"Qizilqum": Ikkinchi bosqich mashg'ulotlari boshlandi, tarkibda yangilar bor

Narzulla Saydullayev
8 yanv 2014, 21:27
Kutilganidek, “Qizilqum” jamoasi a'zolari 5 yanvar kuni Navoiy shahrida yig'ildilar.
Rejaga ko'ra, konchilarning mazkur o'quv-mashg'ulot yig'ini 25 yanvarga qadar davom etadi.

Hozirda bosh murabbiy Yuriy Lukin qo'l ostida o'ttizga yaqin futbolchi mashg'ulotlarda ishtirok etmoqda. Yangiliklar xususida to'xtaladigan bo'lsak, yig'inga Aleksandr Antipov (“Spartak” Buxoro), Nikita Sviridov (“Dinamo” Samarqand), Ruslan Vagapov (“Metallurg”), Sherali Jo'raev (“Olmaliq”) kabi o'yinchilar taklif qilingan.

O'tgan yilgi konchilar tarkibini faqat ijara asosida to'p surgan futbolchilar tark etishgan, xolos. Ikkinchi davrada Jizzaxning “So'g'diyona” futbol klubidan kelib qo'shilgan hujumchi Xurshidjon Yo'ldoshev ham mashg'ulotlarda qatnashmoqda.

Mohir hujumchi Vladimir Shishelov (“Metallurg” Novokuzneck, Rossiya) 8 yanvar tonggida yurtimizga yetib kelishi kutilmoqda.

Shuningdek, ayni paytda jamoa murabbiylar shtabi o'tgan mavsumni boshqa jamoalarda o'tkazgan bir qator tajribali futbolchilar bilan muzokaralar olib borishmoqda. Ularning kimlar ekanligi yaqin kunlarda ma'lum bo'ladi.

Rejaga ko'ra, “Qizilqum” futbol klubi murabbiylar shtabi va jamoa a'zolari 8 yanvar kuni poytaxtimizga safar qiladi. 9 yanvarda esa Chig'atoydagi “Futbol-MED” sport-sog'lomlashtirish markazida tibbiy ko'rikdan o'tadilar.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: fcqizilqum.uz