"Kuchli terma jamoalar bilan o'ynab o'zimizni ham Yevropaga tayyorlab boramiz". Doniyor Abdumannopov Slovakiya va Ukraina bilan o'yinlar haqida

Aslanov Jasurbek
1 apr 2021, 13:36
Xabaringiz bor Ravshan Haydarov murabbiyligi ostidagi O'zbekiston U22 terma jamoasi "Antalya Cup 2021" xalqaro turnirida ishtirok etishdi.

Mazkur musobaqada vakillarimiz Slovakiya (0:2), Ukraina (1:1) va Qozog'istonlik (2:0) tengqurlariga qarshi maydonga chiqishdi. Yurtimizdagi Osiyo chempionatiga tayyorgarlik ko'rayotgan jamoamiz uchun ushbu yig'in va Yevropa jamoalari bilan o'rtoqlik uchrashuvlari foydali bo'lgani shubhasiz. Biz esa bu borada O'zbekiston U22 jamoasi a'zosi, "Andijon" futbolchisi Doniyor Abdumannopovning fikrlari bilan qiziqdik.

- Dastlab Turkiya yig'ini haqidagi fikrlaringiz bilan o'rtoqlashsangiz...

- Avvalambor assalomu aleykum. Turkiya yig'ini a'lo darajada o'tdi. Tashkilotchilik, sharoitlar, maydonlar bari ko'ngildagidek bo'ldi, deya olaman. 

- O'rtoqlik uchrashuvlarida raqiblik qilgan Ukraina, Slovakiya, Qozog'iston jamoalarining bizning futbolchilardan qanday ustun jihatlarini ko'ra oldingiz?

- Ukraina va Slovakiya yaxshi saviyadagi jamoalar ekan. Mening fikrimcha ulardan kam o'ynamadik. Birinchi uchrashuvda Slovakiya bilan ozgina qiynaldik. Baribir ilk o'yin har doim oson bo'lmaydi. Slovakiyalik tengqurlarimiz bizga qaraganda tezroq o'ynashdi, havodagi to'plarda ustunlikka ega bo'lishdi. Shunday o'yinlar orqali xalqaro tajriba orttirib boramiz. 

- Bunga qadar jamoamiz asosan Toshkentda mahalliy klublarga qarshi nazorat bahslarida ishtirok etgan edi. Nima, deb o'ylaysiz bunday buyon kuchli jamoalar bilan bellashish kerakmikin? 

- Agar imkoni bo'lsa juda yaxshi bo'lardi. Bunday terma jamoalar bilan o'ynab o'zimizni ham Yevropaga tayyorlab boramiz. Menimcha barcha futbolchilar ayniqsa bizning yoshdagilar Yevropa jamoalarida o'ynashni orzu qilsa kerak, deb o'ylayman. 

- Keyingi yilgi Osiyo chempionati mezbonligi O'zbekistonga berilgani saralash bahslari oldidan qay darajada xotirjamlik beradi? Chunki istaymizmi yo'qmi futbolchilar ruhiyatida bu borada o'zgarish bo'ladi...

- Osiyo chempionatining bizga berilgani hozirdan qattiq tayyorgarlik ko'rishimizni anglatadi. Bu futbolchilarga katta ishtiyoq beradi. O'z maydonimizda, muxlislarimiz, yaqinlarimiz qarshisida to'p tepish mas'uliyati yuqori bo'lishini tushunib turibmiz. Albatta, bosim ham bo'lishini inkor qilmayman.


Abdulaziz Iskandarov suhbatlashdi

O'xshash yangiliklar


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia