So’nggi yangiliklar

09:07Goal нашри "Олтин тўп"га асосий номзодлар рейтингини тузиб чиқди  2 08:39Каземиронинг МЮдаги келажаги маълум  2 08:08Расман. "Рома" яна бир трансферни эълон қилди  7 07:40Бугун Ўзбекистон МТЖ ЖЧ-2026 саралашининг 3-босқичидаги илк учрашувини ўтказади  12 00:45Юртимизга куз кириб келди, қалбимизда эса ҳамон ёз ҳукмрон  5 00:31Эра ўз якунига етди... 2003 йилдан бери илк бор Роналду ва Месси "Олтин тўп" учун номзодлар рўйхатига киритилмади  17 00:11"Олтин тўп" учун 30 нафар номзод номи эълон қилинди. Улар орасида Роналду ва Месси йўқ  11 23:50Унаи Симон, Лунин, Эми Мартинес ва бошқалар — France Football йилнинг энг яхши дарвозабони бўлиш учун номзодларни эълон қилди  2 23:29France Football йил клуби номинацияси учун номзод жамоаларни эълон қилди  4 23:06Хаби Алонсо, де ла Фуэнте, Анчелотти — France Football талқини бўйича йил мураббийи ким бўлади?  7 22:48"Қўқон-1912" қачон ўз стадионига қайтади? Жамоа бош мураббийи жавоб берди  2 22:32Ямаль, Гюлер, Гарначо — France Football йилнинг энг яхши ёш футболчиси бўлиш учун номзодларни эълон қилди  5 22:20Осимхен расман ижара асосида турк клуби ўтди. "Наполи" футболчини бепулга ижарага берди, аммо...  2 21:47Девид Бекхэмнинг 22 ёшли ўғли кутилмаганда футболни тарк этди. Энди у фаолиятини модел сифатида давом эттиради  3 21:18Гейнрихнинг сўнгги голи ва Абрамовни истеъфога чиқарган Ҳалатбори — Ўзбекистон терма жамоаси ЖЧ саралашининг сўнгги босқичларини қандай бошлаган?  12

Nodirxo'ja Yuldashev: 2008 yilga etib keldik, buyog'i qiziq. "Oskar"ga teng o'yin, yongan o'tni o'chirgan Zayniddin Tojiev Yangiliklar

Nodirxo'ja Yuldashev: 2008 yilga etib keldik, buyog'i qiziq. "Oskar"ga teng o'yin, yongan o'tni o'chirgan Zayniddin Tojiev

2008 yilgi xotiralarni yozish oson bo'lmagani uchun orada uzilish katta bo'ldi. CHunki aynan shu yildan boshlab men klub strukturasida ishlay boshladim va endi futbol ichiga kirgan edim.


Bir yil avval “Mashal” klubining internetdagi veb-sahifasini tayyorlagan edim. Internet yo'nalishida ishlamaymanmi, bu paytda “Paxtakor”dan keyingi eng yaxshi bo'lib turgan klub o'z rasmiy veb-saytiga ega bo'lishni istagandi. Bundan Erkin Xolboboning (u paytlar “O'zbekiston ovozi”da ishlar edi) xabari bor, menga ish taklif qildi.


– Nodir, Nuriddin Zaynievichning shaxsan o'zi meni ishga chaqirdi, men bilan birga “Nasaf”da ishlaysanmi?

–  Maosh qancha u erda?

– 250 ming so'm.

– SHu erda bersam-chi?

– Mayli.


Ishim qiyin emasdi, klub saytini yaratish va uni to'ldirib borish hamda o'yinlarni rasm olish. Adashmasam, 250 000 so'm maosh. Qarshi tomon yo'lga chiqdik. Erkin aka har yarim soatda Nuriddin Zaynievga qo'ng'iroq qiladi. Ichimda o'ylayman, rostdan hokim bilan gaplashadimi bu kishi? Buni qarangki, Qarshiga kirishimiz bilan viloyat hokimiyati tomon yurdik. Erkin aka kotibaga, – aka shu erdamilar? dedi-da taqillatib kirib ketdi. Qoyil, rostdan ham hokim bilan “pryamoy” ekan. Haqiqatan ham rahmatli Nuriddin Zayniev Erkin Xolboboni yaxshi tanirdi. Gazetadagi faoliyati orqali qadrdon bo'lib qolishgan. Bizni Norqul Daminovga topshirishdi. Erkin aka maoshlarni kelishib oldi. 1 oyga yaqin ishladim, ammo moyanadan darak yo'q. U paytlar matbuot xizmati degan tizimning o'zi bo'lmasdi. Faqat “Paxtakor”da Ulug'bek Mirzaev va Baxtiyor SHirinov ishlardilar. “Quruvchi” 2007 yilda Abror Imomxo'jaev bilan hamkorlikni boshlagandi. Qisqasi, qarasam yosh bolani aldashadi. Bu paytda “Paxtakor”dan birdaniga Ulug'bek aka va Baxtiyor aka ketadigan bo'lishdi. Ularning o'rniga Mirzahakim aka matbuot xizmati rahbari bo'ldi. SHunda kimdir Samvel Babayanga ikkinchi xodim shtatiga meni tavsiya qilgan. – Baribir shu erda yuradi, undan ko'ra ishga olib qo'yaylik, rasmga ham olib yuraveradi. Babayan oldiga kirganimda nima reja qilayotganimni so'radi, “Nasaf” haqida aytdim.


Qisqa dialog va men 2004 yilda kelgan klubimga rasmiy ishga qabul qilindim. Fan klubni esa Rovshanga topshirdim. Uni ko'pchilik muxlislar yaxshi tanir edilar. Fan klub va matbuot xizmati xonasida yana birgalikda qolaverdi. Endi men Mirzahakim aka bilan birga ijod qila boshladim. “Paxtakor” saytini yangiladik. Bu paytda 4-kursda o'qiyman, bir kun xabar keldi: Akmal Xolmatov va Nodir Qo'ziboev “Paxtakor”ga o'tdi. Mendan baxtli odam yo'q edi. Xolmatov “Neftchi”ning afsonasi bo'lsa, Qo'ziboev kelajak futbolchisi edi. Endi tasavvur qiling, “Paxtakor” yarim himoyasi Odil Ahmedov, Timur Kapadze, Server Jeparov, Ildar Magdeev, Akmal Xolmatov, Renat Bayramov va Nodir Qo'ziboevdan iborat bo'lsa. OCHLda ham favoritga aylanishi mumkin. Lekin quvonchim uzoqqa cho'zilmadi. Qo'ng'iroq bo'lyapti:


– Allo!

– Nodirxo'ja, yaxshimisiz?

–  Bahodir, o'zingiz yaxshimisiz, nima gaplar? “Quruvchi”da ish avjidami?

– Ha, nimasini aytasiz, iloji bo'lsa Anvar Soliev, Server Jeparov va Timur Kapadzening suratlaridan bering. SHokka tushdim: bildimki, bu futbolchilar “Quruvchi”ga o'tadi. Bejizga u erda ish boshlagan Bahodir Mirzaev mendan bu futbolchilarning suratlarini so'ramaydi. O'ylaganim rost bo'lib chiqdi. Turkiyada o'tkazilgan xorij yig'inidan keyin bu uch futbolchi “Quruvchi” tarkibiga borib qo'shilgan edi. Ikki kun oldingi quvonch, azaga aylandi.


Bahodir futboldagi yaqin do'stlarimdan biri. Avvalo tengqurmiz, birga ijodni boshlaganmiz. 2006 yil Chat.uz degan sayt bo'lardi, o'sha erda tanishganmiz. Keyinchalik bilsam, ustozim Ulug'bek Mirzaevning ukasi ekan.


Men uchun bu uch futbolchi dushmanga aylandi, toki, ular nima uchun “Paxtakor”ni tark etmaganliklarini bilmagunimcha. Anvar Solievni yoshi qolganlarga nisbatan katta bo'lgani uchun “Paxtakor”ning o'zi pul ishlab olsin deb transfer qilgan edi. Buni bilardim. Babayan Kapadzening ketishiga uncha etibor bermagan. Uning o'rni allaqachon Odil Ahmedov bilan yopib bo'lingan. Ammo Serverni “Quruvchi”ga o'tishi unga zarba bo'lgandi. Server bunday qilishiga sabab, Samvel Babayan uni Rossiyaga sotishga vada berib, ammo transfer narxini baland aytgani va u jamoaning rozi bo'lmagani bo'lgan. Jahli chiqqandi, Jeparov erkin agent sifatida “Quruvchi”ga o'tib ketganiga. SHunday ekan, keyinchalik asl voqeani bilganimdan keyin Jeparov aslida to'g'ri qilganini tushunganman.


CHempionat starti oldidan “Paxtakor” yosh Darko Markovichni “zayavka” qildi. U paytlar Darko “Paxtakor” yulduzi bo'la olmasdi, lekin hozir uning saviyasidagi o'yinchi kelib qoladigan bo'lsa, shubhasiz chempionatimizning eng yaxshi o'yinchisi bo'ladi. 21 yoshli futbolchi markazda Odil Ahmedov bilan harakat qila boshladi. Debyut o'yinidayoq “Neftchi” darvozasini ishg'ol qildi.


“Quruvchi” bilan raqobat shu darajada bo'lganki, bunaqa raqobatni hali beri o'zbek futboli ko'rmasa kerak. Ikki jamoa murabbiylari, futbolchilari, marketing xodimlari, matbuot kotiblari, muxlislari, har tomonlama raqobat edi. “Paxtakor” rahbari istiqomat qiladigan hududga “Bunyodkor” bannerini osishgan, bunga javoban “Paxtakor” marketing bo'limi keyinchalik «Jar»da o'ynagan jamoaning qarshisidagi eng katta bannerga “Paxtakor” suratini ilgan. Kim saytiga ko'proq malumot qo'yadi. Kimnig muxlisi ko'proq o'z rangiga ega futbolkalarda bo'ladi. Mana haqiqiy raqobat qanday edi. SHu kungacha futbolchilar u qadar katta pul olmagan. “Quruvchi”ning futbolga kirib kelishi, maoshlarni 5 barobargacha oshirib yubordi. Lekin “Quruvchi”dagi maoshni hech bir klub bera olmasdi. O'sha paytlarda hatto Rossiya klublarni bu maoshni ko'tara olmasdi.


O'zimga qaytsam, men endi “Paxtakor”ning bir bo'lagi sifatida, jamoa avtobusida yuradigan bo'ldim. O'tgan yili yonib ketgan bu avtobusning qandaydir fayzi bor edi. Haydovchi Hamid aka necha yillardan beri “Paxtakor” xizmatida. Mustaqillik yillaridagi deyarli barcha murabbiy va futbolchilarni tashigan, ko'rgan. U kishi bilan uzoq safarlarga chiqqanda yonma-yon o'tirib ketish ajoyib edi. “Paxtakor” raqobat tufayli matbuot xizmatini safarga olib yurardi, “Quruvchi” esa bu lavozimga boshqacha qarardi. Matbuot kotibi futbolchilar bilan bir xil ko'rilardi. Mukofot pullari ham, kiyinishi ham futbolchilar bilan bir xil bo'lardi. “Paxtakor”da esa talab “Quruvchi”niki kabi ammo, maoshga kelganda faqat futbolchi va murabbiy uchun sharoit yaxshi edi. “Paxtakor”ning yagona yutug'i, u erda ishlaydiganlar pul uchun emas, logotip uchun borishida edi. Tirikchilik qilgan, qilaverardi. “Pressa”da qaerdan tirikchilik bo'lsin. Yaxshi ham gazetalar bor, gonarar chiqib turadi. O'sha yillari O'zbekiston bozoriga AQSHdan noutbuklar kirib kela boshladi. Akam AQSHga ko'chib ketgan, oyda 1-2 dona noutbuk yuboradi, men esa uni Torg.uz sayti orqali sotaman. Bittada uchib ketardi, chunki kamnamo narsa edi. Keyinchalik oylik pastligi uchun birinchilardan bo'lib mana shu saytda Iphone sotdim. 2 yilga yaqin parallel tadbirkorlik qildim. Bo'lmasam, bu oylikka yashab bo'lmasdi. To'g'risi, “Quruvchi”ga juda havas qilardim, maoshiga. Lekin, o'sha paytda shunday tushuncha bor edi-ki, u erga faqat dushman o'tishi mumkin. Kim “Quruvchi”ga o'tsa gaplashish ham mumkin emasdi.


Men uchun maoshdan ko'ra, kuni kecha o'zim muxlislik qilib yurgan futbolchilarim bilan birga yurish edi. Avtobusda yagona ekipirovka kiymaydigan kishi men edim. Butun jamoa bir xil yurardi. Birinchi ekipirovkani 2010 yil olganman. O'shanda ham Miodrag Radulovich, komandada hamma bir xil yursin degani uchun berishgan. Hozirgi “Paxtakor” avvalgisidan mana shunisi bilan tubdan farq qiladi. Bugun u erda hamma xodimga futbolchidek munosabatdalar. Lekin u davrdagi “Paxtakor”dagi muhit, menimcha boshqa hech qaerda bo'lmagan va bu muhitni qaytarish ham qiyin bo'lsa kerak. “Paxtakor” bir oila edi. U erda yulduz bo'lmasdi. Zayniddin Tojiev bo'ladimi yoki yosh Ahmedov. O'rinbosarlar safidan endi o'tgan Andreevmi, farqi yo'q. “Paxtakor”dagilar bir-birini xafa qildirib qo'ymasdi. U erda yoshlarga bo'lgan muhabbat boshqacha edi. Yoshlarga raqobatchi sifatida emas, ertangi kun kelajagi sifatida qarashardi. Ilhom Suyunov va Anvar Soliev Odil Ahmedovning muvaffaqiyatida katta rol o'ynadi. Keyin xuddi shu ishni Odil Davron Hoshimov va Vladimir Kozak bilan amalga oshirdi. Krimecni katta qilgan Kamoliddin Tojiev va Ilhom Suyunov edi. Qaerda bo'sh joy bo'lsa, avtobusda o'sha erda o'tirardim. Orqa tomonning salobati bosardi. Nesterov, Tojiev, Geynrix, Xolmatov, Magdeev u erda «qirol sher» edilar. O'yinga va o'yindan keyin telefonida musiqa eshitib ketadigan Odilgina bir o'zi o'tirardi. Jamoada yurganlar yaxshi biladilar, avtobusning boshida murabbiy, keyin shifokor, keyin massajchilar, undan keyin futbolchilar qatori boshlanishini biladilar. Eng birinchi futbolchi qatorini Odil boshlab berardi. SHovqinni xush ko'rmagani uchun orqaga o'tmasdi. Lekin maydonda umuman boshqa insonga aylanishini o'shanda bilganman. Timur Jo'raev ham o'zi bilan o'zi ovora o'tirardi. Anvar Rashidov - jamoa kayfiyatchisi. Anzur esa Uche bilan do'st edi. Futbolchilar u bilan hazil qilishni yaxshi ko'rardilar. Mana shu avlod bilan necha yil avtobusda birga yurgan bo'lsam, biron marotaba mag'lubiyatdan keyin urishganlarini ko'rmaganman.


“Al Qodisiya” bilan o'yinga charter reysda boriladigan bo'ldi. U paytlar hammada ham ovir stikeri bo'lmasdi. “Paxtakor” muxlislariga uchishga 5 kun qolganida kimning «oviri» bo'lsa safarga olib borishlari haqida elon qildik. Mening ham birinchi xorij safarim Quvayt bo'ldi. 4-kursni endi bitirayotgandim. Ikki kunlik safar o'zgacha xotiralar bilan qoldi. O'sha o'yinni ko'rgan muxlislar yaxshi biladilar, hakamlar “Al Qodisiya”ning g'alabasini chin dildan istadilar. “Paxtakor” urgan gol hisoblanmadi, durang esa raqib foydasiga edi. O'yindan keyin “Al Qodisiya” muxlislari “Paxtakor” ishqibozlari tomon “ishkal” qilish uchun yugurib qoldilar. Aslida ular o'zlari bilan o'zlari ovora, yomon kayfiyatda o'tirgan edilar. SHunda, 2000 yilgi yunon-rum bo'yicha Olimpiada ishtirokchisi SHermuhammad aka (SHer aka derdik) o'zi o'tirgan o'rindiqni bir kuch bilan sug'urib oldi-da (uzun taxta edi, taxminan 7 metr keladigan, eni 10-12 sm.) ular tomon «kontr ataka»ga o'tgan ham ediki, bir necha nafar arablar orqaga qarab chopa boshladi.


“Paxtakor” ketma-ket ikkita safar o'yinida durang o'ynadi. Birinchisi o'sha davr uchun kuchli bo'lmagan “Lokomotiv” bilan, ikkinchisi “Mashal”. Bu paytda “Mashal”da Davlatov tomonidan keng ko'lamdagi ishlar bajarilib qo'yilgan, bir necha yil avval qilingan mehnat tufayli, akademiya meva bera boshlagan edi.


Birinchi davraning so'nggi turida “Paxtakor” o'z maydonida “Bunyodkor”ni (“Quruvchi” nomidan “Bunyodkor”ga o'zgardi) qabul qildi, yangi tamirdan chiqqan stadion muxlislar bilan to'lib toshgan. Vilyanueva hisobni ochdi, Geynrix tenglashtirdi. Undan sal avval penaltini noaniq bajargandi. Yillar o'tib bu o'yin tarixini Geynrixning o'zidan eshitganimiz maqul. Bu paytlar 4 nafar futbolchining telefoniga tinmay qo'ng'iroq bo'lardi, “Bunyodkor”da seni kutyapmiz, kelishing bilan BMW va umringni oxirigacha etadigan maosh. Ammo har safar Odil Ahmedov, Aleksandr Geynrix, Ilhom Suyunov, Zayniddin Tojievdan yo'q degan javobni olaverardilar. Bu futbolchilar uchun “Paxtakor” nima ekanini, ular bilan yurib ancha yaxshi bilaman, bir gap bilan tariflab bera olmayman.



Ayniqsa, “Bunyodkor” bilan bo'lib o'tgan 16-tur uchrashuvini hech kim unutmasa kerak. Aleksandr Petrov tomonidan sahnalashtirilgan trillerga Oskar mukofotini bersa bo'ladi. Bu o'yin Petrovning faoliyatidagi so'nggisi bo'ldi, uni hech kim jazolamadi. SHunchaki o'yindan keyin, o'yinda bo'lgan vaziyatlarni o'zi uchun tahlil qildi. Vilyanueva shubhasiz chempionatning eng kuchli o'yinchisi edi. O'yin boshidayoq Nesterov darvozasini ishg'ol qilib jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi. O'yin to'liq teng kurashlar ostida o'tdi. “Paxtakor”ning moliyaviy taminotchilari bo'lgan, Rahimovlar o'sha kuni VIPda emas, “Paxtakor”ning oddiy, XB sariq futbolkasini kiyib, burchakda muxlislar uchun ajratilgan tribunada o'tirib ko'rdilar. Bu o'sha payt uchun “CHelsi” muxlislarining Abramovich bilan birga o'tirib futbol ko'rishdek gap edi. 61-daqiqada hech qanday qoida buzilmasa-da, Petrov 11 metrlik jarima nuqtasini ko'rsatdi. Bir yil avval “Paxtakor” safida O'zbekiston chempioni bo'lgan Server Jeparov nuqta oldiga yaqinlashdi. Ignatiy Nesterov esa o'ng tomonga tepilgan to'p yo'nalishini topa oldi. 


 


Hisob o'zgarmay qoldi. Zayniddin Tojievning vajohatini tasavvur qilish qiyin. Nima qilib bo'lsa ham, to'pni darvozaga ursa. Odil o'rtani tozalash bilan band. Magdeev qanotdan hujum uyushtiradi. Fabio Pinto degan futbolchidan “eb qo'ygan”miz. Lekin shunga qaramay maydonga tushgan. 77-daqiqada kambag'alni tuya ustida ham it qopadi deyishganidek, Anzur Ismoiolov qizil kartochka olib “Paxtakor”ni 10 kishi qolishiga sabab bo'ldi. 90-daqiqada “Bunyodkor”ni g'alaba qozonishida hech kimning shubhasi qolmagan edi. Lekin hayotda mo'jizalar sodir bo'lib turadi. Men ham allaqachon “Paxtakor” zaxira o'rindig'iga kelib bo'lganman. O'yinni tugatib qo'yish uchun maydonga qarab turibmiz xolos. Hamma o'rnidan turib olgan. Bir payt qanotdan Islom Inomov reyd uyushtirdi va to'pni jarima maydonchasi ichiga tashladi, Zayniddin Tojiev nima qilganini o'zi ham bilmasa kerak, qanotdan kelgan to'pni boshi bilan Zuxurov darvozasiga joylab qo'ydi. Butun stadion “portladi”! Bunaqa o'yinni men qaytib ko'rmadim. Faqat O'zbekiston – Quvayt 3:2 o'yinini bu uchrashuvga solishtirsa bo'ladi. Hakamning hushtagi endi hech kimga qiziq emas edi. Zaxira o'rindig'idagi barcha, ha barcha maydonga, Tojievni oldiga chopdi. Bu durangni “Paxtakor”ni o'sha paytdagi futbolchilaridan so'rang, kerak bo'lsa chempionlikka almashtirib yuboradilar.



2008 yil cho'zilib ketmasligi uchun, Fabio Pinto transferi bo'yicha to'xtalib o'tsam. “Bunyodkor“dan qolishni istamagan “Paxtakor“ murabbiylari Braziliyaga uchib, mingga yaqin futbolchi turganda, mahalliy agentlar nayrangiga uchib, 15 kg. ortiqcha vaznga ega Fabio Pinto bilan ortga qaytgan edilar. Ronaldino bilan birga yoshlar o'rtasidagi jahon chempionatida g'olib chiqqan futbolchini kelayotganini eshitganimizdan keyin bizdan xursand odam yo'q edi. Ammo futbolchi emas, sumochi kelganini ko'rib hayratimizni yashirmagan edik. Keliboq ko'tarma pulini olgan futbolchi, allaqachon faoliyatini tugatgan bo'lgan. Ammo mo'may pullarni ko'rib qaytib boshlagan. Ko'p o'tmay, Braziliyaga borib kelishi kerak deb uyga ketdi-yu, qaytib qorasini ko'rsatmadi. Qisqasi, “kiydirib“ ketgan edi. O'sha yili Diego Souza degan futbolchi ham kelgandi. U MDH Kubogi finalida “Paxtakor“ darvozasiga hal qiluvchi gollardan birini urgan. Zo'r o'yinchi edi, ammo nima uchun qolmagani yodimda yo'q. Qolmagani yaxshi bo'lgan ham, bitta braziliyalik yaxshi, ikkitasi o'rtacha, uchinchisi rasvo degan naql bor futbol ichida. Braziliyaliklarchalik muhitni buzadigan futbolchilar yo'q. O'sha yili “Paxtakor“ bazasida istiqomat qilishdan ham bosh tortishgan. Hattoki, kiyimlarini kirish xonasida almashtirar edilar. Ular uchun farqi yo'q edi, chunki ular Pelening yurtdoshlari edi.


Davomi bor...


Nodirxo'ja Yuldashev: 2007 yil davom etadi, Odilni men kashf qildim deguvchi murabbiylar va Nepomnyashiyning xotiralari


Reyting:    

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика