So’nggi yangiliklar

21:43Расман: АПЛ "Манчестер Сити"ни жаримага тортди  2 21:18Килиан Мбаппе ўзи ўйнаган клубни расман сотиб олди  1 20:49Юрген Клопп қачон мураббийликка қайтиши ҳақидаги саволга жавоб қайтарди  3 20:25Расман: "Насаф" сербиялик вингер трансферини эълон қилди  6 19:46Суперлигада тоза ўйин вақти ошди  5 19:20"Боруссия" "Манчестер Сити" футболчисини сотиб олади  0 18:43Расман: U-20 Осиё кубогида чемпион бўлган футболчимиз легионерга айланди  7 18:18Флик "Барса" ҳақида: "Манчестер Сити"дек иш тутмоқчимиз"  0 17:41"Барселона" Европа чемпионининг трансфери устида ишлашни бошлади  2 16:53"Пахтакор" фахрийлари 11 август куни Минскда "Динамо"га қарши ўйнайди  7 16:11Ўзбекистон терма жамоаси амалдаги Жаҳон чемпионига қарши ўйнайди  8 15:29Расман: "Навбаҳор" ёзда 7 футболчини ўз сафига қўшиб олди  18 14:57"Мен ҳамон МЮ билан АПЛ ва ЕЧЛни ютишни орзу қиламан"  4 14:32Англия терма жамоаси футболчиси тез орада "Атлетико"га ўтади  2 13:33Гвардиола: "Улар бизга муаммо туғдиришди"  5

Mutolaa uchun. Aleksandr Mostovoy, "SHoh" laqabli" (davomi) Yangiliklar

Mutolaa uchun. Aleksandr Mostovoy, "SHoh" laqabli" (davomi)

Rossiyalik mashhur sobiq futbolchi Aleksandr Mostovoyning "SHoh" laqabli" avtobiografik kitobidan parchalar berishda davom etamiz.

Ruschadan Xayrulla Xoliqov tarjimasi

Valeriy Jilyaev xuddi ikkinchi otamdek bo'lib qoldi. U doim yonimda edi, menga to'g'ri yo'l ko'rsatar, ko'p yordam berardi. Men bu odamning g'ayratiga doim qoyil qolganman. Jilyaev asosan tashkiliy ishlarga bosh-qosh bo'lib, hammasini vaqtida bajarar va hamma joyga ulgurardi. Bizga oziq-ovqat olib kelish, xonaga televizor yoki muzlatgich o'rnatish, xullas maishiy ishlarning hammasi uning qo'lida edi. 

O'ylab qarasam, Romancev va Jilyaev menga doim iliq munosabatda bo'lgan ekanlar. Balki bu mening moskvalik bo'lmaganim uchundir. Jamoadoshim Dimka Gardilenko doim mashg'ulotdan so'ng uyiga ketar, men esa yo'l uzoqligidan bazada qolardim. Uyga borganim bilan kerak bo'lib qolsam, meni topish oson bo'lmasdi, chunki uyimizda hatto telefon yo'q edi. 

Bir kuni nimadir sabab bo'lib mashg'ulotga bora olmadim. SHunda Valeriy Vladimirovich men o'qiyotgan texnikumga keldi. Meni koridorda ko'rib qolib so'radi: 

- Nega mashg'ulotga kelmayapsan?
- Darslarim ko'payib ketdi. Bora olmayman.

Keyin Jilyaev dekanatga uchrab texnikum rahbariga nimadir sovg'a berdi va meni o'qishdan ozod qilishlarini so'radi. Nihoyat, ruxsat tegdi. Biz taksiga o'tirdig-u, o'qishdan to'g'ri mashg'ulotga yo'l oldik. 

Otasi Vladimir Yakovlevich: - Sasha “Presnya”ga joylashgach, ko'p o'tmay uni yoshlar terma jamoasiga chaqirishdi va Granatkin turniriga olib ketishdi. Jamoa bosh murabbiyi Anatoliy Bishovec edi. O'g'lim “Presnya”da o'ynab yurgan mahal uning jamoasi yoshlar termasi bilan o'rtoqlik uchrashuvi o'tkazadi. O'yindan keyin Bishovec kelib Romancevdan so'raydi: 

- Mana bu bola nechanchi yil?
- 68-yil.
- Demak, bizga mos kelar ekan.

SHunday qilib Sashani yoshlar jamoasiga olishadi. Ishxonada o'tirganimda o'g'limning menga qo'ng'iroq qilib qanchalar xursand bo'lgani haligacha esimdan chiqmaydi. “Dada, meni yoshlar terma jamoasiga olishdi. Endi men ham turnirda qatnashish uchun Leningradga ketaman". Uning ovozida qanchalik quvonch bor edi-ya. Axir o'sha jamoada Kolivanov, Kiryakov, Dobrovolskiy o'ynardi. Bishovec o'g'limni birinchisiga amerikaliklar bilan o'yinda zaxiradan tushirdi. O'g'lim maydonga tushgach, jamoasining beshinchi golini urgan, biz rosa quvongandik. 

***

1986 yilning boshida baribir texnikumdan ketishimga to'g'ri keldi. CHunki o'qish va futbolni bir paytda olib keta olmasdim, birini tanlashim shart edi. Ayniqsa, “Presnya”ga o'tganimdan so'ng futbol hayotim mazmuniga aylangandi. Undan voz kecha olmasdim. Oldinda meni nimalar kutyapti, garchi bu haqda hech narsa bilmasam-da, hozirgi holatimdan mamnun edim. SHubhasiz, eng katta quvonch meni jamoaga olishgani bo'lgandi. 

Birinchi mavsumga tayyorgarlik jarayonida biz bir nechta xorijiy yig'inga bordik. Birinchisi Vengriyada bo'lgandi. Hozirgidek esimda, u erda birinchi marta “Coca Cola”ni ichib ko'rganman, menga juda yoqqandi. Keyingi yig'inni CHexoslavakiyada o'tkazdik. U erda yuz bergan bir voqea sira esimdan chiqmaydi. Praganing “Slaviya” klubi bilan kechgan o'rtoqlik o'yinida biz 3:1 hisobida g'alaba qozondik, men ikkita gol urdim. O'yindan keyin raqib jamoa vakillari, ularga o'yinim yoqdi shekilli oldimga kelib, “Yaqinroq kel, senga gap bor” deyishdi. Biz bitta kabinetga kirdik. Ular men bilan tarjimon orqali gaplashishdi.

- Jamoamizga o'tishni xohlaysanmi? Sen bizga yoqib qolding.

Men nima deyishni bilmasdim. Ular bo'lsa tinmay maqtanardi: mamlakatimizni qara qanday chiroyli, bu erda sharoit zo'r. Keyin men shu zahoti bo'pti, roziman deb yubordim. Vaholanki, chet elda o'ynash qanaqa bo'lishini umuman tasavvur qila olmasdim. SHu payt tashqarida g'ala-g'ovur boshlanib qolsa deng. Hamma meni qidirayotgan ekan. O'yindan keyin kiyinish xonasiga kirib qarashsaki, Mostovoy yo'q. Bir payt biz o'tirgan xonaga Jilyaev halloslab kirib keldi:

- Bu erda nimalar bo'lyapti?

CHexlar tushuntira ketishdi: bu bola bizga yoqib qoldi, uni o'zimiz bilan olib qolmoqchimiz. Valeriy Vladimirovich darhol ularning gapini kesdi:

- Olib qolmoqchimiz deganingiz nimasi? Sasha, tur ketdik. 

O'sha paytlarda bu transfer deyarli imkonsiz edi. Sobiq Ittifoqdan shunchaki bir bolani olib ketish amalga oshirib bo'lmaydigan ishlardan biri edi. Albatta, oradan yillar o'tib zamon o'zgardi va futbolchilar birin-ketin chetga keta boshlashdi. Lekin 1986 yilda buning imkoni yo'q edi. SHunday qilib chexlar meni o'zlariga ola olishmadi.

O'sha kundan boshlab Jilyaev mendan bir qadam ham uzoqlashmadi. Kechki payt xonamgacha kuzatib qo'yar, ertalab men bilan nonushta qilar, avtobusda yonimda o'tirardi. Xuddi shaxsiy qo'riqchi kabi. Ehtimol, u fikrim o'zgarib qolishidan qo'rqqan bo'lsa kerak. 

Umuman olganda, menga CHexiyada qolishning uncha qizig'i yo'q edi. SHu bois ularning jamoasiga o'tish amalga oshmaganidan xafa bo'lmadim. "Presnya"dagi ishim yomon ketmayotgandi. Men barcha o'yinlarda maydonga tushar, o'zimni jamoada juda qulay his qilardim. U erda yana bir qiziq voqea bo'ldi. Bizni qandaydir tijoriy o'yinga taklif qilishdi. Sport tomonlama bunday o'yinlarning ahamiyati yuqori emas. SHu bois bazi futbolchilar o'zlarini ancha erkin qo'yib yuborishdi. CHexiya pivoni xush ko'ruvchilar mamlakati emasmi, o'yindan oldin tijoriy o'yinni nazarga ilmay bazi futbolchilarimiz pivo ichishibdi. Ertasi kun jamoa yig'ilganda ko'rdikki, bolalar dabdirab turibdi. 

Nima qilsa bo'ladi? Futbol o'ynay olamizmi? Vaziyatdan chiqib ketish uchun Romancevning o'zi maydonga tushishga tayyor edi, o'shanda uning futbolni tugatganiga endi ikki yil bo'lgandi. Baribir kamchilik edik. Zaxiraga o'yinchi etmasdi. Jilyaev bola topishim kerak deb butun stadionni aylana ketdi. 

- Valeriy Vladimirovich, balki o'zingiz o'ynarsiz?

Romancevning bu gapidan hammamiz kulishib oldik. O'shanda Jilyaev elliklar atrofida edi. Iloj qancha, u kiyimini almashtira boshladi. To'g'ri, baribir oxiri o'zimiz o'ynab qo'ya qoldik, administratorimiz futbol o'ynay olmasdi. Xullas, o'sha o'yin durang bilan tugadi. 

Mavsum yaqinlashay deb qolgandi. “Presnya”ga birinchi borganimda jamoaning muhim o'yinchilaridan biri bo'laman deb hech o'ylamaganman. CHempionat boshlangach, Moskvada o'tkazilgan bir-ikkita o'yinda meni tushirishdi. Ikkinchi liga reglamentida yosh futbolchilarni uy uchrashuvlarida o'ynatish majburiyati yozib qo'yilgandi. Safar o'yinlariga esa asosan yoshi kattalar olib ketilardi. SHu bois yoshlar safarga bormasdi. Ammo reglamentga ko'ra, o'n sakkizga to'lmagan ikki futbolchini qaydnomaga kiritishga ruxsat berilgandi. Bir kuni meniyam olib ketadigan bo'lishdi. Borganimizdan keyin Jilyaev meni oldiga chaqirib Sasha, tayyor tur, asosiy tarkibda tushasan deganida avvaliga bunga ishonmadim. 

- Valeriy Vladimirovich, rost aytyapsizmi?
- Bo'lmasam-chi! Oleg Ivanovich aytdiki, bundan keyin sen doim asosiy tarkibda o'ynaysan. 

SHunday bo'ldi ham. Avvaliga bunga hayron bo'lganim rost, axir yosh edim-da. Balki Romancev mana shu yosh bolakayda nimanidir ko'rgandir. CHap qanot yarim himoyachisi bo'lib o'ynay boshlaganimdan beri hammasi zo'r bo'lib ketdi. Men ko'plab hujumlarda qatnashar, kerak paytda gol ham urardim. “Presnya” turnir jadvalida birinchi o'ringa ko'tarilib oldi. Odamlar stadionga kela boshladi. Stadionimiz kichik edi, ammo o'yin paytidagi muhit menga yoqardi. Ayniqsa uy o'yinlarda o'zimni xuddi uydagidek erkin his qilardim. 

“Presnya”da juda ahil jamoa yig'ilgandi. Biz xuddi bir oila edik. Muhit esa ajoyib. Umuman Ittifoq paytida hamma teng bo'lib, hech kim ajralib turmagan. Hamma bir kishi, bir kishi hamma uchun - biz shunday yashaganmiz. Albatta, yoshlarga munosabat alohida edi, lekin meni o'yinim tufayli tezda yoqtirib qolishdi. Qolaversa, o'zim ham astoydil harakat qilardim. 

“Presnya”ga kelib tartib-intizom nimaligini o'rgandim. Romancevning har bir gapi biz uchun qonun edi. Birinchi kundanoq sezganman, uning o'z ishiga qanchalik qatiyatli ekanini. Oldinlari men baqiroq edim, o'yin paytida kimgadir tashlanib qolar, futbolchilarga tinmay baqirardim, ammo bu jamoaga kelib butunlay boshqa bolaga aylandim. Ishlayapsanmi, demak hammasi jiddiy bo'lishi kerak. Romancevning jiddiyligidan hammamiz hadiksirab turardik. Lekin u masuliyatni to'liq his qilardi. Futbolda intizom birinchi o'rinda turishini o'n olti yoshimdayoq tushunib etganman. Albatta, bu sening robot bo'lishingni anglatmaydi, lekin o'zingga erk berib yuborishing ham mumkin
emas. 

Mana shundan keyin men futbolga professional sport turi sifatida qaray boshladim. Mashg'ulot ertalab soat to'qqizda deyildimi, to'qqizda maydonda bo'lishing shart. Kechikish yaxshi emasligini bilardim. Menga hech narsani ikki marta qaytarishning zarurati yo'q edi. Keyinchalik bu haqda Romancevning o'zi ham aytgandi: "Mostovoyga bir marta gapirsangiz bo'ldi, u hammasini siz xohlagandek bajaradi". 

Menga Oleg Ivanovichning mashg'ulotlari yoqardi. O'zi yaqinda futbolni tugatgan emasmi, Romancev hamma mashg'ulotlarda o'zi ham qatanashardi. Qolaversa, hech kimga yutqazmasdi. Xuddi futbolchilardek biz bilan tengma-teng mashq qilardi. SHuning uchun bo'lsa kerak, uning ko'p mashg'ulotlari yodimda qolib ketgan. Biz ko'pincha tennisbol yoki beshga besh o'ynardik. Bitta jamoada yoshlar, ikkinchisida Romancev yoshi kattalar bilan. Agar biz hisobda oldinga chiqib olsak bormi, kattalarga to o'zib ketmaguncha bizni g'ajib tashlashga tayyor turishardi. 

Romancev hatto dominoda yutqazgisi kelmasdi. Yutish uning uchun principdek gap edi. Aytgancha, Romancev dominoni juda yoqtirardi, ular Jilyaev ikkalasi ancha paytgacha o'ynab o'tirishardi. 

“Presnya”da hammasi yaxshi ketayotgan bir paytda Jilyaev meni chaqirib qoldi: "Sasha, seni “Spartak” murabbiyi so'rayapti, u seni o'rinbosarlar tarkibida sinab ko'rmoqchi". “Presnya”ga o'shanda “Spartak”ning ikkinchi ligadagi farm klubidek qaralar, bizning har bir o'yinimizga “spartakchilar” bosh murabbiyi Konstantin Beskov, jamoa boshlig'i Nikolay Starostin hamda selekcioner Valentin Pokrovskiylar tashrif buyurishardi. Ular meni o'shanda kuzatishgan ekan. Men esa hech qanaqasiga “Spartak”ka borishni xohlamasdim. O'zimni “Presnya”da juda yaxshi his qilar, qolaversa bu klub safida o'ynash rosa yoqardi. 

Lekin baribir meni majburlab “Spartak” mashg'ulotlariga yubora boshlashdi. Boshida shaxsan Jilyaevning o'zi meni mashg'ulotga olib borib keldi. Keyinroq u meni trolleybusga chiqarib yuboradigan bo'ldi. Men esa nima qilardim, trolleybusda ozroq sayr qilgach, shartta tushib shahar aylanardim. Bir kuni mashg'ulotga bormaganimdan xabar topgan Jilyaev jerkib berdi: 

- Qaerlarda yuribsan? Nega mashg'ulotga bormading?
- Valeriy Vladimirovich, hech borgim kelmayapti. CHunki menga ko'proq bu er yoqadi. 

Ertasi kuni yana Jilyaevning o'zi meni trolleybusda mashg'ulotga olib bordi. Keyinroq Romancev ham olib borganini eslayman. “Spartak” o'rinbosarlari bilan birinchi marta safar o'yiniga borganimiz hamon yodimda. Jamoaning o'yini Xarkovda “Metallist” bilan bahsga to'g'ri kelgandi. O'sha payt o'rinbosarlar alohida yurmasdi. Hamma asosiy tarkib bilan ketardi. Vokzalga borsam odam ko'p, “Spartak”ni kuzatish uchun muxlislar kelgan ekan. Men shuncha odamni ko'rib angrayib qoldim: qo'limda eski sumka, oyoqda keda, egnimda futbolka. 

- Hoy bola, angrayma, seniki beshinchi vagon.

SHu-shu “Spartak”ka ko'nika boshladim. Vaholanki, hamon “Presnya”da o'ynashda davom etardim. Biz jadvalning birinchi o'rinida borar, raqiblarni birin-ketin yutishdan to'xtamasdik. Toki Kirovobadning “Kyapaz” jamoasiga qarshi birinchi ligaga o'tish o'yinida duch kelgunimizga qadar hammasi joyida edi. 

Mana shu jamoa bilan kechgan o'yin hech ko'z oldimdan ketmaydi. Uyda biz yutdik, oldinda esa javob bahsi kutib turardi. Stadion o'yindan ancha oldin to'lib bo'lgan, uchrashuvga bo'lgan qiziqish yuqori edi. Lekin bu bizni xavotirga solmasdi. Axir kuchli ekanimizni bilardik. Maydonda qush bo'lib uchdim, meni kiyimimdan ushlab qolishar, oyog'imga tepishar, ammo hech nimaga etibor bermasdim. O'yinni boshqarib borgan belaruslik hakam Vadim Juk bizga nisbatan qoida buzilsa umuman ahamiyat bermas, qancha gapirsak ham go'yoki hammasiga panja orasidan qarardi. 

Nimalar bo'lyapti o'zi? Raqibning ikkita himoyachisini aldab jarima maydonchasiga yorib kiraman, uchinchisi kelib tepadi, hakam esa jim. Majbur o'rnimdan turib yana o'ynashda davom etaman. Ikkinchi taymda hakamlar bizni ochiqchasiga “o'ldira” boshlashdi. Raqib o'yinchisi bir metr ofsayddan qochib ketyapti, qanot hakamining parvoyi falak. Men asabiylasha boshladim. Jamoadoshlarimga qarab nimalar bo'lyapti o'zi deb yubordim.

SHunda yoshi katta bir o'yinchimiz oldimga kelib asabiylashma, ehtiyot bo'lib o'ynashimiz kerak, ayniqsa o'z jarima maydonchamiz ichida dedi. 

- Qanaqasiga? Raqib to'psiz bo'lsa-chi?
- Farqi yo'q, to'p bilanmi, to'psizmi yiqitmasak bo'lgani, hakamga qara yiqitishimiz bilan penalti qo'yadi. 

“Biz baribir yutamiz, - deyman ichimda. - Ularga umuman o'yin bermayapmiz-ku”. Bir payt raqib tarkibida o'ynayotgan futbolchilardan biri oldimga keldi: 

- Ko'p qizishma, baribir yutqazasizlar.
- Nega endi? Axir o'yin biz tomonda-ku!
- Hozir ko'rasan. 

Men uning nima demoqchi bo'lganini tushunmadim. Lekin ko'p o'tmay hammasi rost chiqdi. O'yindagi vaziyatlardan birida to'p maydon chetidagi chiziq tashqarisidan havolatib jarima maydonchamiz ichiga uzatildi. To'p to'g'ri menga keldi. To'ni endi tepib uzoqlashtiraman deganimda raqibning qaysidir o'yinchisi kelib  menga urildi. O'yinda bo'ladigan oddiy holatlardan biri, to'p hamon menda, ana shu payt hakam hushtak chalib penalti belgilasa deng. Anavi bola o'zidan o'zi menga urilib yiqilib tushdi. Bu esa hakam uchun ayni muddao edi: penalti! 

Mana shu payt men o'zimni bosib tura olmadim. Asablarimni jilovlash qiyin edi. Avval yotgan o'yinchining, keyin hakamning oldiga borib baqira boshladim. Hakam nima qildi dersiz, u shartta cho'ntagidan qizil kartochkani oldi-yu, mana senga degandek boshi uzra ko'tardi. Penlati gol bo'ldi, ular keyin yana urishdi. Biz yutqazdik, birinchi ligaga chiqa olmadik. Mehmonxonaga qaytib borganimizda xonani ichkaridan qulflab ancha payt o'zimga kelolmay yotdim. Bir payt meni qidira boshlashdi, chunki samolyotga kech qolayotgandik. Keyin bir amallab tashqaridan eshikni ochib kirishdi. Qarasam, Jilyaev turibdi, uning orqasida esa bitta miliciya xodimi. Ular meni yo'qolib qoldi deb o'ylab miliciyaga xabar berishgan ekan. 

- Bo'l tez, narsalaringni yig'ishtir, samolyotga kech qolyapmiz. 

Ko'zimda yosh bilan sumkamni elkaga ilib xonadan chiqdim. Avtobusga chiqqanimda hamma o'sha erda edi. Jimgina hech kimga gapirmay o'z joyimga o'tirdim. Avstobus qo'zg'aldi, biz aeroport tomon ketdik. SHunday qilib men birinchi marta hakamlar tomonidan “o'ldirish” qanaqa bo'lishini ko'rdim. Faoliyatimning keyingi qismlarida bunday
holatga bir necha bor duch kelganimni yashirmayman. Va buni aslo xotirjam qabul qilmaganman. Lekin Kirovobadda ro'y bergan bu holat butun umr yodda qoldi. 

Mavsum oxirida Romancev va Jilyaev meni o'z xonalariga chaqirishdi. Hammamiz o'tirdik. Oleg Ivanovich sekin gap boshladi: "Sasha, endi sen yosh bola emassan, “Spartak”ka ketadigan payting keldi, butunlay". Men yana qarshi chiqdim: "Nima uchun? U yoqqa borishni xohlamayman". 

- Bu erda qolsang biz ham mamnun bo'lamiz. Lekin endi sen katta futbolga o'tishing kerak. 

Murabbiy bilan tortishishning foydasi yo'q edi. Ko'zimga yosh keldi, axir oilamni tark etayotgandim. “Spartak”ka hali ko'nikamanmi-yo'qmi, buni bilmasdim, balki ular menga osmondan qarasa-chi. Xavotir olishimga asos bor edi. CHunki bir gal “Spartak” futbolchilari bilan Sokolnikiga borganimizda avtobusda g'alati hodisaga duch kelgandim. Avtobusga chiqib qarsam, hech kim yo'q. Men uchinchi yo to'rtinchi qatordagi bo'sh joyga o'tirdim. Sal o'tib birin-ketin futbolchilar chiqa boshladi. Bittasi oldimga kelib, "Tur o'rningdan, bu mening joyim" desa bo'ladimi. O'shanda men avtobusda hammaning o'z joyi bo'lishini bilmagandim. Jimgina sumkamni oldim-u eng orqa tomonga
o'tib ketdim. Keyin bilsam “Spartak” o'rinbosarlari doim avtobusning orqa o'rindig'ida o'tirar ekan. Mana shuning uchunam “Spartak”ka borishga hadiksirab qolgandim. 

“Presnya” menga hayotning ilk saboqlarini berdi. Katta futbolga yo'l ko'rsatdi. Agar bu jamoada o'ynamaganimda aminmanki, Mostovoy degan futbolchi borligini keyinchalik hech kim bilmasdi. Ammo menga futbol baxti kulib boqdi. Buning uchun “Presnya”da o'tgan kunlarimdan mingdan ming roziman. Katta futbol sari ilk qadamni dadil tashladim. Oldinda esa faoliyatimning navbatdagi bosqichi kutib turardi. 

Valeriy Jilyaev Mostovoy haqida: 

- Mostovoy CSKA futbol maktabida o'ynab yurgan kezlari boshqalardan yaqqol ajralib turmasdi. Lekin Romancev undagi iqtidorni darhol payqay oldi. Nima uchun aynan unga etibor berganimizdan Sashaning o'zi ham hayron bo'lgandi. U jamoaga tezda kirishib ketdi. Sasha juda kamgap edi. Ortiqcha gapirmasdi. Kam gapirardi, lekin o'z fikrini aniq bayon etardi. 

Uni birinchi bor “Spartak” o'rinbosarlari tarkibiga chaqirishgani hamon yodimda. Cashaga borasanmi deganimda, u o'ylab o'tirmay yo'q degandi. 

- Nega borging kelmayapti?
- Hali tayyor emasman. Borsam hamma menga qaraydi. O'zimni qanday ko'rsataman? 

Nailoj uni qo'lidan ushlab olib borishga to'g'ri keldi. U hatto texnikumga o'qishga kirganda ham darslarga borishga uyalardi. Texnikumgayam o'zim olib borganman. Hatto bir gal o'qituvchisiga undan ko'p narsa so'ramang, biroz uyatchanroq deb iltimos qilgandim. Keyinchalik Sashaga Jismoniy tarbiya institutiga kirishda ko'maklashdim. U sportchi emasmi, imtihonlardan o'tishda qiynalmagan. 

Maydonda u g'aroyib edi. Menimcha, ajoyib harakatlarni amalga oshirayotganini o'zi bilmasdi. Uning keyingi soniyada qanday qaror qabul qilishini ko'rish qiziq edi. Albatta, Oleg Ivanovichning mashg'ulotlari unga ko'p yordam berdi. Bazan Mostovoy mashg'ulot paytida charchab qolsa hamda Romancevning o'ta talabchanligi unga yoqmay qolsa, men yotig'i bilan sekin tushuntirishga harakat qilardim: 

- Sasha, axir u bosh murabbiy-ku. Sen unga quloq solishing shart. Romancev sen uchun hammasi yaxshi bo'lsin deydi. Agar u indamasa, o'z xatoyingni qanday tushunib etasan? 

Bir yildan so'ng Mostovoy baribir “Spartak”ka ketdi. Avvaliga bizning jamoadan Kulkovni chaqirishdi, biroq u to'g'ri kelmadi shekilli, uni qaytarib o'rniga Mostovoyni olib ketishdi. SHaxsan men uchun Sashadek ajoyib futbolchi bilan xayrlashish oson bo'lmagan. Biz qancha vaqt birga ishlagan bo'lsak, u menga xuddi o'g'limdek bo'lib qolgandi. 

Jamoamizdagi muhitga hammaning havasi kelardi. SHu bois Sasha aslo ketishni xohlamagan. Barcha bir-biriga xuddi qarindoshdek edi. Bazamiz ajoyib, ovqatlanish joyida, tashqarida toza havo, xullas barchasi zo'r bo'lgan. Men jamoa boshlig'i sifatida futbolchilar bilan til topishga urinar, ko'plarining muammosiini hal qilishda yordam berardim. Kechki mashg'ulotdan so'ng biz birga yig'ilib choy ustida hazil-huzul qilardik. 

To'g'risini aytaman, keyinchalik qaerda ishlamay o'sha “Presnya”dagi muhitni boshqa hech bir jamoada ko'rgan emasman. Mana shuning uchun ham Mostovoy ketishni aslo istamagan. U “Spartak”da o'ynab keta olishidan juda xavotirda edi. Qolaversa, u erda men bo'lmasdim. Sasha yangi jamoasida yolg'iz bo'lib qolishdan qo'rqqan. SHu bois u bilan bu mavzuda jiddiy gaplashib olishga to'g'ri keldi. 

Nima sababdan men Sashani doim nazorat ostida ushlab turganman? Bu avvalo uning xarakteri bilan bog'liq. U o'zini juda bosiq tutardi. Hamma bilan tezda kirishib ketavermasdi. Ikkinchidan, uning naqadar iqtidorli ekanini bilganman. Iqtidori bor bolalar haqida qayg'urishga majbursiz, yo'qsa ajoyib futbolchini yo'qotib qo'yishingiz mumkin. 

Agar Sasha nohaq bo'lsa, men hech qachon unga hukmimni o'tkazgan emasman. Qaytanga u adashayotganini xotirjamlik bilan tushuntirishga uringanman. Biror joyga birga borsak men uning bo'ynidan mahkam quchoqlab Sasha, mana shu erda adashding, kel yaxshisi unday emas, bunday qila qolamiz derdim. Menga uning fikrini o'zgartirish yoqardi. U boshida jim bo'lib qolar, meni diqqat bilan eshitar, keyin to'g'ri aytasiz, Vladimirovich, siz haqsiz deb qo'yardi. 

Lekin uni kechirim so'rashga majbur etish og'ir edi. Sashada hech qachon oddiy xarakter bo'lmagan. O'ylaymanki, hayotda aynan u kabi o'z qarashiga ega insonlar ko'plab yutuqlarga erishadilar, bir chetda hamma gapga xo'p deb bir tekis turganlardan ko'ra. Sashada intizom ham yuqori edi. U doim sport rejimiga qatiyan amal qilardi. Bu borada hech qanaqa muammo bo'lmagan. U “Spartak”ka ketganidan so'ng ham o'zaro munosabatlarni saqlab turdim. Sasha toki chetga ketgunga qadar unga ko'p yordamim tekkan. 

Esimda, 1989 yilgi chempionlik uchun unga mashina hadya qilishdi. Biz tijorat bosh boshqarmasi orqali talonga navbat yozdirib olgandik. Ana undan keyin avtomobilni borib olish mumkin edi. Mening u erda tanishlarim bo'lib, boshqarmaga vaqtli bordim va xodimlar uchun eshikdan kirib, barcha hujjatlarni rasmiylashtirib chiqdim. Faqat mashina egasining kelib qog'ozga qo'l qo'yishi qolgandi. SHu kuni tashqarida chunonam odam ko'p yig'ildiki, ish vaqti boshlangach, hamma yopirilib ichkariga kirdi. Odamlar katta zina bo'ylab ikkinchi qavatga chiqishdi va talonga navbat ola boshlashdi. Qarasam, Sashaning otasi Volodya ham ular orasida. SHu payt navbatga turish uchun to's-to'polon boshlandi, hamma yoqni odamlarning baqir-chaqiri bosib ketdi. Men sekin Sashaning otasi tomon yurdim: 

- Volodya, nega shoshyapsan?
- Nima deganing nega?
- Xavotir olma, men hamma hujjatlarni rasmiylashtirib qo'ydim, faqat qo'l qo'ysang bas.

Oradan yillar o'tib Sasha “Benfika”ga ketgan paytda ham u bilan aloqa qilib turishda davom etdim. 1993 yil u “Spartak”ka qaytishi mumkin edi, biroq Franciyaning “Kan” klubiga yo'l oldi. 1999 yil Mostovoy Rossiya terma jamoasining o'sha paytdagi bosh murabbiyi Oleg Romancev bilan yuzaga kelgan kelishmovchilikni ham men hal qilib berganman. O'shanda vaziyatni ijobiy tomonga o'zgartira olganimdan juda xursand bo'lgandim. Har holda ko'p yillar jamoa boshlig'i bo'lib ishlaganman, bunday holatlar menga cho't emasdi.

O'ylaymanki, Mostovoyning xorijdagi faoliyati yomon kechmadi. Men doim uning o'yinlarini kuzatib bordim. Afsuski, u terma jamoa bosh murabbiyi bilan tushunarsiz tortishuv sabab futbolni birmuncha erta tugatdi. 

Uchinchi bo'lim tugadi.


1. Yakshanba - mutolaa kuni. Kutib oling, yangi kitob: Aleksandr Mostovoy, “SHoh” laqabli"

2. Yakshanba - mutolaa kuni. Aleksandr Mostovoy, "SHoh" laqabli" (davomi)

3. Yakshanba - mutolaa kuni. Aleksandr Mostovoy, "SHoh" laqabli" (davomi)

4. Mutolaa uchun. Aleksandr Mostovoy, "SHoh" laqabli" (davomi)


Davomi bor...

Reyting: +5   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика