So’nggi yangiliklar

01:41Паоло Мальдини: "Роналду – топ ўйинчи ва кучли шахсият, аммо мен Мессини афзал кўраман"  16 01:05Лукакунинг янги клуби деярли маълум  1 00:29Ўртоқлик учрашуви. "Дўстлик" Тожикистон Олий лигаси жамоасини мағлуб этди  0 23:55Ўртоқлик учрашуви. "Навбаҳор" "Хоразм"ни минимал ҳисобда таслим этди  0 23:40Қозоғистон Лига кубоги. "Турон" ва "Ордабаси" ўртасидаги ўйинда жанговар дуранг қайд этилди  0 23:27"Тоттенхэм" 60 млн фунтлик ўйинчисини Саудия Арабистонига қўйиб юборишга тайёр  0 22:47Расман: Санжар Қувватов "Нефтчи"ни тарк этди  9 22:39Ўртоқлик учрашуви. "Пахтакор" Чераннинг голи эвазига "Қўқон-1912"ни мағлуб этди  8 22:30Назорат учрашуви. "Бунёдкор" "Арал"ни йирик ҳисобда мағлуб этди  3 21:58МЮ товон пули 60 млн евро бўлган испаниялик хавбекка қизиқмоқда  1 21:32"Ман Юнайтед" Маунтни сотишни режалаштирмаяпти. Хавбек янги мавсумда ўзини кўрсатмоқчи  1 21:06"Mirabror Usmanov Cup-2024". Ўзбекистон Қирғиз Республикасини мағлуб этди, Нишоновдан хет-трик!  3 21:01Фюллькруг Ла Лига гранди сафига ўтиши мумкин  1 20:27Назорат учрашуви. "Андижон" ва "Қизилқум" ўртасидаги ўйинда 4та гол урилди  7 19:59"Фенербахче" "Севилья" билан Юссеф Эн-Несири трансфери бўйича келишувга эришди, аммо...  1

Moziyga qaytib... Mirjalol Qosimovning “qorong'u” kunlari... Yangiliklar

Moziyga qaytib... Mirjalol Qosimovning “qorong'u” kunlari...

1991 yil SSSR degan davlat tugatilgach, 1992 yil ilk marotaba futbol bo'yicha O'zbekiston chempionati o'tkazishga qaror qilindi.

Sobiq ittifoq oliy ligasi ishtirokchisi hisoblanmish “Paxtakor”da mamlakatning eng iqtidorli futbolchilari jamlangani bois, yangi O'zbekiston chempionatida ular barcha raqiblardan ikki karra ustun bo'lishlari avvaldan malum edi. Oldindan scenariysi malum bo'lgan chempionat qiziqarli kechmasligi ham barchaga ayon edi. O'z navbatida, ittifoqning eng kuchli komandalariga qarshi o'ynab toblangan etakchi futbolchilar, maxalliy jamoalar bilan o'yinlarda o'sishdan to'xtashlari mumkinligi ko'pchilikni tashvishlantirardi. Buni hammadan avval tushungan futbolchilarning o'zlari kuchli chempionatlarda qolishni afzal ko'rishdi. Gennadiy Denisov, Mirjalol Qosimov va Igor SHkvirinlar Vladikavkazning “Spartak”, Andrey Pyatnickiy esa Moskvaning shu nomli jamoasi bilan shartnoma imzolashdi. 1992 yilgi Rossiya chempionatida “Spartak” (Moskva) chempion, “Spartak” (Vladikavkaz) esa vice-chempion bo'lishida hamyurtlarimizning hissalari katta bo'lgan. Eng muhimi, ular evrokuboklarda qatnashib, o'z mahoratlarini yanada oshirish imkoniyatiga ega bo'lishgan.

Rossiya chempionatini evropalik skautlar kuzatishgani bois, hamyurtlarimizga horijdan ham taklif tusha boshladi. Jumladan, Mirjalol Qosimovga Ispaniyaning bir yo'la ikki klubi – “Real Valyadolid” hamda “Logrones” klublaridan taklif tushdi. Garchi, bu klublar Ispaniyada o'rtamiyona hisoblanishsa-da, Evropa kuchli beshliklarida o'ynashni orzu qilgan Qosimov uchun bu o'zini ko'rsatish borasida ajoyib imkoniyat edi.

Rossiya chempionati yakuniga etgandan so'ng Toshkentga qaytib kelgan Mirjalol Ispaniya safariga tayyorgarlik ko'ra boshladi. O'sha paytda internet tarmog'i mavjud bo'lmasa-da, o'zbek futbolchisining ilk marta Ispaniyada to'p surishi yashin tezligida tarqaldi. Har hil gap-so'zlar va tahminlar ko'paydi. Masalaga oydinlik kiritish uchun O'zbekiston televideniesining “Axborot” dasturi ijodkorlari Qosimov bilan uchrashib, lavha tayyorlashdi. Lavhada “Ispaniyaga ketishingizga nima turtki bo'ldi?” degan savolga Mirjalol “Bu erda qolsam o'sishdan to'xtayman, shu bois Evropaning kuchli chempionatida o'ynab, mahoratimni oshirmoqchiman” deb javob qaytardi. Bo'ldi. Albatta uning mahorati oshsa, O'zbekiston terma jamoasiga foyda bo'ladi. Biroq gapga uncha chechan bo'lmagan Mirjalol bu fikrni aytmadi.

Efirga ketgan gapi esa yuqoridagilarning g'azabini qo'zg'atdi. Uni prezidentning o'zi ko'ribdi degan tahminlarni ham eshitganmiz. Lekin men bunga ishonmayman. Sababi, rahmatli prezident ko'pni ko'rgan, og'ir-bosiq mulohazali inson edi. Uning o'zi yosh yigit-qizlarimiz horijda tahsil olib, o'z bilim-malakalarini mamlakat rivoji yo'lida sarfdashlarini istardi va keyinchalik bu amalda isbotlandi ham. Lekin prezident nomidan futbolchi Qosimovga qarshi ayovsiz kurash boshlandi. “Nima, O'zbekistonda o'ynasa o'sishdan to'xtarkanmi? Bu erda topayotgani etmayotganakanmi?” kabi savollar bot-bot yangrayverdi. Boshi uzra qora bulutlar charx urayotganini sezgan Mirjalol darhol Toshkentga qaytib keldi va qadrdon “Paxtakor” mashg'ulotlarida qatnasha boshladi. Lekin klub rahbarlari uni o'ynata olmasliklari, yuqoridan shunday ko'rsatma bo'lganini aytishdi. O'z-o'zidan unga oylik maosh ham berilmadi. “SHapkasini ol desa kallasini ol” degandek Jismoniy tarbiya institutidan ham haydashdi.

Ana shu alfozda u uch oyga yaqin nima qilishini bilmay yurdi. O'sha paytlari Mirjalol ko'pchilikdan o'zini olib qochib yurdi. Jurnalistlarni ko'rsa-ku, o'n chaqirim naridan aylanib o'tadigan bo'ldi. “Mirjalol ichayotganmish”, “CHekayotganini o'z ko'zim bilan ko'rdim” kabi mish-mishlar aynan o'sha paytlarda tarqalgandi.

Bu ko'ngilsiz vaziyat o'nglanmasa, o'zbek futboli tarixidagi eng iqtidorli futbolchini yo'qotishimiz mumkin edi. Uni o'nglash uchun esa, yuqoridagilarga Qosimov aslida nima demoqchi bo'lganini, uning qalbida Vatanga nisbatan qanday tuyg'ular borligini etkazish lozim edi. Jurnalist Abror Imomxo'jaev ana shu vazifani o'z zimmasiga olgan va futbolchi bilan dildan suhbatlashgan. Etiboringizga o'sha maqola va undagi intervyuni havola etamiz.


MIRJALOL QOSIMOV: ...HAMMA NARSADAN VATAN AZIZ!
(“Sport”gazetasining 1993 yil 26-mart-1 aprel sonidan olingan).




Mirjalolni o'smirlik chog'idan yaxshi bilaman. Jahon va Ovro'po chempionatlarida g'olib bo'lib qaytganida uchrashganman, matbuot uchun suhbatlar qilganman. O'sha paytlari yoshligidanmi, tajribasizligidanmi o'ta kamsuqum bo'lgan Mirjaloldan biz, jurnalistlar gapni zo'rg'a sug'urib olardik. Mana, oradan yillar o'tdi. U Toshkentning ‘Paxtakor”, Minskning "Dinamo", Vladikavkazning “Spartak”, sobiq SSSR va mustaqil O'zbekiston terma jamoalari kiyimida yashil maydonga tushdi. Respubyaika futbolchilari orasida eng yukori unvonlarga erishdi. Ammo xislati o'sha-o'sha - kamgap, kamtar.


Vladikavkazning “Spartak“ klubi bilan o'tgan yil uchun tuzilgan shartnoma tugagach, M. Qosimov Toshkentga qaytib keldi va paxtakorchilar bilan mashqlarda qatnasha boshladi. Yanvar oyining oxirida Moskvada o'tkazilgan Hamdo'stlik mamlakatlari chempionlari Kubogida Mirjalol “Paxtakor“ning etakchi o'yinchilaridan biri ekanligini yana isbotladi. Tug'ri, raqiblar musobaqa oldidan, Mirjalolni “Paxtakor“ga “begona" hisoblab norozilik bildirishdi. Faqat M. Qosimovning hozirgi kunda birorta jamoa bilan shartnomasi yo'qligi, shuning uchun u erkin futbolchi sifatida xohlagan jamoada o'ynashi mumkinligi isbotlangandan so'ng xotirjam bo'lishdi. Raqiblar bekorga cho'chishmagan edi. Ashgabadning “Kopet-Dog'“ jamoasi bilan uchrashuvda to yuqoridagi masalalar hal bo'lguncha o'yinning yarim soati o'tib, unda turkmanistonlik futbolchilar 1:0 hisobida oldinda borishayotgandi. Nihoyat, Mirjalol maydonga tushdi va ketma-ket ikki to'p kiritib, o'z jamoasiga g'alaba keltirdi. Mirjalolning maydonni yaxshi ko'ra bilishi, jarima to'plarini qoyilmaqom qilib tepishi xorijiy mutaxassislar etiboridan chetda qolmadi, albatta. O'zbekistonlik futbolchini o'z klublariga taklif etayotgan vositachilar Mirjalol bilan tez-tez uchrasha boshladilar.

Martning boshida u “sovchilar" makoni — Ispaniyaga jo'nab ketdi. Muxlislar o'rtasida yana torgishuvlar boshlandi. Kimdir uni futboli yuqori darajada bo'lgan Ispaniyadek mamlakatga ketganidan xursand bo'lsa, boshqa birov sotqinlikda aybladi. Mirjalolning Ispaniyadan kutilmaganda tez qaytishi shov-shuvni yana ko'paytirdi. Endi kimdir “eplolmabdi” desa, yana boshqasi “yo'g'-e, puliga ko'nmabdi“, deya taxmin qildi.

Bu mish-mishlarga oydinlik kiritish maksadida taxririyat tomonidan M. Kosimov bilai uchrashish haqida topshiriq olganimda, ochigi, suhbat har doimgidek oson kechadi deb o'ylovdim. Darhaqiqat, Mirjalol eski qadrdonlardek so'rashdi, hazil-mutoyiba qildi. Faqat qog'oz-qalam olib savol berishga hozirlanganimda kayfiyati birdan o'zgardi. “Kechirasiz, lekin matbuot uchun mening hech qanday gapim yo'q!“.

SHundan so'ng o'yinga tayyorlanishi lozimligini aytib o'rnidan qo'zg'aldi. Men hayron bo'lib ortidan chaqirmoqchi edim, biroq uning yoshlikdan do'sti va jamoadoshi SHuhrat Maqsudov “kerak emas“ degan ishorani qildi. “O'zi hozir siqilib yuribdi, har xil mish-mishlar kayfiyatini tushirgan, hech kim bilan gaplashgisi yo'q. SHuning uchun ham, ayniqsa, jurnalistlarni xushlamayapti”.

O'sha quni Qibraydagi o'yingohda O'zbekiston milliy va olimpiya terma jamoalari o'zaro kuch sinashishlari lozim edi. Milliy terma jamoani maydonga Mirjalol Qosimov boshlab tushdi va butun o'yin davomida etakchilik qildi. Dastlab 11 metrlik jarima to'pidan hisobni tenglashtirdi, so'ng SHuhrat Maqsudov bilan chiroyli kombinaciyani nihoyasiga etkazib, g'alabani mustahkamladi.
Bilmadim, kayfiyati chog'ligidanmi, yoki SHuhrat biror narsa deganmi, har holda yuvinib chiqqanidan so'ng navbatchidan bo'sh xona kalitini olib o'zi meni suhbatga taklif etdi:

- Faqat kelishib olaylik, men aytgan gaplardan chetga chiqmaysiz, ularni sharh- lamaysiz, nima gapirsam shuni yozasiz ...baribir hammaga yoqish qiyin.
- Kelishdik, — deya diktofon tugmachasini bosdim.

- Mirjalol, o'tgan yili Vladikavkazga ketishning asosiy sababi nima edi?
- Biz o'tgan yilning boshida zo'r berib MDH chempionatiga hozirlik ko'rayotgan edik. Biroq malum sabablarga ko'ra u sarobga aylangandan so'ng, O'zbekiston chempionati o'tkazish to'g'risida qaror qabul qilindi. Yodingizda bo'lsa, o'sha paytda respublikaning eng kuchli futbolchilari bosh jamoa - “Paxtakor“da to'plangan edi. Qisqacha qilib aytganda, biz o'zimizdan ikki-uch baravar kuchsiz jamoalar bilan bellashishimiz mantiqqa to'g'ri kelmasdi. Bir tomondan chempionat qiziqarsiz o'tardi, boshqa tomondan jiddiy raqib bilan kuch sinashmagandan so'ng, futbolchi sifatida o'sishdan to'xtar edik. SHunda “Paxtakor“ning sobiq darvozaboni, o'sha paytda Vladikavkazning “Spartak“ jamoasida murabbiy bo'lib ishlayotgan A. Yanovskiy Toshkentga keldi va katta pul evaziga uch-to'rtta kuchli o'yinchilarni olib ketishi mumkinligi to'g'risida fikr bildirdi. Bu bilan bir emas, to'rt “quyon“ otilardi. Birinchidan, biz butun jahonga mashhur Moskvaning “Spartak”, “Dinamo“, CSKA kabi klublari bilan kuch sinashib malakamizni oshirar edik. Ikkinchidan, homiy izlab iqtisodiy jihatdan qiyin ahvolda bo'lgan “Paxtakor" klubi millionlab pul ishlab olardi (o'tgan yili ana shu millionlar tufayli futbolchilar o'z vaqtida maosh oldilar), uchinchidan, etakchi o'yinchilar ketgach, zahirada o'tirib qolgan yosh istedodlarga o'zini ko'rsatish uchun keng yo'l ochilardi (Aliev, Kechinov, Xodiev, Volkov, aka-uka Nazarovlar bunga misol) va nihoyat, to'rtinchidan, “Paxtakor“ning kuchi qolgan jamoalar bilan tenglashib, chempionat murosasiz o'tardi (o'tgan yili chempionlik uchun kurash oxirgi turgacha davom etganini eslang). SHuning uchun ham Pyatnickiy, Qosimov, Denisov, SHkvirin kabi tajribali o'yinchilarning “Paxtakor“dan ketishi jamoa uchun og'ir kechsa-da, oxir-oqibatda o'zini oqladi. Mana, Pyatnickii “Spartak" safida butun Ovro'po og'ziga tushdi, biz jon kuydirgan Vladikavkazning “Spartak" klubi esa man-man degan jamoalarni ortda qoldirib, Rossiya chempionatida kumush medalni qo'lga kiritdi va UEFA Kubogida uynash huquqiga ega bo'ldi. Osetiyaliklar biz o'zbekistonliklarga minnatdorlik bildirishdi.

- Albatta minnatdor bo'lishadi-da, chunki dastlab shartnoma 3 oyga tuzilgan edi, sizlar esa mavsum oxirigacha qolib ketdingizlar...
- SHartnomani 3 oyga belgilanishidan malum maqsad ko'zlangan edi. CHunki 3 iyul kuni xalqaro futbol uyushmasi - FIFA sobiq Sovet Ittifoqi respublikalarini o'z safiga mustaqil ravishda qabul qilishi dozim edi. Afsuski, shu kuni O'zbekiston futbol federaciyasi FIFAning to'laqonli azosi bo'la olmadi. Bu esa xalqaro uchrashuvlarda ishtirok etish imkoniyatini yana keyinga surdi. Rossiya esa qabul qilindi va xalqaro musobaqalarda ishtirok eta boshladi. Agar biz “Paxtakor“ga qaytganimizda meni Ispaniyaga, Pyatnickiyni esa bir varakayiga 3-4 Ovro'po davlatlariga chaqirmagan bo'lardilar.

- Aytgancha, ispaniyaliklar biriichi bor qachon “sovchi“ qo'yishgandi?
- O'tgan yilning kuzidan boshlab Vladikavkaz spartakchilari medal uchun kurash olib borayotganlarida mutaxassislar etiboriga tushishdi. Meni Rossiyaning boshqa jamoalari, shuningdek, Ovro'poning bir-ikki o'rtamiyona klublari so'rashdi. Ularga “ha“ deyishdan mantiq yo'q edi. Faqat Ispaniyadan taklif tushgandan so'ng, bu haqda jiddiy o'ylay boshladim.

- Eshitishimcha, ham oliy, ham birinchi divizioidan ikki klub sen bilan qiziqqan ekai...
- Ha, Moskvadagi chempionlar turniri paytida bu klublarning vakillari men bilan muzokara olib bordilar. Biri “Logrones", ikkinchisi esa “Valyadolid“ klubi.

- Muzokaralar nima bidan tugadi?
- Hozircha hech narsa deya olmayman. Malumki, Ispaniya klublarida uchtagacha xorijiy futbolchi uynashiga ruxsat berilgan. “Logrones" bu borada rejani bajardi - so'ngti xorijlik futbolchi kievlik Oleg Salenko bo'ldi. “Valyadolid"da esa dushanbelik Rashid Rahimov o'ynamoqda.

- Seni Ispaniyada sinab ko'rishdimi?
- Ha, faqat bir ikki o'yinda yarim himoyachilarni bilish qiyin. Yorqin hujumchi yoki darvozabon mahoratini kiritgan yoki o'tkazib yuborilgan to'plar orqali solishtirish mumkin. Yarim himoyachi esa... Har holda menga “xayr“ emas, “ko'rishguncha“ deyishdi, buning farqi katta-ku.

- Albatta, faqat buning uchui vaqtincha boshqa klubdarda o'ynab turish kerak, shunday jamoalardan biri “Paxtakor" bo'lishi mumkin-mi? Aytmoqchimanki, seni bu yil chempionatda qatnashayotgan o'yinchilar ro'yxatiga kiritishdimi?
- Yo'q. Buning uchun klub men bilan shartnoma tuzishi kerak, men esa hozircha uni imzolaganim yo'q.

- Axir 5 kuidan so'ig chempionat boshlanadi-ku?!
- Bu - shoshilinchda har qanday hujjatga imzo chekiladi degani emas. Gar biz professional futbol sistemasiga o'tmoqchi ekanmiz, har bir tomon o'z ishiga sitqidildan yondoshishi kerak. Afsuski, hozircha “Paxtakor* klubi etarli shart-sharoit yaratib berishga qodir emas.

- Qolgailar o'ynayapti-ku, yoki bu erda boshqa gaplar ham bormi? Balki sen juda ko'p miqdorda so'ragandirsan?
- Negadir men boshqalar topayotgan pul bilan qiziqmayman-u, lekin hammani mening maoshim qiziqtiradi. CHet elda hatto jamoadoshing qancha olayotganini ham bilmaysan. CHunki unda har kimning mehnati, mavqei va klubga keltirayotgan foydasiga qarab alohida maosh belgilanadi. Qolganlar o'ynayapti deysiz. Ular hali yosh, futbolga endi kirib kelayapti. Ko'pchiligi ota-onasining qaramog'ida. Sal katta yoshdagilar ham moddiy tomondan to'q. Abduqahhorning akalari o'tgan yili chiroyli to'y qilib berishdi. SHuhrat esa hali uylanmagan. Men esa ota-onamning yolg'iz o'g'liman, ikkita farzandim bor.

Yaqinda o'glimning to'yini qilishim kerak. Keyin, xudo xohlasa kichik singlimni uzatamiz. Nega bu gaplarni aytayapman? Hozir uy ro'zg'orini qiladigan davrim, oyoqlarim baquvvat, moddiy tomonini hal qilishga qudratim etadi. Ertaga-chi? Mabodo qattiq jarohat olib futbolni tashlashga to'g'ri kelsa nima bo'ladi, oilani nafaqaga boqamanmi? Boshqa hunarim bo'lmasa. Axir tengdoshlarim er olishayapti, uy qurishayapti. Nahotki orzu-havasli bo'lish ayb sanalsa. Men o'g'irlik qilib emas, to'kkan terim uchun haq talab qilayapman. Qancha so'raganim haqida qiziqdingiz, bu borada faqat bir narsani aytishim mumkin. Men Pyatnickiy topayotgan pulning o'ndan birini so'radim xolos. Albatta, bu raqam yigitlarga vaqtida maosh topib bera olmayotgan klub rahbarlariga dahshatli tuyuldi. Biroq men, “Paxtakor“ga jonimni berishim uchun hech narsani o'ylamasligim, oilamni moddiy tomondan to'ldirib qo'ygan bo'lishim kerak.

- Demak, hozircha erkii o'yinchisan, xohlasang Vladikavkazga, xohlasang Ispaniyaga ketishing mumkin. Agar bu erda masada hal etilsa, “Paxgakor“da ham o'ynashing mumkin. Yana...
- Yana Malayziyadan yaxshi taklif bor.

- Mana ko'rdingmi, Ispaniya qaerda-yu, Malayziya qaerda? Axir Malayziya futboli hech qachon bizdan yaxshi bo'lmagan...
- Lekin bizga etib qoldi. Umuman so'nggi paytda Osiyo futboli jadal rivojlandi. Eng muhimi shart-sharoit. Malayziyaning futboli Ispaniyaga etmasa ham, sharoiti meni butunlay qoniqtiradi.

- Yani beradigan pulimi?
- Faqat bu emas. SHaroit deganda futbolchiga bo'lgan munosabat tushuniladi. Moddiy va maishiy muammolarning hal etilishi, beriladigan kiyim-kechak. Bu erda men - terma jamoa o'yinchisi butsi almashtirib berishlarini so'rab mamurlar ketidan yugurishim kerak, u erda bir yilda o'nlab sport ust-boshlari beriladi. Toshkentga kelib xotira turnirida qatnashgan Seulning “Song Sil” talabalar klubi faqat bir yig'inga 8 xil forma bilan keldi. Paxtakorchilarga esa uch oyda uchinchi bosh murabbiyni tanishtirishdi. Bu erda futboldan ko'ra futbol atrofidagi voqealar ko'p vaqtni oladi.

- Bu fikrlaringni endi o'tgan zamonda qo'llasak ham bo'lardi. Sen va sheriklaring tushunsin, ishonsin deb bugun bu erga shaxsan Bosh vazir keldi. Futbol to'g'risidagi hukumat qarorini o'qib, uni izohlab berdi. SHaxsan msn endi futbol sohasida haqiqiy o'zgarishlar bo'lishiga ishondim. Sen-chi?
- Bosh vazirga ishonmaslikka haqqimiz yo'q. Buning ustiga Prezidentimizning o'zlari
futbolga katta etibor berayaptilar. Muhimi, ijrosi amalga oshsa bo'ldi. Futbol rahbarlari ana shu qaror ijrosi uchun shaxsan masul ekanliklarini tushuna olsalar bo'ldi...

- Mirjalol, tushunishim bo'yicha sen bu yil qaysi klub sharafini himoya etishingni hozircha aniq bilmaysan. Lekin bizni boshqa narsa qiziqtiradi, bu - O'zbekisgon terma jamoasi sharafini himoya qilish. Yordaming kerak bo'lib chaqirishsa, Ispaniya yoki Malayziyadan etib kelasanmi?
- Undan uzoqroq bo'lsa xam etib kelaman. CHunki qaysi xorijiy klub bilan shartnoma tuzmay, O'zbekiston terma jamoasi uchun o'ynash lozimligi haqidagi kelishuvga katta etibor beraman. Ana shu maqsadda ko'p imtiyozlardan voz kechdim va bunga achinmayman ham.

- Yani…
- Yani xorijiy klublar bilan shartnoma tuzatayotganda, “sizlarning ixtiyoringizdaman, qachon ruxsat bersalaring, o'shanda terma jamoada o'ynayman", deb rozilik bersangiz, narxingiz ikki barobar oshadi. CHunki terma jamoada o'ynab turib jarohat olsangiz, jabrini klub tortadi - siz klub safida kerakli o'yinlarda ishtirok etolmaysiz. Buniig ustiga Rossiya terma jamoasi rahbarlari MDHning ko'pgina taniqli o'yinchilaridan fuqarolikni almashtirishni surashadi. Hozir Rossiya terma jamoasi sharafini ukrainalik Yuran va Onopkolar himoya qilishayapti. Endi gal Pyatnickiyga kelganga o'xshaydi. O'tgan yili meni chaqirishga ham urinishlar bo'lgandi. Lekin men keskin rad etdim. Klub tanlashda men imkoniyatlarimni hisobga olishim kerak. Lekin terma jamoa uchun hech qanday sharoit talab qilmayman. CHiroyli gapirishni yoqtirmayman, lekin boshqacha ifodalay olmasam kerak: O'zbekiston terma jamoasi uchun boshqa sayyoradan bo'lsa ham etib kelaman! Men uchun hamma narsadan Vatan aziz!

Mirjalol Qosimov bilai suhbatlashib bo'lgunimizcha ketma-ket, avval O'zbekiston terma jamoasi, so'ngra "Paxtakor"ga qarashli “Ikarus" shahar tomon yo'l oldi. Kimdir g'alabadan so'ng uyiga, kimdir kutib turgan sevgilisi yoniga, yana kimdir mehmonxonaga ketyapti. Mirjalol esa mashinada bo'sh shishalarni sharaqlatib bazadan shahar tomon jo'nadi. Yo'lda ikki-uch joyda to'xtab do'konlarga bosh suqdi. "Tinchlikmi, yo chaqaloq sharafiga ziyofatmi?" degan savolimga bosh chayqadi... "Xudo qizimni bizga muqaddas Ro'za kunlari ato etdi, shuning uchun ham unga Mohira deb ism qo'ydik. Balki shu ro'za tufaylidir, har holda og'aynilarim ziyofat deb qistashmayapti. Bu shishalar esa mineral suvlar uchun. Erta-indin yangi qudalarni chaqirishimiz kerak, undan oldin yaqinda uzatilgan singlimni birinchi kelinlik hayiti. O'nlab tog'oralarda pishiriqlar jo'natishimiz kerak ekan. Xullas, hozircha ro'zg'or tashvishi mening zimmamda, lekin buni nolish deb tushunmang, xudoga ming bor shukr qilaman. Bu yog'i ham yaxshi bulib qolar...


Abror IMOMXO'JAEV, maxsus muxbirimiz.


P.S. Ushbu maqola kutilgan samarasini berdi. Yuqoridagilarning “ko'ngli bo'shadi” va “boshqa bunday bo'lmasin” degan shart bilan Mirjalol avf etildi. Institutga ham qayta tiklandi. “Paxtakor” klubi rahbariyati vaziyatdan foydalanib, “ana, ruxsat tegdi, shartnomaga qo'l qo'y” deb niqtadi, biroq Qosimov o'zi xohlagan shartlar kiritilmaguncha uni imzolamasligini malum qildi.
SHu tariqa “Paxtakor” chempionatni Mirjalolsiz boshladi. 1993 yil ham oltin medalga o'tgan mavsumdagi chempionlar (ilk chempionatda qo'shchempionlik elon qilinganini katta yoshdagi muxlislar yaxshi bilishadi) – “Paxtakor” va “Neftchi” davogarlik qilishardi.

Dastlabki olti turda paxtakorchilar 100 foizlik natija ko'rsatishdi. Navbatdagi ikki uchrashuvni ular Andijon va Farg'onada o'tkazishlari lozim edi. Andijonda toshkentliklar dastlabki 2 ochkoni boy berishdi – 1:1. Farg'onada esa ilk bor mag'lubiyat alamini totib ko'rishdi – 1:2. Ana shundan keyingina “Paxtakor” klubi rahbarlari Mirjalol yordamisiz og'ir bo'lishini his etishdi va uzoq tortishuvdan so'ng shartnoma imzolandi.

O'sha yili “Paxtakor” va “Neftchi” yana ikki bor to'qnash keldi. 20 may kuni Jizzaxda jamoalar Osiyo CHempionlar kubogida yurtimiz sharafini kim himoya qilishini aniqlash uchun maydonga tushishdi. Uchrashuvning 20-daqiqasida Qosimov uzoqdan aniq oshirib bergan to'pini Maqsudov to'xtatmasdan tepib hisobni ochdi. Oradan etti daqiqa o'tgach, Mirjalolning o'zi to'p kiritib, amalda paxtakorchilarning g'alabasini taminladi – 3:1.

3-oktyabr kuni chempionat doirasidagi javob uchrashuvi Toshkentda bo'lib o'tdi. Bu vaqtga kelib paxtakorchilar “Neftchi”dan besh ochko ortda borayotgan va bu yil chempion bo'lolmasligi aniq edi. Ammo ko'pchilikni “Neftchi” Mirjalol boshchiligidagi “Paxtakor”ni yuta oladimi yoki yo'qmi degan savol qiziqtirardi. Qahramonimiz ham aynan shu kuni yuqori darajadagi futbol namoyish etdi. O'yin tamom bo'lishiga uch daqiqa qolganda hisob 4:4 bo'lib turgan edi. Farg'onaliklar o'z jarima maydonlari yaqinida o'yin qoidasini buzishdi. Jarima to'pini Qosimov mohirona tepib g'alaba to'pini kiritdi.

Oradan 6 kun o'tib O'zbekiston Kubogi finalida “Paxtakor” va “Navbahor” to'qnash keldi (namanganliklar “Neftchi”ni musobaqadan chiqarib yuborishgandi). Bu uchrashuvda ham Qosimov to'p kiritib, jamoasining 3:0 hisobidagi g'alabasiga o'z ulushini qo'shdi va “Paxtakor” ilk marotaba O'zbekiston Kubogini boshi uzra ko'tardi...

“Oyning o'n beshi qorong'u bo'lsa, o'n beshi yorug' bilan” deydi dono xalqimiz. Albatta Mirjalol Qosimovda yorug' kunlar ko'p bo'lgan va ko'pchilik unga havas qilgan. Lekin “qorong'ulari” ham dahshatli bo'lgan. Bugun biz ulardan birini yodga oldik xolos...

Reyting: +8   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика