Tasavvur qiling: O'zbekiston jahon chempionatiga chiqqanida, qaysi guruhda bo'lardi (+FOTO)

Aslanov Jasurbek
2 dek 2017, 13:24
Kecha, 1 dekabr kuni Moskvadagi Kreml saroyida 2018 yil Rossiyada bo'lib o'tadigan jahon chempionatiga qur'a tashlandi.

Mamlakatimizdagi ko'plab muxlislar esa qalbining bir chekasidagi g'am bilan ushbu marosimni tomosha qilishdi. Bu g'amga sabab O'zbekiston terma jamoasi jahon chempionatiga chiqa olmaganidir. Biz ularni xafa bo'lmaslikka chaqirib, mamlakatimiz terma jamoasining mundial qur'asida ishtirok etishini tasavvur qilib ko'ramiz.

Agar O'zbekiston terma jamoasi jahon chempionatiga yo'l olganda, qur'a jarayonida to'rtinchi savatchadan o'rin olgan bo'lardik. Chunki FIFA reytingida past o'rinlarni egallagan jamoalar ushbu savatchadan joy olishadi. Ayni damda terma jamoamiz 80-o'rinda va ular mundial ishtirokchilar orasidagi eng past o'rindagi jamoa bo'lishardi. Haqiqiy qur'ada esa eng past reytingli jamoa Saudiya Arabistoni bo'ldi. Demak O'zbekiston Saudiya Arabistoni o'rniga Rossiya, Misr va Urugvaylar bilan bir guruhdan joy olardi.

Tasavvur qilishda davom etamiz. Jahon chempionatidagi ilk o'yin Rossiya hamda O'zbekiston terma jamoalari o'rtasida bo'lib o'tardi va... Ilk o'yinda stadion rossiyalik va o'zbekistonlik muxlislarga to'gan bo'lardi. Qolgan voqealarni siz tasavvur qiling va izohlarda yozib qoldiring.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia