Bobur Abduxoliqov: "Xalqimiz bizni ajoyib tarzda kutib oldi"

Narzulla Saydullayev
30 yanv 2018, 08:39
O'zbekiston U-23 Osiyo chempionatida g'olib bo'lgan "Nasaf" hujumchisi Bobur Abduxoliqov saytimiz uchun intervyu berdi.


- Chempionatdan qanday taassurotlar qoldi?

- Buni yoshlikdan orzu qilib kelamiz. Buni tasavvur qilish qiyin. Hissiyotlarimiz cheksiz. Ochig'i xalqimiz bizni bunday kutib olishini kutmagandi. Barchamiz bundan juda xursand bo'ldik.

- Nima deb o'ylaysiz, bu oxirgi chempionlik bo'lmaydimi?

- Bu keyingi g'alabalar uchun poydevor bo'ladi. Yanada kuchliroq futbolchi bo'lishga urinamiz.


- Sizni futboldagilar "Pele" deb chaqirishadi...

- Birinchi murabbiyim "Pele" deb atardi. Shu-shu hamma shunday chaqiradi. Futbol qiroli nomi bilan meni chaqirishlari yoqimli.

- Bu yildan Siz 10-raqamni tanladingiz...

- Uydagilarim afsonaviy futbolchilar o'ynashlarini aytishdi, shu bois 2018 yilgi mavsumdan 10-raqamni tanladim. Raqamning yuki og'irlik qilmaydi.

- "Paxtakor" sizga qiziqqani va tasdiqlanmagan ma'lumotlarga ko'ra "Nasaf" Siz uchun 3 milliard so'm so'ragani haqida xabarlar chiqdi. Agar klublar barchasi futbolchining o'ziga bog'liq deyishsa Bobur Abduxoliqov qaysi klubni tanlagan bo'lardi?

- "Nasaf" baribir ikkinchi uyim. Har qanday futbolchi o'z uyidan ketishni istamaydi. Bir klubda 6-7 yil o'ynasa o'sha klubga qattiq bog'lanib qoladi.


- Yangi mavsumga tayyorgarlikni "Nasaf" safida o'tkazmadingiz. "Al Faysali" bilan o'yinga tayyormisiz?

- "Al Faysali" bilan o'yinga tayyorman deb o'ylayman. Sababi OCHL bahsini orziqib kutayotgandim. Stadionimiz to'lib toshadi, tribunalar to'la stadionda o'ynash ajoyib hissiyotlar beradi.

- Chempionlarga Malibu avtomashinasi sovg'a qilindi...

- Prezidentimizga shunchalik e'tibor qilib, bizga mana shunday mukofot berganlari uchun barcha jamoadoshlarim nomidan minnatdorchilik bildirib qolaman. Xudo xohlasa ularning ishonchlarini oqlashda davom etamiz.

- Mashinani o'zingiz haydaysizmi?

- Haydovchilik guvoxnomam bor, lekin yoshlikdan mehnat qilib, pul topib ota-onamga mashina sovg'a qilaman deb niyat qilganman. Shunday ekan Malibu'ni oilamga taqdim etaman.


- Siz bazida markazda, bazida qanotda o'ynaysiz. Qaysi joyda o'zingizni yaxshi his qilasiz?

- Yoshlikdan yoqtirgan poziciyam markaziy hujumchi. Lekin murabbiylar meni qanotga qo'yishsa ham u yerda o'ynashga tayyorman. Qaysi joyda o'ynasam ham jamoa uchun borimni beraman. Shunchaki qanotdagi Abduxoliqovdan, markaziy hujumdagi Abduxoliqov kuchliroq.


Tolibjon Qosimov va Shahboz Beg'amov suhbatlashdi

O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia