

Ushbu bahs oldidan O'zbekiston terma jamoasi sobiq futbolchisi Viktor Karpenko fikrlari bilan o'rtoqlashdi.
"Avvalo, yigitlarga yaxshi o'yin va g'alaba tilayman. Fabio Kannavaro jamoani qaysi taktik sxema asosida o'ynatmoqchi ekanini ko'rish qiziq. U kishi va terma jamoamizga omad va muvaffaqiyat tilayman!
O'sha o'yindan juda yorqin xotiralar qolgan. Bu Jahon chempionati saralash bosqichidagi hal qiluvchi - play-off yo'llanmasi uchun bahs edi. O'yinni yomon boshlamagandik, ammo ikki tezkor gol o'tkazib yuborganmiz. Shundan keyin esa irodali o'yin namoyon etib, 3:2 hisobida g'alaba qozongandik.
Eng yodda qolgan jihati shundaki, taym oralig'ida bosh murabbiyimiz Bobning o'zini tutishi – u juda tinch, ishonch bilan gapirgan edi. Shu qadar xotirjamlik va ishonch bilan bizga ishonganidan keyin ikkinchi taymda bizni to'xtatib bo'lmasdi", – deydi Viktor Karpenko.



