46 yoshli Ronaldinyo 11 yil ichida ilk bor rasmiy o'yinda maydonga tushadi

14 noya 2026, 14:09
"Barselona" va "Milan"ning sobiq yarim himoyachisi Ronaldinyo 11 yillik tanaffusdan so'ng professional futbolga qaytmoqda.

46 yoshli braziliyalik 15 noyabr kuni Italiya S Seriyasi doirasidagi "Forli"ga qarshi o'z maydonida o'tadigan bahsda "Ravenna"ning asosiy tarkibida o'yinni boshlaydi. Ushbu ma'lumotni jamoa bosh murabbiyi Andrea Mandorlini tasdiqladi.

"U aniq asosiy tarkibda maydonga tushadi, bunga hech qanday shubha yo'q. Shundan so'ng maydonda qancha vaqt o'tkazishini birgalikda hal qilamiz. U zamonaviy davrning eng buyuk futbolchilaridan biridir. Ammo biz natijaga erishishimiz shart. Biz doimo uch nafar hujumchi bilan o'ynaymiz va ulardan biri aynan u bo'ladi", - dedi Mandorlini.

Ronaldinyo Italiyaga 13 noyabr kuni yetib kelgan va uchrashuv oldidan jamoadoshlari bilan bor-yo'g'i bitta mashg'ulot o'tkazadi. Shuningdek, uning jamoadoshi Simone Rabbi penalti belgilangan taqdirda zarbani braziliyalik futbolchi amalga oshirishini ma'lum qildi.

2026 yilning yozida Ronaldinyo Italiyaning uchinchi divizionida ishtirok etuvchi "Ravenna" bilan shartnoma imzolagan va klub ulushini sotib olgandi. Biroq so'nggi pallagacha "Oltin to'p" sohibining maydonga tushish-tushmasligi noma'lumligicha qolayotgan edi.

Ma'lumot o'rnida, Ronaldinyo so'nggi rasmiy o'yinini 2015 yilning 27 sentyabr kuni o'tkazgan. O'shanda u Braziliya chempionati doirasidagi "Goyyas"ga qarshi uchrashuvda (2:0) "Fluminense" safida birinchi bo'limni o'tkazib, tanaffusda almashtirilgan. Eslatib o'tamiz, Ronaldinyo 2002 yilgi jahon chempioni, 2005 yilgi "Oltin to'p" sohibi hamda "Barselona" tarkibida 2005/06 yilgi mavsum CHL g'olibi hisoblanadi.

O'xshash yangiliklar


Manba: Reuters