Dilshod Nuraliev: “Birgina mag'lubiyat hayotimga katta tasir ko'rsatdi”
09 dek 2017 08:50
Yangiliklar
Dilshod Nuraliev: “Birgina mag'lubiyat hayotimga katta tasir ko'rsatdi”
Mazkur maqolamiz esa barchamizga yaxshi tanish bo'lgan mutaxassis Dilshod Nuraliev haqida bo'ladi. O'zini murabbiylikka bag'ishlagan Nuraliev o'z vaqtida turli yutuqlarga erishgan. O'zbekiston o'smirlar terma jamoasi bilan Erondagi Osiyo chempionatida tengsiz deb topilishdi. SHuningdek, Nuraliev boshchiligida jahon chempionatlarida ham qatnashib barchamizni xursand qilishdi. SHu bilan birga Nuraliev davlat mukofotiga ham sazovor bo'lgan. Umuman, u o'zbek futboli uchun ko'plab o'yinchilarni ham etishtirib berdi. Lekin yuqorida aytganimizdek, doim ham hammasi bir tekisda bo'lavermaydi. Yaqinda Nuraliev boshchiligidagi o'smirlar terma jamoasi Osiyo chempionatiga chiqa olmadi. Tabiiyki, natijaga murabbiy javobgar va u istefoga chiqarildi, shunga yarasha tanqidlar ham bo'ldi. Bir so'z bilan aytganda, oldin ko'klarga ko'tarilgan murabbiy bir zumda qahramondan antiqahramonga aylandi. Bu bilan Nuralievni oqlamoqchi emasmiz, u haqiqatan ham ishonchni oqlay olmadi. Lekin...Yaxshisi u bilan uyushtirilgan ochiq mazmundagi suhbatni etiboringizga havola etamiz. Zero, suhbat davomida o'zi haqidagi ko'plab masalalarga va muammoli vaziyatlarga javob qaytargan.
“Birgina mag'lubiyat hayotimga katta tasir ko'rsatdi”
- Murabbiylik faoliyatingiz davomida o'zbek futboli uchun qo'shgan hissalaringizni, yangi iqtidorlarni etishtirib berganingizni hech kim inkor eta olmaydi. Lekin o'smirlar terma jamoasi bilan muvaffaqiyatsizlikka uchradingiz. SHunday bo'lsa-da, sizni qilgan mehnatlaringiz samarasi o'laroq qilgan ishlaringizni unutib bo'lmaydi. Xo'sh, hozirda nimalar bilan bandsiz?
- Bilasizmi, mag'lubiyat hayotimga, ishimga, umuman hamma narsaga katta tasir qildi. Hech ham bunday bo'lishini o'ylamagandim. Aslida esa biz qo'limizdan kelganicha mehnat qilgandik. 2000 yilda tug'ilgan futbolchilardan iborat jamoamiz bilan Osiyo chempionatida muvaffaqiyatli qatnashib so'ngra jahon chempionatida ishtirok etishni niyat qilgandik. Afsuski, bu narsa ro'yobga chiqmadi. Natijada omadsizlik menga juda katta tasir o'tkazdi. Hozircha olimpiya zaxiralari kollejining futbol bo'limida ishlab turibman. Nasib qilsa, yangi yildan keyin yana murabbiylik faoliyatimni boshlab, klublarga o'zimni taklif qilaman. Ex, oldimizda katta maqsadlar bor edi, ammo bular amalga oshmay qoldi. To'g'ri, maqsadga erisha olmaganimizda biz murabbiylar shtabining aybi bor. Natijani eplay olmadik. Lekin jamoamiz yomon o'ynamagandi. Biz kuchli guruhdan joy olgan bo'lsak-da, o'z o'yinimiz bilan yomon fikrlar qoldirmagandik. Qo'limizdan kelganicha harakat qilganmiz. Bizdan keyin 1999 yilda tug'ilgan futbolchilardan iborat terma jamoamiz Osiyo chempionati saralashida qatnashishdi. Ularning guruhi biznikiga qaraganda bo'sh bo'lsa ham qita birinchiligiga chiqa olishmadi. Bu nima degani? Oxirgi paytlarda yurtimizda bolalar futbolining saviyasi ancha pastga tushib ketdi. Eng katta kasalligimiz shu joyda. Terma jamoa murabbiylarining bir oylab yoki haftalab o'tkazadigan yig'inlari yo'q. Biror musobaqaga qisqa muddat ichida yigitlarni texnik yoki ruhiy tomondan o'zgartirishimiz qiyin. Biz faqat ularga yo'nalish beramiz va taktikani o'rgatadigan murabbiymiz. Hamma viloyatlarda zo'r o'yinchilar bor deb gapirishadi. Lekin bir narsani tan olish kerakki, ularning saviyasi bilan terma jamoa futbolchilarining saviyasi o'rtasidagi farq katta.
- Bo'lib o'tgan voqealardan keyin hali ham sizda tushkunlik alomati bordek...
- To'g'ri. Menda bu jarayon juda og'ir o'tyapti. CHunki hech qachon bunday sharoitga tushib qolmagandim. SHu sababli ham bo'lib o'tgan ishlardan keyin jarayon menda og'ir kechyapti.
- Sizni terma jamoadan istefoga chiqarishgan paytda O'FF prezidenti Umid Ahmadjonovning keskin tanqidlarini eshitdik va termaga jalb qilingan futbolchilar asosan “Bunyodkor” hamda “Paxtakor” tarbiyalanuvchilari ekanligini aytib, bu borada jiddiy surishtiruv ishlarini olib borilishi haqida aytgandi. SHundan keyin nimalar bo'ldi?
- Yo'q, bunday ishlar bo'lmadi. Doim terma jamoaga o'yinchilarni jalb qilgan paytimizda O'FFga albatta o'sha ro'yxatni taqdim etamiz. Masalan, terma jamoamizga “Bunyodkor” akademiyasidan 11 nafar o'yinchini qabul qilgan bo'lsak, shundan 70 foizi boshqa viloyatlardan kelgan futbolchilar hisoblanishadi. Ular aslida o'z viloyatlarida katta futbolga qadam bosishgan va keyinchalik “Bunyodkor” akademiyasiga kelishgan bolalar edi. “Paxtakor”dagi yoshlarning ko'pchiligi ham shunday holatda edi. Terma jamoamizda navoiylik, samarqandlik, sirdaryolik, buxorolik, jizzaxlik, farg'onalik, namanganlik barcha o'yinchilar bor. SHunchaki, ular “Bunyodkor” akademiyasida tahsil olishadi, boisi sharoitlar va imkoniyatlar yaxshi edi. SHuning uchun u erdan ko'proq o'yinchilarni olgandik. Ammo aksariyati o'sha erga boshqa viloyatlardan kelishgan. Toshkentning o'zidan 2 yoki 3 ta o'yinchisi bor edi xolos. Boya aytganimdek, ro'yxatni O'FFga berganmiz, o'zlari aytganidek, tekshirish bo'ldimi yoki bo'lmadimi, bilmadim. Biz hamma vaqt Toshkentda yoki xorijda yig'in o'tkazish uchun ham ketayotgan bo'lsak, albatta federaciyaga barcha ro'yxatni beramiz va o'sha ro'yxatda futbolchining qaysi klubdanligi, qaysi viloyatda tug'ilganligi, umuman barcha malumotlari bo'ladi. Menimcha, rahbariyat shularni o'rganib chiqqan bo'lsa kerak. Lekin o'zimga bu borada hech kim hech nima degani yo'q. Gap-so'z ham bo'lmadi.
“Menga tuxmat qilayotganlarning o'ziga bu narsa qaytadi”
- Murabbiy sifatida oldin terma jamoa bilan Osiyo chempioniga erishgan va jahon chempionatida munosib qatnashgan paytingizda hamma sizni osmonga olib chiqqandi. Lekin birgina muvaffaqiyatsizlikdan keyin buning aksi kuzatildi. Hayotda esa hamma narsa bo'lishi yana bir bor sizning misolingizda ko'rindi...
- Terma jamoani boshqarishga kirishgan hech bir murabbiy yutqazaman deb ishlamaydi. Hammaning oldida o'ziga yarasha maqsadlari bo'ladi. Ayniqsa, murabbiylar terma jamoa bilan katta yutuqlarga erishishni orzu qilishadi. Lekin shu kunlar ham peshonamga yozilgan ekan, terma jamoa bilan yutqazdik. Endi bo'lsa men yomon murabbiyga aylanib qoldim. Bu albatta men uchun juda og'riqli vaziyat, ammo meni yomonga chiqarib qo'yishlari noto'g'ri.
- Bo'lib o'tgan ishlardan keyin murabbiylik taqdiringizga jiddiy tasir ko'rsatishidan xavotirda emasmisiz?
- Menimcha, bu albatta tasir qiladi, busiz iloji yo'q. Ammo ishsiz qolmasman deb umid qilaman. Balki menga ham qaerdandir chorlov bo'lib qolar. Biror joydan ish topilib qolar, ko'ramizda. Bir umr maydonda chang yutib murabbiylik qilganman. Boshqa qiladigan ishim yo'q. Murabbiylikdan tashqari qandaydir kasb bilan shug'ullanmayman. Men o'z hayotimni faqat murabbiylikka bag'ishlaganman. 25 yildan beri shuning ichidaman.
- O'sha muvaffaqiyatsizlikdan keyin O'FFning mutasaddi rahbarlari bilan uchrashib gaplashdingizmi?
- Ha, gaplashdim. Rahbariyat bilan muloqot qilganmiz. Ularning aytayotgan gapi – natija ko'rsata olmadik.
- Siz ham hammasini tahlil qilayotgandirsiz. Har holda turli gap-so'zlar ham paydo bo'ldi. Ayniqsa, O'FF rahbarining siz haqingizdagi tanqidiy fikrlaridan keyin Dilshod Nuraliev terma jamoaga futbolchilarni jalb qilishda ulardan malum miqdorda pul olgan, degan mish-mishlarni ham eshitdik.
- Qarang-da, Osiyo chempioni bo'lganimizda bunday gap-so'zlar bo'lmagandi. Qoqildingizmi, endi birovga tuxmat qilish va ig'vo gaplar ko'p bo'ladi. Buning sababi, terma jamoaga qaysidir futbolchilarni olmasangiz o'shalarning ota-onalari gap tarqatishadi. O'sha o'yinchilarni bir-ikki marta yig'inlarga chaqirasiz. Ammo boshqa viloyatdan o'sha futbolchidan kuchliroq bola chiqib qoladi. Murabbiy esa doim eng yaxshilarini tarkibga yig'adi. Natijada o'sha o'yinchi tarkibdan chetda qolsa ota-onalari men pul berganim uchun jamoaga qo'shayotgandi, pul bermaganimdan so'ng tarkibdan chetga chiqarib qo'ydi, degan bo'lmag'ur gap-so'zlarni tarqatishadi. Bunday yoshdagi jamoalarda shunday ko'rinishdagi gaplar mendan oldin ham bo'lgan va keyin ham shunga o'xshash holat bo'laveradi. Bolalar futbolida juda ham ig'vo gaplar ko'p. Agar kimnidir olsangiz, boyning bolasi-da, shuning uchun jamoasiga chaqirib oldi deyishadi. Menimcha, hattoki ahmoq murabbiy ham terma jamoaga birovdan pul olib futbolchi chaqirmaydi. Men qo'limdan kelganicha Respublikamizdagi eng iqtidorli yoshlarni yig'ishga harakat qildim. Ayni paytda O'zbekistondagi eng dongdor akademiya – bu “Bunyodkor”niki. SHu bois 11 nafar munosibini o'sha erdan oldim. “Paxtakor”dan esa 5 ta futbolchini qo'shib oldim. Ikkitasi farg'onalik, bittasi “Lokomotiv”dan, yana bittasi “Nasaf” va yana bir futbolchini Toshkent shahridagi 16-futbol maktabidan oldim. Ha, men ham siz aytgan bo'lmag'ur gap-so'zlar haqida eshitdim. Bilasizmi, murabbiy uchun bunday tuxmat gaplarni eshitish nihoyatda og'ir. SHunchalik mehnat qilib yutuqlarga erishgan paytlarimizda, Akmal SHorahmedov, Vitaliy Denisov, Sanjar Tursunov, Farhod Tojiev, Marat Bikmaev kabi futbolchilarni katta qilib voyaga etkazganimizda yaxshi murabbiy edik. Bir marta qoqilganimizda esa bu kabi yoqimsiz gaplarni eshitish va uni xazm qilish og'ir. Buni kim aytayotgan bo'lsa ham qip-qizil tuxmat. Vaqti kelib, o'sha tuxmat qilgan insonlarning oilasiga bu narsa “uradi”. Ishonaman, Xudo barchasini joy-joyiga solib qo'yadi. Men o'zimga 100 foiz ishonaman. Terma jamoaga hech qachon birovdan pul olib uning bolasi olib ketilmaydi. Yuqorida aytdim-ku, ahmoq murabbiy ham bu ishni qilmaydi.
“Meni tanigan va bilganlar qanday murabbiyligimni bilishadi”
- Siz murabbiylik hayotingizda shirin va achchiq kunlarni ham ko'ryapsiz. Ayting-chi, futbolimizda adolat bor deb o'ylaysizmi?
- Kim biladi? Adolat bormi-yo'qmi bilmadim-u, sizga faqat bir narsani ayta olaman: terma jamoalar va “Paxtakor”da yuragimdan chiqarib ishlaganman. Qo'l ostimdagi bola mohir futbolchi, yaxshi inson bo'lsin, kelajakda ota-onasi farzandining rohatini ko'rsin, degan maqsad bilan ishlaganman. Buni birov biladi yoki bilmaydi. Bunga eng yaxshi javob – mening qo'l ostimda tarbiya ko'rgan futbolchilardan so'rash kerak. Yod odamlardan yoki ota-onalardan bo'lmag'ur gaplarni eshitib xulosa chiqarish noto'g'ri.
- Hayot shundayki, agar inson yutuqlarga erishib, hurmat etibori ortib borsa uning atrofida tanimagan do'stlari ham ko'payib qoladi. Mabodo, boshiga tashvish tushib o'zi uchun qora kunlar kelsa o'sha yaqinlari o'z-o'zidan yo'qolib qolishadi. Sizning misolingizda oladigan bo'lsak, hozirgi vaziyatda kimdir sizga dalda bo'lyaptimi yoki atrofingizdagi insonlar “qochib ketishdimi”?
- Yo'q, qochishmadi. Futbol ichida ishlayotgan odamlar mening qandayligimni va qay tartibda ishlashimni yaxshi bilishadi. Ana shunday insonlar har doim yonimda va menga dalda berishyapti. SHunchaki, federaciyaga yangi rahbariyat keldi va mening muvaffaqiyatsizligim shu jarayonga to'g'ri kelib qoldi. Ammo hali hammasi yaxshi bo'lib ketishiga ishonaman. Rahbariyat ham men haqimda so'rab-surishtirar. Baribir yaxshi niyat qilaman va hammasi ijobiy tomonga o'zgarishidan umidvorman. Hammasini vaqt ko'rsatadi.
- Ha, barchasiga vaqt oliy hakam...
- To'ppa-to'g'ri! Xudoni o'zi chevar. U hammasini to'g'rilab qo'yadi.
- SHu o'rinda futbolimizda yuz berayotgan o'zgarishlar haqida nimadir deya olasizmi?
- Katta o'zgarishlar bo'lyapti. Yosh bolalarga yanada yaxshiroq sharoitlar yaratib berilsa, asosiy yutuq shu bo'ladi. Bu milliy terma jamoaning ham yutug'iga aylanadi. Asosan poydevorni mustahkam qilish kerak. Yoshlarga etiborni tubdan oshirib, murabbiylarning malakasini o'stirish uchun o'qitish kerak. Albatta, saviyamizni kuchaytirishimiz lozim. Anchadan beri murabbiylar xorijga chiqib o'z ustida ishlashmayapti. Oldin biz xorijga ko'p borardik va o'qib o'rganardik. Hozirda futbol bir joyda turmayapti, yangiliklar va o'zgarishlar kun sayin sodir bo'lyapti. Bolalar futboliga to'g'ri sharoit yaratilsa va murabbiylar xorijda malakalarini oshirishsa vaziyat yaxshi tomonga o'zgaradi.
- Demak, bizdagi eng og'riqli nuqta – bu bolalar futboli bilan bog'liq, shundaymi?
- Ha, shunday. SHu bilan birga oliy ligamizning ham saviyasini oshirish dolzarb mavzu. Masalan, Farhod Tojiev, Sadriddin Abdullaev va yana boshqa o'yinchilarni 16 yoshida “Paxtakor”ga berganman. Ana endi futbolchilarning rivojlanishini davom ettirish klubdagi murabbiylarning ishi.
- Har holda oldinlari yoshlar va o'smirlar terma jamoalarimiz jahon chempionatlarida ishtirok etib kelishayotgandi. Ammo oxirgi yillarda bu anaana to'xtab qoldi. Demak, bizda bolalar futboliga etibor to'xtab qolgandek...
- To'g'ri. Tojikiston kichkina davlat, qanaqasiga Osiyo chempionatiga chiqishadi deyishadi. Ammo hamma joyda bugungi kunda bolalar futboliga katta ahamiyat qaratilyapti. SHaroitlar yaxshilanyapti. Menimcha, yoshlar futbolida muvaffaqiyatlarga erishgan paytimizda o'z ustimizda ishlashimiz to'xtab qoldi va shu jumladan men ham. Vaqti o'tib sharoitlarimiz ham talab darajasida bo'lmay qoldi deb o'ylayman. Beshta jamoamiz jahon chempionatiga chiqa olmadi, hattoki, Osiyo chempionatlariga ham chiqa olmay qoldik. Bu bolalarimiz uchun katta yo'qotish.
“Yoningizdagi odam boyim ketsa, buni ko'ra olmaymiz”
- SHuningdek, bolalar futbolida ishlayotgan murabbiylar uchun to'lanayotgan oylik maoshlari ham etarli bo'lmagani ham muvaffaqiyatsizligimizning sabablaridan birimi?
- Boshqa viloyatlarda murabbiylarga qanaqa to'lanishini bilmayman. Lekin shuni bilamanki, Toshkentda va viloyatlarda pullik guruhlar ko'payib ketdi. Bu ham futbolning rivojlanishiga tasir qiladi. Bir murabbiyning 50-60 nafar bola bilan ishlashi ham noto'g'ri. Bunday paytda baribir murabbiyning hayoli chalg'ib qoladi. Murabbiy hech bo'lmaganda 20 yoki 24 ta bolani shug'ullantirishi kerak. To'g'ri, o'sha ustozlarni ham tushunsa bo'ladi. O'zingiz aytganingizdek, oylik maoshi kam, ular ham oilasini boqishi kerak. SHuning uchun qo'shimcha mablag' ishlab topish maqsadida ikkinchi-uchinchi jamoalarni ham boshqarishyapti. Bu bilan bolalarga o'rgatish saviyasi ham pasayadi. Hamma narsa bir-biriga bog'liq. Ilgari biz ishlagan paytda pullik guruhlar bo'lmagan. 3-4 ta jamoalarimiz ham yo'q edi, Ahmadjon aka Musaev bilan faqat bitta jamoani shug'ullantirardik. Ko'z tegmasin, o'sha paytda qo'l ostimizda o'ynagan yigitlarning 70-80 foizi milliy terma jamoa saviyasigacha chiqishdi.
- Darvoqe, bir narsa yodimga tushdi. O'smirlar va yoshlar terma jamoalarimizning muvaffaqiyatli onlari siz kabi murabbiylar bilan bog'liq edi. Yani, Ahmadjon Musaev, Ahmadjon Ubaydullaev, Aleksey Evstafeev...Umuman, jahon chempionatlarida qatnashgan termalarimizga shunday mutaxassislarimiz bosh bo'lishgan. Ammo vaqt o'tgan sari ular qolmayapti va oxiri bo'lib siz ham ishdan chetlatildingiz. Bizga natija keltirib, foyda bergan murabbiylarimiz hozir qaerda?
- Bir narsani aytaman, faqat to'g'ri yozing: bizda kimdir yaxshiroq natija ko'rsatsa, yon-atrofidagilar uni ko'ra olmasdan kovlashni boshlashadi. Menimcha, hammasi shundan. Misol uchun oldingizda yurgan inson boyib ketyapti. SHunday odamlar borki, o'sha rivojlanayotganini ko'ra olmaydi-da, nega boyib ketyapti deb o'shaning ayblarini qidirishni, kovlashni boshlaydi. Yani, uni ko'ra olmaydi. Murabbiylarda ham shunaqa. Gap-so'zlar ko'payib ketganidan futbolni ham yig'ishtirib qo'yishadi. Masalan, shu sababli Evstafeev Rossiyaga ketib yubordi. Ahmadjon aka Musaev esa umuman ishlamaydigan bo'ldi.
- Mana shunday foyda beradigan kadrlarni yo'qotmayapmizmi?
- Ha, yo'qotyapmiz. Bu futbolimiz rahbariyatiga aytiladigan masalalardir.
FIRDAVSXON
Fikrlar