

Turnir jadvalidagi jamoalarning joylashuvi ham milliy chempionatimizning saviyasi ko'tarilib borayotganidan dalolat beradi. Shu kungacha ochko yo'qotmagan jamoaning o'zi qolmadi.
Amaldagi chempion Lokomotivdan esa bunday omadsiz startni hech kim kutmagandi. Vice-chempion Nasafni ham mavsumni ko'ngildagidek boshladi, deyish mushkul.
Ehtimol, temiryo'lchilar va ajdarlarning OCHL turnirida ishtirok etishayotgani ham ichki chempionatdagi natijalarning pasayib kyetishiga sabab bo'lgandir?
Har holda bir vaqtning o'zida ikkita turnirda qatnashish oson emas. Boz ustiga, ulardan biri Osiyoning eng nufuzli musobaqasi hisoblanadi.
Umuman olganda, bizga ana shunday kutilmagan natijalarga boy futbol kerak. Bir tekis kechadigan va ssenariysi oldindan ma'lum bo'ladigan chempionatdan zerikkanmiz. Mavsum oxirigacha shunday murosasiz ruhda davom etishi tarafdorimiz.
Bugun e'tiboringizga Nasaf jamoasi hujumchisi Bobur Abduxoliqov bilan uyushtirilgan intervyuni havola etamiz. Suhbatimiz Yevropa futbolidan boshlandi.
- Bobur, Yevropa klublaridan qaysi jamoaga muxlislik qilasiz?
- Chelsiga. menga Angliya futboli juda yoqadi. Uning jozibasi baribir boshqacha.
- So'nggi yillarda Chelsiga nima yetishmayapti?
- Menimcha, barqarorlik. Mavsumni bir maromda o'tkaza olishmayapti.
- Chelsi tarkib borasida Angliyaning boshqa yetakchi klublaridan kuchsizroqmi?
- O'ylashimcha, yo'q. Jamoada yulduz futbolchilar etarli. Yuqorida aytganimdek, bu jamoa bir tekis futbol namoyish etolmayapti. Manchester Siti klubidek barqaror o'yin ko'rsatmayapti.
Bir tomondan Chelsi va Sitini hozirgi holatda bir-biri bilan taqqoslab ham bo'lmaydi. Manchesterliklar yovvoyi futbol ko'rsatishmoqda. Yo'ldan chiqqan raqibni er tishlatishmoqda.
- Chelsining oltin davri sifatida o'zingiz ko'rgan va bilgan qaysi yillarni aytgan bo'lardingiz?
- 2008 yilgi mavsumni aytishim mumkin. O'sha avlod futbolchilari juda kuchli bo'lishgan.
- Nima uchun aynan Chelsiga muxlislik qilasiz? Masalan, men Andrey Shevchenkoning o'yinlari sabab aristokratlar ishtirokidagi uchrashuvlarni tomosha qilganman.
- Yoshligimdan Dide Drogba, Frenk Lempard, Jon Terri singari futbolchilarning o'yiniga havas bilan qarardim. Shu bois ham Chelsiga muxlis bo'lib qolganman.
- Bobur, keling, endi o'zimizning futbol haqida gaplashsak. Afsuski, Nasaf uchun bu yilgi OCHL mavsumi guruh bosqichidayoq yakunlanadigan bo'ldi.
Nima deb o'ylaysiz, raqiblar kuchlilik qildimi yoki omadsizlikning boshqa omillari bormi?
- Tan olish kerak, raqiblar bizdan kuchli edi. Eron va Qatar klublari tarkibida tajribali futbolchilar etarli bo'lib, ular aynan individual harakat evaziga muvaffaqiyatga erishishdi. Bazi holatlarda esa bizdan omad yuz o'girdi, ayrim vaziyatlarda tajriba yetishmadi.
- Mavsumlar oralig'ida Nasaf yetakchilarining jamoani tark etishgani ham bunga ta’sir qildimi?
- Ha, albatta, qaysidir manoda buning ham ta’siri bo'ldi. Lekin bu bilan jamoamiz kuchsizlanib qoldi, demagan bo'lardim. Futbol - jamoaviy o'yin.
- Tarkibga qo'shilganlar jamoa o'yinini kuchaytira olishdimi?
- Menimcha, ha.
- Bu yilgi mavsumni boshqa jamoa tarkibida boshlashingiz ham mumkin edi, shundaymi?
- Bilmadim. Menimcha, yo'q.
- Sizni Paxtakor o'z safida ko'rishni istagandi-ku! Yoki bu noto'g'ri ma'lumotmidi?
- Paxtakordan taklif tushganini inkor etmayman.
- Lekin bu taklifga rozilik bermadingiz. Bunga etarlicha sabablaringiz bormidi?
- Nasaf rahbariyati ushbu transferga rozilik bermadi.
- Nasaf bilan qancha muddatga shartnoma imzolagansiz?
- Keling, bu sir bo'la qolsin. Bitimda ushbu ma'lumotni oshkor qilmaslik bo'yicha band bor.
- Joriy mavsum siz uchun Nasaf jamoasi tarkibidagi so'nggisi bo'lishi mumkinmi?
- Buni oldindan bilmayman.
- Superligamizning ortda qolgan turlari haqida nima deya olasiz?
- Chempionatimiz juda qiziqarli tarzda o'tkazilyapti. Buni hamma etirof etmoqda. Murosasiz o'yinlar muxlislarni stadionlarga qaytardi, deyish mumkin. Har bir turda kamida ikkita kutilmagan natija kuzatilyapti. Yetakchi klublar uchun barcha o'yinlar og'ir o'tmoqda. Hech qaysi jamoa osonlikcha ochko olmayapti. Men hali oson g'alabalar haqida gapirmadim, ochko olishning o'zi qiyinlashib ketdi.
- Qarshida Metallurg bilan durang o'ynadinglar. O'sha uchrashuvda jamoaga g'alaba qozonish uchun goldan tashqari yana nima yetishmadi?
- Ozgina omad kamlik qildi.
- O'n ikkita jamoa ishtirokidagi chempionatimiz sizga maqul kelyaptimi?
- Shubhasiz.
- Nasaf chempionlik uchun kurasha oladimi?
- Ha, albatta, kurasha oladi. Kurashni boshladi ham (kuladi).
- Lokomotiv va Paxtakor jamoalarining bu boradagi imkoniyatini qanday baholaysiz?
- Bu ikkala jamoa so'nggi yillarda chempionlik uchun kurashib kelyapti. Mavsumlar oralig'ida ikkala klub ham o'z tarkibini sezilarli darajada kuchaytirib oldi. Menimcha, chempionatimiz ancha qiziqarli davom etadi. Chunki bu yildan chempionatimiz formatida o'zgarish ro'y berdi.
Birinchi bosqich yakunlanganidan so'ng kuchli oltilikdan joy olgan jamoalar o'zaro sovrinli o'rinlar uchun kurash olib borishadi. Bu bosqich o'yinlarini muxlislar qatori biz futbolchilar ham sabrsizlik bilan kutyapmiz.
Har bir bahs olti ochko uchun bo'lib o'tadi. Qolgan klublar esa alohida guruhda Superligada jon saqlab qolish uchun kurashishadi. Yangi tizim futbolimizning o'sishi uchun xizmat qiladi.



