Moziyga qaytib... Otam haqida
19 fev 2023 09:15
Yangiliklar
Moziyga qaytib... Otam haqida
Rahmatli ustoz hayot bo'lganlarida 87 yoshni qarshi olardilar. Biz bugun otaxon xotiralariga bag'ishlab ularning yorqin faoliyatlari va qoldirgan meroslari haqida katta maqola berishimiz ham mumkin edi. Biroq, bundan 6 yil avval ularning farzandlari Abror akaning o'z sahifalarida otalari nomiga bitgan bag'ishlovni chop etishga qaror qildik. Sababi, unda otaxon keksayganlarida ularga mutasaddilar tomonidan bo'lgan noxaqliklar to'g'risida og'riqli malumot berilgan. Bu esa barchamizga saboq bo'lishi kerak...
Otam haqida, ikki og'iz...
Otamni ko'pchilik taniydi. Kasbi bo'yicha o'z vaqtida juda mashhur shaxs bo'lgan. O'zbek tilidagi ilk futbol reportajini aynan u olib borgan. Hamkasblarimiz unga “O'zbek sport jurnalistikasi otaxoni” degan norasmiy maqom berishgan. Rasmiy unvonlari ham bor: “Xalq talimi alochisi”, “Xalq talimi fidoyisi”, “O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan yoshlar murabbiyi”, shuningdek, “SHuxrat” medali soxibi, jurnalistika soxasida Respublika “Oltin qalam” milliy mukofoti laureati. Futbol bo'yicha “Respublika toifasidagi hakam” unvoni ham bor. Lekin biror marta pora olmagan, biror jamoaga yon bosmagan. Takliflar juda ko'p bo'lgan, hech qachon rozi bo'lmagan. SHu boisdan bo'lsa kerak, futbolda uni hurmat qiladiganlar bilan birga, xushlamaydiganlar ham yo'q emas. O'FF Hakam va nazoratchilar qo'mitasini boshqarganida katta tozalash ishlari orqali futbolimizga toza havo olib kirmoqchi bo'lgan, lekin “futbol mafiyasi”ga bas kela olmagan. Uni bu lavozimdan olib boshqasiga o'tkazishgan: hakam va nazoratchilar faoliyatiga aralasha olmaydiganiga. Futboldan bir umr chetlatilganlar yana o'z joyiga qaytdi, biroq otamni boshqa u erga yaqinlashtirishmadi. Mashina sotib olmagan, uchastka qurmagan. Men uylanganimda bitta xonani o'rtasidan devor bilan bo'lganmiz: biri ota-onamni, biri men va ayolimning yotog'i bo'lgan. Rahmatli Malik Qayumov mahallamizdan deputat etib saylanishi arafasida hovlimizga kirib u erdagi sharoitdan yoqa ushlamaganida, balki hali ham o'sha erda yashayotgan bo'larmidik. Sababi, ikkala o'g'li ham otaning yo'lidan bordi va “kosasi oqarmaydigan” kasbni tanladi.
Otam doimo xalq orasida bo'lgan, shu bois yolg'izlikni yoqtirmaydi. Viloyatlarda ayniqsa uni juda ezozlashadi, kamdan-kam xollarda mehmonxonalarda tunagan. Sababi, deyarli har bir viloyatda yaqinlari bor va o'sha erga borishini eshitishlari bilan aeroport yoki vokzalda kutib olishadi hamda o'z uylariga olib ketishadi. O'tgan yili 80 yoshni qarshilagan bo'lsa-da, hali ham faol turmush tarzi bilan yashaydi. Haftasiga 3 marta faxriylar bilan futbol o'ynaydi, kuniga 2-3 kilometrdan piyoda yuradi.
2009 yil oilamiz uchun og'ir judolik bo'ldi: onam vafot etdilar. Otamning qaddi bukilib qolganini o'shanda yana bir bor his qilganman. Yolg'izlikdan ko'p aziyat chekdi. Biz iloji boricha uni yolg'iz qoldirmaslik uchun harakat qildik. Haftada bir marta menikiga kelib yotib qoladi, nevaralari bilan miriqib suhbatlashadi. Yana bir kun qarindoshlardan birinikiga boradi, lekin oldindan aytib qo'ymaydi – ortiqcha urinmasliklari uchun. Ayniqsa, viloyatlarga biror tadbirga taklif qilishsa xursand bo'lamiz. Sababi, u erdagi yaqinlari bilan ko'rishib, ko'ngli tog'dek ko'tariladi. 2015 yil - “Keksalarni ezozlash yili” deb elon qilinishi otam uchun juda fayzli bo'ldi. Uni yo'qlab keluvchilar ko'paydi. O'zbekiston televideniesida chiqmagan kanallari qolmadi hisob. Biz bundan juda xursand edik.
Biroq o'tgan yili hammasi teskariga aylandi. Zafar va Diyorning TVdan chetlashtirilishidan so'ng otam ham “qora ro'yhat”ga tushdi. Bu rasmiy bo'lmagani sababli ko'pchilik bexabar edi. SHu bois telejurnalistlardan biri uni tok-shou yo'nalishidagi o'z ko'rsatuviga taklif qildi. Televideniega kirib-chiqish oson emas, rahbariyat ruxsati bilangina, u erga kirish mumkin. Otamga ham huddi shunday ruxsatnoma qilingan va va u studiyaga kirib o'z joyini egallagan. Biroq efir boshlanishidan avval, g'alati voqea yuz bergan. Otamni taklif qilgan jurnalist qizninng telefoni sado bergan. U gaplasha turib rangi oqargan va o'zini yo'qotib qo'ygan. So'ng ko'zidagi yosh bilan otamga “Ming bor uzr Axbor aka, lekin studiyadan chiqib ketarkansiz” deb yig'lab yuborgan. Otam “yig'lamang ona qizim, men hammasini tushunaman, ayb sizda emas” deb uni yupatgan va 60 dan ortiq ishtirokchi nigohi ostida studiyani tark etgan. Lekin o'sha paytda ichidan nimalar o'tganini faqat o'zi biladi. Men bu voqeani eshitib hayratga tushganman. Televidenieda ishlaganim bois, u erdagi texnologiyani yaxshi bilaman. Six ham, kabob ham kuymasligining, yani otamni haydab chiqarmaslikning boshqa yo'llari ham bor edi. Kamerani unga qaratmaslik, montajda kesib tashlash va hakazo. Keyin esa “texnik sabalarga ko'ra” deb yotig'i bilan tushuntirish mumkin edi. Lekin 80 yoshli qariya, eng muhimi shu dargoh rivojiga salmoqli ulush qo'shgan insonga nisbatan aynan shunday yo'l tutishdi.
Zafar va Diyor TVdan yanvar oyida ketishgan bo'lsa, bir oy o'tib, aniqrog'i 19 fevralda otam 80 yoshni qarshiladi. Odatda futbol fahriylari qutlug' yoshga to'lganlarida O'FFda tantanali marosim o'tkazilinardi. Otamni esa u erga taklif qilishmadi. Sport fahriylari kengashi joylashgan Paralimpiya qo'mitasi binosiga chaqirishdi va sport va futbol fahriylari kengashi rahbarlari qutlashdi. Sport vazirligi, O'FF va PFLdan hech kim kelmadi. Mirabror Usmonovdan ginamiz yo'q, MOQ va O'FF prezidenti, senator. Yani vaqti ziqligini yaxshi tushunamiz. Qolaversa, keyinchalik MOQ Bosh kotibi Oybek Qosimov o'zi va Mirabror aka nomidan alohida tabriklab ketdi. Lekin o'zbek futboli targ'ibotiga eng katta hissa qo'shgan insonni qutlug' yoshi bilan tabriklagani na O'FF Bosh kotibi va na PFL direktori, loaqal ularning vakillari kelmasligi g'alati emasmi? Eng dahshatlisi, otamning 80 ga to'lgani yuqori davralarga etib bormasligi uchun antitarg'ibot mashinasi to'liq kuch bilan ishladi. “Sport” gazetasi butun umrini sport targ'ibotiga bag'ishlagan shaxsga ikki jumla ham tabrik yo'llay olmagan. Bosh muharrir Oybek Yunusov ilojsizlikdan yig'lagudek uzr so'raganiga o'zim guvoh bo'lganman. O'sha paytlarda ham otamning ichidan nimalar o'tganini faqat o'zi biladi va biz his qilganmiz. Unga hech qanday unvon yoki sovg'a kerakmas, faqatgina etibor zarur edi. Afsuski, shu arzimas narsadan ham mahrum qilishdi.
Zafar va Diyor yo'llarini topib ketishdi. Zafarni Mirbror akaning shaxsan o'zi MOQga ishga taklif qildi. Diyorni TVdan ketgan kunning ertasigayoq “Lokomotiv” futbol klubiga ishga taklif qilishdi, biroq mutasaddilardan bo'lgan qo'ng'iroqdan so'ng, uzr aytib yana ishdan bo'shatishdi. Futboldan butunlay badarg'a bo'lganligini sezgach, internet nashriga ishga joylashdi. Hozirgi ishi o'ziga yoqadi.
Lekin aybsiz aybdor otam qattiq iztirob chekdi. Farzand va nevaralariga “Boshingga qilich kelsa ham faqat haqiqatni gapir” deb o'rgatgan o'giti oxir-oqibatda o'z oilasiga musibatlar keltirishidan ko'ngli cho'kib qoldi. To'satdan betob bo'lib qolmasligi uchun asosiy etiborni profilatikaga qaratganmiz: bir yilda ikki marotaba salomatligini shifoxona va sanatoriyada mustahkamlaydi. Ammo keksayganida rasmiylarning unga bo'lgan munosabati izsiz ketmadi. Qon bosim bot-bot oshadigan odat chiqardi, qandli diabeti tasiri kuchaydi, o'zidan ketib qolgan paytlari ham bo'ldi. Endi “progulka”ga bitta o'zini chiqarmayapmiz, birga yashaydigan Zafarning qizlari buvasiga hamroxlik qilishmoqda. O'zi u-bu joyga borganida esa cho'ntagida barchamizning telefon raqamimiz yozilgan qog'oz turadi, har ehtimolga qarshi...
Bugun mening otam – Axbor Imomxo'jaev 81 yoshni qarshi oldilar. Qutlug' yoshingiz muborak bo'lsin adajon! Siz birinchi navbatda bizga - 4 farzand, 2 kelin, 15 nevara, 6 evaraga, qolaversa minglab muxlislaringizga keraksiz! Qolgani ahamiyatsiz. Boringizga shukr, baxtimizga uzoq umr ko'rib, nevara va evaralarning to'ylarida ham barchamizga bosh bo'lib yuring!
(Abror Imomxo'jaevning Facebook sahifasidan olindi. 2017 yil 19 fevral).
Fikrlar