Norasmiy uchrashuv hangomasi
10 avg 2015 11:05
Yangiliklar


Norasmiy uchrashuv hangomasi
Ikkichi davraning birinchi tur o'yinlari boshlanib ketdi. Bu turda hakamlikda kutilmagan g'ayri oddiy voqealar sodir bo'lib, hammanig etiborini o'ziga tortdi.
NORASMIY UCHRASHUV HANGOMASI.
1. HAMIRSIFAT ODAM AFSUS - NADOMATI.
Ikkichi davraning birinchi tur o'yinlari boshlanib ketdi. Bu turda hakamlikda kutilmagan g'ayri oddiy voqealar sodir bo'lib, hammanig etiborini o'ziga tortdi. SHov-shuvga sababchi bo'ldi. Baribir mening fikri-yodimda terma jamoalarimiz turibdi. Babayan birinchi yig'inni o'tkazdi. Uning bosh murabbiy etib tayinlanishi mening nazarimda eng katta shov-shuv, eng muhum mavzu bo'lib qolmoqda. U termada Qosimovga o'xshab pardozlovchi bo'lmaydi, Abramovga o'xshab tamirlovchi bo'lmaydi. Babayan o'z uslubiga binoan kapital quruvchi bo'ladi. Butun tizimni, terma jamoalarning faoliyat tizimini qayta qurib chiqadi. Bu bir oylik ish emas. Eski o'yin imoratini pardozlash mumkin. Uni tamirlash qiyin ish. Yangi uy imoratini yaratish umuman mumkin emas. Babayan nima qilmoqchi? Milliy termamiz o'yinida bir oydan so'ng sifat o'zgarishi paydo bo'lib, ikkala o'yinda g'alaba qozonishimiz shart. Olimpiyachilar bilan o'zaro ikkita nazorat o'yinida men hech nimani ko'ra olmadim. Tig'izlik tufayli yoki ojizligi tufayli “Paxtakor” o'yin imoratini termaga ko'chirib olmoqda, shekilli. Bundan boshqa chorasi yo'q. Babayan oldidagi real vaziyatni ko'rish uchun men bir oz orqaga qaytib, Jurnalistlar bilan o'tkazgan o'sha norasmiy uchrashuvni eslab, Babayanning harakterini, imkoniyatlarini, ish faoliyatini o'rganib chiqmoqchiman. O'sha uchrashuvda umrimda birinchi marta Babayan bilan ikki soat muloqatda bo'lgan edim. Undan keyin u bilan suhbat qura olmayotibman. Birorta jurnalist bilan uchrashmayotibdi. Xozirgacha ruhsat yo'q. Elkadagi yuk juda o'g'ir. Bir oy avval bo'lib o'tgan uchrashuv ichiga singib ketib, o'zim uchun u haqda yangi xulosalar chiqarmoqchiman.
O'sha uchrashuv so'ngida Babayan bo'lib o'tgan majlis haqida qanday yozishimiz kerakligini tushuntirib berdi. Biz bo'lib o'tgan davra uchrashuvi haqida umumiy malumot berib, bu erda bo'lib o'tgan gaplar tavsilotini ommaga olib chiqmasligimizni so'radilar. Ikki soat bir pasda o'tib ketishiga sababchi bo'lgan qizg'in bahs, munozara, dramatik tortishuvga to'la uchrashuvni yoritishimizda bizga yo'llanma berdilar. Yo'lga qaerdan chiqqan bo'lsak, shu erga qaytib keldikmi.
YO ijodni jilovlab olmoqchi bo'lga edi, yo aytmas gapni aytishga chorlaganidan o'zini, termada qilmoqchi bo'lgan ishlarini himoyalagan edi.
Men ham shu erda, majlisda edim-ku. Burnimdan ip o'tkazib olishganini, majlis qanday o'tishi oldindan belgilab qo'yilganini sezmadimmi? Rasmiy uchrashuv tarzida boshlangan majlis, rasmiy so'zlar bilan tugadi. Bu majlis navbatdagi rasmiy uchrashuvga aylandi- qo'ydi. Majlis boshlanishida aytgan shuncha sarkash, jonso'z, dilso'z gaplarim osmonga uchib ketishiga yo'l qo'yib berdim. Sanjar yonida o'tirganimdan, u Babayanga majlisni to'xtatmoqchi bo'lib pichirlab aytgan gapini eshitgan edim-ku. Nima uchun majlisning xotimasiz, natijasiz tugashiga yo'l qo'yib berdim? Majlis qanday o'tishiga, qanday tugashiga, men ham masulman deguvchilar bormidi, o'zi? Men-chi? Men xamirsifat bo'lmasam, majlis so'ngida indamay “odob saqlab” o'tirarmidim.
Bu yig'inning natijasi nima bo'lishi kerak, maqsad nimada, 2 soat davom etgan bu majlisdan so'ng biror narsada o'zgarish bo'larmikan, degan savollarni kimdir o'ziga berdimi? Men ham majlis qatnashchisi bo'lgan edim. Masul edim. O'z so'zimga mamur edim. Yurt tanigan hamma jurnalistni bir erda ko'rib masrur edim. Majlisga aniq bir mazmun bag'ishlashim mumkin edi-ku. Maydonda har bir futbolchi o'ziga mos tasvirni o'yinga qo'sha olishi kerak. Eng muhumi, har bir futbolchi gol ura olishi kerak. Majlisda ham har bir odam “o'yinchi” bo'lishi kerak. Hech kim anqayib o'tirishi kerak emas. O'zi muhum deb bilgan maqsad darvozasiga gol urishi kerak. Men lattaligimdan “gol” urishga qulay vaziyatlarni boy berdim. Mening maqsadim, niyatim bor edi-ku. Nega maqsad sari “o'yin” so'ngida bir nima demadim? Birgina qadam qo'ymadim?
Kimlar uchundir uchrashuv shunchaki bir majlis edi, xolos. Ko'pchilik qatnashuvchi edi. Ular majlisda, tadbirda, yig'inda, olamshumul voqeada qatnashgani uchun o'zlarini baxtiyor hisoblashadi. Bundaylar o'z hayotida ham qatnashuvchi bo'lishmoqda. Ertaga majlis qatnashuvchilari qatorida hammamiz OAVda qayt etilamiz. Men ham qatnashib qaytdim. Qat-na-shib. Voqeada, vaziyatda qatnashish emas, voqeani, vaziyatni yaratish kerak. Bir maqsad sari yaratish kerak. Majlisda munozara o'chog'iga o'tin qalaganim nima bo'ldi-yu, majlis so'ngida muloyim o'tirganim nima bo'ldi? Majlisimiz o'rtoqlik o'yiniga o'xshab qoldi. Hech kim gol urmadi. Gol urish niyati hech kimda yo'q edi. SHunchaki majlis ishtirokchilari edik. Babayan urdi. U kishining maqsadi bor edi, maqsadiga etdimi? Bizchi? Nima maqsad bilan kelgan edik? Menchi? Mening majlisdan kutgan bir niyatim bor edi, o'sha niyatga erishaman degan maqsadim bor edi. Ayb o'zimda, endi to'y o'tgach, sayt sahifasida mening ushbu nog'ora bazmiga hos taqara-tuqur gaplarimning kimga keragi bor? Uch pulga qimmat ushbu maqolamni nima uchun, kim uchun yozmoqdaman?
Foydasi bor. Siz hayotda vaziyat qatnashchisi bo'lmang, vaziyat yaratuvchisi bo'ling. Futbolchi bo'lsangiz, o'yin qatnashchisi bo'lmang, murabbiyning suflyorlik qilishiga xojat qoldirmay vaziyatni to'g'ri o'qing va o'zigiz yangi vaziyat yarating. Oddiy odam bo'lsangizda maqsad qo'yib, unga intilib yashang, doim “gol urib” yashang. Maqsadsiz biror kuningiz o'tmasin. Menga o'xshab qolmang. O'kinchlarimni shu niyatda qog'ozga tushirmoqdaman.
Oldingizda o'tinchim shuki, hech qachon hech narsaga befarq bo'lmang. Futbolda tomoshabin bo'lsangiz-da, hayotingizda tomoshabin bo'lmang.
2. HAMJIHATLIKI ISTAB.
Sanjar Rizaev majlisni ochib berdi. Babayanga so'z berildi. Zaldagi supa poyida kursilar davra qilib qo'yilgan edi. Supa ustiga hech kim chiqmadi. Samvel hammadan o'z diktofonlarini o'chirib qo'yishlarini so'radi. Suhbat ochiq, norasmiy, samimiy bo'lishini istab, protokollar kerak emas, dedi. Terma jamoa rahbarlari bilan hademay alohida matbuot anjumani o'tkazilar ekan. SHunda diktofonlarni yoqasizlar dedi. Babayan mohir diplomat, kuchli ishbilarmon, omadli tashkilotchi ekanligini bilardik. Hamma jurnalistlarni yig'ishdan uning maqsadi o'z tili bilan aytganda, “konsolidaciya vsex vokrug sbornoy komandy strany”, ekan. Ko'p o'tmay barcha klub murabbiylari bilan, keyin hamma fanatlar bilan shunday norasmiy suhbat qurib, terma jamoamiz atrofidagi barcha insonlarning boshini qo'shib, hammani bir maqsadga bog'lab qo'yib, terma jamoamiz atrofida yaxshi, hayrixoh, ijodiy muhit yaratishga urinib ko'rdi. U “Paxtakorda” bunga erishgan. U erda har bir xizmatchini, funkcioner deysizlarmi ularni, mutaxassisu amaldorni, futbolchiyu murabbiylarni bir butun yaxlit jamoa bo'lib bir maqsad yo'lida birlashtira olgan edi. “Paxtakordan” ketsa-da, bu yaratgan “mexanizmi” usiz ham yaxshi ishlay berishini, o'z klubidan ko'ngli to'qligini aytdi. Tez orada “Paxtakorga” yangi bosh murabbiy tayinladi. Bu bilan birdaniga ikki otni minmasligini isbotladi. “Paxtakorga” yangi bosh murabbiy bo'lishga munosib odamni topdi. Bu No'mon Xasanov ekan. Uning imkoniyatiga to'g'ri baho berib, yoniga Rossiyadan konsultant murabbiyni olib keldi. Babayan Mirjaloldan farqlaib o'zining imkoniyatiga to'g'ri baho bera olar ekan. Babayan futboldan chiqqan, futbolni tushunadigan bir inson bo'lib, yakka bir klub miqyosida Futbolning barcha xizmatlarini puxta qilib yarata oldi va natija ko'rsatdi. Qanday qilib? Bunga barcha odamlarni o'z atrofida hamjixat qilib, ularning hamfikr bo'lib ishlashini taminlab erishdi.
Gal termaga keldimi? Termada ham hamjihatlikni qadam-baqadam yaratmoqchimi?
Bu ishda jurnalistikani muhum deb bilar ekan-da. Futbolda, terma jamoa hayotida OAVning roli katta ekanligini tushunib, o'z atrofida ularni birlashtirmoqchi bo'ldimi? SHuning uchun bizni ochiq suhbatga taklif qilganmidi? OAV ishini mohiyatan qanday tushunar ekan? Gap shunda. OAV ni yangi sifat pog'onasiga ko'tarish kerakligini tushunarmikan? U AVni o'zining yordamchilaridan biri deb biladi, shekilli. Balkim, uning fikri boshqacharoqdir, bilmadim. Babayan kirish so'zini aytar ekan, matbuotga bo'lgan uning munosabatini tushunish uchun uni diqqat bilan tingladim. Gapi tugadi.
3. QAYNONALAR FALSAFASI.
Bir zum zalga sukunat cho'kdi. Hamma jim. Birinchi bo'lib savol berishni Zafarjon Qosimov boshlab berdi.
Navbati bilan beriladigan rasmiy savollar, rasmiy javoblar ila boshlangan suhbat bir voqeadan so'ng haqiqiy debatga aylanib ketdi. Bu voqea xaqida keyinroq aytaman. Uchrashuvning samimiy munozaraga aylanib, qizib ketishi Babayan uchun ayni muddao bo'ldi. U zalni boshqara oldi. Yonida Sanjar Rizaev o'tirar edi-da. Babayan aytgan har bir gapni ilg'ab o'tirdim. Uning aytishicha, biz terma o'yinchilarini ruhan sindirib qo'yishimiz mumkin ekan. Tanqid qila bermasligimizni, terma o'yinchilarini qo'llashimizni so'radi. Darrov bunga javoban Bobomurodning etirozini eshitdik. SHunda Akmal SHorahmedov voqeasini esga oldik. Unga tosh otmagan odam qolmagan edi. Babayan realistik tanqid qilishimizni so'radi. Ana xolos. Gapiga ko'ra tanqid irrealistik, surrelistik bo'lmasin dedimi? SHunaqasiyam bo'ladimi, tushunmadim. Har qanday tanqid reallikdir, real hayotning, real muallifning aksidir. Uchrashuv davomida Samvel tili bilan aytsak, “norealistik” tanqid masalasiga qaytib, Murod Rizaev futbolchini sindirayotgan tuhmat, xaqorat, mashara so'zlarni jurnalistlar emas yuzerlar, bloggerlar, tvitterchilar tarqatishini aytib, terma o'yinchilari monitor oldida kamroq o'tirsinlar deb iltimos qildi. Diplomat Babayan bu “ko'rsatmani” darrov yon daftarchasiga yozib oldi. Sizu biz bilgan narsani Babayan bilmasmidi? Bilardi. Diplomat hech kim bilan bahslashmaydi, hech kimga gap uqtirmaydi. U o'z maqsadi tomon hamma jurnalistlarni kishi bilmas etaklay oladi. Babayan kuchli etakchi. Munozara mavzusini boshqa yoqqa etaklab ketdi.
Uning jurnalistlar ishidan kutgan maqsad-muddaosi shu bo'ldimi? Nahotki, jurnalistika kimnidir qo'llashi, yuzaga chiqarishi, yo'lini ochishi yo buning aksi- kimnidir erga urishi uchun xizmat qilishi kerak bo'lsa? Men nega so'z olib bu “spektaklga” barham bermadim? Tinch o'tirdim. Qanday qilib terma atrofida jipslashib ishlashimiz kerak ekan? Bu xaqda kimdir o'ylab ko'rdimi? Qanday qilib? Yomonini yashirib, yaxshisini oshiribmi? Qaynonalar falsafasimi bu, yo Babayanning niyatimi?
Savol bor. (Bu savolni nega majlis paytida bermasdan, mushuk bolasiday jim o'tirdim? Babayandan hayiqdimmi? U oyoq uchi bilan meni chetga surib qo'yarmidi. Endi oldingizda sherlik qilmoqdaman). Demak, savol bor. Nima uchun nafaqat futbolchilar, balkim hammamiz yuzerlarning nodon gaplarini o'qib chiqamizu, jurnalist yozganini shunchaki “qarab” chiqamiz. CHunki ular bepardoz yozishadi. Afsuski, ko'pincha beparda yozishadi. Lekin bemaza yozishmaydi. Doim dildan chiqarib yozishadi. So'zlari yurakdan chiqadi. Jurnalistlarning so'zlari esa, jigardan chiqadimi-ey, yo oshqozondanmi, bilmadim. YO bo'g'zidan chiqsa chiqadi-yu, ammo yurakdan chiqmaydi. So'zimiz behosdan yurakdan chiqsa bormi, darrov o'zimiz ularni pardozlab, andavalab, keyin ularni qum qog'oz bilan silliqlab OAga uzatamiz. Yaltillatvoramiz. Bunday gaplarni o'zimiz ham o'qimaymiz. Terma azosi o'qisinmi? Hamma bemaza maqolani o'qigandan ko'ra mazasi achchiq yuzer gapini o'qimoqda.
4. ANDAVAKASHLIK
SHunday ekan, hech narsa o'qimay qo'ya qolaylikmi? Bir nima o'qib, zehinni urintirib maqamiz. Lekin ushbu kun ishqiboz to'rt yildan beri kutgan voqea sodir bo'lgan bir paytda turib, nihoyat tub o'zgarishlar qadamini ko'rib ovuntiruvchi, ko'ngil ochuvchi, yaltiroq, yuzaki habarlarni o'qisa, ishqiboz etibori chalg'irmikan? Habarlarga intrigalarni qalashtirib tashlasangiz ham o'qimaydi. Qiziqqon zehni doim haqiqatga tashna. Ayni ushbu kunlar tashnalik baland. Uni izlab ijtimoiy tarmoqqa kirmoqda. Ijtimoiy tarmoqda Babayanning taxtga minishi Boyning aralashuvi bilan bo'lgan, deb yozilgan mish-mishni o'qish ular uchun qiziqroqdir. OAVda bunday tavsilotlarni aylanib o'tishadi. OA uchun taqiq mavzu. OAV fakt ichiga kirib bormaydi. Uni kim o'qiydi? Demak, hech kim o'qimaydigan bunday OAdan butunlay voz kechib qo'ya qolaylikmi? Baribir andava suvoq gazetalarni hech kim olmayapti. Ulardan voz kechaylikmi? Saytdagi jurnalist maqolasi chetda qolib, munosabatlarni o'qishmoqda. Saytlardan ham voz kechaylikmi? SHunday qilsak, OA butunlay bo'lmasa, nafaqat maydondagi o'yin, balki hayot sochilib ketmaydimi. Odamni odamga bog'lovchi, futbolchini ishqiboz bilan bir butun jamoa qilguvchi jurnalistning xaq so'zi-ku. Hayotimiz nafasi, yo'limizning nasabi nimadir? U bir nima OAning joni, jasadi, tapataq o'zi-ku. Xaq so'zi-ku. Babayan bugungi “zo'rdan zo'r” jurnalistikamizni terma jamoa bilan unashtirib qo'ymoqchi bo'ldimi? Nima uchun bizni bu erga yig'di? Terma jamoa atrofida xaqqoniy jurnalistikani yaratish uchunmi, yoki andavakashlarni ishga chog'lash uchunmi?
Babayan ham juda zo'r andavakash ekan. Suvoqchi. Molasiyam bor, gazcho'piyam bor. Termamizning oldingi rahbariyati ishiga silliqqina, chiroyli baho berib o'tdi. Majlis norasmiy edi. Diktofonlar o'chiq edi. Dildagi gaplarni aytsa bo'lmasmidi, yuragidan chiqarib. TJMdagi hamma gaplardan bizdan ko'ra yaxshiroq habardor edi-ku. Babayan “Paxtakorda” bosh murabbiy bo'lib yurganida termadagi ahvoldan joni-dili kuyub ketmasmidi? Kuyib gapirmaydimi? Yig'laganday o'kirib, ehtiros bilan gapirmaydimi? Haqiqat so'ziga bizdek jurnalistlarni munosib ko'rmadi. Demak, butun yurt ishqibozlarini xaq so'zga, qalbidagi gaplarga munosib bilmadi. Uning qalbida kareradan boshqa narsa bormi? Uning qalbida Futbolga, Vatan futboliga mehr-sadoqat tuyg'usi bormi? Bor bo'lsa, oldingi tarkib ishini bor vujudi bilan qoralamaydimi? Qosimov hammani qon qilib yubordi-ku. Nima emushki...
Babayanning gapiga ko'ra oldingi terma jamoa murabbiylar tarkibi yaxshi ishlagan emush. J.CH.- 2014ga juda yaqin kelgan emushmiz. O'yinimiz darajasi Osiyoda birinchi beshtalikka ko'tarilgan emush. Seulda karislar bilan teppa-teng o'ynagan emushmiz. Bizga faqat omad etishmay, mundialga borolmay qolibmiz. Tushini suvga aytsa bo'lmaydimi? Masalan, Amirlik futbolida chindan, inkor etib bo'lmas darajada o'sish bor. Lekin ular bu bilan maqtanishmaydi. Ishlashda davom etishmoqda. Hammasi yaxshi bo'lgan bo'lsa, Babayan hech narsani o'zgartirmas ekan-da. Babayan bizga lag'mon osishda, biz esa, ishqibozlarga lag'mon osib yurishda davom etarkanmiz-da. Jurnalistlar ishida o'zgarish bo'lmas ekan-da. Nega shu gaplarimni so'z olib yuziga aytmadim?
5. PIROTEXNIKA
Teng o'yinda yutqazish sharmandalik emasmi? Yigitlar teng o'ynay olishsa-yu, yutqazishsa, murabbiyga mahorat etishmagan bo'ladimi, yo futbolchilarga omadmi? U erda Rustam Akramov nima qilib yurgan edi? TJM nima degani? Amaldorlar uchun Turistik Jamiyat Markazimi? Texnik direktor degani qanday lavozim? Akramov Seuldan kelgach, mag'lubiyatdan jigar-bag'ri kuyib, lov-lov yonib hakamlarni ayblagan edi, go'yo. Aldanmang, qalbini o'rtagan “olov” emas pirotexnika edi. U Markazda texnik direktor bo'b emas, pirotexnik direktor bo'b ishlaydi. Tolibjonov hech qachon uyalib Mirjalolga o'xshab kechirim so'rab, istefoga ariza bermagan. Akromov esa doim chetda turadi. Murabbiylar aylanib, ayblanib kelib-keta berishadi-yu, ular goh bez bo'lib, goh jilmayib yura berishadi. TJM ular uchun buvasidan qolgan meros tomorqami? Mirabror Usmonov bog'cha bolasini qo'rqitganday, TJM rahbarlariga qarata, agar undoq qilmasang, bundoq qilmasang haydayman deb xo'ja ko'rsinga har gal po'pisa qiladi. Bu ham pirotexnikami? Unday bo'lmasa, Mirabror Usmonovning rahbarlikni eplay olmaganimi? TJM rahbarlariga ishda yo'l qo'ygan qanday kamchiligi uchun hayfsan elon qilindi? O'FFda ularning ishiga to'g'ri yo'nalish bera oladigan, futbolni yaxshi tushunadigan rahbarning o'zi yo'g'u, “vigovor elon qilish” nimasi? Keyingi safar ularning masalasini “part.sobraniyada” ko'rib chiqishadimi? Bular eski zamonda qolib ketmaganmi? Nima uchun O'FF rahbariyati milliy terma jamoamiz o'yini borasida sifat o'zgarishini talab qilmaydi? O'yinda perspektiv rivojlanish yo'lini belgilab bermaydi? Kazolar rahbarlik qilish deb, terma jamoa murabbiylarini birin-ketin almashtirib turishni boshqarish deb tushunishadimi?
O'FFning vice prezidenti Sardor Rahmatullaev qaysi sohada mutuhassis? Haya u terma jamoa ishlariga javob bermaydi. Termamiz o'yini haqida qayg'uga botmaydi. Lavozimiga to'g'ri kelmaydi. Uning sohasi emas. Terma jamoamiz deb vice prezident darajasiga ega Asqar Tolibjonov qayg'ursin ekan. U-chi, muayyan ishlar o'rniga “vigovor elon qilsin”, ekanda. Ish o'rniga “ishchan ko'rinish” ekanda. SHundaymi?
Babayan ish qiladigan odam. Ishlaydigan odam. “Ishchan odam ko'rinishi” unga kerak emas. O'zi ham ko'rinish uchun u erda yurgani yo'q. Navbatdagi bosh murabbiy sifatida navbatdagi “proval” aybdori bo'lib qolish uchun Milliy termamizga kelgani yo'q. SHunday ekan, Rustam Akramovni chetga surib tashladi qo'ydi. Vigovor nimasi? Uch yildan beri terma o'yinida “zastoy”. Avstraliyada so'ng hech qanday hulosa chiqarilmadi, terma o'yiniga yangi yo'nalish berilmadi, hech qanday ish qilinmadi. Hech qanday. Asqar Tolibjonovni ham chetga surib tashlamaydimi?
Aslida illatning tomiri O'FF rahbariyatining ojizligida emasmi? Vetnamda Abramov ruxan singach, uning o'rniga boshqa murabbiy tayinlanishi kerak edi-ku. O'FF rahbariyati nima qildi? Poda boqdi. Muhum o'yinga uch kun qolganda ish strukturasida hech narsani o'zgartirmasdan Eronga yutqazib qo'yganimizdan keyin shoshilinch ravishda terma murabbiyi almashtirildi. Qosimov termaga birinchi marta kelganida murabbiylik salohiyati qandayligi hammaga aniq bo'lgan edi. Faqat FFmiz rahbariyatiga emas. Qosimov Osiyo o'yinlarida qatnashish uchun yoshlarni Janubiy Koreyaga olib ketdi. U erda nima karomat ko'rsatdi? Rasvo o'yin ko'rsatib qaytdi. Nega o'shanda, yo undan avvalroq Iordaniyadan keyin, yo Avstraliyada o'tgan OKdan keyin Qosimovga istefo berilmadi. Nimani kutishdi? Nima uchun yarim yil besamar ketdi? TJM yarim yildan beri na terma jamoamiz bilan, va na olimpiya yoshlari bilan malum bir yo'nalishda bir nima qilmadi. Bunga kim aybdor? Mirabror Usmonovning ixtisosi boshqa soha ekan, ikkinchi shahs nima qib yuribdi? Ikkinchi shahs kim o'zi? Mutahassis bo'lgan ishonchli bir shahs hamma ishlarni qilishi, O'FF tizimlarini to'g'ri yo'nalishda boshqarishi kerak emasmi.
FFmiz majlisida malum bo'ldi. Bir yildan beri Mirabror-akaning so'zi qo'l ostidagilarga o'tmay kelayotgan ekan. Terma jamoaga Evropadan kuchli mutaxassis olib kelish buyurilganiga bir yil bo'lgan ekan. Ko'rsatmani bajarish o'rniga bir yil odam tanlab yurishdi yoki ovsarlanib yurishdi. Babayan darrov o'ziga teng kuchli, yani undan ustin bo'lmagan, rahbariyatga tobe bo'ladigan bir mutaxassisni maslahatchi sifatida olib keldi- qo'ydi. Babayan o'zining va Jorjevichning imkoniyatlariga to'g'ri baho bera oladi. Manimcha, hal qiluvchi bosqichga etib kelishgach, o'zining o'rniga bosh murabbiy qilib Evropaning top- (buyuk) murabbiylaridan birini 1oy+1yil maqomida olib kelishi ham mumkin. Undan buni kutish mumkin.
Babayan avval butun sistemani yaxshilab, keyin jamoada ish yuritib, natija ko'rsata olishini “Paxtakorda” ko'rdik. Termada Markaz tarkibini o'zgartirib butun sistema ishini yaxshilash vakolati unga berilmas ekan, uning terma jamoa bilan bir nimaga erishishi amrimahol bo'ladi. Rahbariyat unga bunday vakolatni beradi deb umid qilaman.
6. OSTONA TOZALOVCHILAR QISMATI
Avstraliyaga biron bir o'yinni tayyorlab bormagan edik. Boshqalardan kam bo'lmagan, ularga teng kuchli o'yinchilarimiz mujmal, betayin o'yin ko'rsatib kelishdi. Mirabror-akaga bir nima deyolmaymiz. Sohasi boshqa. OK-2015ga yarim yil bo'ldi-yu, hech kim hech qanday xulosa chiqarmadi, hech qanday ishni rejalashtirmadi. Terma jamoa atrofidagi bunday ahvoldan Babayanning joni kuyib, haqiqatni ochish o'rniga oldimizda suvoqchilik qildi. Oldingi murabbiylar tarkibi yaxshi ishlagan emush.
Avstraliyada ko'rsatgan xira o'yinlarimizdan so'ng termamizda hech qanday o'yinni o'stirish strategiyasi ishlab chiqilgani yo'q. Bugungiga o'xshab yig'in qilishgani yo'q. Qosimov yarim yildan beri qaysi yo'nalishda qanday ish olib bordi? Hech qanday. Ishqiboz yolg'onlardan ezilib ketdi-ku. Termamiz ahvolidan Babayan ezilmadimi? Babayan bizni yosh bola qilib yubordi-ku. Aldagani bola yaxshi. Biz emas. Yoki u ham bir oyda bir marta besh kunga yig'ilib futbolchilar bilan maydonda strategik maqsadsiz yugurgilamoqchimi? Yaman bilan Indoneziya to'sig'i qaroqchilarday Babayanni kutib turishibdi. Ularni aldab yo avrab engib bo'lmaydi. Sifat o'zgarishini besh kunlik yig'inda amalga oshirib bo'lmaydi. “Paxtakorning” o'yin modeli bilan ham uzoqqa borib bo'lmaydi? Babayan buni juda yaxshi tushunib turibdi. Jurnalistlar kimni qaysi ishda qo'llashi kerak ekan?
Davron Fayziev hamma jurnalistlar faqat tashkiliy masalada savol berishib, o'yin mavzusini chetlab o'tishganini aytib zorlangan edi. Davronjon, hulosa qiling: biz jurnalistlar hisobning raqamlarini ko'ramiz. O'yin sifati, darajasi bilan bizning ishimiz yo'q. Rahbariyatning ham ko'zlari shunday o'tkir ko'radi. TJMdagi bugungi ahvol bilan, terma jamoaning shu bugungi o'yini bilan shimoliy karislarni yutib emas, ular bilan durang o'ynab kelganimizda bormi edi, hech qanday o'zgarishlar, ushbu majlislar bo'lmas edi. Qosimovga umid bog'lab hisob variantini sanab yurarmidik. Bu deganim faqat jurnalistlar emas, O'FF rahbariyatining ham hisobdagi raqamlarga qarab fikrlashi tovlanib, gox bo'g'ilib, goh maqtanib turishi aniq. O'yi sifati bilan ularning ham ishi yo'q.
Majlisda o'tirganlar ham ayni mahal Termaga kelgan Babayanning mamuriy, tashkiliy ishlari bilan qiziqishadi, maydondagi bo'lg'usi o'yin “tashkiloti”, tashkillanishi bilan hech kimning ishi yo'q. Bu borada yuzerlardan nari ketmaganmiz. SHuning uchun Babayan ham jurnalistlarni faqatgina o'zining yordamchisi sifatida, oqlovchisi, qo'llovchisi sifatida ko'rmoqdami? OAV xizmatini mohiyatan to'g'ri tushunsa-da, qurbimizga to'g'ri baho berib, o'zimizga munosib past nazar bilan ishimizga qaramoqdami? Bundan ortig'ini bizdan kutmayotibdimi? Bundan ortig'iga, bizni munosib ko'rmayotibdimi? Biz jurnalistlar Markaz va terma jamoa ichiga kirolmay, haqiqatni bilolmay, terma ostonasini tozalab yuraylikmi? Jurnalistikaning vazifasi shumi?
O'FF qo'rg'oni, TJM qarorgohi eski hammom, eski tosligicha qolar ekan, Babayan bundan buyon o'z umidlari bilan aldanib yuradi. Oq ot minib kelgan murabbiy qora otliq bo'lib Hirotdan nariga ketadi. Bir kelib-ketganlarning navbatdagisi bo'ladi. YO o'zi aldanmay bizni aldab, har birimizni bir narsaga umidvor qilib yuradi. Uchinchi yo'l bormi? Yoki O'FFda tez orada sodir bo'lajak katta o'zgarishlar arafasida turibmizmi? Bilmadim, bilmadim.
Faqat bir narsani bilaman. Hech qaysi murabbiy terma jamoa ishiga bunday yondoshmagan. Hech kim ishga tayinlangach bizlar bilan bunday norasmiy davra suhbatini qurmagan. U yana bir ish qilib qo'ydiki, na o'zi va na biz buni bilganimiz yo'q. Bunga etibor qaratganimiz yo'q.
7. BADBO'Y ATAMALAR
“Paxtakorda” uchrashuv tugugach, er ostidan chiqib, O'FF binosiga qarab ketayotgan edim. Ortimdan Zafarjon etib keldi. “Lafzim bor, vada berganman, inglizlar bilan soat ikkida boshlanadigan uchrashuvga borishim kerak”,- desam-da, holi jonimga qo'ymadi. “Men ham vada berdim, sizni yuzlashtirishim kerak”- deb er ostiga qaytishimni iltimos qildi. “Zafarxo'ja bilan uchrashib, yuzlashib orqaga qaytib keta berasiz”,- deb yo'limni to'sib tursa bo'ladimi? Noiloj orqaga qaytdim. “Paxtakorda” media markaz er ostida tribunalar tagida joylashgan. U erga yana bir marta tushib chiqish kerak bo'lmoqda. Babayan bilan davra suhbati shu erda bo'lib o'tdi. Majlis tugab shu erdan har tomon tarqalib ketayotgan edik.
Boya aytdim, Babayanning kirish so'zidan keyin birinchi bo'lib Zafarjon savol berishni boshlab bergan edi. U odatga ko'ra avvalo yangi lavozim bilan Babayanni tabrikladi. SHundan keyin savollarini berdi. Tantanavor majlisga o'xshagan narsa boshlanib ketdi. Hamma o'z savolini Samvelni qutlashdan boshladi. Samveljan savol-javob keyin bo'ladi, deb qayta-qayta aytsa-da, uchrashuv rasmiy anjumanga o'xshab qola berdi. Menga bu xol yoqmadi. Hammaning dildagi gaplari tilga chiqishini xoxladim. So'z olib, “folga yaqin o'ynab” rostmana tortishuvni boshlab berdim. Gap bunday bo'ldi.
Oldinlari yo Qosimov va yo Abramov termaga har gal tayinlangan paytlari jurnalistlar ikki taraf bo'lib qolishar edi. Abramov yoshlarni 2008 yilgi olimpiadaga tayyorlagan paytidan boshlab termada ikki marta ishlagan bo'lsa, Qosimov ham ikki marta termada ishladi. Ular bir-birini almashtirib turishdi. Ulardan biri termada ishlay boshlashi bilan, jurnalistlarning yarmi birinchi kundan boshlab murabbiyga tish qayrasa, boshqa yarmi uning tarafdori bo'lib yo'liga poyandoz bo'lishar edi. Tish qayraganlar terma jamoaga yomonlik tilamasa-da, hayrixohlik ham qilishmas edi. Murabbiyning xato qilishini kutishar edi. Poyandoz bo'lguvchilar uning tarafini olib, har qadamini bo'yab, maqtovlarni yog'dirib, uni farishtaga aylantirib, ko'kka ko'tarishar edi. Bu hol ishqibozlarga ham tasir qildi. Albatta, terma o'yinchilariga ham tasir qilar edi. Ishqibozlar ikki taraf bo'lib ketishdi. Klub emas, gap terma jamoa haqida ketmoqda. Bu qanchalar abgor holat ekanligini hamma bilsa-da, buni hech kim to'xtatishni o'ylamas edi. Bizda “qosimovchi”, “abramovchi” degan badbo'y atamalar paydo bo'ldi. Qosimov xatolarini tanqid qilib maqola yozsam, “qosimovchilar” meni o'ziga dushman qilib olishar, bazan uyga telefon qilib, duelga- yuzlashtiruvga chaqirishar edi. Abramov xatosini taxlil qilsam, “abramovchilar” ijtimoiy tarmoqlarda meni sotqinlikda ayblab so'kishar edi.
Bu illatni futbolchilar, yo murabbiylar, yo ishqibozlar boshlab bergan bo'lsa mayli edi. Bu qanday bedodlik, nodonlik bo'ldi-ki, bu tarafkashlikni jurnalistlarning o'zi boshlab berishgan edi. Bu qanday ko'rgilik ekan-ki, o'g'lim tengi hamkasblarim menga dushmanlik qilishga chog'lanib yurishsa. Babayan o'z nutqida jurnalistlarni terma atrofida hamjihat bo'lishga undab bizlarni bir joyga yig'ganini aytgan edi. Men so'z olib, tarafkashlikni yo'qotmas ekanmiz, hech qachon hamjihat bo'lolmasligimizni aytib zorlandim. Bu illatga butun g'azabim bilan tashlanib, hayajon bilan gapirdim. O'tirgan jurnalistlar ikkiga bo'linib ketdi. Mavzuga befarq o'tirgan odamlar qolmadi. Etirozlar yog'ilib ketdi. Tarafkashlik futbolga hos narsa emush. Tarafkashlik ishqibozchilikka xos narsa, jurnalistikaga emas. Rang-baranglik tarafkashlik emas. Vatan bitta, yurt bitta. Terma jamoa murabbiyi bitta. Unga qarshi turish mumkinmi? Jurnalist terma tugul, xatto klublarga qarshi tarafkashlik qilishi mumkin emas. Jurnalistning o'z sevgan klubi bo'lishi mumkin emas. Rassom o'z ishida oq va qora ranglarni olib tashlaganiday, jurnalist hech kimni oqlashi yo qoralashi mumkin emas. Jurnalist insonga nisbatan yaxshi va yomon so'zini ishlatmagani maqul. Bunday baholarni yaratganga qoldirsin. Tahlil, faqat tahlil bo'lsin.
8. BIZ EVROPALIK EMASMIZ
SHunday gaplarni qizishib, ehtiros bilan gapirdim. Majlis odatiy o'tishini, odatiy savollarga silliq javoblar berishni kutganlar, mendan norozi bo'lishdi. Ularning tinchi buzildi, halovati yo'qoldi. Lekin indamay o'tirishdi. Boshqalar men kabi dildagi gaplarini ayta boshlashdi.
Avtoritet hukmronlik qilgan joyda jurnalistika o'ladi. Jurnalist uchun avtoritar mavzu, yo'nalish, odam, amal, amaldor bo'lishi mumkin emas. Men uchun ham bundaylar yo'q. Atrofimizda ham, jurnalistlar ichida ham men uchun avtoritet umuman yo'q narsa. Jurnalistning kattasi yo kichigi, buyugi yo tubani, yoshi yo qarisi bo'lmaydi. Jurnalistning haqiqiysi-yu soxtasi bo'ladi. Men tortinib, achinib aytadigan haqiqatim shuki, bundan o'n yilcha oldin, balkim undan avvalroq, tarafkashlikni yurtimizda hurmatli, ardoqli bo'lgan Jurnalist boshlab bergan edilar.
Bu bilan futbolimizda taniqli bo'lgan Nom tillarda payrov bo'lishiga o'zlari sababchi bo'lgan edilar. Jurnalist futbolchi bo'lgan ukasini, do'stini, qo'shnisini ko'klarga ko'tarib maqtamoqchi bo'lsa, ertasigayoq kamchiligini ko'rsatib uni tanqid qilishi kerak. Yoki holis bo'lolmasa, butunlay jurnalistikadan ketishi kerak. Bunday bo'lmadi. Axbor-aka Mirjalolning shahsiy hayotida yaqin odamga aylanib, uni ko'klarga ko'tarib maqtashni boshlab berdilar. Abrorxo'ja davom ettirdi. Zafarxo'ja jo'r bo'ldi.
Yaxshiyam Evropalik emasmiz. Yo'qsa mazkur jurnalistlar jonbozlik ko'rsatib “Paxtakorga” yaqin joyda Mirjalolning haykalini o'rnatisharmidi? Haykalni emas, yurtimizda Mirjalol Qosimov nomidagi futbol maktabini lenta qirqib ochib kelishga ulgurishdi. Bunga javoban boshqa jurnalistlar atayin Mirjalolning nuqsonlarini qidirishga tushishdi. Mirjalol termadan ketgach undan keyin termaga bosh murabbiy bo'lgan kimsaning nomini unga qarshi qilib qo'yishdi. U Abramov edi. Tarafkashlik kun sayin avjga chiqib ketdi. Bu narsa nimaga olib kelganini bilasiz. Abramov haqida iliq fikr bildirgan futbolchini Qosimov yoqtirmay qolardi, va aksincha. Jurnalistlarimizning tarafkashlikdan kelib chiqqan har xil intrigalari bilan saytlar, sahifalar to'lib toshar edi. Albatta ular silliq qilib suvalgan bo'lar edi. Ijtimoiy tarmoqlar esa, aksincha ishqibozlarning beparda, besuvoq, ochiqdan ochiq dahanaki janglari bilan to'lib ketar edi. Bir bezori ishqiboz ”Bitta qosimovchini tutib olib urib-urib alamimdan chiqib olsam, diyman. Moshinamni urib oluvdim. Qo'lim qichib turibdi”, desa bo'ladimi? Tarafkashlar xozirgacha bir-biri bilan Abramov yo Qosimov deb yoqalashishgacha tayyor bo'lib yurishibdi. Bu qanday bedodlik.
9. ZAFARJON NIMA ISH QILGANI O'ZI BILARMIKAN?
Bir og'iz qizg'in munozaradan keyin majlis jilg'asi sokin oqa boshladi. Man jimib koldim. Yig'ilgan ko'pchilik jurnalistlar obro'ni saqlab viqor to'kib o'tirishni, savlat bilan, odatga ko'ra hushsurat silliq gapirishni, his-hayajonga berilmay, to'lib-toshmay hushbichim muomala qilishni yoqtirishadi. Ko'pchilik uchun gaplarim tovonga kirgan chaqir tikanakday bo'lgan edi. Ularning aytar gapi, yozar so'zi ust kiyimiday orasta bo'lishi kerak. Harakatlari ohista bo'lishi kerak. SHunga ular amal qilishadi. Keskin harakat, keskin so'z, keskin fikr ularga yoqmaydi. Buni ular yoqtirishmaydi.
Jurnalistlarda betaraflik, demak holislik yo'qolgan, demoqdaman. SHunday ahvolda savlat to'kib majlisda o'tirishni, savlat bilan silliq, javobi muhum bo'lmagan savollar berishni maqul ko'rgan odamlarni qanday tushunay? Etmushga borib qolgan qariya ishqiboz jurnalistikamiz boshidan kechirayotgan jirkanch holatdan o'rtanib gapirsa-yu, ular orasta o'tirishsa, ohista gapirishsa, sarishta yozishsa bu qanday odob bo'ladi-yu, qanday odat bo'ladi?.
Ular majlisning silliq tugashini taminlashdi. Suvoqchilikning ildizi shu erdan quvvat oladi. O'zimiz buni sezmagan holda munosabatni, yozuvni, aytar gapni silliqlab yuramiz. So'ngi voqea fikrimni tasdiqlab turibdi. Zafarjon Zafarxo'ja iltimosiga keskin fikr bildirgisi kelmadi, niyatini qoralab tashlamadi. To'g'ri yo'lga boshlamadi. Hayotda ko'p uchraydigan ushbu holatda vaziyatni boshqarolmadi. U keskinlikni yumshatib,tafovutni andavalab mening ketimdan yugurdi...
“Men sening duelingda sekundant bo'lmayman, bu xizmatga boshqa odamni yolla. Yoshi katta odam. O'zing ketidan yugurib o'ziga yuzlan. U kishi sen bilan yuzlanish uchun pastga tushsinmi? Yuzlashishni xohlasang, O'FF saytimiz xizmatinga tayyor. Sen nohaq deb bilgan odamning xatosini ko'rsat. Seni butun yurt taniydi. Atoqli odamsan. Ardoqli bo'l”, degan keskin harakat va to'g'ri so'zlar bilan vaziyatni boshqarsa bo'lmasmidi? O'rtakashlik qildi. Uning nomidan harakat qilganini tushunib, oldimda savlatini sozlab oldi. “Bu mening xohishim emas, Zafarxo'janing xohishi”, deb oldimda qo'ygan qadamini andavalab oldi. Zafarjon Qosimov mahoratli, vijdoni toza jurnalist bo'la turib shunday ish qildi. Andavakashlik ildizini Sizlar ham, azizlarim, ko'ra oldingizmi? Ildiz er emas voqea ostiga, hayot ichiga chuqur ketgani uchun uni o'z ichimizda ham ildiz otganini bilmay qolmoqdamiz. Zafarjon o'zining bir tanqidiy maqolasida kelishuvlarni qoralayman deb keskin gapirishga majbur bo'lganidan keyin so'zlar ustini andavalab, kechirim so'raganday bo'lib, bu maning shahsiy fikrim, deb yozgan edi. “Aksirsang og'zingni yumib, ovozingni chiqarmasdan aksirma. Bor ovozing bilan, dastro'mol tutib, hamma yoqni larzaga solib aksir”, deb aytilgan gaplar bilan javob maqolasini yozgan edim. Sarlavhasi ham “Aksirish” edi. O'shanda suvoqchilik ildizi qaerda ekanligini ko'ra olmagan ekanman. “Duel”voqeasidan keyin suvoqchiligimiz hayotimizga singib-singib ketganini yaqqol ko'rib qoldim. Buni ko'rishga Zafarjonning oxirgi harakatlari yordam berdi. U bilan bir ozdan keyin O'FFning anjumanlar zalida yonma-yon o'tirdim. O'shanda jurnalistikamizning yana bir “nurli” qirrasini ko'rib qoldim. Hafsalam birpas bo'g'ilmay tursin. Bu haqda keyinroq bo'g'ilaman.
10. QUDA TARAF KIMU, BIZ KIMMIZ?
Yaxshiyam O'FFning xovlisida qizlar futbol o'ynashmoqda ekan. Qoq peshinda, issiqda berilib futbol o'ynayotgan bu qizlarni ko'rib ko'zlarim jangovor, matonatli, sof raqobatdan tasalli topdi. Ko'zim quvnab bir oz engil tortdim. Hotirjam holda o'zimni, o'sha voqealarni tahlil qila boshladim. Babayan uyushtirgan majlis so'ngida nega faol bo'lolmaganimni tushundim. O'zimni aybdor his qilayotgan ekanman. CHunki, vajohat ustida aniq qilib shahslar nomini aytmasdan, “sulola” so'zini ishlatib yuborgan ekanman. Ming afsus...
Zafarjon bilan bo'lib o'tgan boyagi gaplardan oldinroq Diyorxo'ja sulola shanini himoya qilaman deb ortimdan yugurib chiqqan edi. Birgalikda zinadan ko'tarila turib, amakisida ayb yo'qligini isbot qilmoqchi bo'lgan edi. Aliboboning o'z iltimosiga ko'ra TVda mazkur (mashum desak ham bo'la beradi) ko'rsatuv efirga chiqqanini aytib, tanqidimni noo'rin deb qoraladi. Ushbu so'zlardan keyin iztirob chekishdan qutildim. Sulola so'zini ishlatib to'g'ri gapirgan ekanman.
Zafarxo'ja yo men jurnalistikadan ketsak, hech narsa o'zgarmaydi. Hayot to'xtab qolmaydi. Men xato qilsam, ishimdagi bunday nuqson ajdodim shaniga borib tegmaydi. Zafarxo'ja o'z ishida yo'l qo'ygan har bir qusur sulola shaniga borib tegadi-ku. Diyorxo'ja mendan oldin, efirdan oldin amakisining har bir ishini tuzatmaydimi, uning oldida eng qattiqqo'l tanqidchi bo'lmaydimi? Ularni yurt taniydi-ku. Sulola shanini, jurnalistika shanini himoya qilish uchun barcha ishni qilmaydimi? Mening oldimda amakisini himoya qilmoqchi bo'ldi. Men hech kim emasman. Yurt oldida, Futbol oldida uni kim himoya qiladi? Faqat amakisining o'zi! Men tanqid qilmasam, yurt bilmay, ko'rmay, eshitmay qoladimi? Bekor gap. Yurt hamma narsani ko'radi, eshitadi, yillab esda tutadi. Yurtdan hech narsani yashirib bo'lmaydi. Bu gaplarni Diyorxo'jaga aytolmadim. O'FF zoliga shoshilayotgan edim. SHu gaplarni aslida Zafarjonga ham aytishim kerak edi.
Zalda “Lokomotiv” taklif qilgan ingliz mutahassislari bilan savol-javob bo'layotgan edi. Zafarjon yonimda o'tirib boyagi jon kuydirib aytgan gaplarimni qoraladi. “Quda tomonga aybu nuqsonlarni ochib tashlamaydi-ku odam”, deb gapini izohladi. Ana halos...Bu achigan gap bo'ldi-ku.
11. TOQQA CHIQMASDAN DO'LANA EYISH
Munozaraning o'rni emas edi. Gapiga qo'shilmasligimni aytdim. Uning bu gaplari suvoqchilikning boshqa bir o'q ildizini menga ko'rsatib berdi. Bu ildiz toqqa chiqmasdan do'lana eyish, jafo chekmasdan, jon kuydirmasdan futbol ko'rish, va maqola yozishdir.
Yangi habar katta tezlikda butun el-yurtimizni aylanib chiqdi. Xozir ham Babayan mavzusi dolzarb bo'lib turibdi. Yurtimizning barcha ishqibozlari Babayanga yangi bir umid bilan qarashmoqda. Anjumanlar zolida 30ta jurnalist emas, 30mln O'zbekiston aholisi kirib o'tirganday bo'lmadimi? Babayan hamjihatlik deb sizlarga qo'l cho'zib iltijo bilan qarab turibdi. Siz orqali butun O'zbekiston aholisiga qo'lini cho'zib turmayotibdimi? Quda tomon kim? Babayan quda tomon bo'lsa, biz kimmiz? Jurnalistlar boshlab bergan tarafkashlik butun futbolimizga zarar etkazmayotibdimi? Aybimiz ham o'rtada, yutuqlarimiz ham o'rtada emasmi? Ishqibozchilik o'zagi, mag'zi elkadoshlik emasmi? Hamdardlik emasmi. Jamoa deb, terma deb, Yurt deb jafo chekish emasmi? Man Babayan bilan elkadosh bo'lishga tayorman. Quda taraf emasman.
“Transportniy”da chorak final o'yinida “Lokomotiv” “Metallurg” bilan uchrashdi. Ayni payt Toshkentda, yurtimizda, Evropada boshqa o'yin yo'q edi. Ishqibozlar siyrak bo'lsa-da, doim qatnaydiganlari ko'p. Bir birimizni tanimiz. Baqirib, qiziqib, epizodlar ustida bahslashib o'yinni kuzatdik. Hammamiz “Lokomotiv” o'yinidan norozi bo'b qoldik. Ishqibozlar burjining yuqoridagi qatoridagi yog'och skameykada terma jamoaning yangi tarkibi yonma-yon o'tirib futbol tomosha qilishar edi. Samvel Babayan, Ravshan Haydarov, Viktor Jalilov, Anvar Rashidov va yana allakimlar bir qator bo'lib o'tirishib, birgalikda o'yinni ko'rishar, tahlil qilishar edi. Hamma ishqibozlar teppaga qarab olib, “Babayan, Babayan” deb bir-biriga pichirlab, teppaga ishora qilib qolishdi.
Kim quda taraf? Jurnalistlar uchun tepada o'tirgan terma murabbiylarimizning to'liq tarkibimi, yo pastdagi ancha yildan beri siyraklashib qolgan ishqibozlarmi? SHu o'yinga, O'zbekiston kubogining chorak final o'yiniga jurnalistlar kelmagan edi. O'yindan keyingi matbuot anjumaniga ikki raqibning matbuot kotiblaridan boshqa hech kim kirmadi. Hech kim!! Men ishqibozlar vakiliman. O'zbek futboli oldida, jon kuydirib o'tirgan ishqibozlar oldida, terma jamoamiz raxbariyati oldida jurnalistlarning o'zi “Quda taraf” bo'b qolishmadimi? Hizmatini futbolimizga o'lchab ko'rsatadigan, manfaati bo'lmasa, futbol ko'rmaydigan, O'zbekiston kubogi chorak final o'yinini muhum sanamaydigan, jon kuydirmay sahifa betini, monitor yuzini ko'chirma h
O’xshash yangiliklar

Fikrlar