So’nggi yangiliklar

13:41"Ливерпуль" собиқ футболчиси АПЛга қайтишга яқин  0 12:50"Бенфика" Туркия терма жамоаси етакчиларидан бирини сотиб олди  1 12:22Водий дербиси қачон ўтказилади? Суперлиганинг октябрь ойи тақвими  0 12:05Иброҳимҳалил Йўлдошев тўп тепаётган "Қайрат"да бош мураббий ўзгарди  1 11:42Саудия Арабистони клуби яна бир бразилияликни ўз сафига қўшиб олди  1 11:17Роналду: "Португалия терма жамоасидаги фаолиятимни якунлаш? Мен асосий таркибда ўйнашим керак"  11 10:45Расман. Шукуровнинг янги жамоаси навбатдаги трансферни эълон қилди  0 10:17"Ал Иттиҳод" "Аякс" етакчиларидан бирини сотиб олди  1 09:50Германия терма жамоасининг янги сардори маълум  2 09:21"Ал Насср" "Челси" футболчисини 23 миллион еврога сотиб олди  3 08:52Легионеримиз жароҳат сабабли Ўзбекистон МТЖнинг сентябрь ойидаги ўйинларини ўтказиб юборади  7 08:24ПСЖ футболчиси "Ал Иттиҳод"га кўчиб ўтди  0 07:55Расман. Осимхен "Наполи"ни тарк этди  6 07:37Расман. Ўзбекистон терма жамоаси етакчиларидан бири фаолиятини Саудия Арабистонида давом эттиради  8 23:30Ильдар Маматказин: "Навбаҳор" билан зўр финал бўлади. Мухлислар? Яхшиси "Бобур Арена"га келинг"   14

Luis Suares: Faoliyatimdagi eng muhim turnir Rossiyada bo'ladi Yangiliklar

Luis Suares: Faoliyatimdagi eng muhim turnir Rossiyada bo'ladi

O'tgan hafta Evropa milliy chempionatlarining eng yaxshi to'purari uchun tasis etilgan individual sovrin - Oltin butsa o'z egasiga topshirildi.

Etiborlisi, mavsum-2015/2016 laureati - Luis Suares tillarang poyafzalni qaysidir mashhur shaxs emas, balki o'z farzandlari qo'lidan qabul qilib oldi.

Mana, Kataloniyadagi qadimiy pivo zavodi ikkinchi marta Oltin butsani Barselona hujumchisi Luis Suaresga topshirish manzili sifatida tanlandi. Bundan rosa 2 yil muqadddam Liverpul safida 31 gol urgan urugvaylikni aynan shu joyda evrofutbol mavsumi-2013|2014ning eng yaxshi goleadori sifatida sharaflagandilar. Luis taqdimot marosimidan bir necha oy muqaddam Barselonaga o'tgan, biroq JCH-2014dagi tishlash sahnasi (esingizda, albatta, u italiyalik Jorjo Kellinini tishlab olgandi) tufayli maydonga tusholmayotgandi. Umuman, Suares Oltin butsa laureatiga aylanganidan so'ng Barsa tomonidan sotib olingan beshinchi futbolchi bo'lgandi. Zero, Kataloniya klubi ungacha Xans Krankl (Rapid), Xristo Stoichkov (CSKA S.), Xenrik Larsson (Seltik) va Terri Anri (Arsenal)ni ham ular aynan nufuzli sovringa ega chiqishganidan keyin o'z safiga qo'shib olgandi. Mana, Suares 4 nafar o'tmishdoshidan farqli o'laroq, Oltin butsani yana bir marta o'ziga bo'ysindirdi - Barselona libosida urgan gollari vositasida. Eslatma, urugvaylik o'tgan mavsum Ispaniya La-ligasida 40ta goldan xirmon yasadi va bu bilan jamoadoshi Lionel Messi hamda Real goleadori Krishtianu Ronalduni ortda qoldirdi.

Aytish joiz, Suaresgacha Barselonaning atigi 2 nafar futbolchisi Evropa milliy chempionatlarining eng yaxshi to'purari bo'lgandi - braziliyalik Ronaldo (mavsum-1996|1997da) va argentinalik Lionel Messi (2009|2010, 2011|2012 va 2012|2013 yillar mavsumida). Leoning rekord natija - 50ta gol bilan sovrin sohibiga aylanganini ham aytish o'rinli. U bu safar taqdirlash marosimiga mehmon sifatida tashrif buyurdi. Neymar esa Suaresni voqea joyida tabriklaganlar orasida ko'ringani yo'q. Biroq bundan vahima ko'tarish shart emas. CHunonchi, bayonnomaga binoan, tadbirda Barsa sardori va uning o'rinbosarlari qatnashishdi. Yani Messidan tashqari, Andres Inesta va Serxio Buskets ham hozir bo'lishdi. Faqat yana bir vice-sardor - Maskerano yo'q edi.

Messi birinchi qatorda Inesta va Buskets o'rtasidan joy oldi va monitorda Suaresning o'tgan mavsumdagi gollarini kulib-miriqib tomosha qildi. Laureatning o'zi esa birinchi safning boshqa tomonida farzandlari va o'ta baland poshnali poyafzalda zo'rg'a harakatlangan xotini qurshovida o'tirdi. Orzumni amalga oshirib, yana shu erga kelganim uchun avvalo, Barselonaga minnatdorchilik bildiraman, - dedi Suares sahnada viqor bilan turib. - Ushbu sovrin butun jamoa va klubdoshlarim xizmati samarasidir. Zero, sheriklarimning ajoyib uzatmalarisiz bunchalik ko'p gol urolmasdim.

2 yil oldingi taqdirlash marosimiga Liverpulda Suaresga ustozlik qilgan Kenni Dalglish taklif etilgan va hujumchi sovrinni uning qo'lidan qabul qilgandi. Bu safar  Oltin butsani laureatning farzandlari - qizi Delfina va o'g'li Benjamin topshirishdi. Sovrin bitta, lekin tashkilotchilar bolalarni o'ksib qolmasliklarini taminlashdi. Yani ikkisiga ham Oltin butsaning kichik nusxasini tayyorlab qo'yishgandi. Luis farzandlarini quchoqlar ekan, malum vaqt hattoki, ularning qo'lidan butsani olishni unutib qo'ydi, chog'i. Umuman, u o'zini biroz g'alati tutdi. Deylik, ESM (Evropa sport nashrlari associaciyasi) jurnalistlariga rasmiy intervyu berish payti Suaresdan Oltin butsani stol ustiga qo'yishini iltimos qilishdi. Urugvaylik esa sovrinni qaerda qoldirganini eslolmayotganini malum qildi. To'g'ri, malum qidiruv ishlaridan so'ng butsa topildi, ammo parishonxotir futbolchi intervyudan so'ng uni yana stol ustida nazoratsiz qoldirib ketdi. Aniqrog'i, o'z xursandchiligini Messi, Inesta, Buskets va boshqa yaqinlari bilan baham ko'rishga shoshildi. Boz ustiga, urugvaylik to'purar  oxirgi xatti-harakati bilan ham ko'pchilikni ajablantirdi: sovrinni ehtiyotsizlik bilan mashinasi yukxonasiga tashladi-da yo'lga tushdi. Demak, u manzilga etib borgunicha nufuzli butsaning keskin burilishlarda bort ichida rosa yumalagani aniq...

- 2 yil oldin Liverpul uchun urgan gollaringiz bilan Oltin butsaga munosib chiqqan edingiz, endi bunday muvaffaqiyatni Barselonada takrorladingiz. Ortda qolgan vaqtda nimalar o'zgardi?


- SHaxsan o'zimda o'zgarish yo'q, menimcha. Yirik natijalarga erishish yo'lida o'sha ishtiyoq va maqsadlar bilan o'ynashda davom etyapman. Jamoa bilan qo'lga kiritilayotgan sovrinlar esa xuddi mana bu butsa kabi individual mukofotlarni yutishga ham yordam bermoqda.

- 2ta Oltin butsadan qay birini yutish qiyinroq bo'ldi?


- Men Angliyada o'ynagan vaqt Liverpul chempionlik unvoni uchun kurashadigan jamoa sanalmasdi. SHuning barobarida ingliz futboli anchayin murakkab va katta kuch talab etadi. SHu nuqtai nazardan olsak, ehtimol, birinchi sovrin ko'proq ahamiyat kasb etar... Ammo Ispaniyada to'p surish ham oson emas. Farqi shuki, Barselonadagi sheriklarim Oltin butsa yutishim nisbatan osonroq bo'lishi uchun chindan ham, katta yordam berishdi. Buni ochiq tan olishim joiz.

- Ayniqsa, Messining ko'magi yaqqol sezildi - u chin yurakdan golli paslar bilan taminlashdan tashqari, penalti tepish huquqini ham sizga berdi. SHundaymi?


- Barcha jamoadoshlarim roli katta, lekin Messi alohida o'rin tutadi, baribir. Ayni payt jahonning eng kuchli futbolchisi bilan yonma-yon to'p surayotganimdan xursandman. Umid qilamanki, vaqtlar keladi va nasib etsa, nabiralarimga o'z zamonasining buyuk futbolchisi bilan birga to'p surganim, uning nafaqat ajoyib o'yinchi, balki shunday inson bo'lganini to'lqinlanib gapirib beraman.

- Bundan 10 yil oldin Urugvaydan Gollandiyaga yo'l olgandingiz. Ayni payt o'sha ko'chib o'tishga qanday qaraysiz va o'z intervyularingizda Ayaksga qaytishni xohlashingizni aytishingiz boisi nima?


- Mudom takrorlab kelaman: deyarli barchasini aynan Gollandiyada o'rganganman. Bu mamlakat - futbol maktabi. Gollandiyadagi hayot meni har jabhada kuchayishga majburladi va ham jismonan, ham ruhan, shuningdek texnik tomondan sezilarli darajada o'sdim. Albatta, qachondir Gollandiyaga qaytib, barchasiga minnatdorchilik bildirishni istayman. Ayniqsa, Ayaks oldida tazimdaman. Zero, shu klub tufayli kuchli futbolchiga aylanib, butun Evropada tanildim.

- O'zi Evropa milliy chempionatlarining eng yaxshi to'purari bo'lishga ishonchingiz komilmidi? Umuman, o'z ko'rsatkichlaringizdan hayratlanyapsizmi?


- Qandaydir hayrat xususida gapirishim noto'g'ri. Lekin faoliyatimning har bir bosqichiga daxldor o'sishdan qoniqish hissini tuyib, g'ururlanishim rost. Ilk bosqichni birinchi jamoam - Urugvayning Nasonal klubida o'tadim, keyin Gollandiyada kichik hisoblanuvchi Groningen safida juda yaxshi o'ynab, Ayaksga yo'l oldim. SHu tariqa Liverpul nazariga tushdim va mana, nihoyat, hamma orzu qiladigan Barselonadaman. Xullas, barchasi ajoyib rivojlandi va bosib o'tilgan yo'l tufayli g'ururlansam arziydi. Boshqacha ifoda etganda, o'z maqsadlarimga birin-ketin erishyapman. SHunday ekan, qaysidir qarordan afsuslanishimga asos yo'q.

- Rossiya-2018 mundiali siz uchun faoliyatingizdagi eng muhim turnir ekanligini tasdiqlay olasizmi?

- Ha, albatta. Jahon chempionati - eng asosiy musobaqa. Biroq Urugvay termasi avvalo, saralash bosqichi to'sig'ini engib o'tishi lozim. Umid qilamanki, bo'lajak mundial hozirgi milliy jamoamiz uchun eng yaxshisiga aylanadi. To'g'ri, JARda qayd etilgan natijamizni yaxshilash juda mushkul ekanligini ham tushunaman.

- JCH doirasidagi o'yinlarni Rossiyaning qaysi shahrida o'tkazishni ko'proq xohlardingiz?

- Muayyan bitta shaharni aytolmayman. SHunchaki, terma jamoamiz bilan Rossiya mundialiga borib, eng yaxshi o'yinlarimizni ko'rsatsak, bas.

- Futbolchi sifatida ko'chada ulg'aygansiz. Aytingchi, ko'cha futboli sizga qanday qo'shimcha xususiyatlarni bergan?


- Ko'cha tarbiyasidan olingan asosiy sifatlar - kurashish ishtiyoqi va og'riqdan nolimaslik. Deylik, agar o'zimni chindan ham, o'ta yomon his qilmasam, hech qachon meni almashtirishlarini so'ramayman. Atrofimdagi kishilar buni to'la-to'kis tasdiqlashlari mumkin. Bolalik yillaridagi qiyinchiliklar meni yanada kuchli bo'lishga undagan. Misol uchun, butsa sotib olishga pul topolmasdim, lekin shunda ham o'ynayverganman. Xullas, bugungi darajaga etishimda o'sha qiyinchiliklar katta o'rin tutdi.

- Xo'sh, yosh futbolchilarga qanday maslahatlar bera olasiz?


- Har bir futbolchi avvalo, o'zligini saqlab qolishi, imkoniyati cheklangan bo'lsada, salohiyatiga ishonishi zarur. Yana ishtiyoqni yo'qotmaslik muhim. Bolalikda shunday davr bo'ladiki, siz saviya bobida qaysidir sherigingizdan ortda qolasiz. O'z misolimda aytsam, men bunday holatga etibor qaratmay, doimo kuchli ehtiros bilan o'ynashga uringanman. Aynan shunday yondashuv kuchayishimga olib keldi, menimcha.

- Ko'plab imkoniyatlarga ega bo'la turib, Barselona uchun hali birorta gol urmagan  Pako Alkaserga atalgan maslahatingiz ham bormi?


- Pako - mudom o'rganishga intiladigan yigit. O'ylaymanki, u barcha jihatlarni vaqtida ilg'ayapti va Barselonada muvaffaqiyatga erishish ishqida yonmoqda. Menimcha, Pako jamoamizga hali ko'p naf keltiradi. O'zi birinchi o'yinlar og'ir kechishi tabiiy. Lekin Alkaser gollari hisobini ochib olishi bilan hammasini o'nglasa kerak.

- Boshqa bir jamoadoshingiz - ter SHtegenning o'yin uslubida tavakkalning ulushi ko'proqday. Harqalay, Barselona shu tufayli bir necha g'alati gollarni qabul qildi - o'tgan mavsum Atletik va Romadan, joriy chempionatda Seltadan. Bunday darvozabon jamoa ishonchiga putur etkazmayaptimi?


- Jamoamiz o'yin falsafasi aynan golkiperdan boshlanib, to'qqizinchi raqam bilan tugaydi. Ter SHtegen - ajoyib posbon, xatolar esa hammada bor. SHunchaki, darvozabonniki yaqqol ko'zga tashlanadi. Unutmaylik, har bir xato darvoza qo'riqchisi masuliyatini yanada oshiradi. Demoqchimanki, biz ter SHtegenni qo'llab-quvvatlashda davom etishimiz kerak. SHunda u eng yaxshi o'yinlarini ko'rsatadi. Aslida ter SHtegen yuqori saviyali kiper - ham qo'llari, ham oyoqlari bilan zo'r o'ynaydi.

- CHLning oxirgi turida Manchester Sitini 4:0 hisobida engdinglar. Bu jamoa Angliyada chempion bo'lishi mumkinmi?

...


Intervyuning qolgan qismini "InterFutbol" saytida o'qish mumkin.

Reyting: +8   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика