So’nggi yangiliklar

22:49АПЛ клублари сўнгги 10 йилликда трансферлар учун қанча ишлатишди?  0 22:22"Ювентус"га "Челси" футболчиси керак  0 21:57Нико Уильямс болалигидаги кумирлари ким бўлганини айтди  3 21:34Максим Шацких: "Черан, Собирхўжаев борасидаги саволлар менга берилмасин. Бу мавзу ёпилган"  14 20:57Миржалол Қосимов: "Натижадан ҳам ўйиндан ҳам қониқдим"  2 20:36Суперлига. ОКМК "Жар"да "Пахтакор"ни мағлуб қилди  6 20:25"Пахтакор" кумуш медаллар учун курашдан чиқди  10 20:06Суперлига. ОКМК ВАР томонидан 13 дақиқа текширилган ҳамда япониялик футболчи томонидан урилган голлар эвазига 11 йилдан сўнг сафарда "Пахтакор"ни мағлуб этди  58 19:50Гари Невилл АҚШда дам олган Рэшфорд ва Каземирони танқид қилди  3 19:21"Реал" январда Эндрикни ижарага бермайди  0 18:59Жоау Канселу: "Ҳар доим "Барселона"га мухлислик қилганман"  2 18:35Сон Туркияда тўп тепиши мумкин  0 18:06Александр Ежов: "2-3 та вазиятни юз фоиз голга айлантиришимиз керак эди"  0 17:50Асрор Алиқулов: "Машъал" кейинги мавсум Суперлигада ўйнамайди? Бу ҳақда эшитганимиз йўқ"  3 17:39Ўзбекистонлик ҳакамлар ОЧЛ-2 доирасидаги баҳсни бошқаради  0

"Men haliyam oldingi SHirshovman". Nikolay SHirshovning 2007 yil kuzida bergan intervyusi Yangiliklar

"Men haliyam oldingi SHirshovman". Nikolay SHirshovning 2007 yil kuzida bergan intervyusi

O'zbekistonlik eng yaxshi sobiq futbolchilardan biri Nikolay SHirshov bu yorug' olamni tark etdi.

Katta stajga ega muxlislar Nikolay SHirshovni juda yaxshi eslashadi. U chap qanotda o'yinni yorvorardi. Esimda, undan faqat bir marta intervyu olganman. Yaxshiyam pochta degan narsa bor. Hamma yozilgan maqolalar, suhbatlar saqlanib qolgan. 

Arxivni titkilab, oxiri topdim. 2007 yilning 27 noyabr kuni Nikolay SHirshov uyiga borib, undan intervyu olgan ekanman. O'shanda SHirshov hali futbol o'ynardi. Quyida uning xotirasini yod etish maqsadida o'sha suhbatni o'zgartirmasdan taqdim etamiz. 


Kirish qismi

SHunday futbolchilar bor, ular boshqa mamlakat chempionatida to'p surayotgan taqdirda ham muxlislar yodidan ko'tarilmaydi. SHunday o'yinchilardan biri shubhasiz Nikolay SHirshov. SHirshov o'tgan yilni Rossiya ikkinchi ligasida o'tkazdi, shunga qaramay uni o'zbek ishqibozlari unutib yuborgani yo'q. Hozirgi vaqtda milliy terma jamoamiz safida to'p surmayotgan bo'lsa-da, baribir o'z vaqtida nom qoldirgan. SHirshov haqida gap ketganda birinchi navbatda uning 2001 yil Xitoy darvozasiga urgan goli yodimizga tushadi. Esingizdami, o'yinning 90-daqiqasi o'tib borayotgan bir paytda Nikolay uzoqdan zarba berib darvozani ishg'ol qilgandi. Garchi JCH-2002ga chiqa olmagan bo'lsak-da, SHirshovning goli tufayli Xitoyni mag'lubiyatga uchratganimiz o'shanda ko'pchilikni xursand qilib yuborgandi.

Bu futbolchini Toshkentda uchratib qolishim kutilmaganda ro'y berdi. "Traktor" - "Quruvchi" bahsini ko'rish uchun MHSK stadioniga borganimda muxlislar orasida Sergey Lushan va uning yonida o'tirgan SHirshovga ko'zim tushdi. Qulay fursatni boy bermay uning oldiga bordim va salom-alikdan so'ng SHirshovga intervyu olish niyatim borligini aytdim. Nikolay esa menga ota-onasi yashayotgan uy telefon raqamini berib, ertaga tushdan keyin qo'ng'iroq qil dedi. Ertasi kuni qo'ng'iroq qilganimda, SHirshov meni uyiga taklif qildi. Ularning uyiga borganimda, SHirshovning otasiga qoyil qoldim. U kishi o'g'li haqida matbuotda nima chiqqan bo'lsa, barchasini yig'ib yurar ekan. Ularning uyida hatto bundan 10 yillar avval chop etilgan rus va o'zbek tilidagi gazetalar ham bor ekan. Intervyudan oldin Nikolay SHirshov, otasi va men - uchchalamiz o'sha nashrlarni bir sidra ko'zdan kechirdik va shundan so'ng asosiy maqsadga o'tdim.

Intervyu

- Nikolay, Rossiyada mavsum yakuniga etdi. Hozir nima ish bilan mashg'ulsiz?

- Oxirgi ikki yilni SKA safida o'tkazdim. Hozirgi kunga kelib bu jamoa bilan shartnoma tugagan. SHuning uchun ayni paytda erkin agentman. Vaqtimni asosan oilam davrasida o'tkazyapman. Menimcha, 15-20 dekabr kunlari meni o'z safida ko'rishni xohlovchi klublar qo'ng'iroq qilishni boshlashsa kerak. Qisqa qilib aytganda, takliflarni kutyapman. SHartnomam tugagani haqida hali ko'pchilik bilmaydi. Faqat Rostovdagi mahalliy nashrlar shu haqda yozib turishibdi.

- O'zbekiston klublaridan ham takliflar kutyapsizmi?

- Agar meni bu erda ko'rishni xohlovchi klub bo'lsa, bajonidil taklifni ko'rib chiqishga tayyorman. To'g'risini aytsam, ona Vatanimga qaytish niyatim yo'q emas. Ammo hali milliy birinchiligimiz nihoyasiga etgani yo'q. SHu bois kimdir hozirdanoq qiziqish bilan chiqmasa kerak. O'ylaymanki, yangi yil arafasida takliflar bo'ladi.

- Siz MHSK stadionida "Traktor" - "Quruvchi" bahsini kuzatdingiz. O'yingohga kelishdan maqsad shunchaki futbol ko'rish edimi yoki "Quruvchi" rahbarlari bilan gaplashib olishmi?

- Yo'q, men shunchaki o'yinni ko'rish uchun bordim. Negaki ota-onamning uyi stadionga yaqin joylashgan. Ularnikiga borganimda bekorchilikdan nima qilishni bilmadim, keyin bilsam o'sha kuni MHSKda o'yin bor ekan. SHundan so'ng stadionga keldim va "Quruvchi" safida to'p surayotgan bir qancha o'rtoqlarimning o'yinini kuzatdim.

- Uchrashuv sizda qanday taassurot qoldirdi?

- Menimcha, "Quruvchi" haqli ravishda 3:0 hisobida g'alaba qozondi. Bu jamoa tarkibida taniqli futbolchilar o'ynayapti, klub bekorga turnir jadvalining ikkinchi pog'onasini egallab turgani yo'q. 9 dekabr kuni "Quruvchi" Kubok finalida "Paxtakor" bilan bellashadi. Bundan ham xabarim bor. Finalni ko'rish niyatim yo'q emas. Indinga Rossiyaga uchib ketaman. Agar final kunigacha Rossiyadan qaytsam, bu o'yinga ham tushaman.

- Finalda kimga muxlislik qilasiz?

- Faqat chiroyli futbolga. Sababi "Paxtakor" safida bir paytlar to'p surganman, "Quruvchi"dagi futbolchilarning bir nechtasini yaqindan bilaman. SHu bois jamoa ajratmoqchi emasman.


- Stadionda muxlislarning kamligi sizni hayron qoldirdimi?

- Bir tanishimdan nima uchun ishqibozlar kam deb so'raganimda, u poytaxtdagi barcha uchrashuvlarga muxlislar kam kelishi, viloyatlardagi o'yinlarda esa aksincha ko'p bo'lishini aytdi. O'yin 15:00da boshlandi, bu vaqtda esa ko'pchilik ishda-o'qishda bo'ladi. SHuning uchun kamchilik kelgan bo'lsa kerak. Vaholanki, stadionga kirish bepul edi. Yana bilmadim. "Paxtakor" ishtirokidagi bahslarga odamlar kelyaptimi?

- Kelyapti, lekin unda ham kam muxlisni ko'rasiz.

- To'g'risi, bunaqasini tasavvur qilmagandim. Bilganim shuki, mamlakatimizda futbolni juda yaxshi ko'rishadi. Lekin nima uchun ishqibozlar kamayib ketyapti, buning aniq sabablari menga qorong'u. Terma jamoamiz o'yinlariga kelishyaptimi?

- Yaqinda olimpiyachilarimiz Janubiy Koreya, milliy termamiz esa Estoniyaga qarshi o'yin o'tkazdi. Hatto o'sha uchrashuvlarda ham stadion to'lmadi.

- Nahotki? Oldinlari bunday emasdi. Terma jamoamiz "Paxtakor"da o'ynasa, stadion to'lib-toshib ketardi. Milliy termamiz mana bir necha yildirki hech qanday sovrinni qo'lga kirita olmayapti. SHuning uchun ham stadionga odamlarning kelishi kamayib ketgan bo'lsa kerak.

- SKAning uy bahslariga qancha muxlis tashrif buyuradi?

- O'rtacha sakkiz ming. Vaholanki, biz birinchi ligada o'ynaymiz. Rossiyada hatto oliy liganing bazi uchrashuvlariga ham bunchalik ko'p ishqiboz kelmaydi. Bilasizmi, Rostov shahri ikkiga ajralgan. SHaharning yarmi "Rostov"ga, yarmi bizning jamoaga muxlislik qiladi. Ammo "Rostov" oliy ligadan tushib ketgach, hamma SKAning o'yinlarini ko'rish uchun kela boshladi. Bizda "Rostov"ga qaraganda SKAni ko'proq yoqtirishadi.

- SKA "Rostov"ning farm-klubimi?

- Yo'q. SKAning tarixi "Rostov"nikidan uzun. Jamoamiz 80-yillarda mamlakat Kubogini qo'lga kiritgan. Men "Rostov" safida olti yil to'p surdim. SKAda esa ikki yilni o'tkazdim.

- Siz SKAda jamoa sardori edingiz. Rahbarlar yangi shartnoma taklif qilmadimi?

- Yo'q. Mavsum tugaganidan so'ng rahbariyat menga bu jamoada o'ynaganim uchun rahmat aytdi. Ammo klubda olib qolishlari haqida gap bormadi. SHundan so'ng mehnat daftarchamni olib, klubni tark etdim. O'shandan beri erkin agentman.

- "Traktor" - "Quruvchi" bahsini Rossiya birinchi ligasi o'yinlarini bilan taqqoslasa bo'ladimi?

- Oradagi farq unchalik katta emas. O'zimizda futbolchilarning texnikasi yaxshi, Rossiyada esa futbol asosan kurashlardan iborat. Ammo baribir oliy liga o'z nomi bilan oliy liga. Agar "Quruvchi" SKAga qarshi maydonga tushsa, bemalol g'alaba qozona oladi.

- Har ikki jamoadan ko'plarni tanigan bo'lsangiz kerak?

- "Quruvchi" safida to'p surgan futbolchilarning yarmi menga tanish. "Traktor"dan esa faqat No'mon Hasanovni tanidim. SHuningdek, "Traktor" murabbiyi Rustam Abdullaevni ham ko'rdim.

- Oxirgi yillarda bizdan hech qaysi jamoa Osiyo chempionlar ligasida guruhdan chiqa olmayapti. Bundan xabaringiz bormi?

- Ha, buni yomon natija desa bo'ladi. Bundan to'rt yil oldin menda O'zbekistondagi o'yinlarni kuzatib turish imkoni bor edi, hozir esa unday emas. Rossiya gazetalari bizning klublar haqida deyarli yozmaydi, uchrashuvlarni esa ko'ra olmayman. Meni ayniqsa "Paxtakor"ning nima sababdan chempionlar ligasida yaxshi natija qayd eta olmayotgani ko'proq hayron qoldiryapti.

- O'zbek futboliga oid yangiliklarni sizga kim etkazib turadi?

- Tanishlarim, shuningdek otam qo'ng'iroq qilib yangiliklarni aytib turadi. Qolaversa, internetdan foydalanaman. Terma jamoamiz ishtirokidagi o'yinlarni esa Maksim SHackixdan eshitib turaman.

- Darvoqe, termamizning oxirgi paytdagi natijalarini bilsangiz kerak?

- Yigitlar Estoniya bilan o'ynashibdi, buni eshitdim. SHuningdek, terma jamoamiz Xitoy Taypeyiga qarshi jahon chempionati saralash bahslarida ikkita o'yin o'tkazibdi. SHackix beshta gol uribdi. Buni Maksimning o'zi qo'nqiroq qilib aytdi. Bosh jamoamiz shu safar mundial yo'llanmasini qo'lga kiritsa yaxshi bo'lardi. Men terma jamoada o'ynagan paytim uch marta jahon chempionatiga chiqish imkoniyati bo'lgandi.

- Aytgancha, yaqinda 2010 yilgi jahon chempionati saralash bahslariga qura tashlandi. Terma jamoamiz birinchi guruh bosqichida Saudiya Arabistoni, Singapur va Livan bilan kuch sinashadigan bo'ldi.

- Yaxshi guruh. Harakat qilsak, bemalol chiqsa bo'ladi. CHunki bunday guruhdan chiqa olmaslik biz uchun uyat hisoblanadi. Raqiblar orasida birgina Saudiya kuchliroq ko'rinyapti.

- Biz uchun doim oson guruhlar nasib etib kelgan. Lekin shunda ham o'z maqsadimizga erisha olmaganmiz.

- Demak, hamma ayb o'zimizda. Terma jamoada to'p surganim bois bemalol ayta olaman, jahon chempionatiga chiqa olmaganimizning bosh aybdori faqat o'zimiz. Ochig'i, muxlislarning ham mundialga borishimizni kutaverib toqati toq bo'ldi. Bizda yaxshi o'yinchilar bor, ularni Osiyoning boshqa jamoalaridagi o'yinchilardan yomon deya olmayman. O'tgan yilgi jahon chempionatida Trinidad va Tobagoning o'rnida aslida biz bo'lishimiz kerak edi. Lekin afsuski, vazifani uddalay olmadik.

- Bizda arabcha futbolni yomon ko'rishlarini yaxshi bilasiz. SHunday bo'lsa-da, masalan saudiyaliklar qachon qarama bizni yutaveradi, biz esa feyr-pley ko'rsatamiz deymiz-u, lekin bundan hech narsa chiqmayapti.

- Men ham shunga hayronman. Saudiyaning ham o'ziga yarasha futbol maktabi bor, shu jumladan bizning ham. Futbolchilarni alohida taqqoslaganda, bizning o'yinchilar ulardan kam emas. Lekin jamoa sifatida ularga omad ko'proq kulib boqyapti. Ehtimol, g'alabani bizdan ko'ra ular ko'proq xohlar. Tag'in bilmadim.

- Terma jamoamiz o'yinini oxirgi marta qachon stadionda kuzatdingiz?

- O'zim oxirgi marta 2005 yil o'z maydonimizda Quvaytga qarshi bahsda ishtirok etgandim. O'shanda biz 0:2 mag'lubiyatga uchrayotib, 3:2 hisobida zafar quchgandik. O'shandan beri terma jamoa safida boshqa maydonga tushmadim. Bahrayn bilan kechgan uchrashuvlarda o'ynashim mumkin edi, lekin jarohat yo'l qo'ymadi. SHundan beri uch yil Toshkentda bo'lmadim. Tabiiyki o'yinlarni stadionda kuzata olmadim. Bilasizmi, toki futbol o'ynar ekanman, men uchun futbolni chetdan turib kuzatish nihoyatda og'ir. Negaki men ishqiboz emasman, o'yingohga kelib bemalol uchrashuvni kuzatadigan. CHetdan turib tomosha qilish men uchun naqadar og'irligini hatto tasavvur ham qila olmaysiz. Doim maydonda bo'lgim keladi. Agar "Traktor" - "Quruvchi" o'yinidan oldin kimdir oldimga kelib, Kolya, chiqib to'p tepishing mumkin deganida hech ikkilanmay maydonga tushib ketgan bo'lardim.


- Siz 33 yoshdasiz. Vaqt o'tgan sari 90 daqiqa o'ynashga kuchingiz etyaptimi?

- Men haliyam oldingi SHirshovman. Faqat tezligim biroz pasaygan bo'lishi mumkin, uning o'rniga tajribam oshdi. Ammo zarbam haliyam chakki emas. Bunga aminman.

- Bu mavsum kiritgan qaysi golingiz chiroyli chiqdi?

- "Spartak" (Ryazan) bilan o'yinda jarima to'pidan gol urgandim. O'shanda darvozabon sakrashga ham ulgurolmay qoldi. SHuningdek, o'z maydonimizda "Nosta"ga ikkita to'p kiritdim. Bittasi jarima to'pidan, yana bittasi penaltidan.

- Bizda muxlislar bir narsani bilishni xohlashyapti. Terma jamoadagi faoliyatni tugatdingizmi yoki chaqirmay qo'yishdimi?

- CHaqirmay qo'yishdi. Agar termamizning yig'inlariga taklif qilishsa birinchi samolyot bilan jon deb kelgan bo'lardim. Lekin terma jamoada o'ynashni hali rasman tugatganim yo'q. Balki fevral oyida yana chaqirishar. Men murabbiyning ishini muhokama qilishni xohlamayman, o'zi umuman birov bilan bahslashishni yomon ko'raman. Rauf Inileevni yaxshi taniyman, ammo u kishi bilan terma jamoa haqida gaplashmadim.

- Sizning o'rningizda terma jamoada kim o'ynayotganini bilasizmi?

- Eshitishimcha, Ilhom Suyunov to'p tepayotgan ekan. Uning maydonda o'zini tutishi, o'yini menga yoqadi.

- SHuningdek, Vitaliy Denisov ham bor.

- U Gennadiy Denisovning o'g'limi? Qiziq, u haqda eshitmagan ekanman.

- Jafar Irismetov o'z intervyusida meni O'zbekistonda kimdir yomon ko'radi, shuning uchun terma jamoaga chaqirishmaydi degan gapni aytgandi. Balki, sizning ham bu erda bo'lishingiz kimgadir yoqmas?

- Menimcha, unday emas. Agar futbolchi yaxshi bo'lsa, murabbiy qanday qilib chaqirmasligi mumkin? Irismetovga kelsak, Inileev Jafardan ko'ra ko'proq SHackixni termada ko'rishni xohlayapti. Meni faqat xotinim yoqtirishi-yoqtirmasligi mumkin, boshqa hech kim emas.

- Rossiyadagi futbolchilarimizning barchasini taniysizmi?

- Faqat Fyodorov, Safonov va Radkevichni bilaman. Solominga o'xshash yoshlarni ko'rmaganman. Ha aytgancha, "Rubin"dagi Bikmaevni ham taniyman.

- Terma jamoamiz safida 13ta gol urgansiz. Ulardan qay biri siz uchun eng qadrli?

- Terma jamoa safida urilgan gollarning qadrsizi bo'lmaydi. Lekin alohida ahamiyat kasb etgani shubhasiz Toshkentda Xitoyga urgan golim bo'lsa kerak. O'shanda biz 1:0 hisobida g'alaba qozongandik. SHuningdek, o'sha yil Qatarga urgan golim ham chiroyli chiqqan. Men 35 metrdan raqib darvozasini ishg'ol etgandim. Bilasizmi, terma jamoadagi birinchi golim ham esimda. Bu 1995 yili yuz bergan. O'z maydonimizda BAAni qabul qilgan va 2:3 hisobida yutqazib qo'ygandik. O'sha uchrashuvda Mirjalol Qosimov penaltidan to'p kirita olmagan, SHuhrat Maqsudov esa maydondan chetlatilgandi. Gol urganimdan keyin ularning darvozaboni meni olqishlab qo'ygandi.

- Oxirgi yillarda birorta yutuqni qo'lga kiritdingizmi?

- Sovrin demoqchimisiz? O'tgan yil SKA bilan ikkinchi ligada ikkinchi o'rinni olib, birinchi ligaga chiqqanimiz uchun bizga medal berishdi. Ammo bu men uchun ahamiyatli emas. Men doim chempion bo'lishni, Kubok yutishni orzu qilib kelganman. Bu yil esa faqat g'alaba qozongan o'yinlarimizni hisobga olmasa, boshqa hech qanday sovrin qo'lga kiritmadim. "Rostselmash"da ekanligimda Intertoto Kubogida "Oser"ga qarshi maydonga tushganman. O'shanda jahon chempioni Stefan Givarshga qarshi o'ynaganman. Bilasizmi, men futbolda birinchi navbatda nimani yutdim? Futbol o'ynashni! Ko'pchilik orasidan meni ham o'z bag'riga olgani uchun futbolga rahmat.

- Milliy terma jamoamizda bir nechta murabbiylar bilan ishlagansiz. Ularning qay biri bilan osonlikcha til topishib keta olgansiz?

- Birinchi galda Mahmud Rahimov bilan. SHuningdek, Ravshan Haydarov, Tachmurod Agamurodov va Bob Xougton bilan ham munosabatim yaxshi bo'lgan. Bundan tashqari, men umuman tushunmagan murabbiy ham bor. Bu - Yurgen Gede. Biz aynan shu murabbiy tufayli Osiyo Kubogi-2004da birinchi bo'la olmaganmiz. Jamoamiz kuchli edi, biroq hech narsani qo'lga kirita olmay qaytganmiz. Gedening qo'li ostida men faqat Saudiyaga qarshi bahsda to'p tepganman. Bahrayn bilan kechgan chorak final o'yinida o'rnimga Nikolaevni qo'ygandi. O'yindan keyingi penaltilar seriyasida Koshelev bilan ayniqsa Bikmaev penalti tepishni xohlamagandi. Gede bo'lsa ularni tepasan deb majburlagan. Natijasi nima bo'ldi? Biz mag'lubiyatga uchradik. O'shandan keyin Gedega meni terma jamoaga boshqa chaqirmang, siz bilan til topisha olmayapmiz deb ochiqchasiga aytganman.

- Yulduzlardan iborat terma jamoaga kimlarni kiritgan bo'lardingiz?

- Hozircha o'zimni aytmay turaman. Darvozabon - Pavel Bugalo. Himoyachilar - Aleksandr Xvostunov, Andrey Fyodorov, Farhod Magomedov, Saydullo Tursunov. Yarim himoyachilar - Abduqahhor Marufaliev, Mirjalol Qosimov, Otabek Pirmatov va Sergey Lebedev. Hujumda esa Oleg SHackix va SHuhrat Maqsudov.

- Oilangiz haqida ham to'xtalib o'tsangiz?

- Turmush o'rtog'im Natasha bilan Toshkentda tanishganman. Ikki nafar farzandimiz bor. O'g'lim Valera 10 yoshda, u yarim yildan beri SKA futbol maktabida tahsil olyapti. U ham menga o'xshab chap qanot himoyachisi bo'lmoqchi. Xudo xohlasa, kelajakda O'zbekiston terma jamoasida o'ynaydi. Qizim Milana esa uch yoshda. Oilamiz to'rt kishidan borat. Ota-onam, men va ukam. Ukam Dima ham hozir Rostovda, mening yonimda. U futbol maktabida murabbiylik qilyapti. Ukam o'z vaqtida darvozabon bo'lib Angren, CHirchiq, CHilonzor va Buxoroda o'ynagan. Lekin futbol o'ynashda omadi kelmadi.

Xayrulla XOLIQOV suhbatlashdi.

P.S. Suratlar muallifniki

Reyting: +19   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика