Timur Kapadze: "Olimpiada vaqtida biz futbol emas, boshqa tashvishlar haqida ko'proq o'ylashga majbur bo'ldik"
05 avg 12:47
Yangiliklar
Timur Kapadze: "Olimpiada vaqtida biz futbol emas, boshqa tashvishlar haqida ko'proq o'ylashga majbur bo'ldik"
Anjumanda "Olimpik" loyihasi, Parij sari bosib o'tilgan yo'l, Olimpiadagi tayyorgarlik va ishtirok haqiza so'z bordi.
"Uch yarim yil oldin rahbariyat oldimizga Olimpiadaga yo'llanma olish vazifani qo'ydi. Menimcha, katta yo'lni bosib o'tdik, "Olimpik" klubi tuzildi, iqtidorli yoshlar bilan ishladik. Ularni yanada yuqori darajaga olib chiqish ancha mehnat talab qildi. O'sha paytda bu klubni tuzish kerakmi yoki yo'qmi deganlar ham bo'ldi. Yakunda ko'rib turibmizki, bu o'z samarasini berdi. "Olimpik" dastlabki yildan boshlab nimaga qodirligini ko'rsata oldi va darhol Superligaga chiqdik. Aslida Superligaga chiqish vazifasi qo'yilmagan edi.
Bu davr mobaynida 4 ta katta musobaqada ishtirok etdik. O'zbekistonda o'tgan U-23 Osiyo Kubogi finaliga qadar bordik, Osiyo o'yinlarida bronza medalini qo'lga kiritdik, Qatardagi U-23 Osiyo Kubogida finalga chiqdik va Olimpiadaga yo'llanma oldik. Nihoyat, Franciyadagi Olimpiadada qatnashdik. Bizni qo'llab turgan barchaga – xalqimizga, rahbariyatga, muxlislarga katta rahmat aytaman. Bizdan rozi bo'lasizlar. Menimcha, 3,5 yillik cikl yomon o'tmadi va o'z yakuniga etdi. Bu endi tarixga aylandi. Nima bo'lgan taqdirda ham tarix yarata oldik, qo'ldan kelganicha ishladik", – dedi Timur Kapadze.
- Uch nafar yoshi katta futbolchining ishtiroki haqida qanday fikrdasiz? Bu tanlov to'g'rimidi?
- Osiyo Kubogi va Olimpiada orasi juda ham qisqa muddat bo'ldi. Agar Olimpiada 5 oydan keyin bo'lganida, balki boshqacha ishtirok etarmidik. Ko'plab intervyular va tadbirlarga chaqirishdi. Buni ham tushunaman albatta, lekin bular biroz chalg'itdi. Tayyorgarlik jarayoniga ham vaqt etarli bo'lmadi. Yoshi katta futbolchilarning imkoniyatlarini juda yaxshi bilaman, sizlar ham bilasiz. Boshida Eldor SHomurodov bor edi. Keyinroq Oston varianti chiqdi. Keyin markazga Mozgovoyni o'yladik, lekin Davronovning jarohati bois Husniddin Aliqulovni tanlashga qaror qildik. Bu futbolchilar o'z klublarida yozgi tanaffusga chiqishgani balki tasir qilgandir. Gvineyaga qarshi o'rtoqlik o'yini ham 2 kun qolganida bekor bo'ldi va tezkorlik bilan boshqa raqib topishga majbur bo'ldik. Kuchliroq jamoaga qarshi o'ynaganimizda yaxshiroq bo'lardi. Katta yoshdagi futbolchilar Ispaniyaga qarshi o'yindan keyingi nazariyada o'yinimizdagi kamchiliklarni tushunib etishdi va keyingi bahsda yaxshiroq o'ynashdi. Uch nafar yoshi katta futbolchilar bundan yaxshiroq o'ynay olisharmidi? Albatta o'ynay olishardi. Barcha yigitlarga rahmat aytaman. Menimcha, ular uchun ham, biz uchun ham foydali bo'ldi deb o'ylayman. Olimpiadadagi uchala o'yinda ham g'alaba qozona olardik, qaerdadir omad etishmadi, bunga nima sabab bo'ldi? O'ylab ko'rish kerak.
- Olimpiadadan oldin 5 himoyachi taktikasini sinab ko'rganingiz haqida malumotlar bor edi. Ispaniyaga qarshi bahsda 4 himoyachi bilan tushdik. 5 himoyachi sxemasi o'xshamadimi?
- 5 himoyachi taktikasini sinab ko'rmadik, buni bilmadim qaerdan oldingiz. To'g'ri bazida tayanch yarim himoyachi himoyachilarga yaqinroq o'ynadi. Lekin doim 4 himoyachi taktikasida ishladik.
- Biz Ispaniyadan kuchsiz emasdik, Ispaniya yuta olardik. Agar yigitlarimiz yanada chaqqonroq bo'lganida.
- Olimpiadada uyaladigan o'yin ko'rmadik, lekin standart vaziyatlardan nega foydalana olmadik? Mashg'ulotda kimlar jarima to'pini tepishini aniqlab olganmidinglar yoki yoshi kattaligidan foydalanib, men tepaman bo'lib ketdimi?
- Ispaniya bilan o'yinda ikkita juda qulay nuqtadan jarima zarbasi bo'ldi. Ammo foydalana olmadik. Bu mashg'ulotlar paytida ishlangan, lekin kim tepishi o'yin paytida aniq bo'ladi. Ichki hissiyot degan narsa bor.
Olimpiadada sharoitlar haqida ikki og'iz gapiraman: Parijga uchib bordik, ikkita bagaj yo'qoldi va bir haftadan keyin topildi. Aeroportdan avtobusda bordik, yo'lda adashib qoldik, 40 daqiqa avtobusda o'tirdik. Olimpiya qishlog'iga borsak, jamoa menejeri, jamoaning xavfsizlik bo'yicha mutaxassisiga kirish taqiqlanganini aytishdi. Ular mehmonxonada yashashlari aniq edi, ammo xatto qishloqchaga kiritishmasligini bilmasdik. Mashg'ulotlar paytida suv topa olmadik, menejer yo'qligi uchun o'zim suv qidirib yugurib yurdim. Biz Olimpiya shaharchasida Ispaniya va Isroil terma jamoalari bilan bitta binoda edik. Ularda kondicionerlar ishlamoqda, bizda esa yo'q. Negadir barchasi Ispaniya bilan o'yindan avval shunday bo'ldi.
Ispaniya bilan o'yindan keyin Nant shahriga poezdda etib bordik. Misrga qarshi o'yindan avval vaqtimiz juda ham kam bo'ldi, Ispaniyaga qarshi bahsning tahlili, Misrning o'yin uslubini o'rganish, o'yinoldi mashg'ulot, tarkibni aniqlash va hokazo.
Olimpiada vaqtida biz futbol emas, boshqa tashvishlar haqida ko'proq o'ylashga majbur bo'ldik. Misr bilan o'yindan keyin yana Nantdan Parijga qaytdik. Menimcha, guruhimizda hech bir jamoa bunday holat kuzatilmadi, yani bir shahardan boshqa shaharga ko'chib yurmadi.
Ispaniyaga qarshi o'yindan keyin Ibrohimhalil bilan bog'lanib, mavjud vaziyatni so'radik. "Bolam kasal" dedi. Oila – muqaddas. Vaqtliroq aytganida, balki biz ham yordam berardik. Lekin oilangizda tashvish bo'lsa, futbol o'ynay olmaysiz.
Agar vaqtni ortga qaytarish imkoni bo'lganida tayyorgarlikni boshqacha o'tkazardim. Sababi faqat ko'rganimizdan keyin tajriba oldik. Keyingi gal Olimpiadada yo'llanma olinsa, murabbiylar shu kabi holatlarni inobatga olishadi deb o'ylayman.
- Agar birinchi Dominikan bilan o'ynaganimizda, Ispaniya bilan oxirgi turda o'ynaganimizda, balki imkoniyatimiz bo'larmidi?
- Albatta, 1-turda Ispaniyadan boshqa jamoa bo'lganida va biz g'alaba qozonganimizda 3 ochko bilan bosim bo'lmasdi, sababi keyingi 2 ta bahsda 1 ochko olsak ham etarli bo'lardi. Ispaniya va Misr yarim finalga chiqishdi, Dominikan safida ko'plab futbolchilar Evropa klublarida o'ynashmoqda. Biz guruhda yaxshiroq ishtirok eta olardik.
- "Olimpik" loyihasidagi faoliyatingiz tugadimi? Klubning keyingi taqdiri qanday bo'ladi?
- "Olimpik" klubini tark etdim. Klub rahbariyatiga Olimpiadadan keyin yarim yil dam olishimni ancha oldin aytgandim. Sababi 3,5 yil davomida umuman dam olmadim. Terma jamoa bilan 4 ta katta musobaqada ishtirok etdik, klub esa Superligada, U-21 chempionatida, Kubokda qatnashdi. Bu odamdan kattagina kuch talab qilardi. Menimcha, "Olimpik" klubi yil oxirigacha o'z faoliyatini olib boradi. Keyingi yil nima bo'lishini rahbariyat hal qiladi. Ayni paytda "Olimpik"da yordamchilarim ishlamoqda. Ularga omad tilayman.
- Misr bilan o'yinda eng yaxshi o'ynab turgan Jasur Jaloliddinovni almashtirdingiz, afsuski, undan keyin bizda qulay imkoniyat bo'lgani yo'q...
- U charchab qoldi, oyoq tomirlari tortishib qolishni boshlagandi. Albatta, Jasur yaxshi o'ynadi, ammo inson organizmini aldab bo'lmaydi. Agar yana ozgina o'ynaganida jarohat olishi mumkin edi.
3,5 yil davomida yaxshi kunlarimiz ham, alamali mag'lubiyatlar ham kuzatildi. Barchasi xalqimizning duolari yordamida bo'ldi. Har bir futbolchiga, murabbiylar shtabiga, shifokorlar, massajchilarga, mamurlarga rahmat aytaman. Yillar davomida o'sishga harakat qildik. Hech bir futbolchiga etirozim yo'q. Bundan yaxshiroq ishtirok eta olardik, lekin o'xshamadi, demak, yaxshi tayyorgarlik qila olmabmiz. Muxlislarimizga Vatan jamoasini doim qo'llab-quvvatlashdan to'xtamang deyman. Rahmat hammaga, sog'-salomat bo'linglar, charchamanglar.
Fikrlar