Villash-Boash “Marsel”da boshqa ishlamasligini e'lon qildi. Klub u istamagan futbolchini sotib olgan

Eldor Akmurzayev
2 fev 2021, 19:25
“Marsel” ustozi Andre Villash-Boash bugun o'z xohishiga ko'ra iste'fo berdi.

Klub yarim himoyachi Olive Ntshamni transfer qilgan. Villash-Boash esa mazkur futbolchini jamoada ko'rishni xohlamagandi.

“Bu mening qarorim emas edi. Aynan men rad qilgan futbolchi olib kelindi. U bilan shartnoma imzolanganini esa uyg'onib, klub saytiga kirganimdan keyin bildim. Klub strategiyasidan noroziligimni bildirib, iste'foga chiqdim. Direktorlar kengashi hali ham menga javob bermadi. Menga pul kerak emas, shunchaki ketmoqchiman. Bu klub 2-3 yildan beri transfer bozorida istaganicha ish tutmoqda va men bunga qo'shilolmayman.

Bu hafta oxirida sodir bo'lgan voqealarga hech qanday aloqasi yo'q. Bu sport tarafi bilan bog'liq. Shunchaki, ketmoqchiman. Prezident Jak-Anri Eyroni juda hurmat qilaman, ammo ushbu yerda mening professionalligimga putur etkazildi”, deydi mutaxassis.

Eslatib o'tamiz, 30 yanvar kuni “Marsel” muxlislari jamoa bazasiga bostirib kirib, klub rahbarining iste'fosini so'rashgandi. Shuningdek, ishqibozlarga jamoaning hozirgi holati ham maqul kelmagan. “Marsel” Liga 1 20 turidan keyin 32 ochko to'plagan holda 9-o'rinda bormoqda.

O'xshash yangiliklar


Eldor AkmurzayevMuallif
Manba: Get French Football News