Intervyu. Sergey Knyazev: Futbol men uchun statistika va tarix demakdir...
05 iyu 2020 09:48
Yangiliklar
Intervyu. Sergey Knyazev: Futbol men uchun statistika va tarix demakdir...
Bu safargi suhbatni biz navoiylik tajribali sport sharhlovchisi, fotograf va statistikachi Sergey Ivanovich Knyazev bilan olib bordik.
- Karantinda nimalar bilan shug'ullanyapsiz?
- Barcha qatori belgilangan tartib qoidalarga rioya qilgan holda uydaman. Karantin ham o'z yo'liga bu vaziyat vujudga kelmasdan oldin ham hozir ham bundan keyin ham men o'zimni futbolga bag'ishlashda davom etaman. Asosan bu vaqtda o'zimning eng yoqtirgan ishim bo'lgan o'zbek futbolining tarixiy, statistik malumotlarni yig'ish va tiklash bilan bandman. Malumotlarga kelsak o'zbek futboli milliy chempionatlari hamda futbolchilarning statistik malumotlarini yig'ib bormoqdaman. Bazida menga Rossiyalik statistikachilar ham qo'ng'iroq qilishib, Sobiq Ittifoq davrida O'zbekiston chempionatida to'p surgan futbolchilar haqida ham malumotlar olib borishmoqda. Umuman olganda futbol men uchun statistika va tarix demakdir.
- Sergey Ivanovich umuman futbolga qanday kirib kelgansiz va futbolga qiziqishingizga nima sabab bo'lgan?
- O'zim sharqiy Qozog'istondagi SHemonaixa shaharchasida tug'ilganman. Yoshligimdan barcha bolalar kabi ko'chada to'p tepib futbolga qiziqman. Odatda futbol o'ynayotgan vaqtimizda darvozaga hech kim turishni xohlamas va o'ynashni xohlashar edi. Natijada nimjon bo'lganim uchun doimo meni darvozaga turg'azib qo'yishardi. Ana shu erdan yani bolaligimdan futbolga qiziqish uyg'ongan hamda hayotim u bilan bog'langan. Lekin garchi qiziqishim kuchli bo'lishiga qaramasdan futbol bilan professional darajada shug'ullanmaganman. 1970 yillarda Rossiyaning Tomsk shahridagi Politexnika universitetida tahsil olganman. SHuningdek talabalik vaqtimda Sobiq Ittifoq davridagi kuchli jamoalardan biri bo'lgan va o'sha yillar Oliy ligadan birinchi ligaga tushib ketgan Moskvaning «Spartak» jamoasini Tomsk shahriga birinchi liga tur doirasida tashrif buyurganida ushbu jamoani ko'rishga muvaffaq bo'lganman.
- Sport jurnalistikasi va statistikasiga qanday qiziqqansiz?
- Universitetda o'qib yurgan kezlarda biz ko'pincha kursdoshlarimiz bilan o'sha davrning Sobiq Ittifoq Oliy ligasida eng kuchli jamoalari bo'lgan «Dinamo Kiev» va «Spartak» jamoasidan qaysi biri kuchliligi borasida bahslashar edik. Natijada bahsda g'olib bo'lish maqsadida men o'zim kuchli deb bilgan jamoa haqida malumotlar yig'ishni boshladim va doimo bu bahslarda g'olib bo'ldim. SHu tariqa futbol statistikasiga bo'lgan qiziqish menda talabalik davrimdan boshlandi. Universitetni bitirganimdan so'ng esa meni o'z mutaxassisligim bo'yicha Navoiy shahridagi «Navoiazot» ishlab chiqarish korxonasiga yo'naltirishdi. Korxonada ishlab yurgan paytlarimda ham bo'sh vaqtimda futbolga bo'lgan qiziqishim sababli shu shahar jamoasi bo'lgan «Zarafshon» jamoasi uchrashuvlarini kuzatish uchun «So'g'diyona» o'yingohiga borardim. Statistikaga bo'lgan qiziqish meni ushbu jamoa tarixi va statistikasiga qiziqtirib qo'ydi xamda o'zim uchun statistik malumotlarni qayd etib bordim. Yoshi katta insonlardan so'rab tarixiy malumotlarni yig'dim. SHu asnoda men «Zarafshon» jamoasining tashkil etilganligiga 25 yil to'lishi munosabati bilan jamoa tarixi va statistikasiga bag'ishlangan malumotnoma tayyorladim. Keyinchalik 1987 yilda esa o'sha davrlar Sobiq Ittifoq davrida o'tkazilgan 2-liga jamoalari statistikachilari o'rtasida o'tkazilgan tanlovda uchinchi o'rinni o'rinni qo'lga kiritdim. O'sha yili «Zarafshon» jamoasining fan klubini tashkil etish borasida yig'ilish o'tkazildi. SHunda jamoa rahbariyati muxlislarga murojaat qilib muxlislar orasidan kimdir jamoaning ligadagi uchrashuvlari haqida gazetada yorituvchi sifatida faoliyat olib borishi to'g'risida taklif berishdi. Barcha esa meni bir ovozdan ushbu ishni qilishimni taklif etishdi. Ana shu kundan boshlab men sport jurnalistikasiga ham kirib keldim.
- Navoiy shahridagi «So'g'diyona» stadionida suxandon bo'lib faoliyat olib borgansiz. Ushbu faoliyatingiz mobaynida qiziqarli va esda qolarli voqealar bo'lgan bo'lsa shulardan ham aytib o'tsangiz.
- Haqiqatdan ham suxandon sifatida «So'g'diyona» o'yingohida faoliyat olib borganman. Odatda rus tilida men va o'zbekchada hamkasbim Rahmonqul Boltaev jamoalar tarkibi hamda malumotlarni elon qilib borardik. Eng esda qolarli va qiziqarli voqeani sizga aytsam «Zarafshon» jamoasi chempionat doirasida qaysidir bir jamoaga qarshi uchrashuv o'tkazayotgan edi. SHunda uchrashuv nazoratchi hakami suxandonlar xonasiga kirib, keyingi tur doirasida «Zarafshon» jamoasining Toshkentning «Paxtakor» jamoasiga qarshi uchrashuvi bazi sabablarga qoldirilganligini aytdi va bizga buni muxlislarga elon qilishimizni so'radi. SHunda o'zbek tilida dastlab hamkasbim R.Boltaev keyingi «Paxtakor»ga qarshi bahs qoldirilganligini elon qildi. Navbat esa menga keldi. Muxlislarni biroz kayfiyatini ko'tarish maqsadida men hazil tariqasida rus tilida «keyingi tur doirasida Paxtakor jamoasiga qarshi bahs bazibir sabablarga ko'ra qoldirildi. «Paxtakor» bizdan qo'rqdi» deb elon qildim. Tribunadagi muxlislar kayfiyati ko'tarilib meni olqishlashdi. Darhol uchrashuv nazoratchi hakami suxandonlar xonasiga kirib, ushbu elonim uchun jamoaga nisbatan chora ko'rilishini aytdi. SHu-shu hozirgacha ko'chada yurganimda doim tanishlarim shu voqeani eslatishib, «Paxtakor» bizdan qo'rqadi-a Sergey Ivanovich deb men bilan hazillashishadi. Bu menimcha suxandonlik faoliyatimdagi eng esda qolarli voqea desam mubolag'a etmagan bo'laman.
- Eshitishimizcha siz sportning karate turiga qiziqasiz va xattoki “Nurxas” karate markazi bilan hamkorlik qilarkansiz. SHu haqda xam ozgina gapirib bersangiz?
- «So'g'diyona» o'yingohida suxandonlik qilib yurgan vaqtlarimda ko'pincha tanaffusda turli xil sport turlarining ko'rgazmali ko'rinishlari namoyish etilardi. Xuddi shunday ko'rinishlarni ham elon qilib borardim. Bir kuni ko'rinishlardan biri "Kiokushinkay karate" sport turiga bag'ishlanib, men ushbu ko'rinishni elon qildim. SHunda markazning katta murabbiyi Xasan Nazarov meni yonimga kelib o'z markaziga mehmon sifatida taklif qildi. Markazga borganimda esa menga Kiokushinkay karate markazi haqida maqola yozib yoritishimni iltimos qildi. SHu uchrashuvdan so'ng men ushbu markaz bilan ipsiz bog'landim. 1992 yilda esa Navoiy shahrining «Znamya drujby» gazetasida aynan shu maktabga atalgan maqolam chop etildi. Bundan tashqari yana Navoiy shahrida o'tkazilgan Karate bo'yicha turli musobaqalarda tatamiga chiquvchi xar xil vazn toifasidagi talabgorlarni elon qiluvchi suxandon sifatida ham faoliyat olib bordim. SHu vaqtga qadar "Kiokushinkay karate" markazi jamoasi bilan birgalikda Osiyo va Jahon chempionatlarida ham bo'lganman.
- Navoiyning «Znamya drujby» gazetasida xam faoliyat olib borasiz. Gazetadagi jamoatchi muxbirlik faoliyatingiz haqida ham gapirib bersangiz. Umuman birinchi maqolangizni qachon yozgansiz?
- Gazetadagi jamoatchi muxbirlik faoliyatimni 1982 yilda boshlaganman. Ilk maqolam esa «Navoiazot» ishlab chiqarish korxonasida ishlab yurgan davrlarimda korxonaning «Navoiy kimyogari» gazetasida chop etilgan. Xuddi shu yildan boshlab, «Znamya drujby» gazetasida korxona futbol jamoasi «Kimyogar»ning shahar va viloyat birinchiliklaridagi uchrashuvlarini ham yorita boshladim.
- Eng yoqtirgan futbol jamoangiz, murabbiy va futbolchingiz?
- Eng yoqtirgan jamoam Angliyaning «Manchester Siti» jamoasi. Men yoqtirgan va kuchli deb bilgan murabbiy Yuriy Sarkisyan. Men yoqtirgan va kuchli futbolchi bu eng ko'p gol urgan futbolchidir.
- "Barselona" yoki "Real" qaysi birini tanlagan bo'lardingiz. SHuningdek Messi yoki Ronaldu?
- Dastlab Messi va Ronalduga to'xtalmoqchiman. Menimcha bu ikki futbolchining darajasi bir xil. CHunki Ronalduda bor imkoniyatlar Messida yo'q. Messida bor imkoniyatlar esa tabiiyki Ronalduda. Jamoalarga kelsak ularning ham darajasi bir xil. Lekin "Manchester Siti" ikkalasidan ham kuchliroq.
- Eng yaxshi ko'rgan o'zbek taomingiz?
- Odatda O'zbekistonda yashovchi boshqa millat vakillariga bu savolni bersangiz ular doimo o'zbeklarning palov taomini tanlashadi. Menga esa negadir palov emas somsa ko'proq yoqadi.
- Kelajakdagi rejalaringiz qanday?
- Kelajakdagi eng katta rejam va maqsadim hozirgi kundagi Superliga nomi bilan atalayotgan O'zbekiston chempionatining barcha 28ta chempionati statistikasi va malumotlarini yig'ish xamda tiklashdir.
- Sergey Ivanovich sizga bugungi mazmunli suhbat uchun katta rahmat.
SHaxboz G'ulomov suhbatlashdi.
Fikrlar