To'labek Akramov bilan ajoyib suhbat (VIDEO+MATN)
13 dek 2017 13:24
Yangiliklar
To'labek Akramov bilan ajoyib suhbat (VIDEO+MATN)
“CHEMPIONLIKNI MUNOSIB HIMOYA QILA OLDIK”
- O'tgan mavsum haqida gapiradigan bo'lsam, yil boshida rahbariyat tomonidan jamoa oldiga uchta frontda maksimal vazifa qo'yilgandi. Qo'yilgan vazifalarning ikkitasini bajardik. Faqat Osiyo chempionlar ligasida bu safargi natija avvalgiga nisbatan muvaffaqiyatsiz chiqdi.
OCHLda joriy mavsumda ko'ngildagidek ishtirok eta olmadik, guruhda 4-o'rin bilan kifoyalanib qoldik.
OCHLdagi muvaffaqiyatsizlikka futbolchilarimizning jismoniy holatidagi kamchiliklar ham sabab bo'ldi, deyish mumkin. CHunki OCHL start olgan pallada bizda chempionat hali boshlanmagandi. Bu endi bahona bo'la olmaydi aslida. CHunki shu paytga qadar shunday bo'lib keldi va bundan keyin ham shundayligicha qoladi.
Yangi mavsumda tayyorgarlik bosqichini yanada jiddiyroq tarzda olib boramiz. Murabbiylar shtabi bilan maslahatlashgan holda yanvar oyidagi yig'inlarimizda asosiy etiborimizni futbolchilarning jismoniy holatiga qaratamiz. CHunki OCHL boshlanadigan vaqtda biz rasmiy o'yinlarda ishtirok etmagan bo'lamiz, o'rtoqlik o'yinlari orqali futbolchilarni o'yin ritmiga tushib olishlarini taminlashimiz lozim.
Yana bir jihati, yangi mavsumda Super ligada 38ta tur bo'lishini inobatga olsak, shuningdek, kubok va OCHLdagi uchrashuvlarni hisoblasak, bir mavsumda kamida 50ga yaqin o'yinda ishtirok etiladi. SHu boisdan ham yangi mavsumda jamoaning jismoniy holati kerakli meyorda bo'lmog'i shart.
Joriy mavsumda chempionat ancha qiziqarli va intrigaga boy kechganini alohida takidlash mumkin.
Muhimi, jamoamiz oldiga qo'yilgan chempionlik vazifasini bajardik. CHempionlikni munosib himoya qildik.
Birinchi davrada to'plab olgan ochkolarimiz yakunda bizga qo'l keldi.
"Paxtakor", "Bunyodkor" hamda "Nasaf" jamoalarining birinchi davrada ko'p ochko yo'qotganligi ham bizlarga qo'l kelganini takidlagan bo'lardim.
Bir narsani ochiq-oydin aytish lozimki, agarda aynan mana shu uchala jamoalar chempionatning birinchi qismida ikkinchi davrada o'ynagani kabi ishtirok etganida, bizlarga qiyin bo'lardi.
“LEGIONERLAR MASALASI”
- Legionerlar borasida ikkinchi yildirki adashyapmiz. Yaxshi, saviyali legioner olish uchun katta mablag' kerak. SHuningdek, yaxshi, zo'r legioner futbolchini amaldagi jamoasi bilan shartnomasi bo'ladi. Yani uni olmoqchi bo'lsangiz, unda albatta futbolchini transferini sotib olishga to'g'ri keladi. Ochiq-oydin aytaman, "Lokomotiv" hali top jamoadan bo'lmasa ham, o'rta darajadagi jamoadan ham yaxshi legionerni sotib olishga qurbi etmaydi.
O'zbek klublariga keladigan barcha legionerlar erkin agent sifatida tashrif buyuradi.
Erkin agent bo'lgan, yani jamoasiz yurgan futbolchidan yana qanday futbol kutish mumkin?
Legionerlar borasida ikkinchi yildirki adashyapmiz. Yaxshi, saviyali legioner olish uchun katta mablag' kerak.
Qishda keladi, ko'rikda o'zini yaxshi taraflama ko'rsatadi-da, zo'r o'ynab beradi. Bu motivaciya shartnoma imzolagunga qadar cho'ziladi. Futbolchi o'z maqsadi, yani shartnomaga imzo chekib olishga erishganidan keyin o'z ustida ishlamay qo'yadi.
Aytmoqchi bo'lganim, yaxshi saviyadagi legioner futbolchi jamoasiz yurmaydi.
“SELEKCIYA ISHLARI ALLAQACHON BOSHLANGAN”
- Bizda selekciya ishlari birinchi davradan keyinoq boshlangan. Bizda ayni paytda hujumchi masalasida tanlov ancha kam.
Marat Bikmaev ajoyib, tajribali hujumchi. Ammo uning o'rniga tushadigan futbolchimiz Azizbek Amonov hali yosh. "Neftchi"ga tegishli bo'lgan Murod Bobojonov esa ijarada o'ynayotgandi. Bu borada ham muzokaralar davom etmoqda. Agarda tomonlar bilan kelishuvga erishilsa, balki Bobojonov jamoada qolar. Aks holda uning xizmatidan foydalana olmaymiz.
Ayni paytda jamoaga yaxshi hujumchi qidiruv ishlari davom etmoqda.
Legionerlar borasida agentlar bilan doim aloqada bo'lib turibmiz. O'zimizning Oliy ligamizdan ham nomzodlarni ko'zdan kechiryapmiz.
Yaqin kunlarda yangi futbolchilar haqida rasmiy xabar beramiz.
Yaqinda saytlaringizda Dragan CHeranga "Lokomotiv" jamoasi tomonidan qiziquv bo'layotgani haqida xabar chiqqandi. Ha, haqiqatdan ham CHeran qiziqqanimiz rost.
"Nasaf"ning chernogoriyalik hujumchisi Dragan CHeranga rasman taklif bilan chiqqandik. Ammo kelishuv amalga oshmadi. CHeran adashmasam kelasi mavsumni ham "Nasaf"da o'tkazsa kerak.
“LOKO” FUTBOLCHILARIGA KELAYOTGAN “SOVCHILAR” HAQIDA
- Ayni paytda jamoamiz futbolchilari Marat Bikmaev, Jaloliddin Masharipov, Islom To'xtaxo'jaev, Sardor Mirzaev, Oleg Zoteev singari futbolchilarga Osiyoning top liga vakillaridan bir qator takliflar turibdi. Hozir men besh nafar futbolchini sanab o'tdim. Undan tashqari yana 2-3 futbolchilarimizga takliflar bor.
OCHLda qatnashadigan, qatnashishga davogar jamoalar bizning futbolchilarga qiziqishmoqda.
O'zimizda ham kuchli futbolchilar etarli. Biz ularga kerakli sharoitlarini yaratib bersak, o'zimizning futbolchilar ko'plab legionerlardan ko'ra yaxshiroq o'ynab berishga qodir.
Marat Bikmaev, Jaloliddin Masharipov, Islom To'xtaxo'jaev, Sardor Mirzaev, Oleg Zoteev singari futbolchilarga Osiyoning top liga vakillaridan bir qator takliflar turibdi.
Marat Bikmaevga “Paxtakor” qiziqmoqda? Principial raqobatchimizga futbolchi sotamizmi? Har qanday klub avvalo professional bo'lishi kerak. Agarda biz Marat Bikmaevni o'rnini bosa oladigan futbolchi topsak, unda uni qo'yib yuborishimiz mumkin. Ammo unutmaslik kerakki, ko'p narsa futbolchining o'ziga bog'liq. Masalan Bikmaevni o'zi jamoadan ketishni istasa, unda uni majburlab olib qolmaysizku, to'g'rimi? SHu nuqtai nazardan kelib chiqsak, hamma narsa Bikmaevning o'zining qaroriga bog'liq bo'ladi.
“MAQSAD – JAMOA O'ZAGINI SAQLAB QOLISH”
- Futbolchilar bilan gaplashib olganmiz. Deyarli barcha bilan kelishuvga erishganmiz. Maqsadimiz 90% tarkibni saqlab qolish. Agarda xorijdan futbolchilarimizga yaxshi takliflar bo'lsa, biz ularni qo'yib yuboramiz. Masalan o'sha jamoa futbolchiga yanada yaxshiroq sharoit qilib beradigan bo'lsa, nega endi biz qo'yib yuborishimiz kerak emas? O'tgan yili masalan Abduxoliqov, Jeparov, SHoahmedov "Lokomotiv"dan xorijga yo'l olishdi. Futbolchilarning ham oilasi, bola-chaqasi bor. Ularni faoliyati qisqa bo'ladi. Ertaga 3-4 yildan futbolchilar faoliyatini tugatadi. Oila boqishi kerak. Yaxshi pul vada qilyaptimi, demak borib ishlab kelsa har tomonlama yaxshi. Futbolchi sifatida o'sishga erishish bilan birgalikda yaxshi moliyaviy sharoitga ega bo'ladi. Buni ham to'g'ri tushunish kerak.
"Lokomotiv" rahbariyati bu masalaga doim to'g'ri qaragan. Futbolchilarga to'n kiydirib kuzatib qo'yamiz doim. Xattoki futbolchining klub bilan shartnomasi bo'lgan vaqtda ham xorijga qo'yib yuborilgan. Misol uchun Temurxo'ja Abduxoliqov yoki Sanjar SHoahmedovni shartnomasi bor edi. Ammo ularni Qatarga qo'yib yuborishda biz tarafdan hech qanday muammo bo'lgani yo'q.
Qaytanga, "Loko" futbolchilarga tramplin vazifasini o'tab berayotganidan xursandmiz.
“RAQOBATUYG'ONMOQDA. “LOKO” KUCHLI RAQOBATGA TAYYORMI?”
- Avvalambor boshqa jamoalar kuchaysa shaxsan men xursand bo'laman. Bu yili "Nasaf" yaqin 1-2 yil ichida ko'rsatmagan o'yinini joriy mavsumda ko'rsatdi. To'g'risi, Qarshi jamoasini bu qadar kuchayishi quvontirdi. "Bunyodkor", "Paxtakor" ham kuchayotgani juda yaxshi. Yanada ko'plab jamoalar kuchaygani chempionatimiz uchun foyda bo'lardi. Raqobatchilarimizning kuchayotgani bizga, yani "Loko"ga qo'shimcha kuch, motivaciya beradi. Maksimal darajada ishlayapmizmi, boshqalar ham kuchaymoqdami, demak biz yanada ikki karra kuchliroq ishlashimizga to'g'ri keladi. Raqobat kuchayotgani eng avvalo chempionatimiz uchun katta foyda. Raqobat o'sgan paytdagi g'alabani tami yanada shirinroq tuyuladi. SHu tariqa chempionat saviyasi ham ko'tariladi. "Lokomotiv" kuchli raqobatga chanqoq.
Raqobatdosh jamoalar kamayib ketgani bois oxirgi yillarda muxlislar ham kim nechanchi pog'onanini olishini oldindan bemalol bashorat qilishga va bu yakunda to'g'ri chiqishiga ham ko'nikib qoldi.
Raqobatchilarimizning kuchayotgani bizga, yani "Loko"ga qo'shimcha kuch, motivaciya beradi.
Har qanday holatda "Lokomotiv"ning maqsadi o'zgarmaydi. “Loko” oxirgi 6 yildan buyon faqat chempionlik uchun kurashib keladi. CHempionlikka erishmagan mavsumlarimizda ham peshqadam jamoa bilan oradagi farq hech qachon kattarib ketmagan. Demoqchi bo'lganim, “Lokomotiv” doim bitta maqsad sari intilishda davom etaveradi. Biz doim eng yuqori, yani chempionlikni ko'zlaymiz.
“Lokomotiv” – bir oila. Ko'p narsa ichki muhitga ham bog'liq.Bizdan ketgan va o'ynayotgan futbolchilardan muhit borasida so'rashlariz mumkin, hech qachon bu borada muammo bo'lmagan. Jamoaning barqarorligi va muvaffaqiyatiga barcha bir jamoa bo'lib birlashgani ham muhim o'rin tutadi.
“Lokomotiv” chempionlik yo'lidagi relsga tushib olgan va shu yo'nalishda davom etaveradi.
Yaqinda rahbariyat bilan uchrashuv bo'lib o'tdi. Keyingi yil rejalari xususida gaplashildi. Kelasi mavsumda ham “Lokomotiv” har uchala frontda chempionlik uchun kurash olib boradi.
Bir narsani bekitmayman, futbolchilarga savol tashladik: “Balki sizlarga uchta frontda kurashish og'irlik qilayotgandir? CHempionat, kubok yoki OCHLdan bittasiga aniq vazifa uchun kurash olib borish kerakmi”, degan. Yo'q, murabbiylar shtabi ham, futbolchilar ham barcha musoboqalarda g'oliblik uchun o'ynashga tayyor ekanliklarini bildirishdi.
“Lokomotiv” minimal emas, doim maksimal vazifalarni bajarish uchun futbol o'ynaydi.
“KELAJAK UCHUN POYDEVOR”
-“Lokomotiv” jamoasi ko'zlagan maqsadlariga erishmoqda. Jamoadan ham kattaroq bo'lgan klub haqida gapiradigan bo'lsam, men kelganimga 3 yildan oshdi. “Lokomotiv”ga kelishim bilan akademiya ochishni o'z oldimga maqsad qilib qo'ygandim. Akademiya haqida 2 yildan buyon gapirib kelaman. Oldimizga turgan eng asosiy maqsad akademiya qurish.
O'sha vaqtda boshlangan say-harakatlar mana hozirga kelib o'z mevasini berish arafasida. Toshkentda er masalasi juda qiyin. Ayni paytda bir joydan er topdik va hujjatli ishlarni yakunlash qoldi. O'sha masalarni bajarsak, Xudo xohlasa yaqin orada jahon standartlariga mos akademiyani barpo etamiz.
SHu orqali “Lokomotiv” jamoasining kelajak uchun poydevorini qo'ymoqchimiz.
Bunga qadar “Lokomotiv” futbol maktabi ishlab turibdi. Men ishga kelganimda ushbu futbol maktabida “tozalash” ishlarini amalga oshirgandim. Hozirga kelib yaxshi istedodli futbolchilar bor, yo'q emas. O'smirlar, yoshlar terma jamoamizga nomzod futbolchilar bor. Bu yosh iqtidorlarni Oliy ligaga qadam qo'yishiga yana 3-4 yil vaqt kerak. Tez orada asosiy jamoamizni ham o'zimizning yoshlar bilan to'ldirishni boshlaymiza.
SHuni alohida qayd etish kerak, 2-3 nafar iqtidorli yoshlarimiz «Zenit”da o'ynashmoqda. Yaqinda 8 yashar bolakay “Zenit” bilan shartnoma imzoladi. Yana 2-3ta yaxshi bolakaylar bor, ularga ham “sovchilar” ko'payib qoldi.
CHempionlik, kubok yoki OCHL o'z yo'liga. Bu endi tabiiy, rahbariyat doim maksimal vazifalarni qo'yadi. Ammo meni o'z oldimga qo'ygan shaxsiy maqsadim, hali aytib o'tganimdek akademiya barpo qilish. “Lokomotiv” kelajagi aynan o'sha akademiyada tahsil oladigan iqtidorlarga bog'liq bo'ladi.
Hozirgi kunda futbolchilarga sharoit yaratib bersa bo'lgani. Imkoniyat bor paytda esa bundan unumli foydalanib qolish lozim. Bizdan keyin klubga qanday rahbarlar keladi, buni Xudo biladi. Men kelgan paytga qadar akademiya yo'q ekan. Nimaga unda shu narsani hozir qilishimiz kerak emas? Xudoga shukur sharoitimiz bor, bolalar uchun nima kerak bo'lsa topamiz. Ko'chada yurganida ham “Lokomotiv” logotipi tushirilgan libosni faxrlanib kiyib yursa bas. Bizga bundan boshqa narsa kerak emas.
“LOKOMOTIV” BIRGINA MUXLIS KELSA, O'SHA ISHQIBOZNING KO'NGLI UCHUN HAM O'YNAYDI”
-Muxlislar birgina “Lokomotiv”ning emas, butun o'zbek futbolining eng og'riqli nuqtalaridan bittasi. Hamma viloyatda ham muxlislar stadionni to'ldirib turishmayapti. Sanoqli jamoalarda ishqibozlar tashrifi nisbatan yaxshi. “Nasaf”, “Navbahor”, “Qizilqum”, “Buxoro” yoki “Dinamo”. Lekin ularda ham stadion har uchrashuvda to'lmaydi. Qachonki top jamoalar tashrif buyurishsa, o'shanda anshlag yuzaga keladi. Masalan yaqinda Jizzaxga bordik, muxlis yo'q. Olmaliqqa boramiz, odam yo'q. Samarqandga bordik, u erda ishqiboz kam. Muxlislarni qaytarish hozirgi kundagi eng dolzarb mavzulardan biri. Bu birgina jamoalarga yoi klublarga bog'liq masala emas. Buni ustida tinmay ishlash, mehnat qilish lozim. Bu hammasi bir-biriga chambarchas bog'liq.
Bevosita o'zimizag keladigan bo'lsak, uchrashuvlardan oldin anonslar, reklamalar qo'yilmoqda. Ijtimoiy roliklar, banner qo'yilmoqda. Ammo nima qilaylik? Bizlar ham damas yoki telefon qo'yaylikmi? Bu yildan 55 yoshdan oshgan muxlislar uchun kirishni tekin qildik. Bazi uchrashuvlarni to'liq tekin qilib qo'ysak ham kelishmayaptiku?
Men o'ylaymanki, stadionga kelayotgan muxlislar kamdir, ammo bizga befarq bo'lmagan ishqibozlar ko'p. Hozir zamonni internetsiz tasavvur qilib bo'lmay qoldi. Masalan rasmiy akkauntlarimizning o'quvchilari, yani muxlislarimiz boshqa klublarga nisbatan ko'proq. Buni o'zlariz ham bemalol monitoring qilib chiqishlariz mumkin. Balki barchani ham stadionga kelishga sharoiti yo'qdir?
Kim dushanba kuni, soat 15:00da futbolga boradi? Talaba o'qishda, ishlaydigan odamlar esa o'z ishxonasida bo'ladi. Stadionga kim keladi?
“Lokomotiv” jamoasi O'zbekiston Temiryo'llari kompaniyasiga qarashli. Kompaniyada 70 mingta ishchi ishlaydi. Ular “Lokomotiv” jamoasiga muxlislik qiladi. Men buni qaerdan bilaman? CHunki viloyatlarga borganda har bitta stanciyadagi xodimlar bizlarni kutib olib, qo'llab-quvvatgashgan. Bu har safar bo'lib kelgan.
Muxlislarni stadionga qanday chorlasa bo'ladi? Avvalo chiroyli va sifatli o'yin bilan. Hali aytilganidek yulduzli legionerlar orqali. Manam “lotoreya” orqali damas qo'ysam bo'ladi, ammo suniy ravishda ularni ko'paytirishning nima keragi bor? Mayli ko'plab ishqibozlar kelmasin, birgina ishqiboz o'tirsin stadionda. “Lokomotiv” jamoasi o'sha muxlis uchun o'ynaydi. O'sha ishqibozning ko'ngli uchun ham g'alaba uchun kurashadi.
Men futbolchilarning tanishlari, oshna-og'ayni yoki qarindoshlarini hisoblamayman. Ular futbolchi qaerda o'ynasa o'sha erga borib yuraverishadi. “Lokomotiv” kerak bo'lsa birgina muxlisning ko'ngli va jamoaga bo'lgan muhabbatini qadrlaydi.
Muxlislar mavzusi juda katta muammo. Bu hali aytib o'tganimdek, ko'p narsaga chambarchas bog'liq.
Gap marketingga, taqvimga borib taqaladi. O'yinlar dam olish kunlari o'tkazilishi kerak. Stadion yoritkichlari hamma joyda yaxshi emas? Talab qo'y, bajarsin. Yozda salqinda, kechroq, muxlislar uchun qulay vaqtda o'yinlar o'tkazilsin. Kim dushanba kuni, soat 15:00da futbolga boradi? Talaba o'qishda, ishlaydigan odamlar esa o'z ishxonasida bo'ladi. Stadionga kim keladi?
Bu yili “Lokomotiv”da eng kam muxlis bo'lmadi. Protokol bo'yicha biz o'tgan yilgidan ko'ra yaxshiroq natija qayd etdik. Joriy mavsumda har bir o'yinga o'rtacha 1500 ishqiboz tashrif buyurdi. Ammo bu maqtanarli son emasda. CHempion jamoa uchun uyatda bu endi.
Biz qo'limizdan kelayotgan barcha ishlarni qilyapiz. Ishlashda davom etamiz. Marketing bo'limiga alohida buyruq berildi. Yangi mavsumda muxlislarni chorlash bo'yicha yangi dastur ishlab chiqiladi. Bu bo'yicha hech qachon ishlashdan to'xtamaymiz.
“BOLTA BILAN CHOPISHDI”
-O'zgarishlar bo'yicha ijoyib fikrdaman. Licenziyalash bu yildan kuchaytirildi, bunga jiddiy qarashlarini aytishmoqda. Bilishimcha, licenziyalash OFK talablari bo'yicha o'tkaziladi. “Lokomotiv” esa oxirgi 2 mavsumdan buyon OFK licenziyalashidan muvaffaqiyatli o'tmoqda. OFK komissiyasi licenziyalashdagi 200ta punkt bo'yicha 3-4 kun kelib tekshiradi. Demak PFLda ham ortiqcha muammosiz talablarni bajarishga qurbimiz etadi.
Lekin u erda ham bazi savollar tug'iladi. Ammo hozircha tasdiqlangan reglament berilgani yo'q. Eshitishim bo'yicha, akademiya bo'lishi kerak. Aks holda licenziyalashdan o'tkazilmaydi. Unday bo'lsa Super ligada nechta jamoa o'ynaydi? Ikki kunda akademiyani qanday qursa bo'ladi? Men 2 yildan buyon shu masala bo'yicha yugurib yuribman. Hujjatli ishlar endigina tugadi va qurilish boshlanish arafasida. 2-3 kun ichida qanday qilib akademiya quriladi? Yoki boshqa jamoalarni olaylik. O'zbekistonda faqatgina “Bunyodkor”, “Nasaf”, “Paxtakor” va “Mashal”da akademiya mavjud. Qolganlarchi?
O'ylaymanki, bizda licenziyalashdan o'tish bo'yicha muammo bo'lmaydi. O'FF xodimlari reglamentning bazi joylarini qaytadan ishlab chiqishadi, degan umiddamiz. To'g'risi, gapni ochig'i, ayni damda nimalar bo'layotganini o'zim ham tushunmayapman. O'zgarishlar haqida ayni paytda bir narsa deyish mushkul. Bu haqda mendan bir yildan keyin so'ralsa, o'shanda aytishim mumkin. Yangi format bo'yicha va umuman boshqa masalalar haqida o'shanda bir narsa desa bo'ladi.
To'g'risi, gapni ochig'i, ayni damda nimalar bo'layotganini o'zim ham tushunmayapman.
Ko'p narsalar shoshma-shosharlikda qilindi? Buni shoshma-shosharlik ham demagan bo'lardim. Men ko'p o'zgarishlarga qo'shilaman, leb ham ayta olaman. Hammasini noldan boshlashdi.
Kelishdida, bolta bilan chopishdi. Qolgan narsa qolib ketdi, bo'ldi. Buyog'iga endi boshqacha bo'ladi. Hozir endi ko'pchilik norozi bo'lyapti, to'g'rimi? Oliy ligadan 5 jamoa bittada tushib ketdi. Buni jamoalar 4ta tur qolganida bilishdi, deb etirozlar bo'ldi. Xo'p, deylik, O'FF kelasi mavsumda oxirgi marta Oliy liga bo'ladi va uni 5 jamoa tark etadi, deb ogohlantirdi. O'rtada bir yil vaqt bor, shunga tayyor turila, deyilsa nima o'zgaradi, aytingchi? Hech narsa o'zgarmaydi. O'sha-o'sha maqsadi yo'q jamoalar. O'rtada bir yil vaqt ketgani qoladi. Bo'lgan narsani bo'lgani yaxshi. Baribir qachondir bo'lishi kerak edi shu narsa. Bu to'g'ri narsa. Yana bir yilga cho'zganimizda, yana o'sha bo'lib kelayotgan narsalar davom etaverardi. Nima deyayotganimni ko'pchilik tushunib turibdi.
“O'FF KLUBLARNI YAXSHI NATIJA QAYD ETISHGA QIZIQTIRIB QO'YISHI KERAK-DA”
-Kelasi mavsumdan Super ligada 38ta tur bo'ladi. 4 davrali tizimda, 3 davradan keyin chempionlik uchun alohida tepadagi 6 jamoa kurashsa, qolgan oltitalik jon saqlab qolish uchun kurashadi. Endi O'FF o'zi ham klublarni yaxshi natija qayd etish uchun qiziqtirib qo'yishi kerak-da.
Misol uchun, biz Angliyada borganimizda premer-liga tashkilotchilaridan biri bilan gaplashganimizda, o'sha aytgandi, bizlarda 12, 13-o'rinlar uchun ham jamoalar kurashadi. Nega? Ular elatida jon saqlab qolish masalasini deyarli hal etganku, deganimda, tushuntirgandi: “Bu erda har bitta o'ringa alohida mukofot puli belgilab qo'yilgan”.
Masalan 11-o'rinni olgan jamoa 100 ming dollar ishlasa, 10-o'rindagi jamoaga 200 ming dollar mukofot puli beriladi. Bu esa har qaysi o'rinda bo'lgan jamoalarga tepaga sakrash uchun yaxshigiga stimul bo'ladi. SHu uchun ham u erda raqobat kuchli. Har bitta o'rin uchun jamoalar kurashishadi. SHu boisdan ham o'tkinchi o'yinlar yo'q.
Bizlardachi? Bizda chempion jamoaga ham mukofot puli yo'qku! Mukofot puli reglamentda yo'q.
“Lokomotiv” chempion bo'lgunga qadar reglamentda mukofot puli bor edi. Reglament o'zgarganiga mana 2 yil bo'ldi. Ayni paytda chempion jamoaga ham mukofot puli yo'q.
“Lokomotiv” oxirgi ikki mavsumda “oltin dubl” qayd etdi. Ammo O'FFdan hech qanday mukofot pullari olgani yo'q. CHunki reglamentda bu narsa yo'q.
Bizlarku mayli, “Lokomotiv” kompaniyaga tegishli jamoa. Olaylik hokimiyatni jamoasi. Ular hokimiyatga qaraydi. Masalan qaysidir hokim jamoaga pul ajrataman, bizlarni viloyat sharafini himoya qilasan, futbol muxlislarini xursand qilasizlar, oldilarizga chempionlik yoki uchtalikka kirish vazifasini qo'yaman, bundan qanday naf bo'ladi, desa, o'shanda siz aytishiz mumkin, man masalan sovrindor bo'lsam, yakunda shuncha mukofot puli bilan taqdirlanamiza. Qilingan harajatni hech bo'lmasa yarmini olib kelib qo'yaman, desa, o'shanda hamma bunga qiziqish bildiradi. Etibor kuchayadi. Klub bir yil davomida faqat harajat qiladi, chiqim keturadi. O'zbek futbolida marketing shundoq ham “o'lib” yotibdi. Boshqa jabhalarda yurtimizda marketing ancha ilgarilab ketgan. Ammo futbolimizda bu narsa deyarli ishlamayapti.
Demoqchi bo'lganim, O'FF klublarni qiziqtira olsa, mukofot pullarini joriy etsa, har bir o'rin uchun kurash qiziydi. Raqobat oshadi. Intriga kerakmi? Unda mukofot pulini joriy etish kerak.
O'shanda futbolchilar, rahbariyat natija qilishga qiziqadi. Yil davomida qilgan harajatlarini hech bo'lmasa yarmini qoplaydi. Nega bizda xususiy jamoalar yo'q? CHunki foyda yo'q. Nega Alisher Usmonov “Everton”, “Arsenal”ning akciyalarini sotib olishni istaydi? Sababi, u erdan foyda bor. Marketing ishlaydi. Qiziqish kuchli.
“LOKOMOTIV”NING QARZDORLIGI YO'Q”
-Futbolchilardan hech qanday qarzdorligimiz yo'q. Buni bemalol ayta olaman. CHempionatdagi g'alabalar uchun mukofot pullari bo'yicha ham qarzdorlik yo'q. Hammasi to'langan. CHempionlik uchun beriladigan mukofot, yani bonus hali berilmadi. Buni yil so'nggida bo'ladigan taqdirlash marosimida kompaniyamiz tomonidan atalgan mukofotni topshiramiz. Qanday mukofot? Bu sir bo'lib qolsin. SHunchaki futbolchilarning o'zlariga ham oxirigacha qiziq bo'lsin. Mukofot borasida muammo yo'q. Rahbariyat yil davomida qilingan mehnatlarni, uddalangan vazifalarni bajargan futbolchilarni doim munosib taqdirlagan.
SHahboz Beg'amov suhbatlashdi.
Fikrlar