So’nggi yangiliklar

22:04ЖЧ-2026 саралаши. Ўзбекистоннинг гуруҳдаги рақиблари БАА ва Эрон ўзаро баҳс олиб бормоқда (онлайн ҳисоб)  13 21:15ЖЧ-2026 саралаши. Қирғиз Республикаси - Ўзбекистон 2:3  30 20:55ЖЧ-2026 саралаши. Марказий Осиё дербисида Ўзбекистон камбэк қайд этди ва гуруҳда пешқадамга айланди  497 20:05"Ювентус" ярим ҳимоячиси билан хайрлашишга тайёр  1 19:33ЖЧ-2026 саралаши. КХДР ва Қатар муроса кўчасини танлашди  60 19:28ЖЧ-2026 саралаши. 70 дақиқадан кўпроқ вақт камчиликда ўйнаган Саудия Арабистони ғалабага эришди   3 19:05ЖЧ-2026 саралаши. Австралия яна юта олмади  8 18:31Футзал. Таиланд терма жамоаси Бухорога етиб келди  0 17:52Ўзбекистон футзал миллий терма жамоаси ФИФА Жаҳон чемпионатидаги иштирокини бошлади  5 17:35ЖЧ-2026 саралаши. Қирғиз Республикаси - Ўзбекистон: Асосий таркибимиз маълум  55 17:23Долен Омурзаков номидаги стадион Қирғизистон - Ўзбекистон учрашувини қабул қилишга тайёр  2 17:05Ўзбекистон ва Қирғизистон терма жамоалари ўзаро ўйинлар тарихи  0 16:52Қирғиз Республикаси – Ўзбекистон учрашувига мезбонлик қилаётган Бишкек шаҳрида тартибни 3 минг полициячи назорат қилмоқда  5 15:56Қирғиз Республикаси – Ўзбекистон учрашувини кимлар шарҳлайди?  18 15:35⚡️Мундиаль юлдузлари дастхати туширилган тўпларни ютиб олинг!  0

Oliy liga. Dastlabki tur xulosalari Yangiliklar

Oliy liga. Dastlabki tur xulosalari

3-4 mart kunlari 2017 yilgi oliy liganing birinchi turidan o'rin olgan bahslar bo'lib o'tdi.

Birinchi gol - avtogol

XXVI milliy chempionat rasman Bekoboddagi bahs bilan boshlandi. Mahalliy vaqt bilan soat 15:30da start olgan "Metallurg" - "Dinamo" uchrashuvida ko'pchilik mezbonlarning g'alabasini taxmin qilishgandi. Sababi "Dinamo" o'tgan yil birinchi ligada o'ynagan, bundan tashqari bosh murabbiy borasidagi muammolar klubni bu bahsda favorit emasligini ko'rsatib turardi. Biroq Samarqand klubi Bekobodda uncha-muncha jamoaga ochko beravermaydigan "Metallurg"ni taslim qilishga erishishdi. Qizig'i bu yilgi chempionatning dastlabki goli tarixga avtogol sifatida kiradigan bo'ldi. "Metallurg"ning tajribali himoyachisi Davronbek Karimqulov birinchi bo'limda o'z darvozasiga to'p kiritib qo'yish bilan birga 2017 yilgi oliy liganing birinchi goliga mualliflik qildi. Bahs so'nggida Akmal Bozorov yakuniy natijani o'rnatdi - 2:0, "Dinamo" 2011 yildan buyon ilk bor "Metallurg"ni Bekobodda mag'lub etib turning eng asosiy sensaciyasini yuzaga keltirdi.



CHempionning g'alabali starti

O'zbekistoning amaldagi chempioni Toshkentning "Lokomotiv" klubi yangi mavsumni Muborakda boshladi. OCHL doirasida ikkita o'yin o'tkazishga ulugurgan "temiryo'lchilar" oliy ligadagi birinchi o'yinda qiynalishgani bor gap. "Mashal" ham o'z muxlislari qarshisida yana ochilish o'yinida osongina ochkolarni berib yubormasligi barchaga ayon edi. Bahs taqdirini ikkinchi bo'lim o'rtalarida terma jamoamiz hujumchisi Marat Bikmaev tomonidan urilgan gol hal qildi. "Lokomotiv" chempionlarga xos tarzda chempionatni 3 ochko bilan boshladi. SHu kuni toshkentliklar safida afrikalik Muhammad Kone va Nore Krizo O'zbekiston chempionatida debyut qilishdi. 



Jarohatlar girdobidagi "sherlar"ga Iskanderov g'alaba keltirdi

Birinchi turning markaziy o'yini "Paxtakor" stadionida bo'lib o'tdi. O'tgan mavsumda besh va oltinchi o'rinlarni egallagan "Paxtakor" va "Qizilqum" o'rtasidagi bahs ilk turda eng ko'p gol urilgan uchrashuvga aylandi. O'yin boshida Jamshid Iskanderov hisobni ochib mezbonlarni oldinga olib chiqdi. Bunga taym o'rtalarida Azamat Allaniyazov javob berdi va hisobni tenglashtirdi. Ikkinchi taymda "Paxtakor" safida Stanislav Andreev va Iskanderov gol urib maydon egalarining g'alabasini taminlab berishdi. Jamshid ilk turda 2ta gol urgan birinchi futbolchiga aylanish bilan birga mavsumda penaltidan gol ura olmagan ilk o'yinchi sifatida tarixga kirdi. Besh nafar futbolchisi jarohat olgan "Paxtakor" yo'qotishlarga qaramay chempionatni g'alaba bilan boshlay oldi. Uchrashuvda yana bir voqea yuz berdi. Mezbonlar safida ikkinchi bo'limda 2000 yilda tug'ilgan Ibrohim G'anixonov maydonga tushdi. SHu tariqa, oliy ligamiz tarixida ilk bor 2000 yildan keyin tug'ilgan futbolchi o'yinda ishtirok etdi.



No'mon Hasanov vs Ro'ziqul Berdiev

O'tgan yilgi bronza medali sohibi Qarshining "Nasaf" klubi chempionatni vodiyda boshladi. O'z vaqtida "Nasaf" safida birga o'ynagan No'mon Hasanov va Ro'ziqul Berdiev oliy ligada bosh murabbiy sifatida to'qnash kelishdi. Qishda o'z safiga bir qator mahoratli futbolchilar bilan to'ldirib olgan "Qo'qon-1912" bir necha yildan buyon deyarli o'zgarishsiz harakat qilayotgan "Nasaf"ga yutqazib qo'ydi. 6-daqiqadayoq "ajdarlar" yarim himoyachisi Bahrom Abdurahimov gol urdi. Qolgan gollar uchrashuv oxiriga to'g'ri keldi. Dastlab "Nasaf"ning to'purar hujumchisi Dragan CHeran o'zini ko'rsatdi. Bahs so'nggida Bahodir Akramov qo'qonlik muxlislarga biroz yupanch vazifasini o'taydigan golni "Nasaf" darvozasiga urdi - 1:2. Bu o'yinda yana bir hodisa kuzatildi. Bosh hakam Ravshan Ermatovga nazoratchi 10,0 ball qo'ydi. Oxirgi 10 yil ichida oliy ligamizda bunday holat umuman kuzatilmagan edi.



G'isht zavodiga, cement zavodiga ham Eldor Boymatov

G'uzorning "SHo'rtan" klubi 2017 yilgi mavsumni yangi bosh murabbiy qo'l ostida boshladi. Aleksandr Volkov shogirdlari Farg'onaning "Neftchi" klubini qabul qilishdi. Uchrashuvda mezbonlar safida rasmiy qaydnomadan faqat birgina futbolchining nomi o'rin oldi xolos. Eldor Boymatov mashhur kinoda bo'lgani kabi barchasini o'zi bajardi. Dastlab 40-daqiqada Boymatov sariq kartochka bilan "siylandi". Bahsning 60-daqiqasida Eldor "Neftchi" darvozasini ishg'ol qildi. Oradan ikki daqiqa o'tgach Boymatov ikkinchi sariq kartochkasini olib maydonni tark etdi... Deyarli yarim soat 10 kishi bo'lib o'ynagan "SHo'rtan" g'alabali hisobni saqlab qoldi va mavsumni 3 ochko bilan boshladi.

Sobiq "mashalchilar" "lochinlar"ga g'alaba keltirishdi

O'tgan yil bir amallab oliy ligada qolishga erishgan "Navbahor" yangi mavsumdan oldin o'z safini 85 foizga o'zgartirdi va katta maqsadlar bilan chempionatga kirib keldi. Ilhom Mo'minjonov boshchiligidagi "lochinlar" dastlabki turni o'z maydonida o'tgan yilgi debyutant Toshkentning "Obod" klubiga qarshi o'tkazishdi. Turning eng ko'p tomoshabini kelgan bahsda 3ta gol urildi. Mezbonlar safida Mirzohid G'ofurov va G'iyosjon Komilov o'z hisoblariga gol yozib qo'yishdi. Qizig'i bu ikkala futbolchi ham mavsumlar oralig'ida "Mashal" safidan "Navbahor"ga o'tgandi. Safarga bosh murabbiysiz borgan "Obod" esa (Rauf Inileev operaciyadan so'ng davolanmoqda) bunga o'tgan yil birinchi ligada o'ynagan Navro'zjon Xaipovning goli bilan javob berdi xolos - 2:1.  



Baqoevning murabbiylik faoliyati omadli boshlandi

O'tgan yil tomoshabinlar borasida chempion bo'lgan, oliy ligada esa to'rtinchi o'rinni egallagan "Buxoro"da qishda katta o'zgarishlar sodir bo'lganidan xabardorsiz. Murabbiylar shtabi o'zgardi, tarkibdagi ko'plab futbolchilar boshqa klublarga o'tib ketishdi. Yaqindagina futbol o'ynab yurgan Ulug'bek Baqoev rahbariyat qaroriga ko'ra bosh murabbiy etib tayinlandi. Baqoev va Baxtiyor Ashurmatov o'zlari bilgan futbolchilarni jamoaga taklif etishdi. Deyarli xuddi shunday holat ularning birinchi turdagi raqibi "Olmaliq"da ham kuzatildi. 9 yil bosh murabbiy bo'lgan Igor SHkvirin o'rniga Viktor Kumikov keldi, rahbariyat o'zgardi, tarkib 80 foizga yangilandi. SHu bois bu o'yinga qiziqish katta edi. Qiziqarli o'tgan uchrashuv taqdirini birgina gol hal qildi. Deyarli 3 yildan buyon oliy ligada gol urmagan Ivan Nagaev olmaliqliklar darvozasini ishg'ol qilib 12 mingdan ziyod muxlis kelgan "Buxoro" stadionining larzaga kelishiga sababchi bo'ldi.



Ahmadalievdan ayrilgan "Bunyodkor"

O'zbekiston vice-chempioni Toshkentning "Bunyodkor" klubi mavsumni o'z maydonida boshladi. Jizzaxning "So'g'diyona" klubiga qarshi bahsda jamoaga juda qiyin bo'ldi. Birinchidan muhtasham "Bunyodkor" stadioniga uchrashuvni tomosha qilish uchun atiga 509 nafar muxlis kelgani dilni xira qildi. Ikkinchidan, birinchi bo'lim so'nggida o'ng qanot himoyachisi Dilshod Ahmadaliev jarohat olib taxminan birinchi davra oxiriga qadar safdan chiqdi. Uchinchidan jamoa 78 daqiqa davomida raqib darvozasiga gol ura olmadi. Biroq "qaldirg'ochlar" ustozi Sergey Lushchan o'yindan keyin aytganidek ilk turda eng asosiysi 3 ochko qo'lga kiritish. Bu vazifani "Bunyodkor" bajardi. Davron Fayziev esa navbatdagi yil "So'g'diyona"da deyarli yangi jamoa tuzib mavsumni boshlamoqda. Har yili etakchilar boshqa klublarga ketib qolishadi, "So'g'diyona" esa boshqa futbolchilar bilan raqiblarga bosh og'riq bo'laveradi.



Oliy liga-2017
1-tur. 3 mart (juma)
Mashal – Lokomotiv – 0:1
Gol:
M. Bikmaev (62).

Paxtakor – Qizilqum – 3:1
Gollar:
J. Iskanderov (7, 75), S. Andreev (55) – A. Allaniyazov (34).
Amalga oshirilmagan penalti: J. Iskanderov (75)

Metallurg – Dinamo - 0:2
Gollar:
D. Karimqulov (55, avtogol), A. Bazarov (89).

4 mart (shanba)
SHo'rtan – Neftchi – 1:0  
Gol: 
E. Boymatov (60)

Navbahor – Obod – 2:1
Gollar
: M. G'ofurov (15), G'. Komilov (50) – N. Xayipov (90+1).

Qo'qon-1912 – Nasaf – 1:2
Gollar
: B. Akramov (89) – B. Abdurahimov (6), D. CHeran (76).

Buxoro – Olmaliq – 1:0
Gol
: I. Nagaev (22).

Bunyodkor – So'g'diyona – 1:0
Gol:
D. Hamdamov (79).


Birinchi tur raqamlari:

O'yinlar: 8ta
Gollar: 16ta
O'rtacha gollar: 2tadan
Ogohlantirishlar: 26ta
CHetlatish: Eldor Boymatov ("SHo'rtan")
To'purar: Jamshid Iskanderov - 2ta
Jami tomoshabin: 44918 nafar
Eng ko'p tomoshabin kelgan o'yin: "Navbahor" - "Obod" (12311 nafar)



Keyingi tur
8 mart (chorshanba)

"Lokomotiv" – "So'g'diyona"
"Dinamo" – "SHo'rtan"
"Neftchi" – "Paxtakor"

9 mart (payshanba)
"Olmaliq" – "Bunyodkor"
"Nasaf" – "Buxoro"

10 mart (juma)
"Mashal" – "Metallurg"
"Qizilqum"– "Navbahor"
"Obod" – "Qo'qon-1912"


Narzulla Saydullaev tayyorladi

Reyting: +27   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика