

"O'yin juda og'ir bo'ldi. Birinchidan, qanday o'ynashni, himoyalanishni, to'pni nazorat qilishni hamda to'pga egalik qilib, g'alaba qozonmoqchi bo'lgan jamoaga qanday xalaqit berishni biladigan "Selta" tufayli. O'yinning bu qadar qiyin kechishi ko'p jihatdan "Selta"ga bog'liq bo'ldi.
Bundan tashqari, eng yaxshi formada bo'lmagan ko'plab futbolchilarni ko'rdim - payshanba kuni kelgan, chorshanba kuni uxlamagan, samolyotda bir necha soat o'tkazgan futbolchilarni... Jismoniy charchoq psixologik holatga ham ta’sir qiladi. Ushbu uchrashuvda Konatening birinchi uzatmasi maydon tashqarisiga chiqib ketdi. Bu yoqimsiz hissiyot.
Lekin ijobiy jihatlar ham bor va ulardan biri - ushbu futbolchilardagi g'alabaga bo'lgan iroda, ularning matonati. Biz o'yinni Arda [Gyuler] va Jud [Bellingem] bilan, hujumkor yarim himoya zonasida juda toliqqan o'yinchilar bilan yakunladik, biroq ular bor kuchini berib harakat qilgani ko'rinib turdi.
Hisobni tenglashtirganimizdan so'ng o'yin uzluksiz shiddatga aylandi: to'p yo'qotish, to'pni qaytarib olish, to'p yo'qotish, to'pni qaytarib olish... Yakunda esa ochko qo'lga kiritdik, eng muhimi shu.
Biz oson g'alaba qozonishni istaymiz, toki bo'limlar orasida 3:0 yoki 4:0 hisobida oldinda borayotib, biroz xotirjam tortib, kulish imkoni bo'lsin. Bunga har doim ham erishib bo'lmaydi va shuning uchun jangovar ruhni namoyon etish kerak. Ikkinchi bo'limdagi asosiy jihatlardan biri - yanada faolroq pressing, yo'qotilgan to'pni qaytarib olish...
Bu psixologiya masalasi, bu kuchli jamoa, bor kuchini beradigan va qiyinchiliklarga qarshi kurasha oladigan insonlar jamoasi. Qiyinchiliklardan biri - yutqazish va tribunalarda hushtakbozlikni eshitish. Biz ketma-ket to'qqizta o'yinda g'alaba qozondik va seshanba kuni o'ninchi g'alabaga erishamiz", - dedi Mourinyu.



