“Paxtakor” va MHSKdagi xotiralar, Skolari va Zikoning talablari, Rivaldo bilan yuzaga kelgan mojaro. Tajribali mamur Tohir Solihov bilan suhbat
04 mar 2020 12:45
Yangiliklar
“Paxtakor” va MHSKdagi xotiralar, Skolari va Zikoning talablari, Rivaldo bilan yuzaga kelgan mojaro. Tajribali mamur Tohir Solihov bilan suhbat
Biroq, maydon tashqarisida faoliyat yuritadigan xodimlarning mehnati bilan aksariyat hollarda qiziqishmaydi. Jamoani uchrashuvlarga tayyorlashda, tashkiliy ishlarda klub administratorlarining (mamur) hissasi katta. Yani maydon atrofidagi, uchrashuv va ungacha bo'lgan jarayonlarda bevosita ularga ehtiyoj seziladi. Odatda jamoadagi futbolchilar, murabbiylar va boshqa xodimlar bilan administratorlar ko'proq aloqada bo'lishadi, barcha hodisalarni kuzatishadi, mayda detallargacha etibor berishadi. Biz shu boisdan “Bunyodkor” jamoasida 2007 yildan beri ishlab kelayotgan Tohir Solihovni saytimiz ofisiga taklif qilib suhbat uyushtirishga qaror qildik. Qahramonimiz intervyu jarayonida sobiq MHSK klubi, “Paxtakor”dagi Vega Da Silva va Aleksandr Ivankov bilan yuz bergan qiziqarli voqealar bilan ham o'rtoqlashdi.
“1995 yil Jismoniy tarbiya va sport insitutini tamomladim. Asqar Tolibjonov menga dars bergan. Taqdir taqozosi bilan o'sha vaqtda faoliyatimni MHSK klubida boshladim. Ushbu jamoa eng gullagan davrlari edi. Tarkibda Bahtiyor Ashurmatov, SHuhrat Rahmonqulov, Bahtiyor Qambaralievlar to'p tepardi. Bosh murabbiy sifatida Bahrom Hakimov, keyinchalik Rustam Mirsodiqov ishlashdi. Orada xizmatni o'tadim, ham kompyuter va buxgalteriya sohasida o'qidim. Ammo, baribir futboldan uzoqlasha olmadim. Keyinchalik nimagadir MHSKning ishlari ortga ketdi”, - deya gap boshladi Tohir Solihov.
- Rostmi yoki yolg'on MHSKdagilar xatto sizni futboldan uzoqlashtirishmoqchi bo'lishgan ekan...
- Anig'i esimda yo'q. Ammo, uchrashuvlarning birida Bahrom Hakimov mendan yordam berishimni so'radi. Yani rus tilida aytganda “ped nablyudeniya” va “ped analiz” qilib berishimni aytdi. O'yin kuni tribunada o'tirib jamoa bilan ishlashim kerak edi. Meni esa umuan futboldan tashqariga yuborishdi. Harbiy kompleks ichida xizmatni o'tashimni takidlashdi. Keyin Bahrom Hakimovni o'zi meni qidirib keldi, men vaziyatni tushuntirdim. Natijada murabbiy o'zgardi va Rustam Mirsodiqov jamoani qabul qilib oldi. Orada xizmatni tugatganimdan so'ng Asqar Tolibjonovdan qo'ng'iroq bo'ldi. “Paxtakor”ga taklif qildi va administrator lavozimiga tayinladi. Bosh murabbiy Aleksandr Ivankov, juda yaxshi inson bo'libgina qolmasdan, o'rgatgan narsalarini futbolchilardan ortig'i bilan talab qilardi. Undan ko'p narsa o'rganganman. Bir voqea esimdan chiqmaydi. Jamoa bilan ilk bor Toshkentdan chetga chiqishimga to'g'ri keldi. O'yindan oldin tushlikda taomni darhol futbolchilarga tortishdi. Men ananamizga rioya qilgan holda bosh murabbiyga taomni uzatganimni bilaman. Ivankovni shu zahoti jahli chiqdi va baqirib ketdi. Birinchi bo'lib futbolchilar tushlik qilishini, keyin qolgan ishchilar ovqatlanishini aytib o'tdi. O'yindan so'ng oldiga chaqirib: “O'g'lim, hech qachon unutma doim samolyotga chiqqanda, taom paytida birinchi futbolchilar harakat qiladi. Keyin qolganlar. Xatto men ham”.
Moliyaviy tomondan futbolchilarda etirozlar bo'lsa yoki muammolar yuzaga kelsa mashg'ulotlar engil tartibda o'tkazilardi. Maoshlar, mukofot pullari vaqtida berilmagan taqdirda ham Ivankov boshchiligidagi jamoada ahillik va o'zaro mehr-oqibat bo'lgan. Umuman olganda “Paxtakor”da ishlab yomonlik ko'rmadim, o'zimga yarasha hurmat va obro' orttirdim. Meni bir odatim bor maydonda gapirilgan gap shu erda qoladi. Yaxshi gapni ham, yomon gapni ham tashqariga chiqarmayman.
- 1998 yilda “Paxtakor”ga bosh murabbiyiligiga braziliyalik Vega Da Silva tayinlandi. Natijada tarkib ham, infratuzilma ham ijobiy tomonga yuz burdi. SHuningdek tashkiliy ishlarda ham o'zgarishlar bo'ldi. Ushbu murabbiy klubdagi barcha xodimlarning mehnatini qadrlashi bilan yodda qolgan...
- Ha. Hammasini to'g'ri aytdingiz. O'sha mavsum biz uzoq muddatdan so'ng yana chempionlikni qo'lga kiritganmiz. Tarkibda yulduz futbolchilar yig'ilgandi. Mirjalol Qosimov, Igor SHikvirin, Azamat Abduraimov, Nikolay SHirshov, Sobir Xodiev. Murabbiylar shtabida Ahmad Ubaydullaev, To'ra SHoymardonovlar ko'maklashishdi. Ularning har biri bilan til topishib ketish, harakterini tushunish oson emasdi. Vega Da Silva bizning mehnatimizni ko'rib ozmi ko'pmi qadrladi. U astoydil mehnat qilganlarni yoqtirardi, ayyorlarni hushlamasdi. Hattoki, meni o'zi bilan xorij safarlariga olib ketardi. Adminstrator sifatida ishlab yurgan paytlarimda murabbiyning aytganini qilganim uchun meni klubdan haydashmoqchi bo'lishgan. Aniqrog'i jamoa Vega Da Silva bilan safarga ketgan, menga esa maydonga qarashimni, uni suv bilan to'ldirishimni vazifa qilib belgiladi. Ular to'satdan qaytib kelishdi va maydonni ahvolini ko'rishdi. Rahbarlar darhol ishdan olishdi. Oraga Vega Da Silva qo'shilib meni o'zi bilan olib qoldi.
Keyinchalik jamoada ko'p o'zgarishlar bo'ldi, 2000 yillardan keyin “Paxtakor” avvalgidan kuchaydi, OCHL ikki marotaba yarim finalga qadar etib bordi. Dastlab Sergey Butenko boshqardi, Viktor Jalilov texnik direktor lavozimida faoliyat olib bordi. 2003 yilda Tachmurod Agamurodov boshqaruvni o'z qo'liga oldi. Samvel Babayan menejerlikni davom ettirdi. 2004 yilda meni Murod Aliev CHig'atoy futbol maktabiga mamur lavozimiga taklif qildi. Ikki yildan so'ng “Quruvchi”ga asos solindi.
- “Bunyodkor”ga kelishingiz tarixi qanday bo'lgan?
- Darhaqiqat, hayotimda yangi davr boshlandi. “Bunyodkor”ni Albert Yuldashev qo'liga oldi, u inson oldin 2000 yillar boshida “Paxtakor”ga Botir Rahimov bilan birgalikda rahbarlik qilishgan. Albert poytaxt klubini kuchaytirmoqchi, stadion va bazani yaxshilamoqchi bo'ldi. U oldin futbolchi bo'lgan, Dushanbening “Pomir” klubida o'ynagan. “Quruvchi”ning qishki yig'inlariga Hikmat Ergashev murabbiylik qildi. U inson meni jamoaga chaqirdi va tezroq ish boshlashimni aytdi. Jamoa endigina Oliy ligaga ko'tarilgan paytda Hikmat Ergashev, Murod Otajonov, Abdusattor Rahimov va men futbolchilarni uchrashuvlarga tayyorlar edik. Bir oydan so'ng Amet Memet ham safimizga qo'shildi.
- Futbolchilik faoliyatini tugatganiga ko'p bo'lmagan, yosh murabbiy Mirjalol Qosimov “Bunyodkor” murabbiyga tayinlangan paytda ichki muhit, xodimlarga bo'lgan munosabati, talabi qanday edi?
- Ha. “Quruvchi” paydo bo'lganidan keyin murabbiylar shtabi ham o'zgarib turdi. Jamoa oldiga yuqori maqsadlarni qo'ygani sari yaxshi futbolchilar, kuchli murabbiylarni taklif qiladi. 2007 yilning kuz oyida Mirjalol Qosimov murabbiy sifatida elon qilindi. O'sha mashhur O'zbekiston kubogidagi “loy jangi”da jamoani Qosimov boshlab tushgandi. O'yin tengma-teng kurashlar ostida va noqulay sharoitda o'tkazildi. Penaltilar seriyasida mag'lub bo'ldik. Qaysidir manoda murabbiylikni endi boshlagan yillarida xato qilgan bo'lishi mumkin. Ammo, keyingi boshqargan davrlarida tajribasi oshdi, talablari, istaklari o'zgardi. Futbolchilarga qattiq qo'l munosabatda bo'la boshladi. “Bunyodkor”da futbolchilik faoliyatida birga o'ynagan o'yinchilar Baxtiyor Ashurmatov, Aleksandr Hvastunov, Sergey Lushchan kabi yulduzlarga talabini va gapini o'tkaza olgan. Jamoani bo'sh qo'ysa ham bo'lmaydi. Bunday hollarda o'yin chiqmasligi, ichki muhit dars ketishi mumkin. Mirjalol qattiq qo'lligi uchun ham shogirdlari u kutgan o'yinni namoyish etardi.
- 2008 yilgi mavsumning ikkinchi yarimida jamoaga mashhur braziliyalik Ziko taklif qilindi. Uning ish yuritishi, mashg'ulotlari zerikarli ekanligi haqida ko'p eshitganmiz. Murabbiy bilan bevosita siz ko'proq muloqotda bo'lgansiz. Qolganini batafsil o'zingizdan eshitsak...
- Endi o'sha vaqtlar barcha ko'rgan, o'yinlaridan zavq olgan futbolchilar Ziko paytida zaxiraga o'tirib qoldi. Jamoa va futbolchilar tayyor shakllangandi. Yarim finalda “Adelaida Yunayted”ga aynan murabbiyning aybi bilan mag'lub bo'lganmiz. Eskilarning bir gapi bor “Kechuvda otlar almashtirilmaydi”. U 11 futbolchini ajratib olardi va shular bilan mashg'ulot o'tardi. CHunki, o'yinga ular tushardi. SHuning uchun ham qolgan o'yinchilar ruhan sinib qoldi. SHunday bo'lsada Bahodir Pardaev, Anvar Rahimov kabi yoshlarga imkoniyat berdi.
- Eshitshimizga qaraganda Ziko gazli ichimliklar va shirinliklarni istemol qilishni taqiqlab qo'ygan ekan...
- To'g'ri. SHirinliklar, tug'ilgan kunlarda tortlar, gazli ichimliklar mumkin bo'lmagan. Ammo, o'yindan keyin tug'ilgan kun nishonlanardi. Skolari kelib barcha professional ekanligiga guvoh bo'ldi. Futbolchilar istagan narsasini eyishiga va ichishiga qarshi chiqmadi. Biroq, ertasi kuni kasal bo'lib mashg'ulotga kelmasa katta jarima solinardi. O'yinchi jismoniy tomonlama tayyor bo'lib kelsa indamasdi.
- CHililik Xose Luis Vilyanueva hushchaqchaq va samimiy insonligini bilamiz. Uning o'yinlarga ketish arafasidagi ko'tarinki kayfiyati ayrimlarga yoqmasdi. Amet Memetning jamoadan va legionerlardan jiddiylikni talab qilishi ruhiyatga tasir qilmaganmi?
- Ha. Uchrashuvga jangga kirayotgandek tayyorlardi. Masuliyat his qilish kerakligini tushuntirardi. Xose hammaga birdek munosabatda bo'lardi. Hech kimni ajratmasdi. Hazilkash odam toifasiga kirardi. Uning harakteri Amet Memetga yoqmasdi va zaxiraga o'tkazib qo'yardi. Vitor, Ramos, Luizao bilan ishlash qiyin bo'lmagan. Hamma narsa futbol tilida aytilardi va etkazilardi. To'g'ri, mojarolar ham bo'lmagan deya olmayman. Kunlarning birida Rivaldo kiyinish xonasidan chiqib keldi. Uning oldida Ramos va Vitor o'zicha hazil qilib kulib turdi. Tarjimonimiz ularning gaplarini tarjima qilib berdi. O'yindan keyin ular bilan gaplashishimni aytdim. Rivaldo men bilan urishib ketish darajasigacha bordi. Qaysidir gapi yoqmadi qo'limni ko'tarib yubordim. U juda ayyor odam edi. O'yinga tushmaslik uchun biron bohona o'ylab topardi. Baribir bahsdan keyin sof o'zbek tilida kechirim so'ragan.
- OCHL bahslari bilan o'zimizning ichki chempionatimizda mamurlarga yuklatilgan vazifalarda farq bo'ladimi?
- Xalqaro o'yin va o'zimizning chempionatimizning tashkiliy ishlarida farq bor. OCHLda hammasi oldindan dastur asosida tayyorlab qo'yiladi. Barchasi vaqtida bajarilishi kerak. Futbolchilarning kiyimidan tortib, avtobusga chiqqunigacha etiborliroq bo'lish lozim. SHunday holat bo'ladiki, o'yinchilar gohida avtobusdan qolib ketadi yoki o'yinlarga kelmay qoladi. OCHL o'yinlarida vaqt muhim ahamiyatga ega. Nechada yo'lga chiqishimiz, mehmonhonadan stadiongacha ketadigan vaqt hisobga olinadi. Kiyinish xonasida futbolchilarning formalarini, ularning o'tiradigan joylarini, vitaminlar, ichimliklarni joyiga qo'yamiz va tayyorlaymiz. Endi chempionatimizdagi bellashuvlarda viloyatlarga ko'p chiqamiz, ayrim stadionlarda kiyinish xonalari tayyor bo'lmagan paytlar ham yuz berib turadi. SHu narsalar bizga pand beradi. Bilasiz, OCHLda televideniya xodimlari kiyinish xonalarini ko'rsatishadi. Ammo, bizda hamma jamoalarda ham sharoit bir xil emas. Endilikda sekinlik bilan bari iziga tushib bormoqda.
- Keling hozirgi kunda “Bunyodkor”dagi vaziyat haqida suhbatimizni davom ettirsak...
- Ayni vaqtda jamoada tashkiliy ishlar ko'ngildagidek ketmoqda. “Bunyodkor”da bu borada aslo muammo bo'lmagan va bo'lmasa ham kerak. Vadim Abramov mana ikkinchi yildirki jamoani boshqarmoqda. Futbolchilarga faqat o'yinni o'ylash kerakligini takidlaydi. To'g'ri, bizga oldingi yillarda ko'p toshlar otildi, qarshiliklar bo'ldi. SHunda ham Abramov futbolchilarni ruhiyatini ko'tara oldi. Mutaxassis doim shogirdlariga yaxshi gapirdi, yumshoq muomalada bo'ldi. Odamgarchilik tomonidan Abramov hurmatga loyiq. Uchrashuvlardan oldin bollarni har tomonlama tayyorlaydi, “Liverpul”, “Manchester Siti”ning o'yinlaridan ko'rsatadi. Ularni Evropadan kam emasligini, faqat harakat qilish lozimligini tushuntiradi.
- Futbolga kirib kelayotganingizda bu kabi insonlar bilan ishlayman deb o'ylaganmidingiz?
- Har bir davrda o'ziga xos yulduzlar bilan ishladim. MHSKda ham, “Paxtakor”da, “Bunyodkor”da. Hech birini ajratmagan bo'lardim. Mehnatimdan aslo afsuslanmaganman. Ishimdan uyalmaganman. Maydonda yoki mashg'ulotlarda tashkiliy muammolar bo'lsa bizga murojaat qilishadi. Boisi, bizning vazifamiz shu. Hurmat qilib intervyuga taklif qilganinglar uchun rahmat. Tartib va adolat bor joyda albatta o'sish bo'ladi. Bu esa ishonchni mustahkamlashga hizmat qiladi. Fursatdan foydalanib meni shu darajaga kelishimda ustozim Asqar Tolibjonovga minnatdorchilik bildiraman. Talabalikdan keyin meni katta futbolga olib kirdilar, yonlariga oldilar.
Abdulaziz Iskandarov suhbatlashdi.
Fikrlar