Avval biz hujumga o'tamiz (mutolaa uchun)
10 fev 01:12
Yangiliklar
Avval biz hujumga o'tamiz (mutolaa uchun)
Gapni nimadan boshlasam ekan? Sizga bobom hayotimni qay tarzda o'zgartirib yuborganini so'zlamoqchiman. Shuningdek, sizga Ronaldo, samolyotda bayroq hilpiratgan Romario, apelsin rangli "Volkswagen" haqida ham aytib beraman.
Gapiradigan gaplarim ko'p. Keling, bir chetdan boshlaymiz.
Bu voqea hayotim davomida yodga oladigan ilk lahzalarimdan biri hisoblanadi. O'shanda taxminan olti yosh edim. Maktabdan yozgi tatilga chiqqandik, biroq har kuni tonggi 7:30 da uyg'onib, koptogimni qo'ltiqlagancha Botafogo plyajiga yo'l olardim.
Plyaj eng mohir futbolchilar kelib chiqqan joy — Rio-de-Janeyroda edi.
Sohil bo'yidagi bog'da futzal maydoni va bolalar uchun kichik o'yingoh bor edi. U erda har doim bir chol mashinalarini to'xtatib turgan odamlarga baqirardi: "Bir dollar! Bir dollar! Bir dollar!"
U bir dollar evaziga mashinangizni "qo'riqlardi". Uning ovozini unutganim yo'q, ammo o'sha erning hidi dimog'imdan hamon ko'tarilmagan. Maydonning bir tomonida singan suv quvuri bor edi, u erdan qumloqqa suv to'kilib, loy hosil bo'lardi. Shuning uchun har kuni ertalab boqqa borganimda, o'sha hidni sezardim, birodar.
O'yingoh “Botafogo” muxlislarining hududi edi. Bazi kunlari ular maydonni egallab olishgan bo'lardi, shuning uchun bir chetda to'p tepib turardim. Boshqa kunlari esa hech kim o'ynamayotgan bo'lardi. Buning ahamiyati yo'q edi — jajji Marselito har kuni o'sha erda bo'lardi.
Men sog'inch tuyg'ularini qamrab olgan o'sha hidni va oyoqlarim ostidagi to'pni juda yaxshi eslayman. Bir narsani angladim: oyog'ingiz ostida to'p bo'lsa, jahlingiz chiqmaydi. O'ynash uchun odamlarning keragi yo'q. To'p bo'lsa kifoya.
O'sha yoz Amerikada 1994 yilgi jahon chempionati o'tkazilayotgan edi. Jahon chempionati boshlanishidan ilgari Braziliyada mahalliy aholi ko'chalarga chiqib, yirik bayramni nishonlash uchun devoriy rasmlar chizardi. Hamma narsa - ko'chalar, devorlar, panjara to'siqlar, hatto odamlarning yuzlari ham yashil, ko'k va sarg'ish tusga kirardi. Bu jarayon Braziliyadagi har bir kichkina bola uchun o'ziga xos xotiradir. Yaqinda Ronaldoning hikoyasini o'qiyotgandim, u 1982 yilgi jahon chempionati oldidan ko'chaga chiqib, Zikoning devoriy rasmini chizishda qanday yordam bergani haqida gapirgandi.
Ha, Ronaldo haqida gapiryapman?
Agar buni o'qiyotgan bo'lsangiz, men olti yoshligimda do'stlarim bilan sizning yuz qiyofangizni ko'chamizga chizgandik. Siz bizning qahramonimiz edingiz. Bu lahza qalbimda chuqur iz qoldirgan xotiradir. Lekin mahalliy gazetaning birinchi sahifasidagi mana shu birgina suratni juda yaxshi eslayman.
Hayotingiz to'g'risida nimalarni eslashingiz g'alati. Braziliyaning finalda g'alaba qozonganini ko'p ham eslay olmayman. Bu lahzalar ko'z oldimda xiraroq namoyon bo'ladi. Ammo mahalliy gazetaning birinchi sahifasidagi mana shu birgina suratni juda aniq eslayman. Milliy terma jamoa endigina mamlakatga qaytib kelgandi, Romario esa samolyot kabinasining old oynasidan go'yoki biz uchun dunyoni zabt etgandek Braziliyaning ulkan bayrog'ini hilpiratib turardi.
O'sha suratni ko'rib, yuragim g'ururdan portlab ketadigandek bo'lganini eslayman. Ichimda "Xudoyim, bir kun men ham shunday ishni uddalashim kerak", deb o'ylagandim.
Albatta, bu ko'p jihatdan kulgili orzu edi. Birinchidan, Braziliyada 200 million aholi bor va ularning barchasi (hatto keksalar ham) futbolchi bo'lishni xohlaydi. Ikkinchidan, men hali haqiqiy futbolchi ham emasdim. Faqat besh kishidan iborat futzalda ter to'kardim. Futbol uchun safarga chiqish oilam uchun unchalik ham imkonsiz emas edi. Balki Amerika yoki Angliyadagilar buni tushunmas, lekin Braziliyada benzin, ayniqsa bolaligimda, judayam qimmat edi.
Baxtimga, bobom men uchun hamma narsadan voz kechishga tayyor edi. U mening hikoyamdagi eng muhim shaxs sanaladi. Agar uni tasavvur qilmoqchi bo'lsangiz... o'ziga xos shaxs edi. Bobom hamisha quyosh nuridan himoya qiladigan ko'zoynak taqib yurardi va uning sevimli iborasi bor edi. U har kuni do'stlari davrasida bo'lganida shu gapni takrorlardi.
Buni o'zbek tiliga qanday tarjima qilsa bo'larkan? U aytardiki...
“Jin ursin, ahvolimga bir qaranglar. Cho'ntagimda bir tiyin yo'q, lekin baxtiyorman!”
Bobom meni eski "Volkswagen"da futzalga olib borardi. Menimcha, mashina 1969 yil ishlab chiqarilgandi. Ammo sakkiz-to'qqiz yoshlarimda jamoam bilan ko'p safar qila boshlaganimda, benzin, tushlik va boshqa xarajatlar juda qimmatga tusha boshladi. Shuning uchun bobom hayotimni o'zgartiradigan qaror qabul qildi.
U mashinasini sotib, pulini bizning avtobus chiptalarimizga sarfladi. Shunday fidoyilik qilganidan keyin, u o'zini jabrdiydadek his qilardi deb o'ylashingiz mumkin.
Aslo unday emas!
"Mening nabiram Riodagi eng yaxshi o'yinchi! Braziliyaning eng zo'r futbolchisi! Hayratlanarli! To'xtatib bo'lmas!" deb maqtanardi
Uning nazarida, men hech qachon xato qilmasdim. Bu juda kulgili edi. U mening o'yinlarimni tomosha qilib, uyga qaytardi-da, otamga: "Sen Marseloning o'yinini ko'rishga kelishing kerak! Bugun u nimalar qilganini bilasanmi? YO xudoyim. Bu sehrgarlikning o'zginasi. Aql bovar qilmaydi!" derdi.
Ammo otam doim ishlashi kerak bo'lgani uchun mening o'yinlarimni deyarli ko'rolmasdi. U bobomni aqldan ozgan deb o'ylagan bo'lsa kerak. Eng kulgili tomoni shundaki, men yomon o'ynab, yutqazib qo'yganimizda ham, u shunchaki elkasini qisib: "E-e, mayli. Keyinroq o'zing fahmlab etasan," derdi.
U tufayli to'qqiz yoshimdayoq o'zimni Ronaldo kabi tasavvur qila boshlaganman. Xudo haqqi, ko'ksimni kerib uyga kirardim, go'yo: "Ha, men chinakam futbolchiman," derdim.
Bir kuni, chamasi 12 yoshlarda edim, bobom o'yindan keyin apelsinrang “Volkswagen” mashinasida paydo bo'ldi.
U: "O'tir, uyga ketamiz," dedi.
Men hayron bo'lib: "Qanaqasiga? Buni qaerdan oldingiz?" dedim.
U: "Hayvonlar o'yini" dedi.
Rioda jonivorlar lotereyasi degan narsa bor. Bu balki to'liq qonuniy emasdir, lekin bu - xalq o'yini. Tuyaqush, xo'roz yoki boshqa biror hayvon bilan bog'liq raqamni tanlaysiz. Har kuni yangi yutuqli o'yin o'tkaziladi. Bobom hayvonlar lotereyasida qancha pul yutganini bilmayman, lekin u shu pulga mashina sotib olgan.
Shu mashinada ko'p joyni kezdik. Ammo 15 yoshimda meni "Fluminense" yoshlar futbol jamoasiga taklif qilishdi. Muammo shunda ediki, mashg'ulot maydoni Kseremda, uyimizdan deyarli ikki soatlik masofada bo'lib, u erga har kuni borish uchun benzinga pul to'lash imkonsiz edi. Shu tariqa, men o'sha erdagi yotoqxonada qolishga qaror qildim. Oilamdan uzoqda, Kseremda yolg'iz edim. Bobom shanba kuni kechqurun Riodagi uyimda yakshanbani o'tkazishim uchun meni olib ketardi, keyin esa qaytarib olib kelardi.
Yana mashina nasib etibdi deyishingiz mumkin. Ammo bir narsani tushunishingiz kerak, bobom lotereyadan pul yutgan edi. Bu yutuq unchalik katta emasdi. Mashina esa eski bo'lib, 70-yillarda ishlab chiqarilgandi. Har safar rulni haddan tashqari bursangiz, radiostanciya o'zgarib qolardi.
Riodan Kseremga borib-kelavergach, bir muddat ancha toliqib qoldim. O'zimni futboldagi quldek his qilardim. Uydagi barcha do'stlarimning plyajga borib, hayotdan zavqlanayotganini ko'rardim, men esa faqat shug'ullanardim.
Bir kuni bobom meni olib ketgani kelganda, unga: "Charchadim. To'yib ketdim. Uyga butunlay qaytishni istayman," dedim.
U: "Yo'q, yo'q, yo'q. Bunday qilmaysan. Shuncha kurashganimizdan keyin-a?" dedi.
Men: "Zaxirada o'tiribman. Yoshligimni behuda o'tkazyapman. O'ylab-o'ylab shu qarorga keldim," dedim.
Keyin u yig'lab yubordi.
U: "Marselo, shunchaki xotirjam bo'l. Hozir tashlab ketolmaysan. Bir kuni seni “Marakana”da o'ynayotganingni ko'rishim kerak," dedi.
Bu gaplar yuragimga qattiq tasir qildi. Men unga: "Mayli, yana bir hafta qolaman," dedim.
Oxir-oqibat, taslim bo'lishdan voz kechdim.
Ikki yildan so'ng, bobom tribunada o'tirganda, men "Fluminense"ning asosiy jamoasi bilan “Marakana” maydoniga chiqdim. U buni bilgan ekan. bobom birinchi kundan boshlab menga ishonardi va futbolchi bo'lishimni o'zi ham bilardi.
18 yoshga to'lganimda, Evropadagi bazi jamoalar menga qiziqish bildira boshladi. CSKA va “Sevilya” meni tarkibida ko'rishni xohlayotganini eshitdim. O'sha paytda “Sevilya” juda yaxshi natijalar ko'rsatayotgan edi va u jamoada braziliyaliklar ko'p edi, shuning uchun men ispanlar variantiga qiziqa boshladim.
Bir kuni menga bir agent qo'ng'iroq qildi. U "Real Madrid"ga o'tishni xohlaysanmi?" deb so'radi.
Ha, u xuddi shunday dedi.
Shunda meni tilim aylanmay, kalovlanib qoldim: "A-a... Al.. Albatta, albatta! Chindanmi?" dedim.
Lekin bu odamning kimligini bilmasdim.
U: "Unda sen "Real Madrid"ga borasan. Yozib qo'y," dedi.
Bir necha hafta o'tgach, biz Portu Alegreda o'yin o'tkazayotgandik va “Real Madrid” vakili men bilan uchrashish uchun mehmonxonamizga bordi. Qabulxonaga tushganimda, bir janob o'zini tanishtirdi. Lekin unda “Real”ga aloqador hech qanday hujjat yoki beydjik ko'rinmasdi.
U mendan: "Sevgiling bormi?" kabi savollarni so'ray boshladi.
Men: "Ha," dedim.
U: "Kim bilan yashaysan?" deb so'radi.
Men: "Buvim bilan," deb javob berdim.
O'zimcha, u rostdan madridliklar vakilimi yoki meni Sibirga samolyotda olib ketishmoqchimikan, deb o'yladim.
Ikki kundan keyin, menga qo'ng'iroq qilishib, “Real” rahbariyati "tibbiy ko'rikdan o'tish" uchun Madridga kelishimni xohlayotganini aytishdi.
Lekin baribir, bu rostmi-yolg'onmi, deya o'ylanarrdim.
Shu o'rinda bir narsani tushunishingiz kerak. 16 yoshimgacha Chempionlar Ligasi turniri nimaligini bilmasdim. O'sha lahzani aniq eslayman - men Kseremdagi xonada o'tirardim, bazi o'yinchilar televizorda futbol tomosha qilishardi. Oynai jahonda “Portu” va “Monako” ishtirokidagi o'yin translyaciya qilinayotgan edi. Lekin o'yin boshqacha ko'rinardi. Tunda, yorqin chiroqlar ostida, muxlislar qarshisida... Maydon shu qadar chiroyli va beg'ubor edi-ki... O'sha paytda Braziliya stadionlaridagi chiroqlar unchalik yorqin nur taratmasdi. Maysa ham yam-yashil emasdi.
Televizordagi o'yin men bilmaydigan boshqa sayyoradan ko'rsatilayotganga o'xshardi.
Bir payt men: "Hey, bu qanaqa liga o'zi?" deb so'radim.
Do'stim: "Chempionlar ligasi," dedi.
Men: "Nimaning chempionlari?" deb so'radim.
U: "Og'ayni, bu Chempionlar Ligasi finali," dedi.
Uning nima haqida gapirayotganini tushunmadim. Braziliyada Chempionlar ligasi faqat pullik telekanallarda ko'rsatilardi. Men kabi ko'pchilikning bunday kanallarga kirish imkoniyati yo'q edi.
Xullas, Madridga samolyotda uchib ketayotgan joyda to'xtab qolganmidim?
Yana eslataman, men endigina 18 yoshga to'lgan edim. Xudo haqqi, men u erga shunchaki suhbatlashish uchun boryapman deb o'ylagandim. Klub bilan uchrashish uchun kelganimda, stol ustida “Real Madrid” logotipi tushirilgan shartnomani ko'rdim va tezda imzoladim.
Keyin kostyum kiygan kishilar meni to'g'ri maydonga olib chiqishdi. O'sha kuni meni ommaviy axborot vositalariga taqdim etishdi. Men buni kutmagandim. Braziliyadagi oilam aytishicha, ular Globo Esporte yangiliklarini ko'rmaguncha bu haqiqat ekaniga ishonishmagandi:
18 YOSHLI MARSELO “REAL MADRID” FUTBOLCHISI SIFATIDA TANISHTIRILDI.
Bularning tasavvur qilib bo'lmas darajada ko'rinishining sababi Roberto Karlos mening kumirim bo'lgani edi. U men uchun avliyo edi. Roberto bilan bir jamoada, bir poziciyada o'ynashimga ishonolmasdim.
Kiyim almashtirish xonasiga kirganimda... u erda Robino, Sisinoo, Xulio Baptista, Emerson, Ronaldo, Roberto Karlos bor edi. So'ngra, albatta, Kasilyas, Raul, Bekxem, Kannavaro savlat to'kib turardi.
Yosh Marselito u erga kirib, "Voy, bu odamlarni faqat videoo'yinlarda ko'rganman-ku!" deb o'ylardi.
Ular meni tiriklayin yutib yuborishlari mumkin edi. Ammo sizga "Real Madrid" haqida muhim bir narsani aytmoqchiman. "Real Madrid" o'ziga xos klub. Roberto Karlos birinchi kun oldimga kelib: "Mana mening telefon raqamim. Biror narsaga ehtiyojing bo'lsa, nima bo'lishidan qati nazar, menga qo'ng'iroq qil," dedi.
Madriddagi birinchi Rojdestvomda u meni va xotinimni uyiga taklif qildi. Bu odam mening kumirim bo'la turib, chap himoyachi poziciyasida men bilan raqobatlashayotgan edi. Ko'pchilik yosh bola uchun bunday saxovat qilmagan bo'lardi. Lekin u — Roberto Karlos. U o'ziga ishonardi. Bu jihat esa haqiqiy erkaklik timsolidir.
Maydonda ham undan ilhomlandim. Roberto Karlos chap qanot bo'ylab yirtqichdek harakat qilardi. Meni yaxshi ko'rasizmi yoki yomon, maydonda bo'lganimda nimaga qodir ekanligimni bilasiz. Men hujum qilishni yaxshi ko'raman. Yo'q, shunchaki hujum emas. Judayam xavfli HUJUM, tushunyapsizmi?
Xo'sh, unda orqa chiziq qolib ketmaydimi? Muammo tug'ilsa, uni hal qilamiz. Bir ilojini topamiz. Lekin avval hujumga o'tamiz.
Sheriklaringiz bilan yaxshi munosabatda bo'lsangizgina erkinlik bilan harakatlana olasiz. Fabio Kannavaro mening yonimda o'ynar va menga shunday derdi: "Sen oldinga yur, Marselo. Men shu erdaman. Xotirjam bo'l. Men Kannavaroman. Buni uddalayapman."
Faoliyatim so'ngida Kazemiro men bilan shunday munosabatda bo'ldim. "Olg'a, Marselo. Qolgan narsalar haqida keyinroq o'ylaymiz", derdi u.
E-e-e, Kazemiro. U mening hayotimni saqlab qoldi. Bu yigit yonimda bo'lsa, 45 yoshgacha o'ynashim mumkin.
Madridga ilk bor kelganimda Kannavaro ancha moslashishimga yordam berdi. Hujumga chiqqanimdan so'ng, tezda orqaga qaytishim kerak edi. Lekin kechikib qolsam-chi? Ana shunda haqiqiy qichqiriq boshlanardi. U baqirib berardi.
Kannavaro menga nisbatan qattiqqo'l edi, ammo buning sababi bor edi va men uni shuning uchun hurmat qilaman.
"Real"da standartlar qanchalik yuqori ekanligini juda tez tushunib olasiz. Birinchi mavsumim oxirida direktor meni xonasiga chaqirdi. Men hali yosh va beparvo edim. Beysbol kepkamni kiyib, shunchaki suhbatlashamiz degan o'yda xonaga kirdim.
U menga klub meni ijaraga bermoqchi ekanligini aytdi.
Ularning niyatini tushundim. Ular menga tajriba orttirish imkoniyatini bermoqchi edi. Ammo men o'yladim: "Bu axir "Real". Agar hozir ketsam, ular meni qaytib olmasliklariyam mumkin".
U mendan bir qog'ozga imzo chekishimni so'radi.
Men undan faqat bitta narsa so'radim: "Agar men bunga imzo chekmasam, ketishim shart emas, shunday emasmi?"
U: "Ha, to'g'ri. Agar imzo chekmasangiz, qolasiz. Agar murabbiy sizni ushlab qolmoqchi bo'lsa, shunday bo'ladi. Lekin menimcha, sizga tajriba kerak", dedi.
Men o'zimcha: "Meni kaltaklamagunlaricha qog'ozga imzo chekmayman", deb o'yladim.
"Tajriba orttirishni o'zimga qo'yib bering", dedim.
Unga minnatdorchilik bildirib, xonadan chiqdim.
Roberto Karlos o'sha yozda ketdi va men ko'proq o'ynay boshladim. Shundan keyin kichkina Marselito rivojlana boshladi.
Har safar Braziliyaga tatil uchun borganimda, bobomnikiga borardim va uning javoni tobora to'lib borayotganini ko'rardim.
Javon haqida qisqacha tushuncha beraman.
Olti yosh paytimdayoq bobom kareramga bag'ishlangan burchak yaratgan edi. U mening barcha suratlarim va sovrinlarimni katta yog'och javonga joylashtirardi va men gol urgan lahzalarni maxsus kitobda qayd etib borardi. Maktabda o'ynagan paytimdan boshlab urgan har bir golimni erinmasdan yozardi. Mahalliy gazetalarda men haqimda biror narsa yozilsa, u katta qaychisini olib, maqolani qirqib olar va uni laminaciya qilardi.
Shu tariqa, yoz kunlarining birida "Real"dan qaytganimda, u hali ham shu ishni davom ettirayotganini ko'rdim. Hamon xabarlarni qirqib olib, laminaciya qilardi. Biz La Ligada g'alaba qozonayotgandik-da! Juda ko'p materiallar chiqardi! U hamma gazetalarni yig'ardi. Biror narsani o'tkazib yubormasdi.
Men har doim bu shkafga ikkita narsani qo'shishni xohlardim: Chempionlar Ligasi kubogini ko'tarib turgan va jahon chempionatida g'alaba qozongandan so'ng, Romario singari samolyotning old qismidan Braziliya bayrog'ini hilpiratib turgan suratimni.
2014 yilgi Chempionlar Ligasi finalida "Atletiko"ga qarshi o'ynaganimizda bobom juda og'ir kasal edi. Final oldidan ketma-ket to'rtta o'yinda asosiy tarkibda maydonga chiqqandim. Bellashuvga tayyor edim. Afsuski, murabbiy "Atletiko"ga qarshi o'yinda mening o'rnimga boshqa futbolchini tanladi.
Nima deyishimni istaysiz? Avvaliga juda xafa bo'ldim. Biroz g'azablandim ham. Lekin ichimda o'sha kecha meni yanada muhimroq narsa kutayotganini sezardim. Men zaxira o'rnidig'ida o'tirib, yaxshi voqeilik bo'lishini kutdim. 1:0 hisobida yutqazib turganimizda ham kutdim. 90-daqiqada ham kutishda davom etdim. Va nihoyat, 93-daqiqada Serxio Ramos boshi bilan yana bir bor bizni qutqarib qoldi. Bu yigitda qanday mo'jiza borligini tushunmayman. Balki o'sha mo'jiza sochi bo'lsa kerak.
Murabbiy men va Iskoni qo'shimcha vaqtda maydonga tushirganda, g'azab bilan yugurdim, lekin bu ijobiy g'azab edi. Men g'alaba qozonishni istardim. Bor kuchimni ayamaslikka ahd qildim.
Qo'shimcha vaqtda gol urganimda, miyam to'xtab qolgandek bo'ldi. Libosimni echmoqchi bo'ldim. Keyin o'yladim: "Yo'q, uni echmasligim kerak, aks holda ogohlantirilaman." So'ng jiddiylashdim. Keyin yig'lab yubordim. Bu aqlga sig'mas holat edi.
Bu voqea Kseremda televizorga termulib, chiroqlar va yam-yashil maydonga hayrat bilan boqqancha, "Bu qanaqa ajoyib liga?" deganimdan roppa-rosa 10 yil o'tgach, sodir bo'ldi.
O'n yil o'tgach, o'sha mashhur kubokni qo'limda ushlab turardim. La Décima - "Real" tarixidagi 10-Evropa chempionligi.
Finaldan bir necha oy o'tgach, bobom Rio shahrida vafot etdi.
U Chempionlar Ligasi sovrini ko'tarishimni ko'rganidan judayam faxrlanaman. Men aynan u tufayli shu darajaga chiqdim.
Bazida telba hujumkor himoyachining o'n yildan ortiq "Real Madrid" va Braziliya sharafini himoya qilganiga hayron qilaman.
Sizga buni oddiy holat desam, yolg'on bo'lardi.
Mashg'ulotga kelib, mashinamni to'xtatgach, "Real Madrid"ning kiyinish xonasiga kirganimda, meni o'zgacha his-tuyg'ular qamrab olardi. Tashqi ko'rinishimdan bilinmasa-da, buni ich-ichimdan his qilardim.
Buyuk klub tarixining bir qismi bo'lish men uchun sharaf.
Oldimda yana bir so'nggi vazifa qolgandi. Bobomning javoniga jahon chempionatining kichik oltin kubogini qo'yishni orzu qilardim. Mayli, nima ham derdim. Baribir men Marselo bo'lib qolaman. Shu onda bobomning so'zlari qulog'imga chalinadi:
“Jin ursin, ahvolimga bir qaranglar. Cho'ntagimda bir tiyin yo'q, lekin baxtiyorman!”
Krishtianu Ronaldu: "Mening ertagim" (mutolaa uchun)
Oqil Abdubarnoev tayyorladi.
Fikrlar