So’nggi yangiliklar

11:16Хаби Алонсо Арда Гюлерни "Байер"да кўрмоқчи  0 10:50Лапорта: «Барселона» катта трансферларни амалга оширишга тайёр»  2 10:16«Акрон» Шерзод Эсановни қанчага сотиб олгани маълум  5 09:50Жоау Феликс фаолиятини АПЛда давом эттиради  3 09:47Мўъжиза рўй бермади, аммо ҳали барчаси олдинда. Ўзбекистон – Испания ўйинидан хулосалар  10 09:21Александр Хомяков: «Ёзги йиғинни қандай ўтказганимизни иккинчи давра ўйинлари кўрсатиб беради»  2 08:48«Фулад» Ўткир Юсуповни қанчага сотиб олди?  18 08:20"Футбол бола тилидан" лойиҳаси давом этади. Меҳмонимиз - 12 ёшли Арслан Шакиров  0 07:55Мадрид «отмен». Артём Довбик фаолиятини Италияда давом эттиради  4 07:29Расман. "Бунёдкор" хорватиялик ҳужумчи билан шартнома тузди  3 00:49"Интер" Депайга таклиф юборди  4 00:22Дуглас Коста "Флуминенсе"ни тарк этди  4 23:45Куртуа — жирафа, Рюдигер — псих, Менди — генерал. "Реал Мадрид" футболчилари бир-бирларини қандай чақиришади?  8 23:28"Барселона" Фликни бош мураббий сифатида таништирди  15 23:01Ўзбекистонлик ўсмирлар Японияни тор-мор этди  13

Moziyga qaytib... O'yindan tashqari holat Yangiliklar

Moziyga qaytib... O'yindan tashqari holat

Teglar :  Moziyga qaytib
Yangi mavsum arafasida bazi muammolar echilmasdan, ana shunday vaziyatda qolmoqda.

“O'zbekiston futboli” gazetasining tashkil etilishida bevosita ishtirok etganim haqida avval yozgandim.


Uning deyarli har bir sonida maqolalarim chiqdi, tahliliy sharhlar borasida mushtariylar bilan fikr almashdik. Ular bilan ham “Moziyga qaytib...” rukni ostida tanishtirib bordik. Lekin o'quvchilar orasida tobora ommalashgan ushbu gazetadagi faoliyatim bir yilga ham etmadi. Ketishimga birgina maqola sabab bo'ldi.

Avval aytib o'tganimzdek, 1993 yilning 18 mart kuni O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O'zbekiston Respublikasida futbolni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori elon qilindi. Bu haqiqatan ham yurtimiz futboli sohasidagi tarixiy va olamshumul voqea edi. Biroq uning ijrosi ko'ngildagidek bo'lmadi. Albatta bu haqda yuqori doiralarda gapirilmadi. Lekin futbolimizning oldinga keskin siljishini kutgan mutaxassislarning hafsalasi pir bo'ldi. 

Qaror qabul qilingan yil tugab, yangi mavsum arafasida men ushbu muammo haqida tahliliy maqola tayyorladim va uni bosh muharrirga taqdim etdim. Ko'p o'tmay rahbar meni o'z xonasiga chorladi. U maqola juda dolzarbligi, uni chop etsak katta shov-shuvlarga sabab bo'lishi haqida fikr bildirib, faqat bu bazi amaldorlarga tegib ketishi, keyin ular barcha zaxarli nayzasini men tomon uloqtirishi, shu bois, men hamma zarbani bir o'zim qabul qilmasligim uchun maqolani TAHRIRIYAT imzosi bilan berishimizni taklif qildi. Men rozi bo'ldim, sababi, maqsadim bu maqola orqali o'zimga obro' orttirish emas, balki muammolarni mutasaddilarga etkazish edi. 

Maqola “Mutasaddilarga ochiq xat o'rnida” rukni ostida gazetaning 16-fevral sonida elon qilindi va kutilganidek katta shov-shuvga sabab bo'ldi. O'sha kunning o'zida bosh muharrir meni yana o'z kabinetiga chaqirdi va o'rtamizda quyidagi kichik suhbat bo'lib o'tdi:

  • Davlat sport qo'mitasi raisining birinchi o'rinbosari qo'ng'iroq qilib maqolani kim yozganini so'radi. Imomxo'jaev desam, iya, Axbor aka bunday keskin fikrlar bildirmas edilar-ku deb hayron qoldi. Men, Axbor aka emas, o'g'illari Abror desam, maqola yuzaki, bir tomonlama va umuman, g'arazgo'ylik bilan yozilgan. Muallifga chora ko'rib, bizga bu haqda malumot bering dedi.
  • Maqolani Sizga topshirganimda barcha zarbalarga birga turib beramiz deb tahririyat nomidan chiqargan edingiz. Agar hozir menga chora ko'rilishi lozim bo'lsa, bitta savolim bor: maqola aslida rostan ham yaxshi yozilgan, “yuzaki, bir tomonlama va umuman, g'arazgo'ylik” deb baholanishi faqat yuqori rahbarning qarashimi yoki uning qo'ng'irog'idan keyin Sizning ham fikringiz o'zgardimi?
  • Uning qo'ng'irog'idan keyin yana bir marta sinchiklab o'qidim va bazi joylari bo'rttirilgan, ortiqcha ehtiroslarga berilganini payqadim...
  • Bo'ldi, unda menga qanday chora ko'rish to'g'risida bosh qotirib o'tirmang, o'zim yordam beraman.

SHartta uning xonasidan chiqdim va qabulxona kotibasidan bir varaq oq qog'oz so'rab, o'z xohshim bilan ishdan bo'shash to'g'risida ariza yozdim. Bosh muharrir qiziqqonlik qilmasligim, yuqoridagilarga “hayfsan berildi” buyrug'i nusxasini jo'natishini, men esa bemalol ishlab yuraverishimni takidladi. Men esa o'z bilganimdan qolmadim – hukm qatiy, shikoyatga o'rin yo'q edi...


Abror Imomxo'jaev.


(“O'zbekiston futboli” gazetasining 1994 yil 16 fevral sonidan olingan).


Gazetamizning kelgusi sonlarining birida bu yilgi chempionat kalendar uchrashuvlarini elon qilamiz. Uni qo'lga olgan har bir muxlis o'z sevimli jamoasining bo'lajak o'yinlariga bashorat qiladi, boshqa komandalar imkoniyatini chamalab ko'radi. Mutaxassislar esa allaqachon bo'lajak birinchilik o'yinlari ishtiyoqida tayyorgarlik ko'rayaptilar. Qisqa qilib aytganda, ko'pchilik orziqib kutayotgan yangi futbol mavsumi boshlanadi.

Ammo u boshlanishidan avval, bizni o'tgan mavsumga munosib baho bera oldikmi, uni mutaxassislar etarlicha tahlil etishdimi degan savollar qiynaydi. Bu bejiz emas, albatta. To'g'ri, o'tgan yilgi chempionat bir tekisda o'tdi, ortiqcha o'zgartirishlar bo'lmadi, xudoga shukur - janjal to'polonlarga chek qo'yildi. Ammo to'liq professionallikka o'tish, kontraktlarni nazorat qilish, hakamlar saviyasi, murabbiylarning tez-tez almashinuvi kabi salbiy holatlar etarlicha o'rganildimi, ular bu yil bo'lmasligiga kafolat bormi?

Yil boshida bo'lib o'tgan O'FF ijroiya qo'mitasi yig'ilishi va trenerlar kengashini aytmaganda, o'tgan mavsum yakuni bo'yicha birorta mutaxassis o'z fikrini bildirmadi. Xuddi 1993 yilgi mavsum muammolardan xoli bo'lgandek. Biz ham o'tgan ishga salovat, ortiqcha kavlashtirishdan nima foyda qabilida ish yuritib, bo'lajak chempionat rejalariga sho'ng'ib ketishimiz mumkin edi. Ammo har bir illat etarlicha tahlil qilinmas, uni tugatishga chora-tadbirlar belgilanmas va eng muhimi, o'z-o'zimizga tanqidiy yondoshmas ekanmiz, ana shu kamchiliklarning ildiz otib ketishiga zamin yaratgan bo'lamiz.

Vazirlar Mahkamasi tomonidan futbolni yanada rivojlantirish to'g'risida qaror qabul qilinganida barchamiz shodlandik. Uni "tarixiy", "olamshumul" va shunga o'xshagan so'zlar bilan atashdan charchamadik va charchamayapmiz ham, lekin uning ijrosiga kelganda... Biz bundan bir necha yillar muqaddam o'yingohlarni qay tariqa muxlislar bilan to'ldirish to'g'risida mulohaza yuritganimizda, stadion direktorlari "lotereya, shou-koncertlar o'tkazish kerak, ana shundagina sarf-xarajat o'zini qoplaydi" degan taklif kiritishgandi. Qarorning 5-bandida ana shu fikrlar inobatga olindi, klub va futbol maktablari 3 yilgacha soliqlardan ozod qilindi. Futbol musobaqalari vaqtida turli tadbirlarni, shu jumladan, lotereya o'yinlari, tomosha dasturlari, artistlarning chiqishlari va boshqa tadbirlarni o'tkazishdan tushadigan daromadlar soliqlardan ozod kilindi.Mana karor chikkaniga sal kam bir yil bo'ldi. Mamlakatda chempionat o'yinlari o'tkaziladigan 32 stadiondan nechtasida ana shu imkoniyatdan to'liq kuch bilan foydalanildi?!  

Qarorning 6-bandida "Paxtakor" komandasining ananalarini tiklash uchun zarur chora-tadbirlar ko'rilishi, komandani yuqori .malakali mutaxassislar va umidbaxsh futbolchilar bilan mustahkamlash, “Qibray" o'quv-mashq sport kompleksi asosiy maskan qilib belgilanishi, 1993-1994 yillarda "Paxtakor" stadioni yaxshilab tamirlanishi haqida ko'rsatib berilgan. Amalda nima bo'lyapti? 1992 yilning noyabridan to 1993 yil noyabrigacha 4 ta (!) bosh murabbiy almashdi. Nihoyat, eng istedodli murabbiylarimizdan biri, mamlakat terma komandasining bosh treneri Rustam Akramov "Paxtakor"ga taklif etilganidan so'ng, muxlislar engil tin oldilar. Buning ustiga taniqli futbolchilardan Ulug'bek Ro'zimov, Islom Ahmedov, Azamat Abduraimov, Murod Otajonovlar "Paxtakor"da o'ynash istagini bildirdilar.

Boshqa komandalarda qishki tatil tugashi zahoti o'yinchilar bilan 1-2 yilga shartnoma imzolandi. Bundan, sharoiti yaxshilangan futbolchilar ham manfaatdor, murabbiylar ham tarkib to'g'risida ortiqcha bosh qotirmay mavsumga tayergarlik ko'rmokdalar. "Paxtakor" klubi shu kungacha o'yinchilar bilan shartnoma tuzmagani, hali muammolar hal etilmaganini ko'rsatadi. Etakchi o'yinchilar komandaci tark eta boshladi. Igor Volkov MDH chempionlari turnirida "Neftchi" sharafini himoya qilganini barchamiz ko'rdik. Lekin Islom Ahmedov va Farhod Magometov komandadan ketganini, Azamat Abduraimov Malayziya klublarining biri bilan 1 yilga shartnoma imzolagani, Mirjalol Qosimov esa "Spartak" (Vladikavkaz) tarkibida Xorvatiya safariga borib kelgani to'g'risida ko'pchilik bilmaydi.

Gazetamizning o'tgan yilgi 2-sonida "Qaror va ijro" rukni ostida "Paxtakor" stadionining direktori U. Zohidov bilan suhbat bosilgan edi. O'shanda Umidjon aka "Sof o'zbek tilidagi tablo ikkinchi davraning birinchi o'yinidayoq muxlislar etiboriga havola etiladi. Yoritgichlar masalasiga ham xavotir olishga asos yo'q, shu kunlarda ularning uchtasi to'liq ishlayapti. To'rtinchisi, eng so'nggisini bugun-erta tugallash arafasidamiz" degandi. Yana "mavsum tamom bo'lgach, yashil maydon butunlay almashtiriladi" deb qo'shib qo'ygan, suhbatini esa "Biz har bir o'yin bayram ruhida o'tishi uchun harakat qilamiz. Endi o'yinlar kunduzi emas, kechqurun o'tkaziladi. Uchrashuvlardan oldin shou-koncertlar, ko'rgazmali chiqishlar, lotereyalar o'tkaziladi" degan so'zlar bilan yakunlagandi.

Umidjon aka nimaga asoslanib shu fikrlarni aytganini (balki orzu qilgandir) biz bilmaymiz, biroq bu suhbatni chop etib muxlislar oldida yolg'onchi bo'lib qoldik. Sababi, ko'p gaplar amalda teskarisi bo'lib chikdi. Stadiondagi tablo mavsum oxirigacha muxlislar dilini xufton qildi, yoritgichlar to'liq yonganini hali hech bir ishqiboz qo'rmadi, hamma o'yinlar kunduzi o'tkazildi, shou-koncertlar va lotereyalar esa orzuligicha qolaverdi. Stadionga 500-1000 muxlis to'plangach, bayram kayfiyati bo'lishi mumkinmi?

Qarorda "2000 yilgacha futbolni rivojlantirish milliy dasturini 1993 yil 10 mayga qadar ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasi tasdig'iga kiritilsin" degan bandlar bor. Biz ana shu dastur, shuningdek, qarorda ko'rsatilgan respublikada barcha yosh guruhlari komandalarining ishtirokida futbol musobaqalarini o'tkazishning yagona tizimi, "Paxtakor" komandasi va O'zbekistondagi boshqa terma va professional futbol komandalarining maqomi hamda boshqa zarur hujjatlarni gazetada chop etib jamoatchilikka malum qilish niyatida izlandik. Ammo, mutasaddilardan hech qaysisi bizga tasdiqlangan hujjatni ko'rsata olmadi. Biz faqat "ishlanyapti, qo'shimchalar kiritilayapti, tasdiqdan o'tsa bo'ldi" singari javoblarni eshitdik, xolos.

Bu yil O'zbekston terma komandasi.futbolimiz tarixidagi ilk yirik tadbir - Osiyo o'yinlarida ishtirok etadi. Xorijliklar terma komandamiz o'yinlariga qarab respublikamizga, futbolimizga baho berishadi. Mustaqil O'zbekiston futboli Osiyoda o'zini munosib ko'rsata olishi uchun har tomonlama mukammal, mashqlarda toblangan, xalqaro uchrashuvlarda tajribasi oshgan bo'lishi talab qilinadi. Ammo mamlakat milliy terma komandasi o'tgan mavsumda birorta xorijiy davlat jamoasi bilan musobaqada kuch sinashmaganini nima bilan izohlash mumkin?!

Bu sohada bizga mamlakatimizda ro'yxatdan o'tgan yuzlab qo'shma korxonalar yordam bersa bo'lardi. Axir, Prezidentimiz Islom Karimovning Niderlandiya qirolligiga tashrifidan so'ng AES qo'shma korxonasining prezidenti Karel Aalbers "Vitess" klubini Toshkentga olib kelib xayrli ishni boshlab bergandi. Faqat bu tajribani qolgan qo'shma korxonalar ommalashtirsa bo'lgani edi. Afsuski, ishbilarmonlarimiz ham qaysi sohada reklama tufayli ko'proq obro' orttirish mumkinligini anglab etishmaganga o'xshaydi.

Agar AES o'zi bilan birga "Vitess"ni olib kelib o'yinlar tashkil etmaganida, bu korxonani faqat qishloq xo'jaligi sohasidagi rahbarlarimiz bilardi, xolos. "Vitess" klubi tufayligina uni XALK tanidi, unga raxmatlar aytdi.

Yaqinda "Paxtakor" komandasini takdirlash marosimida "Dizayn" jamg'armasi boshqarmasining vakili so'z olib, ular bilan hamkorlik qilayotgan ingliz firmalaridan biri, futbolimiz rivojiga o'z ulushini qo'shmoqchi ekanligini malum qildi. U "Paxtakor"ning har bir azosiga sport liboslari solingan sumka topshirilishini bildirib, futbolchilar firma mahsuloti, jumladan, "Laki strayk" sigaretalarini reklama qilishlarini iltimos qildi. Tasavvur eting, yuzlab bolakaylar paxtakorchilardan o'rnak olishga intilishadi, ular esa "Laki strayk" sigaretasini ko'z- ko'z qilishadi.

Buning o'rniga o'sha firma Angliyaning "Liverpul", "Arsenal", "Aston Villa", "Manchester Yunayted" singari mashhur klublarini respublikamizga olib kelsa, bayramona uchrashuvlar tashkil etib, ana shunda o'z mahsulotlarini reklama qilsa, bundan ham o'zi manfaatdor, ham millionlab muxlislar xursand bo'lmasmidi? Yoki "Sovplastital" Italiya, "Burda-Moden" Olmoniya, "Navro'z" FT Avstriya, "Qanot-servis" Yaponiya klublarini respublikamizga taklif etsa, “Feniks Guli Interneyshnl" qo'shma korxonasi esa jamoalarimizni AQSHga olib borsa, ikki tomonlama foyda ko'rilmasmidi?

Qarorning 16-bandida "Sport" gazetasi. qoshida "O'zbekiston futboli" haftanomasini chiqarish tashkil etilsin" deb ko'rsatilgan edi. Mana, bugun haftanomaning 31-soni mushtariylar qo'liga etib bordi. Uni tashkil etishdan maqsad futbolni keng targ'ib qilish, respublikada futbol harakatini rivojlantirishga munosib hissa qo'shish va shunga o'xshash xayrli ishlarni amalga oshirishdan iborat edi. Gazetamiz nashr qilina boshlanganda, biz birinchi navbatda mutaxassislarga, jamoatchilikka umid qildik. Niyatimiz o'zaro fikr almashish, bir-birimizning xatolarimizni to'g'rilash, ibratli ishlarni o'rnak qilib ko'rsatish edi. Afsuski, bizning chiqishlarimiz bir tomonlama bo'lib qolaverdi. Mushtariylar-ku, deyarli har bir maqolaga o'z munosabatlarini bildirishdi, ammo mutaxassislardan hech qanday aks-sado bo'lmadi.

Gazeta materiallarini asosan yoshlar tayyorlashdi, futbol jurnalistikasi sohasida tajribamiz ham katta emas. Bizga soha bilimdondari, mutaxassislarning fikrlari juda zarur. SHuning uchun ham har bir maqola chop etilgandan so'ng, unga qanday baho berilarkan, deb sabrsizik bilan kutamiz. Afsuski, mutaxassislar va mutasaddilar yoki "O'zbekiston futboli"ni o'qishmaydi, yoki unda chop etilgan maqolalar muhokama qilinishi shart emas, deb hisoblashadi. Bir-birimizga to'g'ri yo'l ko'rsataylik, fikr almashaylik, bahamjihatlik bilan harakat qilaylik, degan takliflar esa havoda qolmoqda.

O'tgan yili biz bir qancha maqolalarni muhokama qilish maqsadida elon qilgandik. "Tabiiy tasodiflar", "Futbolchilar sotiladi...mi?", "Oyog'imizga o'zimiz bolta urmaylik", "Qashqadaryoda "O'zbekiston futboli"ni o'qimaydilar...mi?“, "Xatirchiga futbol keladimi?", "Agar "Paxtakor" chempion bo'lolmasa", "Surxon" esa oliy ligaga qaytolmasa - biz ajablanmaymiz", "Yana bir dadil qadam", "Biz "superliga"ga tayyormizmi?", "Futbolimiz saviyasini oshirish o'z qo'limizda" sarlavhalari bilan chop etilgan materiallar shular jumlasidandir. Yuqorida aytganimizdek, afsuski, ularning birortasiga ham fikr bildirilmadi.

Obuna mavsumi boshlanganida biz viloyat futbol federaciyalariga katta umid bog'lagandik. Axir gazeta birinchi navbatda ularning ish faoliyatlari bilan tanishtirib boradi. Ammo "bizning say-harakatlarimiz tufayli shuncha kishi gazetaga obuna bo'ldi" mazmunidagi shoshilinchnomani birorta viloyatdan ham olmadik. Kimdir buni ginaxonlikka yo'yishi mumkin, aslida esa bu haqiqat, nazarimizda gazeta hech kimga kerak emasdek. Muammolar esa muammoligicha qolayapti. Bizda hali murabbiylar etarlicha ijtimoiy himoya qilinmayapti. O'tgan yili oliy liga komandalariga bosh murabbiy etib tayinlangan 16 mutaxassisdan keyinchalik 12 nafari almashtirildi. Bunday ketishda komandalarda o'yin darajasi osharmikan? O'tgan yilni iqtidorli murabbiylardan Viktor Tixonov va Vitaliy Suyunovlar terma komandalarning yordamchi trenerlari sifatida deyarli ishsiz o'tkazishdi. Bu yil esa Birodar Abduraimov, Bahodir Ibrohimov, Usmon Asqaraliev va boshqa taniqli nomlar oliy ligani boshqarishmaydi.

O'tgan yilgi mavsumda eng yaxshi 10 hakamning 7 nafari poytaxtdan ekanligi ham kishini tashvishlantiradi. "Paxtakor" etakchi komandalar bilan uchrashsa, bosh hakam kim bo'lishi katta muammo. O'sha 10 hakamlar qatoriga kiritilganlardan biri Voronin CHirchiq shahri, yani poytaxtning biqinidan, Pivovarov "Paxtakor"ning raqibi, yani Farg'ona shahridan, buxorolik Lutfulinni farg'onaliklar xohlashmaydi, andijonlik Eshonxo'jaevni esa paxtakorchilar. SHunday bo'lsa- da, "Paxtakor" o'tgan yili boshqa viloyat komandalari bilan o'ynaganda, uning o'yinini 5 marta Voronin, 3 martadan Pivovarov, Lutfulin va Eshonxo'jaevlar boshqarishdi. Natijada deyarli har bir o'yinda behudaga tortishuv, ortiqcha asabbuzarliklar, so'kinish va kartochkalar. Hakamlar raport yozishadi, aybdorlar bir necha uchrashuvdan chetlashtiriladi, jarima pullari federaciya hisobiga kelib tushaveradi - muammo esa muammoligicha qolaveradi.

Hozir FIFA futboldagi eng salbiy illat - kelishilgan o'yinlarga keskin kurash olib bormokda. Franciyaning mashhur "Olimpik" (Marsel) klubi ana shunday ish tashabbuskori bo'lgani uchun o'tgan yilgi barcha unvonu o'rinlardan maxrum qilindi. Polshaning "Legiya" klubi ham shu tufayli nafaqat chempionlikni, balki ligadagi o'rinni ham ikki qo'llab topshirdi. Bu ikki klub Ovro'po musobaqalaridan chetlatildi. Moskvaning "Dinamo" va CSKA komandalari ishtirokidagi kelishilgan durang ham katta shov-shuvga sabab bo'ldi.

Bizda ham mavsum yakunlanishiga yaqin kelishilgan o'yinlar ko'payishini mutaxassislar ancha avval bashorat qilishgandi. CHempionatning so'ngg'i turlaridagi "Politotdel" - "CHirchiq" (0:1), "CHirchiq" - "SHifokor" (3:3) o'yinlari misol tariqasida keltirildi. Lekin biz o'z ko'zimiz bilan ko'rmaganimiz uchun bu fikrlarga qo'shimcha qilolmaymiz. Bevosita guvoh bo'lganimiz esa hammasidan o'tib tushdi. Gap respublika kubogining yarim finalidagi "Navbahor" - "Neftchi" uchrashuvi haqida bormokda.

Qizig'i shundaki, uchrashuvda "Neftchi" mag'lub bo'lishi haqida biz ancha oldin eshitdik. Hammasi shundan keyin boshlandi. Bu o'yin 5 noyabr, juma kuni o'tkazilishi lozim edi. Bir kun avval, 4 noyabr kuni esa "Paxtakor" stadioniga kiraverishdagi elon taxtachasida "9 noyabr kuni O'zbekiston kubogi finali -"Paxtakor" - "Navbahor" yozuvlari paydo bo'ldi. Biz o'sha kuni ko'pchilik hamkasbimizning to'yi bahonasida poezdga o'tirib, Namanganga etib keldik. O'yindan avval muxbirimiz YU. Sarkisyan bilan uchrashmoqchi bo'ldi, ammo unga bosh murabbiy betobligi tufayli Namanganga kelolmaganligini aytishdi (vaholanki Yuriy Vazgenovich o'sha paytda Marg'ilonda bemalol "Atlaschi" - "Paxtakor" o'yinini tomosha qilayotgan edi). So'ngra, u bilan shu bir-ikki kun ichida uchrashish lozimligi, chunki 9 noyabrdan "Neftchi" uchun tatil kunlari boshlanishi haqida eslatib o'tishdi. SHundan so'ng biz 9 noyabr kuni Toshkentga haqiqatan ham "Neftchi" emas, "Navbahor" borishiga amin bo'ldik va poezdga chipta olish muammosidan qutuldik. Sababi "Navbahor" avtobusida poytaxtga qaytish biz uchun qulay edi (shunday bo'ldi ham).

"Navbahor" - "Neftchi" o'yini "oynai jahon" orqali butun mamlakatga olib ko'rsatildi, kichik to'rtburchak ekranga nima sig'ganu-sig'magani bizga qorong'u. Lekin shu kuni "Neftchi" astoydil kurashmaganidan hatto namanganlik ishqibozlar ham norozi bo'lishdi. Ikkinchi bo'limda hushtakbozlik avjiga chiqib, ko'pchilik stadionni tark eta boshladi. Ular bekor shoshilishdi, chunki mag'lub komandaga qanday sovg'alar berilganini ko'ra olishmadi. Albatta, bu o'yinni kelishilgan deyishga asheviy dalillarimiz yo'q, lekin u haqiqiy kurashdan iborat bo'ldi deyishga ham vijdonimiz qiynaladi. Keyinchalik biz bu masalani respublika futbol federaciyasida ko'targanimizda, o'yinni kelishilganini aniqlash uchun uchrashuv nazoratchi hakamining raporti zarur deyishdi. Lekin bunday mashmashani boshlashni kim ham o'z zimmasiga olardi?!

Xullas, o'tgan mavsumda kishi dilini og'ritadigan hollar ham bo'ldi. Afsus, bularga etiborsiz qaraldi. Futbolda o'yindan tashqari holat nimaligini har bir muxlis eddan biladi. Bizning ham yuqorida ko'targan muammolarimiz o'yindan tashqari holatda qolib ketishi, yani inobatga olinmasligini juda-juda istamas edik. Mayli, avvalgilari qayta o'rganilmasin. Muhimi - bu yilgi mavsumda ular takrorlanmasa bo'lgani.


TAHRIRIYAT.

Reyting: +2   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика