishga harakat qiladi. Bunday qiliqlar futbolni shunchaki o'ldiradi.
Hakamlar ham bunday vaziyatda ojiz. O'zi men hakamlarning qarorlarini yaxshi tushunmayman. Bir uchrashuvda bunday qaror, boshqa bir o'yinda esa xuddi shunday vaziyatda boshqacha qaror. VAR ham har doim har xil qaror chiqaradi. Xullas, hakamlarning o'yinga ko'proq aralashishi futbolni bezamaydi, mening nazarimda.
- Janob Katanec, futbolchilik faoliyatingiz haqida bir savolim bor edi...
- Eshitaman.
- Futbolchilik faoliyatingiz davomida bir necha marotaba Maradonaga qarshi o'ynagansiz. Futbol tarixidagi eng yaxshi futbolchilardan biriga qarshi o'ynash, uni to'xtatib qolish qanchalik qiyin bo'lgan? Eng qizig'i, internetdagi rasmlarda Maradona sizdan to'pni olib qo'yaman deb, yiqilib qolgan kadr bor.
- Ha, Maradona bilan bir necha marotaba to'qnash kelganman. Sen aytayotgan surat, UEFA Kubogining 1989 yilgi finali. Men o'shanda "Shttutgart"da o'ynar edim. Finalda "Napoli" bilan to'qnash kelganmiz va ikki o'yin natijasiga ko'ra Neapol klubi g'olib bo'lgan. Finalda Maradona to'pni qo'li bilan to'xtatib, penalti ishlab olgan edi. Ikkinchi golda ham qoidabuzarlik bo'lgan va hujum gol bilan yakunlangan edi. O'sha uchrashuvda hakamning ikkita qo'pol xatosi tufayli mag'lub bo'lgan edik. O'sha bahsning videosini ochib ko'rishing mumkin, hakam yo'l qo'ygan yaqqol xatolarni ko'rib olasan.
Maradona bilan keyinchalik "Sampdoriya" va terma jamoa tarkibida ham o'ynaganman. Men "Sampdoriya"da o'ynagan vaqtim, klub o'zining eng muvaffaqiyatli davrlarini o'tkazgan va "gegemon" bo'lgan. To'g'risini aytaman, Maradonaga qarshi o'ynash qiyin edi. U juda kichkina va tezkor harakatlanuvchan o'yinchi bo'lgan, ammo "Napoli"dagi so'nggi yillarida u avvalgi sport formasida emas edi. Maradonaga qarshi o'tkazgan dastlabki o'yinlarim va so'nggi bahsni solishtirsak, orada farq katta. Lekin Maradona, baribir Maradona edi va daraja sezilib turardi. Shunchaki so'nggi yillarda u ko'proq futbol haqida emas, boshqa ishlar bilan band bo'lgandi.
- Demak, siz ikki xil Maradonani ko'rgansiz, to'g'rimi?
- Yo'q, u har qanday holatda "qo'rqinchli" o'yinchi edi. Gap Maradona haqida ketmoqda, dunyo tarixidagi eng kuchli o'yinchilardan biri. Chapaqay Maradona. O'zi chap oyoqli sportchilar o'ziga tabiatan boshqacharoq bo'lishadi. Masalan, Messi va Maradona. Bilasanmi, biz Messi davrida yashayotganimiz bizning haqiqiy omadimiz. Shunday buyuk atletning faoliyatini to'liq ko'rgansan. Pele, Kroyf va Maradona - ularning barchasi chapaqaylar. Bilmayman, bunga sabab nima, lekin chapaqay sportchilar tezroq qaror chiqaradi. Ularning miyasi boshqacharoq ishlaydigandek. Ushbu fenomenni fan bilan mashhur insonlar chuqurroq o'rganishlari kerak deb hisoblayman.
Bilasanmi, Maradona nega bunchalik buyuk? U butun faoliyati davomida "qo'pol" himoyachilarga qarshi o'ynab kelgan. Men futbol o'ynagan davrimda futbol ancha qo'polroq edi, himoyachilar futbolchilarni "finish" ("chopish"-tahririyat) uyalishmas edi. Bu normal holat edi. Masalan, men ham Maradonani "finish" qilishga harakat qilganman. O' vaqtlarda hakamlar ham boshqacha qaror chiqarar edi. Masalan, darvozabon bilan birga-bir chiqayotgan hujumchini ortdan chalish va to'xtatish uchun sariq kartochka ko'rsatilar edi. Hozir esa bunday fol muhokama qilinmaydigan qizil kartochka. Yuqori texnikali futbolchilar har doim ko'p jarohat olishgan va ularning oyoqlari o'yindan so'ng ayanchli holatda bo'lardi. Hech kim to'pga egalik qilayotgan futbolchining oyog'iga zarba berishdan uyalmas edi. Maradona shularning barchasidan o'tib kelgan va himoyachilarni dog'da qoldirgan. O'tgan asrdagi futbol o'ta xavfli edi.
Men tayanch yarim himoyachisi poziciyasida o'ynaganman va ko'proq himoyalanishga javobgar edim. Faoliyatim davomida bir qiziq voqea ro'y bergan. Yugoslaviyada harbiy xizmat majburiy edi va men taxminan bir yarim yil davomida harbiy xizmat o'tadim va shundan so'ng yana maydonga qaytdim. Harbiy xizmatdan keyingi dastlabki uchrashuvimda jamoa bosh murabbiyi meni hujum chizig'iga qo'ygan. Sof hujumchi poziciyasi. Tasavvur qilyapsanmi, men butun faoliyatim davomida maydon markazida o'ynagan, endi esa bo'yim baland bo'lgani sababli hujumchi sifatida o'ynashim kerak. Men murabbiyga meni bu poziciyaga qo'ymang, deya olmas edi. Chunki bunga haqqim yo'q edim. Tabiiyki, yaxshi o'ynay olmaganman. Xullas, men futbol o'ynagan vaqtlarda shunday g'alati qarorlar bo'lib turardi. Umuman, olganda davrlarni solishtirish ham biroz noto'g'ri. Hozir biz umuman boshqa davrda va dunyoda yashamoqdamiz.
- Messi va Maradona haqida gapirdingiz. Ular chapaqay va argentinalik. Ular o'rtasida qanday bog'liqlik bor deb o'ylaysiz. Ikki futbolchining bunchalik buyukligining sababi nima bo'lishi mumkin?
- Shubhasiz talant. Ular alohida bir dunyo. Biz ularning o'yinini ko'rish baxtiga muyassar bo'lgan insonlarmiz. Bu bizning omadimiz degan bo'lardim. Biroq yana bir jihatga etibor berish kerak. Argentina va Braziliya dunyoga shunday talantlarni etkazib beradigan mamlakatlar. Nega aynan ushbu ikki mamlakatda bunday sportchilar tug'ilishini bilmayman. Evropada esa Serbiya va Xorvatiya. Sloveniya, Yugoslaviya davrida shunday edi, hozir iqtidorli atletlar soni kamayib ketdi. Masalan, Novak Jokovich, Luka Donchich, Luka Modrich, Zvonimir Boban va boshqalar. Bundan oldin esa Milutinovich kabi buyuk murabbiylar bo'lgan. Hozir Sloveniyada Luka Donchich va alpinist Yanya Garnbret bor. Garnbret hozirgi kunda o'z yo'nalishida dunyodagi eng birinchi sportchi. Donchich esa dunyoga mashhur. Xullas, dunyo xaritasidagi ikkita nuqta dunyoga eng ko'p iqtidorli atletlarni etkazib bergan. Ushbu mamlakatlar ham fenomen hisoblanadi.
- Braziliya, Argentina va sobiq Yugoslaviya mamlakatlaridan bunchalik ko'p sportchilar chiqishining sababi nimada deb o'ylaysiz?
- Bu ham bir fenomen va buning sababi hech kimga noaniq deb aytib o'tdim-ku. Bilmayman nega, lekin aynan ushbu ikkita nuqtadan buyuk sportchilar ko'p paydo bo'ladi.
Umuman olganda, sport tarixidagi buyuk sportchilar juda ko'p. Ularning katta qismi Argentina-Braziliya yoki Serbiya-Xorvatiyalik. Men ko'pgina sportchilarni hurmat qilaman, ammo uzoq vaqt davomida to'p tepadigan sportchilar alohida etirofga loyiq deb o'ylayman. Sababi, men o'zim jarohat tufayli faoliyatimni 31 yoshimda tugatishga majbur bo'lganman. Shu sababli uzoq yillar davomida to'p tepadigan futbolchilarga havas qilaman. Masalan, Luka Modrichga juda havas qilaman va uning o'yini menga yoqadi.
- To'g'ri, ammo hozir tibbiyot ham ancha rivojlangan-ku. Modrich o'z faoliyatini uzaytira olganing muhim sabablaridan biri shu.
- Ha, lekin baribir 40 yoshgacha o'ynash oson emas. Uning uchun haqiqiy atlet bo'lish va inson organizmi bunga tayyor bo'lib borishi kerak.
- Janob, Katanec, o'zi futboldan tashqari qaysi sport turini ko'p kuzatib borasiz?
- Deyarli barcha sport turlarini tomosha qilaman. Tennis, Formula-1ni imkon qadar o'tkazib yubormaslikka harakat qilaman. Basketbol ham yoqadi, yoshroq vaqti basketbol ham o'ynab turganman.
- Terma jamoani deyarli to'rt yil davomida boshqardingiz. Ushbu vaqt ichida MTJga qanchalik sharoitlar yaratib berildi? Ushbu jabhada kamchiliklar ko'zga tashlandimi? Masalan, bundan avvalgi JCH saralash cikllarida terma jamoamizga etarlicha sharoit yaratib berilmagan. Sizning davringizda UFA sharoit masalasida qanday ish olib bordi?
- Ko'zga ko'rinarli hech qanday kamchilik bo'lmadi. Terma jamoa uchun barcha sharoitlar taqdim etildi va shu sababli ham biz natijaga erisha oldik. Hech qanday muammo bo'lmadi deb ayta olaman.
- Sharoit masalasida barchasi yaxshi bo'ldi dedingiz, ammo O'zbekiston terma jamoasi safar o'yinlariga ko'pgina holatlarda oddiy reysda uchadi. Terma jamoa uchun charter reys yo'qligi qanchalik muammo tug'diradi? Mening fikrimcha, MTJ har doim charter reysda uchishi kerak. Evropa terma jamoalari uchun bu oddiy hol. Masalan, BAA va Qatar ham charter reysda uchadi. Bizning jamoa esa avvalga Dubay to'xtab, keyin esa yana bir reys amalga oshiradi...
- Birinchi navbatda, bunday sharoitlar mamlakatning moliyaviy imkoniyatlaridan kelib chiqib yo'lga qo'yilishi mumkin. Masalan, sen BAA terma jamoasi haqida gapirding. BAA ancha boy mamlakat va ular o'z terma jamoasini bir dona samolyot bilan taminlab bera oladi. Ular bu muammo emas. Barchasi mamlakat va federaciyaning imkoniyatlariga bog'liq. Qaysidir mamlakat ushbu narsani yo'lga qo'ya oladi, kimdir esa yo'q. Bu normal holat.
Umuman olganda, oddiy reysda uchish odatiy hol. Men buni normal qabul qilaman. To'g'ri, bosh murabbiy yoki yana kimdir alohida "biznes" klassda uchishi mumkin, ammo bu normal holat. Men ko'proq bunday narsalarga emas, maydondagi o'yin va mashg'ulotlarga ko'proq kuchimni sarflashga harakat qilaman.
- Timur Kapadze qo'l ostida terma jamoa namoyish etayotgan o'yin sizning davringizdagi o'yin bilan qanchalik farq qiladi? Terma jamoada o'yin uslubida o'zgarish sezdingizmi?
- Timur terma jamoani qiyin vaziyatda qo'lga oldi. Shu sababli, katta o'zgarishlar qilishga ulgurmadi. Terma jamoada hech qanday o'zgarish kuzatilmadi. Chunki bunga vaqt yo'q edi. Saralash bosqichi yakunlanganidan so'ng va yil yakuniga kelib, qandaydir o'zgarishlarni ko'rishimiz mumkin. Hozir esa hali ro'y bermagan narsalar haqida gapirish va ularni muhokama qilish manosiz.
- Siz terma jamoani boshqargan davringizda Fayzullaev va Husanov kabi futbolchilar MTJda debyut qilishdi. Shunday iqtidorlarni etishtirish uchun nimalar qilini kerak? Ularning klubdagi faoliyatlari haqida qanday fikrdasiz?
- Yosh futbolchilar o'sishda davom etishlari kerak. To'g'ri, ular iqtidorli, ammo Abbos ham, Abduqodir ham xatolarga yo'l qo'yishmoqda. Ular hali yosh, shunday xatolar orqali tajribali to'planib boradi. Ularning faoliyati ko'plab jihatlarga bog'liq, futbolchi kim bilan birga bo'lishi, klubi. Uning atrofidagi insonlar, qaysi murabbiy qo'l ostida o'ynashi va boshqa faktorlar. Futbolchi har kuni qabul qilayotgan oddiy qaror, uning faoliyatiga tasir o'tkazadi. Ular hozirgi vaqtda har kuni futbol haqida o'ylashda davom etishlari kerak.
- Barcha murabbiylar futbol tez o'zgarmoqda yoki zamonaviy futbol haqida ko'p gapirishmoqda. Umuman olganda, sobiq futbolchi va uzoq yillik murabbiy sifatida futboldagi yangi tendenciyalar haqida nimalar deya olasiz?
- Birinchi navbatda, bir narsani tushunishimiz kerak. Futbolda hech qachon bir xil scenariy bo'lmaydi. Har bir uchrashuv o'zgacha scenariyga ega. Masalan, minglab uslublar va taktikalar. To'pga egalik qilib turgan futbolchi bir vaziyatda ming xil qaror qaror qabul qilish variantiga ega. Boshqa sport turlarida esa bunday emas. Masalan, basketbolda to'pni olib qo'yding va jamoadoshingga uzatishing kerak yoki savatni poylash. Futbol esa umuman boshqa darajada.
Shu sababli, tendenciya yoki o'zgarish deganda aynan qaysi detallar haqida gapirayotganimizni aniqlashtirib olishimiz kerak. Taktikami? Futbolchining harakati yoki boshqasi.Bir narsani aniq ayta olaman. Futboldagi raqobat kundan kunga kuchayib bormoqda. Esingda bo'lsa, JCH-2022 saralashida Eron Kambodja bilan to'qnash kelgan edi. Eron dastlab 10:0, keyin esa 14:0 hisobida g'alaba qozongandi. Bu galgi saralashning ikkinchi bosqichidagi eng yirik hisob 6:0 bo'ldi, adashmasam.
Hozirgi kunda barcha mamlakat futbolni rivojlantirishga harakat qilmoqda. 10-15 yil avval O'zbekiston yirik hisobda mag'lub etgan jamoalar, hozirgi kunda O'zbekistonga qarshi borini berishga va ochko olib qo'yishga harakat qiladi.
- Hozirgi kunda nimalar bandsiz? Oddiy kun tartibingiz qanday? Qaerda istiqomat qilyapsiz?
- Men Lyublyanada yashayman, ammo hozirgi kunda ko'p vaqtimni Xorvatiyaga chegarasiga yaqin qirg'oq bo'yidagi shaharchada o'tkazyapman. Lyublyanadagi uyimdan mashinada bir yarim soatlik masofa. Sloveniya tabiati go'zal mamlakat. Chiroyli tog'lar va ko'llar.. Aholimiz ham kam, bor-yo'g'i 2-3 million. Hozir bor vaqtimni oilam bilan o'tkazmoqdaman.
- Janob Katanec, ancha qiziqarli va iliq suhbat bo'ldi. Keyingi safar qachon ko'rishishimizni bilmayman, ammo o'sha kun imkon qadar tezroq kelishini istayman.
- Barcha barchaga omad va sog'liq. Seni ishlaringga omad.
Srechko Katanec bilan samimiy suhbat. Ilk hissiyotlar va saralash bosqichi haqida
Srechko Katanec bilan samimiy suhbat. Muxlislarga maslahat va tanqidlar haqida (3-qism)
O’xshash yangiliklar

Fikrlar