“Temiryo'lchilar” safiga qaytish, faoliyatida ortga qadam tashlashiga sabab bo'lgan jamoa, koronavirus va boshqalar haqida SHerzod Fayziev bilan suhbat
23 mar 2020 16:31
Yangiliklar
“Temiryo'lchilar” safiga qaytish, faoliyatida ortga qadam tashlashiga sabab bo'lgan jamoa, koronavirus va boshqalar haqida SHerzod Fayziev bilan suhbat
Marat Bikmaev, Kaxi Maxaradze, Temurxo'ja Abduxoliqov shular jumlasidandir. SHuningdek 2016, 2017 yilgi mavsumlarda jamoa sharafini himoya qilgan SHerzod Fayziev ham qadrdon jamoasiga qaytishga qaror qildi. Ushbu futbolchi faoliyatidagi eng yaxshi damlarni poytaxt klubida o'tkazgan, muxlislar nazariga tushgan. Yaqinda maxoratli himoyachi bilan suhbatlashib qator savollar bilan murojaat qildik.
- Bilamiz, “Lokomotiv” faoliyatingizda muhim o'rin tutadigan jamoa hisoblanadi. Aynan ushbu klubdagi o'yinlaringiz orqali yangi darajaga ko'tarildingiz, xalqaro uchrashuvlarda qatnashdingiz. Oradagi ikki yillik tanaffusdan so'ng qaytish qanday bo'ldi?
- Ha. To'g'ri takidladingiz. “Mashal”dan keyin o'rinda bu jamoa men uchun qadrli hisoblanadi. Men “Lokomotiv” bilan o'z vaqtida katta marralarni zabt etdim, yutuqlarga erishdim. So'ngi ikki yilda uchta jamoada o'ynashimga to'g'ri keldi. Bekobodning “Metallurg” klubida to'liq bir mavsum o'ynadim. O'tgan yili AGMK va “Sug'diyona”da munosib o'ynashga, o'zimni ko'rsatishga astoydil harakat qildim. Qishda “Loko”dan chorlov qabul qildim. Buning uchun klub rahbarlari va murabbiylar shtabiga minnatdorchilik bildiraman.
- Mazkur jamoadagi dastlabki yilingiz juda muvaffaqiyatli bo'lgandi. Mamlakat chempionligi, kubogi va OCHL chorak final bosqichi...
- Buni hech qachon unutmayman. Barcha ikkita sovrinni o'zimizniki qilgandik. OCHLda ham yomon natija qayd etmadik. Biz bir oila va ahil jamoa bo'lganmiz. G'alabalarning siri shunda deb bilaman. Server Jeparov, Temur Kapadze kabi yulduzlar jamlangan edi. Ulardan ko'p narsa o'rganganman. OCHL nimchorak finalida Saudiyaning kuchli jamoasi bo'lmish “Al Xilol”ni taslim qilishni uddasidan chiqqandik. CHorak finalda “Al Ayn” bilan safarda ham, uyda ham tengma-teng o'ynaganmiz. Javob o'yinida kichik hisobda imkoniyatni boy berib qo'yganmiz.
- Lekin, nima uchundir keyingi yillarda jamoa OCHL guruh bosqichidan nariga o'ta olmadi...
- SHunchaki omad etishmadi. O'yin tomonlama hech qaysi raqibga yutqazmaganmiz.
- “Lokomotiv” ko'plab futbolchilarning xorijga yo'l olishi uchun yaxshigina tramplin vazifasini bajaradi. Misol Ikrom Aliboev, Sanjar SHoahmedov, Sardor Mirzaev, Oston Urunov va hokazo. Sizda esa teskarisi kuzatildi. “Metallurg” ortga tashlangan qadam bo'ldimi?
- Ha. Har yili ko'plab futbolchilar xorij jamoalariga o'tishadi. Menda ham bunday imkoniyat bo'lgan. Ammo, shaxsiy sabablarga ko'ra bu ish amalga oshmadi. So'ng “Metallurg” bilan shartnoma imzoladim. Bekobodliklar yangidan shakllanayotgan jamoa edi. Bu menga qiziq tuyuldi va taklifni qabul qildim. Mavsumni kuchli beshlikda yakunladik. 27 ta uchrashuvda to'liq o'ynadim. Menimcha yomon natija emas.
- Olmaliqda bir davra to'p tepdingiz. Ketishingiz nima bilan bog'liq? Balki, Mirjalol Qosimov bilan ishlash qiyinchilik tug'dirgandir...
- AGMKda menga ishonch bildirishmadi. Deyarli futboldan uzoqlashdim desam ham bo'ladi. Endi vaqtni orqaga qaytarish ilojsiz. Afsuslanishdan foyda yo'q. Ikkinchi davra boshlanishidan bir kun oldin Jizzaxga ketdim. Lekin, murabbiy Mirjalol Qosimovning oldida YUZIMNI YURUG' qilib ketdim. Buni o'zlari ham yaxshi biladilar. Menga yana o'ynash imkonini berganliklari va ishonch bildirganlari uchun Ulug'bek Baqoevga rahmat aytib qolaman. Ikkinchi davrada “Sug'diyona” bilan ajoyib natijalar ko'rsatdik. Baqoevning qo'l ostidagi o'yinlarim sabab men uyga qaytdim.
- Siz milliy terma jamoaga ilk marotaba 2014 yil Osiyo o'yinlariga tayyorgarlik ko'rish jarayonida taklif etilgandingiz. Yig'inlarda, nazorat uchrashuvlarida ishtirok etgansiz...
- Hamon esimda. O'sha payt men 22 yoshda edim. “Mashal” jamoasi sardori bo'lganman. Yangi Zelandiya bilan o'rtoqlik bahsida asosiy tarkib bilan mashg'ulot o'tkazganman. Odil Ahmedov ikkita gol urgandi.
- Qiziq,“Lokomotiv” joriy yilda kuchaydimi yoki aksincha kuchsizlandi?
- To'g'ri, ko'plab tajribali futbolchilar jamoani tark etishdi. Bu bilan jamoani kuchsizlandi deb bo'lmaydi. Hozirgi tarkibda ham maxoratli va tajribali futbolchilar talaygina.
- Ayni vaqtda koronavirus pandemiyasi sabab barcha yirik chempionatlar to'xtatilgan. Hususan O'zbekiston Superligasi ham. Bo'sh vaqtingizni qanday o'tkazyapsiz? Nimalar bilan bandsiz? Ko'plab futbolchilar ijtimoiy tarmoqlar orqali turli chelenjlar qilishmoqda, ayrimlar kitob o'qish bilan mashg'ul...
- Koronavirus butun dunyoni larzaga solmoqda. Hamma uyda, oilasi davrasida. Odamlar zerikib qolmasligi uchun turli loyihalar, chelenjlar o'tkazishmoqda. Men ham oilam davrasidaman. Uy sharoitida mashg'ulotlarni davom ettirmoqdaman.
Abdulaziz Iskandarov suhbatlashdi.
Fikrlar