Bugun yana LaLiga. Bizni super to'qnashuv kutib turibdi

Aslanov Jasurbek
26 sen 2018, 12:05
Bugun, 26 sentyabr kuni LaLiganing 6-turidan o'rin olgan to'rtta uchrashuv bo'lib o'tadi.

Ushbu bahslar orasida "Barselona", "Real", "Valensiya" va "Vilyarreal" ishtirokidagi uchrashuvlar mavjud.

Avvaliga kechagi uchrashuvlar natijalariga to'xtalib o'tsak. 6-turni ochib bergan "Espanol" - "Eybar" bahsida mezbonlar kichik hisobda g'alabaga erishishdi. Mario Xermosoning goli uchrashuv taqdirini hal qildi va jamoani turnir jadvalida 5-o'ringa olib chiqdi.


Navbatdagi bahsda "Real Sosedad" turnir jadvalining quyi qismida ketayotgan "Rayo Valekano"ga qarshi bo'lib o'tdi. "Anoeta"dagi bahsda tomonlar murosa ko'chasini tanlashdi. Joze Da Silva Villianning 78-daqiqada urgan goli "Sosedad"ni mag'lubiyatdan qutqarib qoldi.


Kechagi kunning so'nggi uchrashuvi "Vanda Metropolitano"da bo'lib o'tdi. "Ueska" bahsning 33-daqiqasigacha o'z darvozasidan 3ta to'p olib chiqdi. Leo Franko jamoasi Grizmann, Tomas va Koke urgan gollarga javob qaytara olmadi. Ushbu g'alaba "matraschilar"ni turnir jadvalida uchinchi o'ringa olib chiqdi.



"Barselona" bugun "Butarke"da "Leganes" mehmoni bo'ladi. Kataloniya klubining "Leganes"ga qarshi kechgan mehmondagi so'nggi 2ta uchrashuvida yirik hisoblar qayd etilgan.

17/09/2016. "Leganes" - "Barselona" 1:5

18/11/2017. "Leganes" - "Barselona" 0:3

Ushbu bahsda Kleman Langle ishtirok eta olmaydi. Futbolchi "Jirona"ga qarshi bahsda qizil kartochka oldi va 1ta o'yinga diskvalifikaciya qilindi. "Leganes"ning hozirgi holatiga e'tibor bersak, ustunlik "Barselona" tomonda.



Joriy mavsum eng ko'p durang qayd etayotgan jamoalardan biri "Atletik" o'z maydonida "Vilyarreal" bilan bahs yuritadi. "Sariq suvosti kemasi" Bilbao jamoasiga qarshi kechgan 7ta uchrashuvning bor-yo'g'i 1tasida g'alaba qozongan. Eduardo Bericco jamoasi 2018/19 mavsumda hozircha mag'lub bo'lgani yo'q, biroq ularning g'alabalari soni "Vilyarreal"niki bilan bir xil (1ta). Ushbu uchrashuvda durang qayd etilishi ehtimoli katta.


LaLiganing 6-turdagi markaziy o'yinlaridan biri "Mestalya"da bo'lib o'tadi. 5ta uchrashuvda birorta g'alabaga erishmagan, ammo Chempionlar ligasida ishtirok etayotgan "Valensiya" "Selta"ni qabul qiladi. Ushbu jamoalar o'rtasidagi so'nggi 9ta uchrashuvning 3tasi "ko'rshapalaklar", 4tasi esa Antonio Muhammad jamoasi muvaffaqiyati bilan yakunlangan. "Selta" forvardi Yago Aspas to'rtta gol bilan to'purarlar poygasida ishtirok etmoqda.



LaLigada 6-turning markaziy uchrashuvi "Ramon Sanches Pisxuan" stadionida bo'lib o'tadi. Ushbu arenada "Sevilya" ketma-ket 3 marta Chempionlar ligasi g'olibiga aylangan "Real"ni qabul qiladi. "Qirollik klubi"da murabbiy o'zgargan, jamoaning yetakchi hujumlaridan biri klubni tark etgan bo'lsada "qaymoqranglilar" kuchli o'yin ko'rsatishni davom ettirmoqda. "Sevilya" "Real"dan farqli o'laroq barqaror natija ko'rsata olmayapti. Pablo Machin jamoasi goh yirik g'alabaga erishadi, gohida esa o'zidan kuchsizroq jamoalarga mag'lub bo'ladi. Statistikaga e'tibor bersak, "Sevilya" "Real"ga qarshi uyida o'tkazgan so'nggi 4ta o'yinda 3ta g'alabaga erishgan va 1ta durang qayd etgan. Bugun qanday natija qayd etiladi?


LaLiga. 6-tur, 26 sentyabr

23:00. Leganes - Barselona (Match! Futbol 3, Uzreport TV)

23:00. Atletik - Vilyarreal (Match! Futbol 3, Futbol TV)

01:00. Valensiya - Selta

01:00. Sevilya - Real (Match TV, Match! Futbol 3, Futbol TV)

O'xshash yangiliklar


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: Championat.asia