So’nggi yangiliklar

00:44"Барселона" Германия терма жамоаси ўйинчисини трансфер қилишга яқин  0 00:02Моуринью Рэшфордни Туркияга чорламоқда  0 23:31Азизов, Эрматов, Аҳмедов, Маматқулов, Имомхўжаев ва бошқалар. Янги очилган футзал федерацияси тақдимотидан ГАЛЕРЕЯ  0 23:16Каземиро Ла Лигага қайтиши мумкин  0 22:45Янги федерацияни нималар кутмоқда?  2 22:17Янги футзал федерацияси раҳбари қандай ваъдалар берди?  0 21:46ПСЖ АПЛдан ҳужумчи олиши мумкин  0 21:15"Арсенал" Гёкереш борасида бир қарорга келди  5 20:41"Тоттенхэм" Сон Хён Мин билан хайрлашиши мумкин  2 20:17"Бавария" "Боруссия Д" вингерига даъвогар  0 19:581 йилдан бери гол урмаётган Грилиш "Сити"дан кетиши мумкин  2 19:52Санжар Турсунов — "Локо"нинг тушиб кетиши, Бердиевни табриклагани, клубдаги мантиқсиз ишлар ва келажаги ҳақида   5 19:35МЮ Брунунинг ходимлар харажатларини тўлаш таклифини рад этгани маълум бўлди  3 19:20Расман: Ўзбекистон футзал федерацияси ташкил этилди. Унинг раҳбари ҳам маълум  7 19:10Баҳодир Сейткамолов: "Мени Сейткамолов қилган "Навбаҳор" бўлади, Россияда юрдим лекин футболни соғиндим"  11

Qoraqalpog'iston safari haqida Yangiliklar

Qoraqalpog'iston safari haqida

14-15 aprel kuni Qoraqalpog'istonda o'zbek futbolining 110 yillik bayrami nishonlandi.

Xorazmdagi futbol tantanalari poyoniga etgach, O'zbekistonning g'arbiy chekkasidagi hudud tomon yo'lga otlandik. Qoraqalpog'iston deganda, qurib-qaqshab cho'lga aylangan dengizimiz yodga keladi ilk navbatda. "Kemalar qabristoni"ga qadam ranjida qilish nasib qilmadi, sababi bu safarimiz rejasida yo'q edi. Qolaversa, Mo'ynoq Nukusdan ancha olisda edi. Nukus ham sahro bag'rida bunyod etilgan mo'jaz shaharga o'xshab ketarkan, yo'l davomida muzqaymoqdan shirin uyqudan kechib, derazaga boshni qo'ygancha chor-atrofga termulib ketdim (ko'rmagan erlar qiziq-da), biroq hammayoq sochlaridan voz kechgan kishining boshi singari oftobda yaltiraydi. Temiryo'l va stolbalarni aytmaganda, avtobus bir joyda aylanaverganga o'xsharkan. Ikki soatdan ko'proq yo'l bosgach, nihoyat ko'zlangan manzilga etib keldik. 

U erda bizni tantanalar bilan kutib olishdi. Lift orqali o'z xonamizga joylashib olgach (darvoqe, lift ichida klassik musiqalar jaranglar ekan, ilk bor qadam bosganimda Bethovenning "Oy sonatasi" yangradi, keyingilarida Mocart, Bax ijodidan bahramand bo'ldim), Qoraqalpoq futbolining faxriylari bilan uchrashish uchun Hyundai avtomobilida yo'lga otlandik. 

Qoraqalpog'iston safarining ilk kunidan GALEREYA

Ushbu diyor haqida aytadigan bo'lsam, Nukus shahrida yangi qad ko'targan 4-5 qavatli binolar bisyor ekan, shahar bo'ylab taksi xizmati uchun sariq rangdagi mashinalar, son-sanoqsiz damaslar, Isuzu avtobuslar g'izillab turibdi. 

Mavzudan chetlashib ketmaylik. Xullas, dastlab Mixail Soloxin xonadoniga tashrif buyurdik. Mixail Nikolaevich Soloxin o'zining ko'p yillik mehnat faoliyatida Qoraqalpoq futboliga ulkan hissa qo'shgan fidokor inson hisoblanadi. Bir qancha o'zbek qoraqalpoq futboliga mehnati singgan futbolchilarning ustozi sanaladi. Xususan, Jangabay Boranov, Jamal Bekmuratov, Timur Iskenderov, Aman Abdullaev, Kuat Tureevlar kabi o'yinchilar shular jumlasidan. Biz bilan birga kelgan O'FA birinchi vice-prezidenti Ravshan Ermatov futbol faxriysiga esdalik sovg'alarini topshirib, millionlar o'yiniga qo'shgan hissasi uchun minnatdorchilik bildirdi. Soloxin hamda Birodar Abduraimov o'tmishdagi yorqin xotiralari, o'ynagan jamoalari to'g'risida so'zlashdi. Ermatov shunda hazillashib, "Sizniyam o'ynamagan jamoangiz yo'q" deb qo'ydi. 

Keyingi manzilimiz Serik Ismailov xonadoni bo'ldi. Ismailov ham hashamatsiz, oddiy uyda istiqomat qiladigan, umrini futbolga bag'ishlagan kishilardan biri ekan. 

Futbolchilik faoliyatini 1988-1990 yillarda Nukusning "Betonshik" jamoasida boshlagan. 

1990 yilda Nukusning "Aral" jamoasi bilan O'zbekiston chempionatida faoliyatini davom ettirgan. 

Qoraqalpog'iston chempionatida bir necha bora g'olib bo'lgan.

Serik Ismailov murabbiylik mehnat faoliyatini 1993 yil Bolalar o'smirlar futbol maktabidan boshlagan. 1997-2010 yilga qadar Respublika futbol maktab internatida davom ettirgan. 

Serik Ismailov murabbiylik faoliyati davomida bir qancha istedodli futbolchilarni tarbiyalab voyaga etkazgan. Xususan, Azamat Babajanov, Alisher Jolmurzaev, Sabit Turabaev, Isxax Ibragimov, Damir Iskenderov, Aybek Nurbaev shular jumlasidandir. 

Ismalov qo'yar-qo'ymasdan mehmonlarni uyga chorladi. "Qoraqalpoqda mehmonlarni uyga kiritib, non sindirmasdan jo'natmaydi", dedi mezbon. Suhbat davomida Ismailov jahon chempionatida to'p tepish nasib etmagan bo'lsa-da, bo'lajak dunyoga keladigan nabirasi O'zbekiston terma jamoasi sardori bo'lib, mundialga yo'l olishini istayotganini takidladi. 

Faxriylar holidan xabar olingach, futbolimizning nihollari bilan uchrashish uchun Qoraqalpog'iston bolalar futbol akademiyasiga tashrif buyurdik. Ravshan Ermatov har bir bolakay bilan qo'l berib so'rashgach, Birodar Abduraimovni ham u erga taklif qildi. "Bular sizni hali jivoy ko'rmagan", deya kulib qo'ydi Ermatov. Suhbat davomida bolalarning yashash tarzi, ovqatlanishi, orzulari muhokama qilindi. "Ovqat beryaptimi, to'yyapsizlarmi?" degan savolga "Ha" deb javob berishdi. Ermatov ozg'in bolakayni ko'rsatib, "Bunda et yo'g'-u, bular ovqat eydiganga o'xshamayapti" deya yana hazil qildi. Jajji bolakaylar futbol faxriylarini ko'rib, hayajonda qolishdimi yo boshqa sababmi, O'zbekiston terma jamoasi darvozabonlarining ismini aytishga qiynalishdi. Menimcha, hayajon tasiri bo'lsa kerak. Bizga Qoraqalpog'istonda yangi Messi ulg'ayayotgani haqida aytishdi. U 2007 yilda tug'ilgan hamda bolalar o'rtasidagi musobaqalarda o'zini namoyon qila olgan ekan. Uning kelgusida o'z darajasini yanada yuksaltira olishini istab qolardik. SHuningdek, Qoraqalpog'iston futbolining afsonasi Nematulla Quttiboev bilan uchrashib, intervyu olishga ham muvaffaq bo'ldik. 

Bolakaylar bilan birgalikda ko'chat ekish marosimi ham tashkillashtirilgan ekan. Bir payt qarasak, chuqur qazilgan, ko'chatlar tayyor, biroq suv yo'q. O'FA birinchi vice-prezidenti suv keltirish kerakligini, rasmiyatchilik uchun qurib qoladigan nihol o'tqazmasligini bildirib, hazil qildi: "Nima, daraxt ekmaganmisizlar avval?" 

SHundan so'ng akademiya maydoni bilan tanishdik. Ochig'ini aytganda, suniy maydonning ahvoli talab darajasida emas ekan. Ushbu maydonda akademiya o'quvchilaridan tashqari "Aral" jamoasi ham uchrashuv va mashg'ulotlar o'tkazar ekan. SHu omil ham maydonning toliqishga sabab bo'lgan. Bizda maydonlar etarli emas, uni bunyod etishga ozmuncha mablag' ajratilmaydi. Maydonni to'g'ri parvarish qilish ham malum ko'nikmalarni talab etadi va bu katta ahamiyatga ega. Kelgusida maydon holati standart holatga keltiriladi deya umid qilib qolamiz. Akademiya tarbiyalanuvchilari bilan uchrashuv davomida Birodar Abduraimov ham so'z olib, hozir yoshlarda imkoniyat yuqori ekanligini takidladi. "Televizorda futbol ko'ryapsizmi, shundan nimadir olish kerak. Hamma narsaning zamirida mehnat yotadi. Hammalaring futbolchi bo'lolmassizlar, lekin shunga harakat qilish kerak. Murabbiylarga ham ko'p narsa bog'liq. Futbolda faqat yugurish emas, aql ham bo'lishi kerak. Men Eskishaharda tug'ilganman. Biz kuni bilan futbol o'ynardik. Bitta tarvuzni olgancha shundoq erga urib, uni eb, yana futbolga ketardik. Sizlarga bir kunda uch mahal ovqat beriladi. Maslahatim, mehnat qilinglar, mehnat va yana mehnat. Qutiboev nega Qutiboev, chunki u vaqtida katta mehnat qilgan". 

Ravshan Haydarov ham ushbu fikrga qo'shimcha qilib, ortiqcha narsalarni chetga surib, asosiy mashg'ulot bilan ko'proq shug'ullanish kerakligini takidladi. O'quvchilardan savol bormi deb so'rashganda, birov lom-mim demadi. "Savol beringlar, nima qiz bolaga o'xshab uyalasizlar", deya hazilomuz gapirishdi masullar. SHundan so'ngina birin-ketin bolakaylar savol bera boshlashdi. Dastlabki savollar faqat Ravshan Ermatov faoliyati haqida berildi, shunda Ermatov "Sizlar hakam bo'lmoqchisizlar yo futbolchimi?" deya kulib qo'ydi. O'FA birinchi vice-prezidenti urashuv davomida masullarning kamchiliklarini aytib o'tib, yordam berish uchun tayyorligini bildirdi. 

Safarimiz, albatta, rasmiy futbol o'yinisiz o'tmasdi. Joriy tashrif O'zbekiston kubogi o'yiniga to'g'ri keldi. Qoraqalpog'iston futboli haqida gapiradigan bo'lsak, "Aral Samali" klubi Pro ligada, "Aral" klubi esa Birinchi ligada ishtirok etadi. "Aral Samali" 1976 yilda "Amudaryo" nomi ostida tashkil etilgan. 1990 yilda "Aralvodstroevec"ga o'zgargan, 1991-1999 yillarda "Aral" nomini olgan, "2000-2005" yillarda Turon, 2006 yil NOZK, 2007-2011 yillarda "Jayxun", 2012-2019 yillarda yana "Aral" va 2019 yildan boshlab "Aral Samali" nomini olgan. Klub Pro ligada hozirda 8-pog'onada bormoqda. O'zbekiston kubogida ham "Andijon", "So'g'diyona", "Yangier"dan so'ng oxirgi o'rinni egallab turibdi. Demak, jamoaning ishlari havas qilarli darajada emas.

Mezbonlar muxlislar ko'z o'ngida "Yangier" jamoasiga yirik - 0:3 hisobida imkoniyatni boy berib qo'ydi. Uni-buni qo'ying, futbolda eng maza qiladigani tomoshabinlarning reakciyasi (barcha etirozi haqli bo'lmasa ham) hisoblanadi. Akademiya maydonida maxsus vip tribuna ham mavjud ekan. 

O'yinga kam sonli muxlis kelgan bo'lsa-da, qoraqalpoq tilidagi qo'llab-quvvatlashlari bilan ushbu bahsni qiziqarli o'tishini taminladi: 

"Jaqinlash bir jayda aylanabermasdan", "To'xtab qogan tanka o'xshisin", "Hey, Nauruz, Nauruz, tepbisanba", "To'pni apkelilar, bashqa to'p yo'q", "O'yna, jigitlar, aytib o'yna bir-biringga, varatalardi tili jo'q bizda", "Basingni ko'tar", "Bular tavuq quvib jurganday juradi", "Sariqmas, qizil ber, qo'ng'ir ber xohlasang..." SHunaqa mutoyibalar xullas...

"Aral Samali" - "Yangier" uchrashuvidan galereya

Tashrifimizning ikkinchi kuni Nukusdagi 1-sonli bolalar va o'smirlar sport maktabiga bordik. U erda ham maktabda tahsil oladigan, hali sport "s" harfini endi-endi anglab etayotgan o'g'il-qizlar bilan uchrashdik. Mazkur maktab 2016 yilda tashkil etilgan bo'lib, unda 21 sport turi bo'yicha 1822 nafar o'quvchi (shundan 420 tasi qiz bola) shug'ullanadi. 2021 yil davomida Respublika miqyosidagi turnirlarda 49 oltin, 57 kumush, 105 ta bronza; jahon chempionatlarida 3 oltin, 4 kumush, 7 bronza; boshqa xalqaro turnirlarda 4 oltin, 2 kumush va 12 ta bronza medali sohibiga aylanishgan. 2022 yilda mazkur maktabning 43 nafar sportchisi turli yo'nalishlar bo'yicha O'zbekiston terma jamoasiga chaqirilgan. Mana shunday sovrinlar sandig'iga boy sport dargohi o'quvchilariga sovg'alar ulashildi, o'z navbatida, mezbonlar ham bizga o'ziga xos chiroyga ega milliy bosh kiyimlarini tuhfa qilishdi. 

Qoraqalpog'iston faxriylari futzal bobida ham ulkan mahoratga ega ekanliklarini ko'rsatishdi, ular O'FA faxriylarini ter to'kishga majbur etdi. Hisob, adashmasam, 6:6 ko'rinish oldi, gollarni sanashgayam ulgurmay qoldi-da odam, bir gol bo'ldi deguncha ortidan "paq" etib, boshqa to'p darvoza quchog'iga kirib o'tiradi. Olis safarimiz shu tariqa poyoniga etdi. Orol dengizini boy bergan Qoraqalpog'iston futbolidan ayrilishni ham istamasdik...

Qoraqalpog'iston Respublikasi safarining ikkinchi kunidan GALEREYA

 

Toshkentdan Xorazmgacha...

Jizzaxnoma (futbol va futboldan tashqari)

Reyting: +7   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика