Ushbu FIFA kunlari oxirgisi...
13 okt 22:10
Yangiliklar


Ushbu FIFA kunlari oxirgisi...
Xalqaro uchrashuvlar uchun oktyabr oyidagi tanaffus formati o'zgartiriladi! Nima uchun, deysizmi? FIFA terma jamoalar uchrashuvlari uchun "oynalarni" o'zgartirmoqda. 2026 yildan sentyabr va oktyabr oylaridagi tanaffuslarni qo'shib yuboriladi: endilikda terma jamoalar 21 sentyabrdan to 6 oktyabrga qadar bir erda jamlanadi. Bu vaqt oralig'ida jamoa 4 tadan ko'p bo'lmagan o'yinda maydonga tushadi. O'zi FIFA nima sababdan taqvimga o'zgartirish kiritishga qaror qildi?
Tashkilot bu o'zgarish futbolchilar manfaatini ko'zlab qilinganiga urg'u berdi — futbolchilar uchun tig'iz taqvimni engillashtirish hamda klublar va terma jamoalar o'rtasidagi aloqani yaxshilash. Ustiga-ustak so'nggi vaqtlarda ayniqsa futbolchilarning klubdan terma jamoa lageriga ketishi muammo va kelishmovchiliklarga sabab bo'layotgandi. FIFA rasmiy xabarida shunday deyiladi: "O'zgarish, yani ikki oynaning birlashtirilishi, pavrozlar sonini kamayishiga, futbolchilarni ortiqcha parvozlar charchog'idan forig' qilish bilan birga, milliy associaciyalar uchun etarlicha o'yin sonini taminlaydi.
Shuningdek, FIFA asosiy maqsad — haqiqatga mos keladigan va ham klublar, ham terma jamoalar o'yinlarini sifatini oshirishga hissa qo'shadigan taqvim yaratish, bundan tashqari u qadar kuchli bo'lmagan davlatlarda ham futbolni rivojlantirish, yosh iqtidorlarni kashf qilishga qaratilgan ekanligini takidladi.
2026 yilgi xalqaro uchrashuvlar taqvimi quyidagicha ko'rinish oladi:
- 23 — 31 mart (ko'pi bilan ikkita o'yin);
- 1 — 9 iyun (ko'pi bilan ikkita o'yin);
- 11 iyun – 19 iyul (AQSH, Meksika va Kanadadagi JCH);
- 21 sentyabr – 6 oktyabr (ko'pi bilan to'rtta o'yin);
- 9 – 17 noyabr (ko'pi bilan ikkita o'yin).
FIFAning ushbu taqvimi kamida 2030 yilgacha qabul qilinganini ham takidlash lozim.
Oxirgi yillarda klublar va federaciyalar vakillari bir necha bor taqvim masalasini ko'tarishdi. Futbolchilar dam olishga vaqt umuman qolmaganidan noroziligi, ayniqsa, kuz faslida terma jamoa ixtiyoriga borish uchun parvozlar qo'shimcha charchoqqa, jarohatlarga sabab bo'layotganiga etibor qaratishni so'rashgandi. Misol uchun kuni-kecha "Nyukasl" jarohat tufayli Yoan Vissani yo'qotdi. Futbolchi terma jamoa ixtiyorida jarohat olgani tufayli ingliz klubiga 6.5 mln funt to'lab berishi malum qilindi. Yangi taqvim ayniqsa Evropada to'p tepayotgan Lotin Amerikasi, Afrika va Osiyo terma jamoalari azolari uchun ayni muddao bo'ladi. Bungacha ular kuzda uch bor ko'hna qitadan o'z mamlakatiga va teskari yo'nalishda parvoz qilishi talab etilardi. Endi ular shu kabi ikki bor uzoq masofaga uchishdan xoli bo'lishadi.
Ammo hozircha mavsum endi qizg'in pallasiga kirgan bir pallada uch haftalik tanaffus klublarga qanday tasir ko'rsatishi nomalum. Jamoalar o'yin tempini yo'qotib qo'ymaydimi?
Bundan sakkiz yil avval, o'sha vaqtda Evropa klublari Associaciyasi rahbari bo'lgan Andrea Anelli birinchilardan bo'lib o'zgartirish zarurligiga barchaning etiborini qaratishga uringan: "Tarkibida xorijlik futbolchilar bor ko'plab klublarda, xuddi bizdagi kabi, muammo borki u ayniqsa kuz faslida seziladi. Futbolchilarimiz shu davrda uch-to'rt marotaba Braziliya, Argentina, Urugvay va boshqa mamlakatlarga uchib borib kelishiga to'g'ri keladi. Biz FIFA, UEFA va ligalar bilan vaziyatni muhokama qilishimiz hamda barcha uchun maqul variant topishimiz kerak. Tashabbus bilan chiqib yakunda klublarning o'zi zarar ko'radigan holat bo'lmasligi juda muhim".
Rossiyadagnilar bu kabi o'zgarishlardan mamnundek. Championat.com nashri bu haqida xabar berarkan "Spartak" va Rossiya terma jamoasi himoyachisi Ruslan Litvinovning so'zlaridan iqtibos keltirib o'tdi: "Kuzgi tanaffuslarni birlashtirish — ajoyib g'oya. Siz uch-to'rtta o'yin o'tkazasiz va klubga ketaverasiz. Terma jamoalarga yo'l olmagan yigitlar qarorgohda qolib, mashg'ulotlarni davom ettiradi. Natijada barchaning holatida farq yuzaga keladi. "Dinamo"ga qarshi o'yin (Litvinov sentyabr oyi o'rtalarida intervyu bergan) terma jamoalar o'yinlari tanaffusidan keyingi ilk bellashuv edi. Aytish mumkinki, xuddi shu sabab tufayli biz yaxlit jamoadek o'yin ko'rsata olmadik. Natijada, derbini nomiga loyiq tarzda o'tkazishning imkoni bo'lmadi. Biroq hamma vaziyatni tushunib turibdi. O'ylashimcha, FIFA ham barchasini ko'rib turibdi. Umid qilamanki, o'zgarish yuz beradi va terma jamoalar o'yinlari uchun tanaffuslar birlashtiriladi".
Xalqaro o'yinlar uchun "oynalar" o'zgarishi – FIFA tomonidan taqvim borasidagi muhim qadamlardan biri. Tashkilot joriy o'yinlar sonini saqlab qolgan holda jadvalni optimallashtirishga harakat qilmoqda. Mazkur reformaning natijasi qanday bo'lishini esa bor yo'g'i bir yildan so'ng bilib olamiz. Hozircha esa tarixiy o'zgarishdan oldingi so'nggi bu kabi xalqaro o'yinlar uchun tanaffusdan, terma jamoalar o'yinlaridan zavqlanib qolaylik.
O’xshash yangiliklar

Fikrlar