Davron Fayziev: "Bu yil oliy ligada qolsak, kelasi yil katta o'zgarishlar bo'ladi"
30 iyu 2013 08:00
Yangiliklar
Davron Fayziev: "Bu yil oliy ligada qolsak, kelasi yil katta o'zgarishlar bo'ladi"
So'g'diyonaning Toshkentdagi yig'in ko'ngildagidek kechdi. Har xolda o'tkazilgan nazorat o'yinlaridagi bu jamoaning qayd etgan natijalari yaxshiroq bo'ldi. Ular asosan jamoaviy o'yin evaziga shakllanish jarayonini boshidan o'tkazmoqdalar. Buning ustiga bosh murabbiy yoshlarga ham katta etibor qaratayotgani sir emas. CHunki tarkibga yangi kuchlar jalb qilinmagach o'z-o'zidan mahalliy yoshlarga yanada kengroq etibor beriladi. Jamoaning ashaddiy muxlislari esa ikkinchi davrada o'ziga xos syurprizlarni kutishmoqda. Ochig'ini aytganda, bunday syurprizlarni So'g'diyonadan kutsa bo'ladi. Ikkinchi davra bahslari yaqinlashib qolgani sababli tayyorgarlik jarayoni qanday kechganligi, tarkibdagi hozirgi holat va yana bir qator masalalar bilan bosh murabbiy Davron Fayzievga murojaat qildik.
- Toshkentdagi yig'in o'z nihoyasiga etdi. Bosh murabbiy sifatida poytaxtdagi tayyorgarlik jarayoni rejangiz asosida kechdimi?
- Umuman olganda, ikkinchi davraga tayyorgarlikni rejamiz asosida boshlaganmiz. 12 iyuldan 18 iyulga qadar Zomin tog'larida mashg'ulot olib bordik. Biz u erda futbolchilarning jismoniy holatini yaxshilashga etibor qaratdik. Navbatdagi yig'inimiz 19-27 iyul kunlari Toshkentda o'tkazilishi kerak edi. Hammasi biz o'ylagandek bo'ldi va ushbu sanalar davomida poytaxtimizda shug'ullanib, o'yinlar o'tkazdik. 5ta nazorat uchrashuvini ishtirok etib 3tasida g'alaba qozonib, 1ta durang va 1ta mag'lubiyatga uchradik. Aytishim kerakki, ushbu o'yinlarimiz ko'ngildagidek o'tdi. CHunki yaxshi raqiblar bilan bellashdik. Navbahor, SHo'rtan, Buxoro, NBU-Osiyo va Neftchi jamoalariga qarshi to'p surdik. O'tkazgan barcha o'yinlardan o'zimiz uchun tegishli xulosalarni chiqarib oldik. Meni qoniqtirmagan tomoni shu bo'ldiki, himoyada o'z aybimiz bilan ko'p xatolarga yo'l qo'yapmiz. Bu meni tashvishga solyapti. Aynan Buxoro bilan o'yinda uchta gol urib, o'z darvozamizdan ham uchta to'p o'tkazib yubordik. Navbahorni 2:0, SHo'rtan hamda Neftchini 3:2 hisoblarida mag'lub etdik. NBU-Osiyoga esa 0:3 hisobi bilan yutqazdik. Biz mazkur uchrashuvda ikkinchi tarkibni maydonga tushirdik. Ammo mag'lubiyat uchun bahona qidirish kerak emas. Nazorat o'yinida bo'lsa ham mag'lubiyat baribir mag'lubiyat. Endi 30 iyul kuni o'z qarorgohimizda yig'ilamiz. Ikkinchi davra boshlanishidan avval 31 iyul kuni birinchi liga peshqadami - Mashal jamoasi bilan o'rtoqlik uchrashuvi o'tkazishga kelishib qo'yganmiz. Bu bizning oxirgi nazorat o'yinimiz bo'lib qoladi.
- Toshkentda bir qancha o'rtoqlik uchrashuvlaridan qatnashdinglar. Bundan ko'zlangan asosiy maqsad nima edi? Umuman, ushbu uchrashuvlar qanchalik samara beradi?
- Samarasi haqida gapirsam, ko'proq to'pni nazorat qilishga etibor qaratdik. Bilasiz, tarkibimizda yoshlar ko'p. O'rtoqlik uchrashuvlarida ularga o'zlarini yo'qotmasdan erkin o'ynashga o'rgatyapiz. To'pni yo'qotib xato qilishsa ham ushbu xatolar ustida ishladik. Qanday bo'lmasin yoshlarimizda o'zlariga bo'lgan ishonchni ko'tarishimiz kerak. O'rtoqlik uchrashuvlarida natija muhim emasdi. Yutsak ham, yutqazsak ham yoshlarimizdan o'zlariga ishongan holda erkin o'ynashlarini talab qildik. CHempionatda buni yanada mustahkamlashimiz kerak. CHunki nazorat o'yinlari bilan chempionat o'yinlari boshqa-boshqa. Bizga aynan yoshlarimizning o'ziga ishonchi etishmayotgandi. Nazorat o'yinlari davomida shu narsa ustida ko'proq ishladik.
- Ikkinchi davra boshlanishiga sanoqli kunlar qoldi. SHunday ekan, jamoangizni qanchalik chempionatga tayyor deb hisoblaysiz?
- O'z jamoamga baho beradigan bo'lsam, 80-85 foizga tayyor deb ayta olaman. Nazarimda hech kim 100 foizga tayyor deb ayta olmaydi. Futbolchilarimiz mashg'ulotlarda o'z ustida chin dildan ishlashganligi ko'rinib turdi. Har bir o'yinchi asosiy tarkibda o'ynash uchun bor imkoniyatini ishga solib harakat qilishyapti. Bu esa meni xursand qildi. Yani, bizda ozgina bo'lsa-da raqobat yuzaga keldi.
- SHu o'rinda tarkibdagi o'zgarishlar xususida ham to'xtalib o'tsangiz?
- To'g'risini aytsam, tarkib borasida kuchaydik yoki kuchsizlandik deb hisoblamayman. Kuchayish uchun iqtisod masalasida qiyinchiliklarga egamiz. SHu sababli o'z yoshlarimizga tayandik. Jamoamizni tark etgan futbolchilar bo'ldi. Jumladan Akmal Abdurahmonov, Jalil Kimsanov, Xurshid Yo'ldoshev hamda Durbek Umaraliev o'z ixtiyorlari bilan ketishga ruxsat so'rashdi. Men bu yo'qotishlarni jiddiy bo'ldi demagan bo'lardim. Biz ularning klubni tark etishlariga hech qanday etiroz bildirmadik. Qo'shilgan o'yinchilardan Olmaliq klubidan Maruf Murodovni tarkibimio'ga jalb qildik. SHuningdek, ilgari Bunyodkorda to'p surgan va birinchi davrani Navbahorda o'tkazgan Rasul SHuhratovni ham safimizga qo'shib oldik. Aynan ikkita yangi o'yinchi mashg'ulotlarimizda qatnashyapti. Hozircha ular yomon taassurot qoldirishgani yo'q. O'z ustilarida ko'proq ishlab tezroq jamoaga moslashib ketishlari uchun maslahatlar berdim.
- Ikkinchi davradagi natijalarni nisbatan yaxshilash uchun So'g'diyonaga ikki nafar yangi futbolchining qo'shilishini etarli deb o'ylaysizmi?
- Albatta etarli deb o'ylamayman. Biz yanada kuchayishimiz kerak. Biroq ko'proq futbolchilarni taklif qilib tarkibni yanada kuchaytirish uchun bizda moliyaviy imkoniyat havas qilgudek emas. Bu yil oliy ligadagi o'rnimizni bir amallab saqlab qolsak, keyingi yili katta o'zgarishlar bo'ladi. Buning uchun ushbu chempionatda oliy ligada qolishimiz kerak. Birinchi davrada imkoni boricha maqsadimiz uchun kurashdik. Tabiiyki, ikkinchi davrada ham oxiriga harakat qilamiz va umid qilamanki o'z maqsadimizga erishamiz.
- So'g'diyonaning mavsumdagi ishtiroki va ikkinchi davraga tayyorgarligidan xuddi tavakkalchilikka qo'l urayotgandek taassurot uyg'onmoqda?
- Men tavakkalchilik qilyapmiz deb aytmagan bo'lardim. Hammaning xabari bor, bizning uy o'yinlarimizni o'tkazadigan stadionimiz yo'q. Ayni paytda stadionimizda katta qurilish ishlari davom etmoqda. SHuning uchun o'yinlarimizni Zomindagi stadionda o'tkazyapmiz. Zomin Jizzaxdan 65 kilometr uzoqlikda joylashgan. To'g'ri, muxlislar bizni tashlab qo'yishgani yo'q. Har uchrashuvda zominlik va jizzaxlik muxlislar qo'llab-quvvatlab turishibdi. Lekin ko'pchilik muxlislar o'yinga bora olmayaptilar. SHu bois tavakkalchilik deb hisoblamayman. Biz tuzib chiqqan ish rejamiz asosida mehnat qilyapmiz. Tezroq o'z stadionimizga ega bo'lganimizda hammasi yanada yaxshi bo'lardi deb o'ylayman.
- Ikkinchi davra bundanda qiyin bo'lishi turgan gap. SHunday ekan, bosh murabbiy sifatida havotirlaringiz bormi?
- CHempionatimiz xuddi kecha boshlangandek! Vaqt tez o'tyapti, mana endi ikkinchi davraga start berilyapti. Ochig'i, davralar oralig'ida borgan sari hayajon meni bosib boryapti. Lekin men buni bildirmaslikka harakat qilyapman. Biroq xalqimizda jo'jani kuzda sanaymiz degan naql bor. Hozir ushbu naqlga etib kelyapmiz. Ikkinchi davrani o'z maydonimizda Olmaliq jamoasiga qarshi o'yin bilan boshlaymiz. Oxirgi paytlarda bu klub juda yaxshi shakllanyapti. Umuman, bu yilgi jamoalar ichida menda juda yaxshi taassurot qoldirayotganlar - Bunyodkor, Nasaf, Lokomotiv va Olmaliq klublaridir. Mavsumning ikkinchi yarmini Olmaliq bilan boshlash baribir hayajonni keltirib chiqaryapti. Biz har bir uchrashuvga bir xil tayyorgarlik ko'ramiz. Lekin Olmaliqqa qarshi puxta hozirlik ko'rmasak, bizni juda qiyin start kutib turibdi. Bilasiz, biz moliyaviy imkoniyat bo'yicha ham maqtana olmaymiz. SHu tomondan ko'plab jamoalardan orqadamiz. Bu narsa baribir futbolchi va murabbiyga tasir ko'rsatadi. SHu bois muammolarni qanday bartaraf etish ustida ham ishlayapmiz. Nima bo'lgan taqdirda ham yil oxirida biz kutgan natijaga erishamiz.
- Bu yil So'g'diyona bilan birga oliy ligaga chiqqan Gulistonning hozirgi moliyaviy tang holati sizlarda ham ro'y berishi cho'chitmayaptimi?
- Albatta cho'chityapti. Ammo oxirgi 5-6 kun ichida Guliston jamoasi bu borada o'zini biroz o'nglab oldi. Lekin bunday qiyinchiliklar har bir klubning boshidan o'tsa kerak deb o'ylayman. Ammo nochor ahvolda deb aytishayotganlarga qo'shilmayman. Esingizda bo'lsa, mavsum boshida So'g'diyona bilan Gulistonni aynan nochor ahvolda deb baholashgandi. Lekin bunday emasligimizni isbotlab berdik. Ikkinchi davrada ham Guliston ham, So'g'diyona ham o'z maqsadiga erishadi degan umiddaman.
SHuhratbek JO'RAEV suhbatlashdi.
Fikrlar