

Turning dastlabki bahsida "Brayton" o'z uyida "Vest Xem"ni mag'lub etdi - 1:0.
Bugun uchrashuvlar davom ettiriladi. Quyida bugungi o'yinlarga bag'ishlangan prevyuni e'tiboringizga havola etamiz.
APL
8-tur, 06.10.2018
"Byornli" - "Xaddersfild"
Bu jamoalar APL doirasida faqat ikki bor to'qnash kelishgan. O'tgan mavsumda o'tkazilgan har ikki uchrashuvda ham 0:0 hisobi qayd etilgan.
"Byornli" o'tgan yil o'z maydonida shu darajada yaxshi natijalar qayd etganidan Britaniyada "Terf Mur mo'jizasi" degan ibora paydo bo'lgan edi. Ammo, joriy mavsum jamoa uyda 2 bor yutqazishga ulgurdi. Lekin, bugungi raqib 3 ochko olishga imkon beradigan "o'lja"dek ko'rinmoqda.
"Kristal Pelas" - "Vulverxempton"
Mezbonlar o'tgan tur "Bornmut"ga yutqazib qo'yishgan edi. Lekin, o'yin bo'yicha ular bunga haqli edi deb bo'lmaydi. Hisob 1:1 bo'lib turgan pallada jamoa "Bornmut"ga katta bosim o'tkazayotgandi, biroq Mamadu Saxo kutilmagan jamoasi darvozasiga penalti olib keldi. "Pelas" bugun mavsumni yaxshi boshlagan debyutantni engishi mumkin.
"Bo'rilar" APLning dastlabki 7 turida bir xil tarkibda maydonga tushishdi. Shu tariqa, ular Premer-liga tarixida birinchi 7 turda bir xil asosiy tarkibda o'yinni boshlagan uchinchi jamoaga aylanishdi. Bungacha "Lids" (1992-1993 yilgi mavsum) va "Aston Villa" (2008-2009) klublari shunday ko'rsatgich qayd etishgan edi.
"Lester" - "Everton"
"Lester" chempionatda duranglarsiz ketmoqda. "Liverpul" va "Bornmut"dan uchralgan mag'lubiyatdan so'ng "tulkilar" "Xaddersfild" va "Nyukasl"ni dog'da qoldirishdi. Hujumkorlikni yoqtiradigan mezbonlarning imkoniyatini biroz yuqoriroq deb baholasa bo'ladi.
"Irislar" bugungi raqiblaridan 3 ochko ortda qolishmoqda. G'alaba oradagi farqni yo'qqa chiqarishni taminlaydi. Lekin, safarda o'zini ko'rsata olmayotgan "Everton" uchun bu ish qiyin vazifaga aylanadi.
"Tottenxem" - "Kardiff"
Bir qarashda bu to'qnashuvda "shporlar" yaqqol favorit va ko'pchilik Pochchettino shogirdlaridan yirik g'alaba kutishmoqda. Biroq, "Tottenxem"da kadrlar bilan bog'liq jiddiy muammolar paydo bo'lgan. Ugo Loris safga qaytgan bo'lsada, Yan Vertongen, Dele Alli, Mussa Demlebe, Serj Ore va Kristian Eriksen jarohatdan qutulmagan va ular klub lazaretida. Bundan tashqari, Davinson Sanches ham jarohat olgani haqida xabarlar paydo bo'ldi. Ko'rinib turibdiki, londonliklarni autsayderga qarshi oson bo'lmagan o'yin kutib turibdi.
"Uotford" - "Bornmut"
Mavsumni juda yaxshi boshlagana "Uotford" 3 o'yindan beri g'alaba nimaligini bilmay kelmoqda. Xaver Grasiya shogirdlari MYU va "Arsenal"ga safarda mag'lub bo'ldi va "Fulxem" bilan durang o'ynadi. Lekin, "arilar" uyda hujumkor futbol namoyish etishadi.
"Bornmut" esa o'z uyida 5 o'yindan beri mag'lubiyatga uchramayapti. Safardagi oxirgi uchrashuvida jamoa "Byornli"dan 0:4 hisobida engilgan. Eddi Xau shogirdlari uyda qanchalik ishonchli o'ynayotgan bo'lsa, safarda buning aksi.
"Manchester Yunayted" - "Nyukasl"
Maydondagi o'yini qolib, maydondan tashqaridagi voqealar bilan ko'proq gap-so'zlarga sabab bo'layotgan "Manchester Yunayted"ning o'yinini ko'pchilik kutmoqda. Bu kunning asosiy intrigasi. Ko'pchilik bu uchrashuvdan keyin Joze Mourinyo iste'foga chiqadimi yoki yo'q degan savolga javob olmoqchi. Jamoa o'tgan tur safarda "Vest Xem"dan engildi. MYU APL tarixidagi o'zining eng yomon startini amalga oshirdi. Jamoa dastlabki 7 turdan so'ng bor yo'g'i 10 ochko jamg'argan. Britaniya nashrlarining ayrimlari bugun qanday natija qayd etilishidan qati-nazar Mour iste'foga chiqariladi deb bong urayotgan bo'lsa, qolganlari Joze hozircha ketmasligi haqida yozmoqda.

APL
8-tur uchrashuvlari
05.10.2018
"Brayton" - "Vest Xem" 1:0
06.10.2018
19:00. "Byornli" - "Xaddersfild"
19:00. "Kristal Pelas" - "Vulverxempton"
19:00. "Lester" - "Everton"
19:00. "Tottenxem" - "Kardiff"
19:00. "Uotford" - "Bornmut"
21:30. "Manchester Yunayted" - "Nyukasl"
07.10.2018
16:00. "Fulxem" - "Arsenal"
18:15. "Sautgempton" - "Chelsi"
20:30. "Liverpul" - "Manchester Siti"
Angliya Premer-ligasi turnir jadvali >>>>> APL



