Farruh Sayfiev: “Derdiyok "Paxtakor"ga katta foyda keltirishiga ishonaman”

Narzulla Saydullayev
1 fev 2020, 12:00
O'tgan oy BAAda yangi mavsumga hozirlikni davom ettirgan “Paxtakor” klubi yurtimizga qaytib keldi.

Endilikda “sherlar” OCHL birinchi turiga taraddudni shu yerda olib borishadi. Muhim uchrashuvlar oldidan yetakchi futbolchi Farruh Sayfiev fikrlarini bildirib o'tdi.

“Birinchi yig'inni Toshkentda o'tkazdik. Bunda jismoniy holatimizni yaxshilashga urg'u berdik va tiklanish mashqlarini bajardik. Ikkinchi yig'inni esa BAAda olib bordik. Uchta o'rtoqlik uchrashuvida maydonga tushdik. Uzoq tanaffusdan keyin o'yinimizni topib, uni yo'lga qo'yib olish muhim edi.

Yangi kelgan yulduz futbolchi Eren Derdiyok haqida ijobiy fikr bildirishim mumkin. Tajribali futbolchi, jamoamizga yaxshigina yordami tegadi deb o'ylayman.

Joriy yildagi ilk rasmiy o'yinimizni 10 fevral kuni “Shabab Al Ahli” jamoasiga qarshi o'tkazamiz. Dastlabki ikki turda o'z maydonimizda o'ynaymiz. Xudo xohlasa g'alaba qozonib suyuklilarimizga shodlik ulashamiz. Raqiblarimiz oddiy jamoalar emas. “Al Hilol” musobaqaning amaldagi g'olibi. Avvalgi mavsumda ham guruhimizdan ancha kuchli jamoalar joy olgandi. Nazarimda biz munosib kurash olib borgandik”, - dedi Farruh Sayfiev.

Abdulaziz Iskandarov yozib oldi

O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia