"Real" prezidenti: "Karlo Anchelotti endi buyuk Madrid oilasining abadiy a'zosiga aylandi"

Sherzod Nurmatov
23 may 2025, 18:21
"Real" prezidenti Florentino Peres Karlo Anchelottining jamoa bosh murabbiyligidan ketishiga izoh berdi.

Avvalroq Madridning "Real" klubi mavsum yakunida Anchelottining ketishini e'lon qilgandi. 24 may kuni jamoa Ispaniya La ligasining 38-turi doirasida o'z maydonida "Real Sosedad"ni qabul qiladi. Bu o'yin Anchelotti uchun "qaymoqranglilar" bosh murabbiyi sifatidagi oxirgisi bo'ladi.

"Karlo Anchelotti endi buyuk Madrid oilasining abadiy a'zosiga aylandi. Biz klubimiz qadriyatlarini namunali tarzda ifodalagan va shuncha yutuqlarga erishishimizga ko'maklashgan murabbiy bilan hamkorlik qilish imkoniyatiga ega bo'lganimizdan faxrlanamiz", – dedi Peres klub matbuot xizmatiga.

May oyida Braziliya futbol konfederatsiyasi 65 yoshli italiyalik mutaxassis terma jamoasiga yangi bosh murabbiy etib tayinlangani haqida xabar bergan edi.

O'xshash yangiliklar


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: realmadrid.com