Yarim finalga chiqishga qo'rqdikmi?
06 fev 18:35
Yangiliklar
Yarim finalga chiqishga qo'rqdikmi?
Iordaniya va Koreya Respublikasi bahsi 1/2 finalni boshlab beradi. Afsuski, O'zbekiston terma jamoasi chorak finalda Qatarga yutqazib qo'yib musobaqa bilan erta xayrlashdi. Hozir ana o'sha uchrashuv haqida bazi fikrlarimni bildirib o'tmoqchiman. CHunki, ayni paytda emociyalar ortda qoldi va xotirjam fikrlash mumkin.
Srechko Katanec hujumchisiz o'ynashga hammani ko'niktirib qo'ydi. Biz faqat Hindistonga qarshi 4 himoyachi va sof hujumchi bilan o'ynadik. Yani, bizdan ancha kuchsiz jamoaga qarshigina shunday o'ynadik. Sergeevdek forvardimiz soppa-sog' payti ham faqat hindlarga qarshi asosiy tarkibda tushdi. Igor jarohat olganidan keyin esa birorta hujumchiga bir daqiqa ham imkon bermadi murabbiy. O'z-o'zidan savol tug'iladi: Bobir Abdixoliqov va Aziz Amanovga har qanday holatda ham ishonmasa nega Osiyo kubogiga olib ketdi? Ularning o'rniga yarim himoyachi va qanot himoyachisi olib ketsa bo'lmasmidi? Aziz G'aniev yakuniy qaydnomaga kiritilmaganida shaxsan o'zim hayron bo'lgandim. Umuman tushirilmaydigan hujumchilar o'rniga Azizni olib ketgan yaxshi emasmidi? Yoki qanot himoyasida muammolarga duch keldik. Dilshod Saitov yoki Saidazamat Mirsaidovlardan birini olib ketish mumkinmasmidi? Qatarga imkoniyatni boy berganimizdan so'ng eronliklardan biri Bobirni nega o'ynatmayapti degan mazmunda savol berdi. Javobini biz ham bilmaydigan savolni berib qoldi.
Bobir Abdixoliqovning OK-2023dagi butun faoliyati shu bitta rasmda mujassam. Katanec Qatarga qarshi 2 bor Bobirni maydonga tushish uchun tayyor holda oldiga chaqirdi va ikkala safar ham yana ortga chigilyozdi qilayotganlar oldiga qaytarib yubordi. Bu nima? futbolchini ustidan kulishmi yoki hujumchi tushirishdan qo'rqishmi?
Qatarga qarshi uchrashuvda futbolchilarimiz harakatlangan asosiy zona. Garchi Masharipov hujumda tushgan bo'lsa va u Fayzullaev bilan joyini almashib harakat qilgan bo'lsa-da, eng oldinda ko'proq O'runov paydo bo'lgan. Bu darvozabonimiz ko'pincha to'pni uzun pas bilan oldinga tepib yuboraverishi bilan bog'liq bo'lsa kerak. CHunki, havodan kelayotgan uzun pas uchun kurashda kichik jussali Masharipov yoki Fayzullaev baland bo'yli raqib himoyachilariga qarshi etarli qarshilik ko'rsata olmasligi tabiiy. Bunda Ostonning gavdadagi ustunligi qo'l kelishi mumkin.
Osiyo Kubogi davomida mamlakatimizning 2023 yildagi eng yaxshi futbolchisi bo'lish uchun jiddiy kurashgan ikki o'yinchimiz bir martadan juda yomon o'yinlarni o'tkazishdi. Oston O'runov 1-turda Suriyaga qarshi va Abbos Fayzullaev 3-turda Avstraliyaga qarshi musobaqadagi eng yomon o'yinlarini o'tkazishdi. Etiborlisi, har ikkala o'yinchimiz o'sha bellashuvlarda markaziy hujumda tushishgan. Yani, o'z poziciyalarida tushirilmagan eng yaxshilarimiz eng yomondek ko'rinib qolishdi.
Ekstra bo'limlarning ikkinchisida Katanecning yordamchisi Masharipovni oldiga chaqirdi va nimanidir so'radi. Yarim himoyachimiz esa chigilyozdi qilayotgan futbolchilarimiz tomonga bir on qarab turgancha yo'q degan manoda ishora qilib ketdi. SHunda murabbiylar o'yinchi almashtirishni o'zlari hal qila olmay Jaloliddindan so'rashyaptimi?
Odil Hamrobekov hisobni tenglashtirgan pallada Abdixoliqov maydonga tushirilay deb turgandi, gol urdik va uning maydonga tushishi bekor qilindi. Nega? Ruhiy ustunlik to'lig'icha bizga o'tgan, raqib esa aksincha ruhan sinish yoqasida bo'lgan epizodda hujumchi tushirib katta kuch bilan oldinga o'tib ikkinchi va balki uchinchi golni urib tashlash mumkinmasmidi. Hisobni tenglashtirgan zahotimiz hujumchining tushishini bekor qilgani murabbiy uchun durang natija qoniqarli ekanini anglatadimi?
Terma jamoamiz futbolchilarining 2-ekstra bo'limdagi "issiq" kartasi. Yani, biz hujum qilmadik, to'pni raqibga berdik va penaltilar seriyasini kutdik. Nega? Oldiga yangi o'yinchilar tushirib hujumga o'tib qarshi hujumda gol o'tkazib yuborib yutqazib qo'yishdan qo'rqdikmi? Yoki ekstra bo'limlarda yutqazib qo'yishdan penaltilarda yutqazish sharafliroqmi?
Yashil rangda Qatarga qarshi o'yindagi muvaffaqiyatli aldab o'tishlarimiz, qizil rangda esa muvaffaqiyatsiz aldab o'tishlarimiz. Qizillar ko'proq.
Qatar - O'zbekiston uchrashuvidagi top kombinaciyalar. Birinchi beshtalikda Qatarning himoyachilari turishibdi. Ular to'pni olib maydon markaziga yaqin joyda o'zaro pas o'ynab yuraverishgan. Biz esa hujumga odatda uzun paslar bilan chiqib ketishni afzal ko'ramiz. Quyida buni yaqqol aks ettiradigan statistikani keltiraman.
Qatar darvozaboni Meshal Barshamning o'yin davomidagi aniq (yashil) va noaniq (qizil) paslari.
O'zbekiston posboni O'tkir Yusupovning o'yin davomidagi aniq (yashil) va noaniq (qizil) paslari.
Uchrashuv davomida Yusupov bor yo'g'i 13ta aniq pas bergan, narigi tomondagi hamkasbi Barsham esa 34ta aniq pas bergan. Salkam 3 barobar farq. Endi har ikkala darvozabonning paslari yo'nalishini solishtiring. O'tkir asosan oldinga uzun pas bilan tepib yuboradi. Meshal esa himoyachi va yarim himoyachilar bilan ko'proq pas o'ynashga intiladi. O'tkirning noaniq paslari aniqlaridan ancha ko'p. Sababi oddiy: oldinga uzun pasni ijro etib tepib yuboradi, u erda esa asli hujumchi bo'lmagan va havodagi kurashlarga ko'nikmagan vingerlar (Fayzullaev, Masharipov va O'runov) to'p uchun kurashadi. Barshamning aniq va noaniq paslari yo'nalishiga etibor bering. U ham oldinga uzun paslarni ijro etganda ko'proq xatoga yo'l qo'ygan. Darvozabon oldinga tepib yuborgan pasni sherigiga etib borish va u o'sha to'pni yutib olish ehtimoli 50/50.
Murabbiy o'yin payti yutishni juda ham xohlab yubormadi va ekstra bo'limlarda jamoamiz ochiqchasiga penaltilar seriyasi uchun o'ynadi. Deyarli oldinga bormadik va biror pozicion hujum qilmadik. SHunga yarasha murabbiylar jamoani penaltilar seriyasiga tayyorlashmagan ham ekan. Yana o'sha savol: Nega? Seriya uchun 11 metrlikni yaxshi tepadigan Jamshid Iskanderovni maydonga tushirish uchun 2 bor chaqirishdi va yana to'xtab tur degan manoda pauza ushlashdi. SHu bilan vaqt tugab qoldi va bosh hakam xushtagini chalib o'yinni tugatib yubordi. Jamshidni esa maydonga tushirishga ulgurishmadi. Xuddi Bobir bilan bo'lgani kabi Iskanderovni ham kalaka qilishdimi? Yana o'sha savol: Nega? Nega Jamshid 1 yoki 2 daqiqa oldin tushirilmadi? Yoki oldinroq tushirilsa uning joyidan gol o'tkazib yuborishimiz mumkinmidi? Hatto penalti tepadigan o'yinchimizni tushirishni ham eplolmadik.
Ko'p joyda omad tufayligina yarim finalga chiqa olmadik, chorak finalgacha kelganimiz yaxshi qatnashganimiz qabilidagi so'zlarga ko'zim tushyapti. Bosh murabbiy ham natijadan qoniqdim debdi. Menimcha esa bosh murabbiy natijadan qoniqmadim, mening jamoam bundan ko'piga qodir, biz bundan yaxshiroq ishtirok eta olamiz deyishi kerak. Albatta, bu shaxsiy fikrim. Murabbiyni o'zida ruhiyati maksimal bo'lishi kerak, maksimal natija uchun intilishi kerak, oldinga o'tishdan cho'chib penaltilarga olib borishga urinishi emas. Murabbiy o'zi jangovar bo'lishi va o'sha jangovar ruhiyatini o'yinchilarga ham o'tkaza olishi zarur. Men bizdan ancha kuchsiz Qatar yarim finalga chiqib biz qolib ketganimizdan afsusdaman. Biz shuncha jarohatlarimiz bor holatda ham hozirgi Qatardan kuchlimiz va buni o'yinda ko'rsatib qo'yishimiz zarur edi.
Srechko Katanec uchun ushbu Osiyo Kubogi juda katta dars bo'lishi kerak. Agar u xato va kamchiliklardan kerakli xulosa chiqarmasa bu natijalar bekor ketgan bo'ladi. O'zi shuncha vaqt davomida umuman raqobat yaratmagani darvoza va markaziy hujumda raqobatni yuzaga keltirishi kerak. Istalgan o'yinchi mashg'ulot va o'yinda borini bermasa, xato qilsa zaxirada qolishi mumkinligini his qilishi kerak. Hozirgi terma jamoamiz va futbolchilarimiz juda kuchli, shaxsan men ularga ishonaman. Musobaqadagi barcha jamoalar o'yinini bevosita stadiondan ko'rgan odam sifatida aytishim mumkin-ki, agar hamma o'yinchilarimiz soppa-sog' bo'lganda biz chempionlik uchun kurasha olgan bo'lardik. Bizda juda kuchli avlod etishib chiqdi va ularni to'g'ri yo'nalishda o'ynatish kerak.
Fikrlar