APL sobiq hakami Skott: "Arteta hakamlar hayotini qiyinlashtiryapti"

14 noya 2026, 15:10
APLning sobiq hakami Grem Skott uchrashuvlar vaqtida murabbiylar bilan o'zaro munosabatlar qanday kechishi haqida so'zlab berdi.

Eslatib o'tamiz, Skott 2015 yildan 2025 yilga qadar Angliya Premer-ligasi o'yinlarida faoliyat yuritgan.

- Uchrashuvlar davomida qaysi murabbiy bilan ishlash eng qiyin bo'lgan?

- Oddiy javob - yutqazayotgan paytda hammasi bilan. Ammo to'g'risini aytsam, gaplarim uchun yana tanqid ostida qolishdan cho'chiyapman, biroq bu Mikel Arteta. U bilan qiyin.

U doimiy ravishda barcha chegaralardan chiqib ketadi. Ko'pincha bunga qarshi emasman: u o'z jamoasi uchun raqobat ustunligiga erishishga harakat qiladi. Bu tabiiy hol, uning ishining bir qismi. Albatta, u bunga haqli, bizning vazifamiz esa qoidalarga rioya etilishini nazorat qilishdir. Biroq u hayotimizni nihoyatda qiyinlashtirib yuboradi.

U muntazam ravishda texnik hudud chegarasidan chiqib ketadi. Yaqinda "Arsenal"ning "Everton"ga qarshi o'yinida (2:0) uni kuzatdim. "Everton" uning tomonidagi yon chiziq yaqinida to'pga egalik qilgan har safar Arteta xuddi o'zi ham pressingga qo'shilayotgandek - tom manoda chiziqning o'zida turardi.

To'rtinchi hakam uchun bu haqiqiy dahshatning o'zginasi. Agar oldinga bir qadam tashlab, biror chora ko'rishga urinsang, seni darhol maydakashlik va tirnoq ostidan kir qidirishda ayblashadi. Unga juda ko'p narsaga yo'l qo'yib berilmoqda. Hakamlar qattiqqo'lroq bo'lishlari shart. Men o'zim ham unga o'zini shunday tutishiga ruxsat berganlardan biri edim, buni inkor etmayman.

Lekin u bilan ishlash juda og'ir edi. Faqat vaqti-vaqti bilan muammo tug'diradigan boshqa murabbiylardan farqli o'laroq, u bilan doimiy ravishda, nihoyatda qiyin bo'lgan.

Shu bilan birga, uning fonida qolganlarni farishtadek ko'rsatish ham yaramaydi. Bazilar o'zlarini juda bosiq tutishardi. Masalan, Grem Potter: u siz bilan umuman muloqotga kirishmas, juda xotirjam va sokin edi. Ammo bazan uni, aksincha, etarlicha hissiyotli munosabat bildirmayotgani va sodir bo'layotgan voqealarga befarq emasligini ko'rsatmayotgani uchun tanqid qilishardi. Shunday ekan, ko'rinib turibdiki, murabbiylarga har qanday holatda ham yoqib bo'lmaydi, - dedi Skott.

O'xshash yangiliklar


Manba: The Athletic