

2022 yilgi futbol mavsumi Qashqadaryo futboli uchun unutilmas va g'alabali onlarga boy bo'ldi.
Mavsum boshida sevimli jamoamiz Nasaf OCHL pley-off bosqichida Abu Dabi jamoasi Baniyasni mag'lub etib, guruh bosqichiga yo'llanmani qo'lga kiritdi. Saudiya Arabistoni mezbonlik qilgan guruh bosqichi uchrashuvlarida ham ajdarlar yurtimiz sharafini munosib himoya qilishdi. Osiyoning nomdor jamoalari Al Sadd (Qatar), Al Faisaliy (Saudiya Arabistoni), Al Vehdat (Iordaniya) jamoalariga munosib qarshilik ko'rsatib, jamoa o'z tarixida birinchi bor pley-off yo'llanmasini qo'lga kiritdi. Jamoamizning xalqaro arenalarda ko'rsatgan ajoyib o'yinlari natijasida O'zbekiston jamoalari 2023-2024 yillarda 2+2 ko'rinishda kvotaga ega bo'ldi.
Xalqaro maydonda munosib ishtirok etgan yigitlarimiz O'zbekiston Superligasi va O'zbekiston Kubogi musobaqalarida ham barchamizni quvontirishdi. Buxoro shahrida bo'lib o'tgan O'zbekiston Kubogi finalida sevimli jamoamiz Navbahor jamoasini 2:1 hisobida taslim etib, o'z tarixida uchinchi bor O'zbekiston Kubogini qo'lga kiritdi va 2023 OCHL da guruh bosqichini kafolatladi. Jamoa Superliganing so'nggi turigacha chempionlik uchun kurashdi va yakunda o'n birinchi bor bronza medallariga ega chiqdi.
Srechko Katanes bosh murabbiyligidagi O'zbekiston milliy terma jamoasiga ham Nasaf jamoasining 8 nafar futbolchisi taklif qilindi. Taklif etilganlar orasida yana 2 nafar Nasaf futbol maktabi tarbiyalanuvchilari borligi bizni quvontiradi. Bundan tashqari boshqa yosh toifasidagi terma jamoalarga ham Nasaf va Sevinch tarbiyalanuvchilari jalb etilmoqda. Shuning o'zi ham biz to'g'ri yo'lda ekanligimizdan dalolatdir.
Sevinch ayollar jamoasi ham qisqa tanaffusdan so'ng o'z taxtiga qaytdi. Qizlarimiz ayollar chempionatida chempionlikni va O'zbekiston Kubogini qo'lga kiritib, oltin dubl qayd etishdi. Ular ham keyingi mavsumda ayollar o'rtasida bo'lib o'tadigan Osiyo Chempionlar Ligasi musobaqasida ishtirok etadigan bo'lishdi.
Erkaklar va ayollar o'rtasidagi katta futbol musobaqalaridagi to'rtta kubokning uchtasi Qarshiga keltirildi. Bu viloyatimiz futboli uchun katta yutuq deyish mumkin.
Qo'lga kiritilgan yutuqlar uchun Nasaf hamda Sevinch jamoalari murabbiylari va futbolchilariga, bu ulkan g'alabalarni qo'lga kiritishda amaliy yordam bergan Qashqadaryo viloyati hokimligi va O'zbeknefgaz AJ rahbariyatiga o'z tashakkurimni izhor etaman.
Ishonamanki, biz birgalikda bundanda yuqori natijalarga erishamiz. Biz yangi mavsumda yanada kuchli bo'lib qaytamiz. Chunki biz Nasafmiz. Nasafga esa o'xshashi yo'q!
Shuxrat Aslanov, Nasaf futbol klubi prezidenti



