So’nggi yangiliklar

18:20"Ростов" сўнгги 15 дақиқаликдаги 2та гол туфайли ЦСКАдан ғалабани юлиб олди  0 18:00"Севинч" - 14 карра Ўзбекистон Кубоги соҳиби!  1 17:42"Матч ТВ" графика оператори ишсиз қолди. Нега?  3 17:07Суперлига. "Бунёдкор" "Олимпик"ни мағлуб этди ва хавфли зонадан узоқлашди  1 16:54"Лестер" - "Челси". Кимлар асосий таркибда?  0 16:39Суперлига. "Андижон" - "Динамо" 2:0 (матнли трансляция)  9 16:10МЮдагилар ёзда 42,5 млн. еврога сотиб олинган футболчига шубҳа билан қарашмоқда  0 15:43ЦСКА - "Ростов". Таркиблар эълон қилинди  7 14:48Гвардиола: "Манчестер Сити"га дунёнинг энг яхши футболчиси етишмаяпти"  17 13:50Энрике: "Ҳайратланарли томоша кўргингиз келса "Дю Солей Цирки"га боринг"  1 13:426+4+3. Кузги имтиҳондан яхши ўтдик  26 13:16Родри Пеп ва Симеоне ўртасидаги фарқни айтди  5 12:11"Реал" 11 ойдан бери "Бернабеу"да 15 млн. евро даромад келтириши кутилаётган бар-ресторанни очолмаяпти  1 11:39Пети: "Анчелотти ва яна бир неча футболчилар Мбаппе "Реал"га ўтишини хоҳламаганига ишончим комил"  18 10:54Аморимнинг МЮдаги илк трансфери бразилиялик футболчи бўлиши мумкин  1

Kelishilgan o'yinlar tizimi qanday ishlaydi? Undagi nayranglar. Maxaradze "Loko"da yolg'izmidi? Kelishilgan o'yinlar qiroli Raj Perumal bilan katta intervyu (to'liq) Yangiliklar

Kelishilgan o'yinlar tizimi qanday ishlaydi? Undagi nayranglar. Maxaradze "Loko"da yolg'izmidi? Kelishilgan o'yinlar qiroli Raj Perumal bilan katta intervyu (to'liq)

Yaqindagina mamlakatimizda kelishilgan o'yinlar bilan bog'liq katta mash-masha ko'tarildi.

Yakunda O'FA Etika qo'mitasi "Lokomotiv" klubi yarim himoyachisi Kaxi Maxaradze va yana bir futbolchi Evgeniy Kochnevlarni jiddiy jazoladi. O'FAning to'liq bayonotini quyidagi linkda o'qib olishingiz mumkin >>>

Maxaradze 5 yilga futboldan chetlatildi — Etika qo'mitasi qarori

Ana shu mavzu ko'tarilgan paytda "Championat.asia" saytining ikki vakili Gayrat Xasbiullin hamda kamina Tolibjon Qosimov Vengriya poytaxti Budapeshtda bo'lib turgandik. Bundan maqsad O'zbekiston va Vengriya U-18 terma jamoalari o'rtasidagi ikkita o'rtoqlik uchrashuvini yoritish edi. Taqdirni qarangki, safarimiz kutilmaganda ancha barakali ko'rinish oldi. U erda Vengriyaning jahonga mashhur Pushkash akademiyasi direktori bilan tanishdik, u esa bizni akademiyaga taklif qildi. Keyinroq, ajoyib akademiyaga safarimizga bag'ishlangan katta maqolani ham o'qishingiz mumkin. Va bu hammasi emas. Biz Budapeshtdaligimizda Toshkentda kelishilgan o'yinlar bilan bog'liq Tezkor studiya bo'ldi va unda men ham Vengriyadan turib aloqaga chiqdim. Budapesht ko'chalaridagi kafelardan birida tushlik qilib o'tirarkanmiz, hamrohim Gayrat aka Perumal aynan Vengriyada yashayotgani haqida aytib qoldi. O'zining "Kelishilgan o'yinlar qiroli" nomli kitobi va bir paytlar "CNN" telekanaliga bergan shov-shuvli intervyusi bilan mashhur bo'lib ketgan bu inson 2 yildan beri Vengriyaning Debrecen shahrida yashab kelayotgan va mana shu davr ichida umuman omma nazariga tushmagandi. Yani, jimgina hayot kechirib kelayotgandi. Hech qanday intervyu va chiqishlar yo'q.

Biz esa ana shu jimlik qariga g'arq bo'lgan Uilson Raj Perumalni topish va undan intervyu olishni o'ylab qoldik. Bularning barchasi kutilmaganda va juda tez ro'y berdi. Bunday inson bilan to'g'ridan-to'g'ri aloqaga chiqish tugul, uni qidirib topishni o'zi oson ish emas. Ammo, biz shunchaki taslim bo'lishni istamasdik. Sababi, biz u yashayotgan shahardan bor yo'g'i bir necha soatlik yo'l uzoqda edik. Budapeshtdan quruq qo'l bilan qaytish alam qilardi. Xullas, rus va italiyalik tanishlarga chiqib janob Perumalni izlashga tushdik. Natija uzoq kuttirmadi. Ertasi kuni tongda biz u bilan to'g'ridan-to'g'ri telefon orqali suhbatlashdik. SHu tariqa, biz Debrecenga boradigan bo'ldik. Debrecen Vengriya sharqida joylashgan va aholisi soni bo'yicha Budapeshtdan keyingi ikkinchi shahar hisoblanadi. Poytaxtdan u ergacha poezdda 3 soatlik yo'l.

U ayni paytda 18 noyabrga qadar uy qamog'ida bo'lgani bois, biz to'g'ri u yashayotgan uyga bordik va o'sha erda suhbat qurdik. Uning uyidagi ikkita it (kuchuk)ni hisobga olmasa hammasi yaxshi o'tdi)

Perumal bilan bunday noyob va eksklyuziv intervyu qilishimizda asosiy ishni Gayrat Xasbiullin hamda Jalolxon Inog'omxo'jaev (bu xodimimiz muzokaralarning muhim pallasini olib bordi va intervyuni inglizchadan to'liq tarjima qilishda jonbozlik ko'rsatdi).

Bum! Maxaradze "Lokomotiv"da yolg'izmidi? Bu tizim aslida qanday ishlaydi va unda bir jamoadan necha o'yinchi qatnashadi?! "Kelishilgan o'yinlar qiroli" javob berdi

Kelishilgan o'yinlardagi yana bir nayrang. Perumal ko'pchilik bilmaydigan bir uslub haqida gapirdi, 2-qism


Nihoyat, quyida eksklyuziv intervyuni to'liq holida o'qishingiz mumkin.


Janob Raj suhbatimizni 1994 yil Xirosimada o'tkazilgan Osiyo o'yinlari bilan bog'liq xotiralarni eslash bilan boshladi.

"Menimcha O'zbekiston terma jamoasi kelishilgan o'yinlarda qatnashmaydi. Xirosimada Xitoy o'yinni sotgan. Ular avvaliga O'zbekiston tomondagilarga chiqishgan, ammo rad javobini olishgan. Keyin esa ular Xitoyga chiqishgan. Men u payt kelishilgan o'yinlarda qatnashmasdim. U payt men shunchaki pul tikardim. U paytlar onlayn pul tikish yo'q edi. O'shanda Xitoyga Aziatskiy forada -1,5 berayotgandi. Do'stim menga hozir pul tikmasligimni va sabr qilishim kerakligini aytdi. U o'zim senga keyinroq xabar beraman dedi. Men Xitoyga pul tikmoqchi edim, do'stim esa meni to'xtatdi. Sababi, men gazetada J.Koreya va O'zbekiston o'rtasidagi o'yin haqida o'qiganimda Koreya 20-25 marta hujum qilgani, O'zbekiston esa birgina vaziyatdan gol urib ketgani yozilgandi. Men sizlarga bo'lgan voqeani aytib beraman. Men u paytlar shunchaki pul tikardim, u erda mendan ancha katta shaxslar bor edi. Tunda o'sha do'stimga qo'ng'iroq qildim u esa agar pul tikmoqchi bo'lsang faqat O'zbekistonga tik dedi. Men 50 ming Singapur dollarini O'zbekistonga tikdim. Ertalab esa yana do'stimga qo'ng'iroq qildim va vaziyatni so'radim. U esa vaziyat o'zgarganini endi bu o'yinda O'zbekiston favorit ekanligini, bukmeykerlar koefficientlarni o'zgartirishganini aytdi. Bu esa O'zbekistonga katta pul tikilganini va shu sabab pul oqimiga qarab koefficientlar o'zgarganini anglatadi. Men bu o'yin kelishilgan ekanligiga javobgar emasman, ammo bu o'yin kelishilganini aniq aytishim mumkin. Bilasizmi, o'sha payt xitoyliklar kelishilgan o'yinlar bo'yicha ustasi farang edi. SHaxsan o'zim bir o'yinni sotib olganman. Zimbabve va Xitoy o'zaro yarim finalda o'ynashlari kerak. Men Zimbabveni mag'lub bo'lishiga pul tikdim va futbolchilarga shuni buyurdim. O'sha paytda Malayziya ringgitida 1 million pul tikkandim. U erda yana bitta kelishilgan o'yinlar bilan shug'ullanuvchi shaxs bo'lgandi va u ham Zimbabvening mag'lubiyatiga 1.5 mln Malayziya ringgitini tikkandi. Qachonki biror jamoaga bu kabi pul tikilsa koefficientlar ko'tarilishni boshlaydi. Biroq o'shanda o'yinga biroz qolganda koefficientlar tushishni boshlagandi! Bu esa yana kimdir Xitoyning mag'lubiyatiga juda katta pul tikayotganini va Xitoy o'yinni sotganini anglatardi. Biz esa bu tarafda Zimbabveni sotib olganmiz. Oxir-oqibat Zimbabve bir amallab mag'lub bo'lishni uddalagan va biz ham pullarimizni ko'paytirib olganmiz. Xitoyliklar esa hafsalalari pir bo'lib, boshqa kelishilgan o'yinlarda qatnashmaymiz deya finalda Bosniyani mag'lub qilishgan".


Oldinga o'tib shuni malum qilamizki, ushbu suhbat uyushtirilgan payt hali O'FAning Maxaradze ishi bo'yicha yakuniy qarori chiqmagan edi.

"LOKOMOTIV" FUTBOLCHISI O'ZI ISHTIROK ETGAN O'YINGA PUL TIKKANMI?

- Salom, janob Perumal. Bizning bu erga kelishimizga asosiy sabab yaqinda o'zbek futbolida g'alati voqea sodir bo'ldi. Biz yaqinda bir anonim xat oldik. Bu xat klublarga, OAVlarga va yana bir qancha futbol sohasidagi insonlarga jo'natildi. Xatda "Lokomotiv" klubi sardori Kaxi Maxaradzening kelishilgan o'yinlarda qatnashgani iddao qilingan. Xatni sizga ko'rsatishim ham mumkin (shu tariqa, janob Perumal butun xatni o'qib chiqdi). U bu xatni juda ko'pchilikka jo'natgan. Eng qizig'i shundaki, bir necha kundan so'ng, ushbu holatlar ommaga oshkor bo'lganidan so'ng u yana bir xat yozib bu shunchaki hazil bo'lganini va yuborilgan dalillar shunchaki sohta ekanini aytdi. Ushbu vaziyat haqida nima deya olasiz? Nega u bu xatni hammaga jo'natgan? Nega bir necha kundan so'ng bu shunchaki hazil bo'lganini aytmoqda?

- Tushunarli. Men ushbu vaziyat haqidagi umumiy fikrimni aytishim mumkin. Katta ehtimol bilan, kimdir o'zi olishi kerak bo'lgan pulni ololmagan. O'sha inson o'ziga tegishli bo'lgan pulni ololmagani uchun ushbu doiradagi barchani adabini bermoqchi bo'lgan. Taxminimcha, bu xabar agar meni pulimni bermasangiz, keyingi qadam bundanda og'riqli bo'ladi degan ishora bo'lgan. O'sha inson jazavaga tushgan payt yuqoridagi ishni qilgan. SHundan so'ng unga kerakli bo'lgan barcha insonlar qaytib unga murojaat qilishgan. Xatni yozgan shaxs mavjud. U oddiy muxlis emas. Oddiy muxlisda esa bu kabi malumotlar bo'lmaydi. Katta ehtimol bilan bu shaxs kelishilgan o'yinlardagi katta o'yinchi hisoblanadi. Ammo u o'z ulushini olmagan. Kimdir esa uni chuv tushirishga, qo'pol qilib aytganda "chopish"ga uringan. SHundan so'ng u barchaga qarshi shu ishni qilgan.

- Bu insonni kim deb o'ylaysiz? O'rtakashmi? Yoki jamoadagi boshqa bir insonmi?

- Ehtimol, o'rtakash bo'lsa kerak. Yana bir variant bor. Xatni yozgan inson ushbu tizimda barchani bog'lab turuvchi uchinchi shaxs bo'lishi mumkin. Boshqalar esa uni o'yindan chiqarib tashlashmoqchi bo'lgan. U esa jazavaga tushgan va sizga yaqoridagi narsani jo'natgan. Misol bilan tushuntirib beraman: Meni bog'lovchi shaxs deb olaylik. Men seni (futbolchi) va pul tikuvchilarni o'zaro bog'lab turaman. Futbolchi esa pul tikuvchilar bilan to'g'ridan-to'g'ri bog'lana oldi va meni o'yindan chiqarib tashlashdi. Men esa o'z ulushimni olganim yo'q. Tushuntira oldimmi? O'sha shaxs bunga qadar bu ishlarda aktiv qatnashib kelgan, shundan so'ng esa uni chetga chiqarib qo'yishgan. U esa "Ha, haromilar meni qo'limdan hech narsa kelmaydi deb o'ylaysanlarmi", - degan manoda ushbu ishni qilgan. Hozir esa o'sha ikki tomon (futbolchilar va pul tikuvchilar) bu shaxsga qaytadan aloqaga chiqishgan va "Hoy, o'zingni bosib ol. Biz senga kerakli pulingni beramiz. Futbolchilarni faoliyatini barbod qilma. To'xtat bu ishlarni", - deyishgan. To'g'ri, bunday deyishga ancha kech. Ammo bu shaxs anonim bo'lganligi sabab undan hali ham qo'rqishmoqda. Yani bu inson nafaqat bizga, balki yuqoridagi ikki tomonga ham nomalum shaxs bo'lishi mumkin. Bu esa unga katta ustunlik beradi. Aynan mana shu scenariy mantiqiyroq hisoblanadi. Oxirida esa u o'z ulushini, umuman olganda o'ziga kerakli bo'lgan narsani olgan va shundan so'ng bularning barchasi hazil edi deb qo'ygan, tamom.

- U bizni federaciyadagilar yoki tegishli organlardagilarni bunga ishonadigan ahmoq deb o'ylaganmi?

- Men policiyachi emasman va bu inson haqiqatdan ham borligini isbotlab berolmayman. Ammo mantiqiy nuqtai nazardan qarasak, barchasi uning mavjudligini ko'rsatib turibdi. Agar kimdir kelishilgan o'yinlar mavzusida surishtiruv o'tkazayotgan bo'lsa, ular Betradar yoki FederBet kabi tashkilotlardan o'yin borasidagi barcha malumotlarni olishlari mumkin. Betradar va FederBet dan tikilgan barcha pullar haqida malumotlar va treking axborotlarini olishlari mumkin. Agarda O'FA ular bilan kelishuvga erishgan bo'lsa. Betradar kabi tashkilotlar federaciyalar ularga pul to'layotgani uchun mavjudlar. Ular ham aynan o'yin kelishilganmi yo'qmi shuni aniqlay olishadi. Aynan kim bunda ishtirok etayotganini esa bilish qiyin masala.

- SHu kabi holatlarni amalga oshirish uchun jamoadan necha kishi ishtirok etishi kerak? 

- Eng kamida besh kishi. Bu albatta siz qanday jarayonni uyushtirayotganingizga bog'liq. Qiyinroq darajadagi "stavka" bo'lsa, u holda bunga ko'proq o'yinchi jalb etiladi. Bazi hollarda uch-to'rt o'yinchi ham etarli bo'lishi mumkin.


- Bilasizmi, biz yuqorida sizga aytgan keysda o'yinchi qizil kartochka olish uchun o'ynagan. Yani bu holatda birgina o'yinchi ham etarli bo'ladimi?

- Yana bir narsa, deylik men kelishilayotgan o'yin uchun 100 ming dollar tikayotgan bo'lsam, men birgina o'yinchi bilan qanoatlanmayman. Hozirgi kunda pul tikayotganlar bu jarayonda kamida beshta o'yinchi bo'lishini xohlashadi. Ular o'z pullari xavfsizligiga ishonch hosil qilishlari uchun eng kamida besh nafar o'yinchi uchrashuvni soxtalashtirishda ishlashi kerak.

- Ammo bu jarayon qanday kechadi? Deylik siz faqat bir futbolchi bilan gaplashasiz. U "ha, meni to'rt nafar jamoadoshim bor, ular rozi", - deydi. Ammo bu ishonish uchun kamlik qiladi-ku?

- O'rtadagi kishi hamma yigitlarni ko'rishi kerakligini aytadi. Deylik, men pul tikuvchi bo'lsam, men barcha futbolchilarni bilishim kerak. O'rtada juda yaqin munosabat bo'lsagina, men ularga ishonishim mumkin.

- Ha, demak barchani ko'rishingiz kerak bo'ladi. Hozirgi kunda barchada WhatsApp, Zoom kabi ilovalar bor...

- Zoom ham shart emas. Deylik o'rtakash o'sha futbolchilar bilan restoranga ovqatlangani boradi. Men yoki mening odamim esa pul tikuvchi sifatida keyingi stolda o'tiradi. Anovi o'rtadagi inson keladi va yigitlarga tushuntiradi: "Mana bu kuni o'yin, mana bu ishni qilishingiz kerak va hokazo". Barcha futbolchilar u erda nima bo'layotganini, nima bo'lishi kerakligini ongli ravishda anglab turishadi.

- So'zlaringizdan shuni tushunyapmanki, O'zbekistonda ham shunday insonlar bor. Yani ular ikki o'rtada turib bu ishlarni hal qilishadi.

- Bo'lishi mumkin. Bilasizmi, o'zbek inson bilan bu masalani muhokama qilish uchun siz rus yoki o'zbek tilini bilishingiz talab qilinadi. Pul tikuvchi chet ellik bo'lishi mumkin. Masalan, xitoylik yoki yana boshqa joydan. Ammo o'rtakash mahalliy kishi bo'lishi ehtimoli katta. Bu mantiqan olib qaraganda ham to'g'ri.


- Tajribangizdan kelib chiqib, bir jamoaga bunday ish uchun qancha pul beriladi?

- Bilmadim, bilmadim. Men o'zbek futbolini kuzatmayman.

- Taxminan aytib ko'ringchi. O'zbekiston, Tojikiston, Qirg'iziston kabi mamlakatlar uchun...

- Taxminan 150 ming dollar.

- O'yinchilarga 150 ming dollar beriladimi???

- Yo'q, yo'q. 150-200 ming dollar tikiladi. O'yinchilarga esa taxminan 50 ming dollar beriladi. Har biriga 10 ming dollardan yoki biroz boshqacharoq. Taxminan shunday, aniq bilmayman, albatta.

- SHu o'rinda savol tug'iladi. Deylik jamoa yutkazishi kerak edi. Ammo ular g'alaba qozonishadi va o'z-o'zidan "stavka" o'xshamay qoladi. Bu holatda pul tikkan odam qanday chora ko'radi? Sababi, barcha zarar aynan o'sha pul tikkan insonga bo'ladi...

- Bu kasbda zo'ravonlik holatlari kamdan-kam kuzatiladi. Biz borib futbolchilarga hujum qilmaymiz. Buni shunchaki yo'qotishdek qabul qilamiz. Biz yo'qotgan pulimizni to'laymiz va boshqa bu jamoa bilan ishlamaymiz.

- O'xshamagan "stavka" o'rnini qoplash uchun o'sha jamoa bilan yana bitta kelishilgan o'yin tashkillashtirish variantichi? Bu ham haqiqatga yaqinmi?

- Ha, bu huddi birinchi galdagi zararni qoplashga o'xshaydi. Umuman olganda bizda pul yutkazishning ikki xil usuli bor. Birinchisida kelishilgan o'yin muvaffaqiyatli o'tishiga kichik narsalar halal beradi va yakunda ish omadsiz yakunlanadi. Ikkinchi holatda esa qilingan "stavka" to'liqligicha teskarisiga aylanib ketadi. Masalan yutishi kerak bo'lgan jamoa 3-4 gol farqi bilan mag'lub bo'ladi. Aynan shu holatda pul tikkan insonning jazavasi tutib, sizga nimadir qilishi mumkin. Agarda pul tikuvchi qo'li uzun va qudratli kimsa bo'lsagina, uning sizdan "so'rab olish" ehtimoli bor. Biroq, bizning sohada asosan ruhan sokin insonlar ishlaydi.

- Gap katta pul haqida ketayotgan bo'lsachi? Deylik bir million dollar.

- Oxirgi marta jamoam bilan ish qilganimizda, o'shanda A Seriya o'yini edi, italiyaliklar bizga bir million dollar olib kelishdi. Pulni ular tikishdi, ularning o'zlari o'z o'yinlarini soxtalashtirishdi. Biz o'shanda o'yinni soxtalashtirmadik, biz shunchaki ularning pulini Xitoyda tikib berdik. Demak, agar ular A Seriya o'yiniga bir million dollar tikayotgan bo'lishsa, biz xuddi shu o'yinga ikki million dollar tikishimiz mumkin. Ikki o'rtada biz nimaga pul tikish kerakligi borasida tekin malumotga ega bo'lib qolyapmiz. Tushunyapsizmi? O'shanda bu ishga ko'pchilik aralashgandi. Antonio Konte va yana bir qancha shaxslar. Ammo ular Kontening aybini isbotlay olishmadi. Biroq, ularning barchasi bu ishga aralashgandi.

- SHu kabi noqonuniy pul tikiladigan joylarning eng katta makoni qaerda?

- Menimcha, Makaoda.

- Nega bu malum bo'lsa, policiya ularni qo'lga olmaydi?

- Xitoy qonunlari baribir ularning barchasini qo'yib yuboradi. Bilasizmi, aynan hozirga kelibgina kelishilgan o'yinlar jiddiy jinoyatga aylanmoqda. Biroq, Litva va Latviya kabi davlatlarda kelishilgan o'yinlarda ishtirok etish, o'yinlarni natijalariga tasir o'tkazish jiddiy jinoyat hisoblanmaydi. Bu kabi ishlar sodir bo'lganda ular futbolchini uch oyga chetlatishadi, xolos. Sababi, kelishilgan o'yinlar ularda og'ir jinoyat emas. Men seni pichoqlab qo'ysam yoki kuch ishlatsam bu og'ir jinoyat, ammo kelishilgan o'yinlarda biror kim jabr ko'rmaydi. Uzog'i bilan bir yoki ikki yillik chetlatish. Ularning mentaliteti shunday.


- Noqonuniy kantoralarda pul faqat naqd ko'rinishda qabul qilinadimi?

- Ha, biz faqat naqd pul tikamiz, yoki bo'lmasa kriptovalyuta ko'rinishida depozit qilinadi. Bitkoin, USDT va shunga o'xshash boshqa valyutalar ko'rinishida. Biz kriptovalyuta orqali o'z hisob raqamimizdan pul o'tkazamiz. Agarda pul yutsak, biz pul jo'natgan hisob raqam ertasi kuni bizga yutgan pulimizni qaytib jo'natadi. Hozirgi kunda kriptovalyuta bilan ishlash juda oson bo'lib qoldi. Bir daqiqa ichida pulni bir joydan ikkinchi joyga ko'chirib yurish mumkin va bu tranzakciyalarni hech kim aniqlay olmaydi.

- Qonuniy bukmeykerlarda pul tikilidagan bo'lsa, ularda sizning barcha malumotlaringiz bo'ladi to'g'rimi?

- Ha, ularga sizning shaxsingiz malum bo'ladi. Qancha pul tikyapsiz, kimga tikyapsiz, qancha yutyapsiz va hokazo. Biz bukmeykerlarni ikkiga bo'lamiz: rasmiy va norasmiy. Norasmiy bukmeykerlarda kim pul tikayotganini hech kim bila olmaydi.

- Noqonuniy bukmeykerlarga pul tikish xavfli emasmi? Sababi, pulni olish borasida juda katta risk bo'lishi mumkin...

- Buni oldingi suhbatimizda ham takidlagandim. Men faqatgina o'zim ishongan joylardagina pul tikaman. Ular ham o'zlari ishongan insondan pul olishadi. Bu tizim to'liq ishonchga asoslangan. Qadimgi Xitoy mentalitetiga amal qilgan holda ko'z ko'zga tushgandagi ishonch bu erda asosiy planda bo'ladi. Tasavvur qiling, siz pul tikyapsiz. Men esa qimorxonaman. Siz menga 100 ming dollar olib kelasiz va uni tikasiz. Agar siz g'alaba qozonsangiz, men 24 soat ichida yutib olgan pulingizni sizga beraman. Yana qaytaraman, bu tizim ishonch va halollik ustiga quriladi. Siz deylik chet elliksiz, ammo menga pul tikkingiz kelyapti. Kimdir sizga meni tavsiya qilgan va siz menga ishonib pul tikasiz. Xullas, siz menga kimdir orqali chiqasiz.

- Umuman olganda shu kabi noqonuniy pul tikiladigan nechta katta tashkilotlar bor?

- Aniq bilmayman. Ammo Kambodja, Malayziya, Makaodagi insonlar bu ish bilan shug'ullanishadi.

- Bu tushunarli, ammo men aynan kompaniyalarni nazarda tutyapman?

- Norasmiy bukmeykerlardan eng kattasi "Crown" deb nomlanadi. "Crown" bu platforma. Solishtirish uchun "bet365" kompaniyasi ham Crown'ga o'xshaydi. Siz 500 ming dollar pul tikmoqchi bo'lsangiz, Crown'dan ro'yxatdan o'tgan taxminan 50 ta odam topasiz va o'sha pullarni ularga tarqatasiz. Ular esa o'yinlarga pul tikishadi.

- Demak, "Crown" norasmiy bukmeykerlarning eng kattasi?

- Ha, Xitoyda tashkil qilingan, ammo faoliyatini Makaoda olib boruvchi tashkilot.


- Kelishilgan o'yinlarda mahalliy o'yinchilardan ko'ra legionerlar ko'proq ishtirok etishi haqiqatmi? Yani ular kamroq maosh evaziga kelib, shu kabi ishlar bilan shug'ullunishlari haqida eshitganmiz...

- Bo'lishi mumkin. Yuqoridagi fikrning davomi sifatida bir narsani takidlamoqchiman. Latviya o'z futbolini ancha tozalashga muvaffaq bo'ldi. Oldinlari ularning futboli juda iflos edi, juda ko'p kelishilgan o'yinlar mavjud edi. Men bir xitoylik Mao ismli yigitni bilardim. U Latviya futbolini yakson qilib tashlagandi. Mao menga Latviyadagi futbolchilar juda ham ishonchli ekani va u bergan topshiriqni juda yaxshi bajarishlarini aytgandi. Hozir esa Latviya o'z futbolini chinakamiga tozalay oldi. Oxirgi ikki uch yilda Latviya futboli ancha o'ziga keldi. Hozir ularda kelishilgan o'yinni topish juda qiyin.

- Malumotlarimizga qaraganda, o'zbek futbolidagi bir necha hakamlar kelishilgan o'yinlar sabab bir necha yillarga chetlashtirilishdi. Kelishilgan o'yinlarda hakamlar ham ishtirok etishadimi? Javob ha bo'lsa, bu tizim qanday ishlaydi?

- Sizlar VAR tizimini ishlatasizlarmi?

- Ha, o'tgan mavsumdan beri ishlatamiz, faqat barcha o'yinlarda emas.

- Agar o'yinda VAR bo'lsa, bunday qilish juda qiyin. Sababi, agar hakam atayin biror qaror qabul qilsa, uni VAR bekor qiladi. VARda eng kamida uch kishi bo'ladi. Bu siz ko'proq odam bilan kelishishingiz va ko'proq pul sarflashingiz kerak degani. Bu esa qiyin ish. VAR bo'lmagan paytlari men referilar bilan etarlicha ish qilganman. Masalan, bir safar Ekvador va Venesuela o'rtasidagi o'rtoqlik o'yinida hakam ikki darvozaga bittadan penalti qo'yib bergan va ishni pishitgan. Ko'pincha biz o'yindagi gollar soniga pul tikamiz. Asosan to'rtta gol bo'lishiga. Hakam ikkita penalti qo'yib beradi, bu esa ikkita gol degani. SHu tariqa ish oson bitadi. 2010 yildagi JAR va Kolumbiya o'rtasidagi o'rtoqlik o'yinini ko'rganmisiz? Jahon chempionatidan biroz oldin edi. Biz hakam bilan kelishib oldik. U o'yin davomida uch marta penalti qo'ydi, o'yin esa 2:1 hisobida tugadi. 

Mana o'sha o'yin lavhalari


Biz esa osongina katta pulga ega bo'ldik. SHunaqa gaplar. VAR bo'lmagan payt "soqqa" qilish oson edi. O'yinda videotakror bo'lsa, match to'xtatiladi va hammaning etibori o'sha vaziyatga qaratiladi. Xalqaro darajadagi o'yinda hakam bilan o'yinni kelishish juda qiyin masala. Ammo mahalliy o'yin bo'lsa, VAR baribir sizning do'stingiz bo'lib qoladi. Sababi mahalliy o'yinlarda barcha hakamlar bir-birlari bilan tanish bo'ladilar. Men o'rtakash orqali bir hakamga chiqaman va u esa do'stlarini, yani boshqa hakamlarni ko'ndiradi. Agarda penalti yoki shu kabi bahsli vaziyatlarda VARdagilar hakamning qarorini bekor qilishmasa bo'ldi, qolgani ahamiyatsiz. Baribir hammasi siz soxtalashtirayotgan o'yinda qilinayotgan ishning masshtabiga bog'liq.

- Bizdagi malumotlarga qaraganda, siz O'zbekiston chempionatida ham kelishilgan o'yinlar tashkil etishga aralashgansiz. Bu rostmi?

- Yo'q, men hech qachon O'zbekistondagi o'yinlarga aralashmaganman.

- Nega bunday deyapmiz? Bundan bir necha yil oldin Avstraliya policiyasi sizning guruhingizni qo'lga olgan. O'sha beshta ingliz o'yinchilarning telefon qo'ng'iroqlari, yozishmalari tekshirilganda policiya 2015 yil o'tkazilgan "Paxtakor" va "Metallurg" urchashuvi bilan bog'liq malumotlarni aniqlagan. Xuddi sha kabi malumot SportRadar'da ham bo'lgan. Siz bu haqida bilmasmidingiz? (Tahririyat nomidan: O'sha paytda "ishini qilgan" insonlarni bugungi "Paxtakor" va "Metallurg"ga umuman aloqasi yo'q).

- Yo'q. Men hech qachon O'zbekiston chempionatiga aralashmaganman. Faqat taxminan 2015 yoki 2016 yilda O'zbekistondagi klublardan birida katta lavozimda ishlayotgan odam rus firibgarlari orqali meni odamlarimdan so'ragan. Xullas, ular agar men o'yindan oldin kim yutishini bilsam va katta pul tikmoqchi bo'lsam, "Radar"ga tushmaslik uchun qancha pul va qanday tikish kerakligini so'rashgan. 

Adashmasam sizlardagi bir klub  bu yil OCHLda juda yaxshi o'ynamoqda. 

- Ha, "Nasaf" klubi.

- Tushunarli, OCHLdagi o'yinlar toza o'tadi.

- SHu o'rinda OCHL o'yinlariga fikringiz qanday?

- Toza musobaqa, u erda kelishilgan o'yinlar yo'q. Hech kim arab jamoalari o'yinini sotib ololmaydi. Arablar kerak bo'lsa sizni sotib olishadi (barcha kulib yubordi). Yo'q, rostdan ham shunday, bu kabi holatlar ham bo'lgan.

Masalan, 1997 yilgi U-20 Jahon chempionati. Angliya, Kot-d'Ivuar, Birlashgan Arab Amirliklari va Meksika bir guruhda. Birinchi o'yinda Angdiya BAAni 5:0 hisobida mag'lub qildi. Meksika ham BAAni 5:0 hisobida yutdi. Kot-d'Ivuar juda kuchli jamoa edi. Buni o'z ko'zim bilan stadiondan turib ko'rgandim. Kot-d'Ivuar Meksika bilan 1:1 hisobida durang o'ynadi. Juda kuchli o'yin bo'ldi, juda va juda. Inglizlar ham Kot-d'Ivuarni birgina to'p farqi bilan zo'rg'a mag'lub qilishdi. Tomosha hali oldinda edi. Kot-d'Ivuar BAA bilan oxirgi turda o'ynashi kerak. O'sha o'yin uchun "fora" ivuarliklar foydasiga -3.5 bo'lgan edi. Yani, hamma Kot-d'Ivuar BAAni eng kamida 4 gol farqi bilan yutishini kutayotgandi. Yakunda nima bo'ldi bilasizmi? Yakunda Birlashgan Arab Amirliklari Kot-d'Ivuarni 2:0 hisobida mag'lub qilishdi va keyingi bosqichga yo'l olishdi. Men nega BAA federaciyasi ushbu o'yinni sotib olgan degan fikrga borganman? Hozir tushuntiraman. Agarda men ushbu o'yin natijasini soxtalashtiruvchi inson bo'lganimda nima qilardim bilasizmi? Men Kot-d'Ivuar 1:0 hisobida yutishini tashkillashtirardim. Kot-d'Ivuar keyingi bosqichga ham chiqardi va men bilan ishlashni davom ettirardi. Ammo ular 2:0 hisobida yutkazishdi. Bu esa ularga Birlashgan Arab Amirligi federaciyasi tomonidan juda katta pul berilganini anglatardi. Deylik 500 ming dollar. Bu ivuarliklar uchun katta pul edi. CHunki o'sha payt bunday natija o'zidan-o'zi qayd etilishi mumkin emasdi.

O'sha 1997 yilda o'tkazilgan U-20Jahon chempionati "F" guruhidagi holat.


- SHunda siz Kot-d'Ivuarning g'alabasini tashkillashtirganmidingiz?

- Yo'q, yo'q. Menga shunchaki bazi o'yinchilar bilan bir liftga chiqib qolgandim. Agar men ularga bu ishni taklif qilganimda, men Kot-d'Ivuarning 1:0 yoki 2:0 hisobidagi g'alabasini tashkil qilgan bo'lardim. 3 ochko va mendan 100 ming dollarni ol degan bo'lardim. Ammo ular 2:0 hisobida BAAga yutkazishgandi.

- "Lokomotiv" sardori bilan bo'lgan vaziyatga yana qaytmoqchiman. Deylik uni ushlashdi va aybini bo'yniga qo'yishdi. O'yinchi orqali bu ishning boshida turgan insonni topsa bo'ladimi?

- O'sha o'yinchi rasman qamoqqa olindimi?

- Yo'q, hozirda surishtiruv ishlari ketmoqda...

- Suratdagi ikkinchi insonni taniysizlarmi?

- Yo'q, bizningcha u o'zbekistonlik emas.

- Suratdan u evropalikka o'xshamoqda. Uning yoshi ham katta ekan. Hozirgi kunda juda ko'p makedoniyaliklar, serblar, ruslar kelishilgan o'yinlarda ishtirok etishmoqda. Umuman olganda suratdagi inson kim ekanligini aytib bo'lmaydi. Bu suratni tarqatib yuborgan insonni o'z ulushini olmagan o'rtakash deb taxmin qilishimiz mumkin, xolos. Bunday ishlarda nimadir noto'g'ri ketgan bo'lsagina bunday xabarlar sizib chiqadi. Yuqorida takidlaganimdek, bu o'z pulini ololmagan yoki o'yindan chiqarib tashlangan inson bo'lishi mumkin. Agar O'zbekiston futbol Associaciyasi bu ishni tagiga etmoqchi bo'lishsa, ular Betradar yoki Fedabet kabi tashkilotlarga murojaat qilib bu o'yinda g'ayritabiiy pul tikish holatlari bo'lganmi, yo'qmi aniqlashlari lozim. Agar o'sha o'yinlarda rostdan ham g'ayritabiiy pul tikish holati bo'lgan bo'lsa bu o'yin aniq kelishilganini anglatadi. Bu esa yuqoridagi xatni jo'natgan shaxs rost gapirayotganini anglatadi. O'zim umuman O'zbekistonda o'yinchilarning o'rtacha maoshi qanday?

- Bu albatta jamoaga qarab. Asosiy tarkib o'yinchilari 3-4 ming dollardan 20 ming dollargacha maosh olishadi. Katta jamoalar shu kabi to'laydi. Boshqa kichikroq jamoalar esa bir necha asosiy o'yinchilariga yaxshiroq maosh berishadi, qolganlarga esa kamroq.

- Ha, Vengriyada ham shunday. Vengriyada o'yinchilar eng kamida 5 ming evro maosh olishadi. Bu raqam 25-30 ming evrogacha oshishi mumkin.

- Bilasizmi, bizdagi quyi divizionlarda juda g'alati o'yinlar bo'ladi, bazi jamoa 7-8 ta to'p o'tkazib yuborishi mumkin. Bu esa juda shubhali tuyiladi. Masalan, biror o'yinchi maydonga tushiriladi va shundan so'ng jamoa g'alati gollar o'tkazib yuboradi. Albatta bularning barchasi taxmin, lekin shu kabi holatlarga fikringiz qanday?

- Umuman o'yinchi almashtirilayotgani bunday ishlarda signal hisoblanadi. Bu biz ishni boshlashimiz kerak degan signal deb qaraladi. Ikki tomon o'zaro aloqa qila olmaydi va o'zgartirish signal bo'ladi. Deylik oltinchi raqamli o'yinchi maydonga tushsa, biz ishni boshlaymiz degani.

- "Lokomotiv" keysida nazar solsak, o'sha yozishmalarda biz sakkizinchi daqiqada ishni boshladik deb yozilgan. Maxaradze esa 2-bo'limning sakkizinchi daqiqasida qizil kartochka olgan.

- Bu juda aniq malumotku. Biroq uni jo'natgan insonning shaxsi nomalum. Hisob qanday bo'lgan o'sha o'yinda?


- 0:1, "Lokomotiv" mag'lub bo'lgan.

- Faqatgina bitta golmi? Bilasizmi, men bet365 bukmeykerini ishlataman va men hech qachon bu ilovada o'zbek klublarini ko'rmaganman. Yuqoridagi Crown'da esa O'zbekiston chempionati bor. Turkiya va yana boshqa chempionatlar bu ilovada yo'q. Qizil kartochkaga rasmiy bukmeykerlarda pul tikishning iloji yo'q. Balki ular Xitoyda bu ishni qilishgandir. Yana bilmadim, sababi men hech qachon O'zbekiston chempionatiga aralashmaganman.

- Tushunarli...

- Yaqinda "Arsenal" futbolchisida muammo chiqdi, bundan xabaringiz bormi? Granit Jaka edi shekil uning ismi. Ha, Jaka. Xullas, uning o'yinning oxirgi 10 daqiqasida sariq kartochka olishiga juda ko'p insonlar pul tikkan ekan. Jaka esa oxirgi 10 daqiqada sariq kartochka oldi. APLda! Albatta, bu voqeadan keyin surishtiruv ishlari boshlandi. Qanday qilib bunchalik ko'p inson uning sariq kartochka olishini bildi? Sariq kartochka ham g'alati. U jarima to'pini tepishni juda uzoq cho'zdi va ogohlantirildi.


Ammo Jakaning aybini hech kim isbotlay olmadi. CHunki uning o'zi pul tikmagan. G'ayritabiiy pul tikilish holati bo'layotganini APL'dagilar bilgan. Sababi ular bukmeykerlar va Betradar kabi kompaniyalar bilan uzluksiz muloqotda bo'lib turishadi.

- O'zbekistonda bukmeykerlik faoliyati taqiqlangan. Demak, agarda bizda bu narsa qonuniylashtirilsa, unda biz kelishilgan o'yinlarga qarshi ko'proq malumotga ega bo'lamiz. Yani bu faoliyat turini qonuniylashtirish kelishilgan o'yinlarga qarshi kurashishning asosiy usullaridan birimi?

- Ha, albatta. Agarda siz futbolga pul tikilishini qonuniylashtirsangiz, u holda pul oqimi qaerga ketayotganini, qaerdan kelayotganini bilib turasiz. Umuman hamma malumotlarga ega bo'lasiz. Bundan tashqari, SportRadar, Fedabet kabi tashkilotlarga pul to'lasangiz ular chempionatingizdagi o'yinlarni ipidan ignasigacha o'rganib sizga katta report yozib berishadi.

- Kelishilgan o'yinlarga qarshi kurashishning eng foydali usuli qaysi?

- Birinchi navbatda SportRadar, Betradar kabi tashkilotlar bilan hamkorlik qilish kerak. Ular g'ayritabiiy pul tikilish holatlarini tezda aniqlashadi va sizga taqdim qilishadi. Yana boshqa yo'li bu jazolash. Kelishilgan o'yinlarda qatnashgan insonlarga jazoning muqarrarligi va og'irligi ham katta ahamiyatga ega. Deylik agar u insonga jazo qo'llanilsa va FIFA tomonidan chetlatilsa, o'sha kishi butun faoliyatidan ayriladi. Bu esa eng og'ir jazo. Masalan Malayziyada bir necha yillar oldin kelishilgan o'yinlar urchib ketgandi. Juda katta shaxslar, mashxur futbolchilar bu ishga aralashgani malum bo'ldi. Hozir esa ular o'z futbollarini kelishilgan o'yinlardan butunlay tozaladilar. Xullas, bukmeykerlik faoliyatini qonuniylashtirish eng mantiqiy choralardan biri hisoblanadi. Qisqa qilib aytganda, siz futbolingiz ichida nimalar yuz berayotganidan xabardor bo'lasiz.

- Umuman o'zbek futbolida kelishilgan o'yinlar bilan kimlar, qaysi guruhlar shug'ullanishadi?

- Aniq bilmayman. Balki rossiyaliklardir. Sababi, bu ishni qiladigan inson mahalliy futbolchilar bilan bitta tilda muloqot qilishi kerak. Umuman olganda kelishilgan o'yinlar janubiy Osiyoda o'ylab topilgan. Kambodja, Tailand, Malayziya va Laos kabi davlatlardagi odamlar bu ish bilan shug'ullanishadi. Ular pul tikishda juda aktivlar, 17-18 yoshlaridanoq o'yinlarga pul tikishni boshlashadi. Hozirgi kunda onlayn qimor kuchayib ketgan, buni deyarli hamma biladi. Pul tikish faqatgina futbolda emas. Istalgan sportda istalgan narsaga pul tiksa bo'ladi: Basketbol, tennis, stol tennisi. Odamlar hatto Novak Jokovich ham kelishilgan o'yinlarda qatnashgan deyishadi. Albatta bu isbotlanmagan, ammo bekorga bunday gaplar tarqalmaydi. Tennisda kerakli ishni qilish oson. Kortda faqatgina bir o'zing bo'lasan va istalgan ishni amalga oshirsa bo'ladi. Tennisda o'z geymlarini ataylab berib yuborish holatlarini juda ko'p ko'rganman. Ayollar tennisida bu ko'p bo'ladi. Ular o'z geymlarini berib yuborishadi va osongina keyingi geymni qaytarib olishadi. Bazida menga aloqaga chiqishadi va menda kelishilgan tennis o'yini bor, shunga pul tika olasanmi deyishadi. Ammo men tennisga pul tikadigan bo'lsam, keyin menga bir umrga tennisga pul tikishni taqiqlashadi. CHunki men bundan avval kelishilgan o'yinlar tashkil qilganman. Bir marta do'stimga o'z hisobimni bergandim. U menda kelishilgan o'yin bor degandi. Men esa o'z akkauntimni unga bergandim. Birozdan so'ng esa meni bir umrga bloklashdi. Men endi hech qachon tennisga pul tika olmayman. CHunki ular men kelishilgan o'yinlarni tashkil qilishimni bilishadi. Rasmiy bukmeykerlarda nazorat hozir juda kuchli.


- Nima deb o'ylaysiz hali ham kelishilgan o'yinlarda katta pul aylanadimi? 

- Yo'q, yo'q. Hozir bu sohada pul kamayib ketgan. Avvallari juda ko'p pullar aylanardi. Hozir esa hattoki norasmiy bukmeykerlar ham o'z haqlarini bilib olishgan va ularni osonlikcha chuv tushurish qiyin masala. Hozirda norasmiy bukmeykerlarda o'yindan avvalgi ogohlantirish funkciyasi bor. Ular o'yin kelishilganini sezib qolishsa, ushbu o'yinga qilingan barcha "stavka"lar bekor qilinadi. Yani, yutilgan pullarni olib bo'lmaydi. Ammo rasmiy bukmeykerlar pulni to'lashlari shart. Yuqoridagi "Arsenal" bilan bog'liq vaziyatda ular pullarni to'lashadi. Farq shundaki, bunday holatdan so'ng katta surishtiruv boshlanadi.

Hattoki Ueyn Runining otasi ham kelishilgan o'yinlarda qatnashgan. SHotlandiya ligasida qaysidir o'yinchi qizil kartochka olishiga juda ko'p insonlar pul tikishgan. Runining otasi va deyarli barcha qarindoshlari ham shular jumlasidan. Tekshiruvlar natijasida aynan Liverpul atrofidagi hududda juda ko'p insonlar o'sha futbolchi qizil kartochka olishiga pul tikishgan. O'sha o'yinchi esa qizil kartochka olgan. Buni esa bukmeykerlar darhol aniqlashgan. SHunchaki, bu holatda ko'pchilik qiziqishga pul tikkan: 10,15 yoki 20 funt, ammo o'n ming yoki ellik ming funt emas.

- O'zbekistonning 1994 yilgi Osiyo o'yinlari haqida suhbatlashsak. Sizning kitobingizda Xitoyga qarshi final o'yini kelishilgani yozilgan. Bizda yarim finalda ham shunday holat bo'lgani haqida malumot bor. Bu qanchalik to'g'ri?

- Yarim final borasida menda hech qanday malumot yo'q. Faqatgina finalni bilaman. Lekin gezatadan o'sha o'yinda J.Koreya yigirmatadan ko'proq hujum qilgani, O'zbekiston esa birgina vaziyatdan gol urib ketgani yozilgandi. O'shanda men ularning omadlari kelib qoldi deb o'ylaganman. Finalda esa Xitoy O'zbekistonni mag'lub qilishini kutayotgandim. Pulimni Xitoyga tikmoqchi bo'lgan paytim do'stim menga pullarimni O'zbekistonga tikishim kerakligini aytgandi. U agar pul tiksang faqat o'zbeklarga tik degandi.

- Bizdagi malumotlarga qaraganda bu o'yin kelishilgan. Ular avvaliga O'zbekistonga chiqishgan, rad javobini olishgandan so'ng Xitoyga pul berishgan...

- Katta ehtimol bilan - ha. Bu o'yinga juda katta shaxs aralashgandi. Malayziyalik xitoy yigiti edi. O'sha shaxs 2010 yilgi Jahon chempionatidagi Portugaliya - SHimoliy Koreya 7:0 o'yinini ham soxtalashtirgan. Bu o'yinda aniq hisob tashkillashtirilgan. Pullar aynan 7:0 hisobiga tikilgan va bu amalga oshgan. SHimoliy Koreyaga adashmayotgan bo'lsam 5 million dollar to'langan. Albatta bu futbolchilarning o'zi bilan bo'lmagan. Bu ishga SHimoliy Koreyadagi bir vazir aralashgan. SHimoliy koreyaliklarga futbol natijasini nima qizig'i bor to'g'rimi? Ularda boshqa muammolar etarli. Baribir ular Jahon chempioni bo'la olishmaydi. Mantiqan olib qaralsa, nega ular pul ishlab olishlari kerak emas? SHimoliy Koreya Braziliyaga bor yo'g'i 1:2 hisobida yutqazgandi. Ular Portugaliyaga qarshi esa 7 ta gol o'tkazishdi. Odamlar birinchi o'yindagi natijaga qarab, Portugaliya ham qiyinchilikka uchrasa kerak deb o'ylashgandi. Bu ishni amalga oshirgan inson esa o'rtadagi barcha pullarni supurib olgandi: aniq hisob, "fora", umumiy gollar ⼀ barcha-barchasi. O'sha kimsa birgina o'yindan 25 million dollar ishlagandi. 

- O'sha insonning ismini hamma biladimi?

- Uning haqiqiy ismini hech kim bilmaydi. Pul tikish bilan shug'ullanadigan to'dalarda uni juda yaxshi tanishadi. U juda kuchli shaxs. Adashmasam u 2014 yilgi Jahon chempionatida ham kelishilgan o'yinlar tashkil etgan. Uni o'shanda Las-Vegasda qamoqqa olishgan. Kelishilgan o'yinlarga pul tikish maqsadida u Vegasdagi mehmonxonaning butun bir qavatini ijaraga olgan, uning yonidan superkompyuterlar va boshqa narsalar topilgan. Bu ishda juda tez ishlash kerak, pulni ham tezda tikish kerak. Buning uchun superkompyuter kerak bo'ladi.

O'sha mashhur odam Pol Fua (suratda o'rtada). U bugungi kunda juda katta poker o'yinchisi hisoblanadi.


Hozir u yigit juda katta darajada poker o'ynab yuribdi. Agarda u o'yinlarni soxtalashtiradigan bo'lsa, u bu ishni juda katta masshtabda qilardi. APL dagi qalloblikda ham uning qo'li bor edi, ammo uning ismi bu ishga aralashtirilmagan. Ular stadionlarda chiroqni o'chirib qo'yish bilan shug'ullanishgan. Avvallari agarda stadionda chiroq o'chib qolsa, o'yin to'xtatilib, natija o'sha holda qolar edi. Boyagi guruh ikkinchi taym boshlanishdan bir daqiqa o'tib agarda hisob ularni qoniqtiradigan bo'lsa, stadion chiroqlarini o'chirib qo'yishardi. Hisob esa ularga qulay holatda to'xtatilardi. O'sha paytda agar ular "stavka" qilgan jamoa oldinda bo'lsa, ikkinchi taym boshlanmasdi. Keyinchalik bukmeykerlar bu qoidani o'zgartirishdi va o'yin 90 daqiqa davom etishi shart qilib belgilandi.

VIDEO  Bir o'yin tarixi. Qo'shimcha bo'limlarda o'chib qolgan chiroq, penaltilar seriyasidagi mag'lubiyat. O'zbekiston – Iordaniya uchrashuvini yodga olamiz


- Bizda ham shunga o'xshash holat ro'y bergan. O'zbekiston va Iordaniya milliy terma jamoalari Toshkentda o'zaro o'ynashgan (2013 yilning 10 sentyabrida). O'sha uchrashuvning ekstra taymlarida "Paxtakor" stadionida svet o'chib qolgan...

- Bu qanday o'yin edi va o'shanda bellashuv to'xtatilganmi?

- JCH-2014 saralashi pley-off bosqichi doirasidagi bahs edi. Uchrashuv esa bir necha daqiqalardan keyin davom ettirilgan va yakunda penaltilar seriyasida Iordaniyaning qo'li baland kelgan.

- Haaa, bazida stadionda qo'shimcha generatorlar bo'ladi. Bunga bir qiziq holatni misol qilib keltiraman. "Barselona" va "Fenerbaxche" Turkiyada o'ynashi kerak. Ispan klublari biror marta Turkiyada mag'lub bo'lishmagandi. Ular "Fenerbaxche"ga pul tikishdi. Biroq birinchi bo'limda "Barselona" 4:0 hisobida oldinga chiqib oldi. Ikkinchi bo'limda ular stadion chiroqlarini o'chirib qo'yishdi, ammo stadionda qo'shimcha generator bor ekan. O'yin davom ettirildi va ular bor pullaridan ayrilishdi. Agarda chiroq o'chib, qayta yonmaganda barcha tikilgan pullar ortiga qaytarilardi.

- Menimcha chiroqlarni o'chirib qo'ya oladigan odam shu tizimga ancha yaqin inson bo'lishi kerak?

- Endi bu ularni ishi. Menimcha bu ishni qilish uchun professional bo'lish kerak. Sababi bu insonlar simlarni uzib tashlashni bilishlari kerak. Bilasizmi, Boku shahrida meni so'roq qilgan germaniyalik policiya xodimiga sizga aytganlarimni aytib bergandim. U menga shunday savol berdi: "Simlarni kesib tashlash xavfli emasmi?". "Men qaerdan bilaman?", - deb javob berdim. Bu ularni ishi, bizning ishimiz pul tikish. Men kelishilgan o'yinlarni tashkil qilaman, qolganini bilmayman.


- Bundesliga, LaLiga kabi chempionatlarda ham kelishilgan o'yinlar bilan bog'liq holatlar bo'lganmi?

- Aka-uka Sapinalar haqida eshitganmisiz? Xorvatiyalik yigitlar. Ular Germaniya kubogi final uchrashuvini soxtalashtirganlar. Aka-uka Sapinalar shuda kuchli shaxs edilar. Ular bir kunning ichida Evropada 4-5 uchrashuvni kelishishlari mumkin edi. Ular hamma uchrashuvga bitta qilib pul tikishardi. Bu esa juda katta pul degani. Germaniyada ularning qahvaxonalari bor edi. Juda ko'p futbolchi va hakamlarni o'sha erga taklif qilishardi va bazi saytlarda pul tikishni maslahat berishardi. Mehmonlarning ko'pchiligi barcha pullarini yutkazib qo'yishardi. Keyin esa aka-ukalar ularga xavotir olmasliklarini, bu pullarni qaytarib olish yo'li borligini aytishardi. Bu esa, albatta, kelishilgan o'yinlar edi. SHunday qilib ular futbolchi va hakamlarni o'z qarmoqlariga ilintirishardi. UEFA kubogidagi "Zenit" - "Bavariya" (4:0) uchrashuvi ham kelishilgan o'yin bo'lgan. Rossiya mafiyasi ochiqchasiga bu o'yin kelishilgan ekanini aytgan. Nafaqat "Bavariya, balki "Reynjers" (Glazgo) ham kelishilgan o'yinlarda qatnashgan.


- "Zenit" - "Bavariya" uchrashuvi boshqalar tomonidan kelishilganmi yoki shunchaki ruslar "Bavariya"ga katta pul berishganmi?

- Rossiyaliklar kubokni yutmoqchi bo'lishgan. "Zenit" kubokni olish niyatida bo'lgan. Men bu uchrashuvni kechagidek eslayman. O'shanda pul ham tikkandim. "Bavariya" 2:0 hisobida mag'lub bo'layotgandi. Men esa "Bavariya" bitta bo'lsa ham gol urar degandim va pul tikkandim. Bu uchrashuvda uch marta pul yutqazganman. "Zenit" har safar gol urganida, men "Bavariya" javob qaytarishiga pul qo'ygandim. Qanday qilib "Bavariya" 0:4 hisobida yutqazishi mumkin? Ular aniq hisobni tashkillashtirishgandi. "Bavariya"ning shunchaki yutkazishi etarli emas edi.

O'sha uchrashuvda "Zenit" va "Bavariya"ning boshlang'ich tarkibi


- SHu paytga qadar hech kimga aytib bermagan biror qiziqarli voqea bormi sizda? SHunchaki qandaylir qiziqarli voqea...

- Bilasizmi, hattoki Platini ham korrupcioner. Meni Bolgariyalik bir tanish hakamim bor edi. Kanada qaysidir Evropa terma jamoasi bilan o'ynamoqda. O'sha o'yinda men aytgan hakam to'rtta penalti qo'ygan. Tasavvur qilyapsizmi? SHundan so'ng, bukmeykerlar g'ayritabiiy pul tikish holatlarini aniqlashgan va hakam futboldan chetlatilgan. Bolgariya futbol federaciyasi rahbari Platiniga aloqaga chiqqan va boyagi hakam ozgina vaqtdan so'ng futbolga qaytib yana UEFA kubogida ishlagan! Mishel Platini o'taketgan korrupcioner edi. U endi boshqa hech qachon rasmiy lavozimda ishlolmaydi. Menimcha Platini Qatardan ham juda katta pul olgan va ularga Jahon chempionati mezbonligini olishda katta yordam ko'rsatgan. Qaysi aqli raso odam iyun-iyul  oylarida o'tkaziladigan Jahon chempionatini Qatarga berishi mumkin? Yoz oylarida Qatar ko'chalarida hatto yurib bo'lmaydi. Jahon chempionati qishga ko'chirildi-ku deyishingiz mumkin, ammo bu ishni o'sha payt ularga mezbonlikni berganlar qilmadi. Agarda o'rtada katta pora bo'lmasa qaysi sog'lom inson ularga Jahon chempionati mezbonligini beradi?

Do'stim, butun dunyo yolg'on va qalloblikdan iborat. Bu dunyodagi hamma yolg'onchi. Mamlakatlar, siyosatchilar - hamma-hamma. Biz juda jirkanch dunyoda yashayapmiz. Men ham farishta emasman, ammo bu dunyoda hech kim yaratgan buyurgandek pok emas. Bu dunyo jungli o'rmoniga o'xshaydi - ojizroq jonivorlar kuchliroqlariga bo'ysunadi.

Hop, senda pul yo'q. O'sha imkoniyatni men senga beraman. Kel, shu o'yinni soxtalashtiramiz. Bu - sendan ugina, mendan bugina degandek gap. Nega buni rad qilishlari kerak? Men aytayotgan hamma gap rost. Siyosatchilar dunyodagi eng birinchi raqamli qalloblar hisoblanishadi.


- Faoliyatingiz davomida biror o'yinchi bilan kelishib qo'yganingizdan so'ng o'sha o'yinchi fikridan qaytib qolgan paytlar bo'lganmi?

- Albatta, Zimbabve va Bosniya o'yini. 1997 yil. Men bir futbolchi bilan aloqaga chiqqanman. Men uni tushlikka taklif qildim. O'zimni agent deb tanishtirganman. Ko'pincha o'yinchilar agentlar bilan uchrashishni istashadi, bunga sabab albatta faoliyatlarida yuksalish qilishni istashlari. Biz tushlik qildik, unga seni oilang, bolalaring bor deb vaziyatni tushuntirdim. Oilasi uchun biror narsa sotib olishi uchun qo'liga 3-4 ming dollar pul berdim. U bilan aloqam ancha yaxshi bo'lganidan so'ng ishga o'tdim. Bu ishni qilsa bo'ladimi yoki yo'q? Agar imkoni bo'lmasa, mayli. U rozi bo'ldi. Albatta, u bu ishni yolg'iz qila olmasdi. Bu ish uchun 5-6 nafar o'yinchi kerak edi. Men 100 ming dollar berishimni aytdim. U 5-6 nafar do'stlari bilan keldi. Bir yigit juda ko'p savollar berdi. Men esa unga pasportimni ko'rsatdim va shu ish bilan shug'ullanishimni, policiya bilan aloqam yo'qligiga ishontirdim. O'yin boshlandi va o'sha o'yinchilardan biri maydon markazidan turib zarba berdi va kutilmaganda darvozaga gol urib qo'ydi. Bilasizmi u nima qildi? U golni nishonlash o'rniga peshonasini ushlab oldi. Men bilan kelishgan barcha futbolchilar bir doira bo'lib endi nima qilishlarini muhokama qilib olishdi. Bu men hayotimda ko'rgan eng g'alati gol nishonlash edi. Yigitlar golni nishonlash o'rniga shok holatiga tushib qolishdi. Yakunda ular 4:0 hisobida mag'lubiyatga uchrash o'rniga durang qayd etishdi. Keyingi o'yinda Bosniya termasidagilar bilan yonma-yon o'tirib qoldim. Ular menga Zimbabvega pul to'ladingmi deyishdi. Men ha deb javob berdim. Men keyin Bosniyaliklar bilan o'yinni yutkazishlarini kelishmoqchi bo'ldim. 4-5 yigit bilan kelishishga harakat qildim. Yigitlardan biri musulmon ekanligini va bunday ish qilmasligini aytdi. Yakunda esa ular baribir o'yinda 0:3 hisobida mag'lub bo'lishdi. Menimcha bosniyaliklar o'shanda qattiq afsuslanishgan bo'lsa kerak, sababi o'sha vaqtlarda Bosniya juda qashshoq davlat edi.

- O'zbekistonda oldinlari juda ko'p kelishilgan o'yinlar bo'lgan. Sizda shular haqida qandaydir malumot bormi?

- Men pul tikishga o'rganganman. Natijalarga qarab o'yin kelishilganini bilishim mumkin. Ammo men o'zbek futbolini kuzatmayman. Men Yaponiya yoki Avstraliya chempionatlarini tomosha qilaman. O'sha o'yinlarga pul ham tikib turaman. Men Angliyaning quyi ligalaridagi juda ko'p o'yinchilarni Avstraliyaga olib borganman. U paytlar Avstraliya chempionati havaskor maqomda edi va jamoalarda istalgancha xorijlik o'yinchilar o'ynashi mumkin edi. Bir jamoada men olib borgan beshta ingliz futbolchisi bor edi, murabbiy ham mening odamim edi. Biz birga ishlardik. U paytlarda menda katta pul yo'q edi va men bu biznesni xitoylik hamkorimga sotgandim. Bir o'yin uchun u menga 140 ming dollar berar edi. O'yinchilarimga va murabbiyga 40 ming dollar atrofida berardim, o'zim esa har bir o'yindan 100 ming dollar ishlab olardim. Xitoylik esa juda ko'p pul ishlagandi. U bir o'yindan 300 ming dollar atrofida ishlar edi. Har hafta, muntazam ravishda g'ayritabiiy natijalarni qayd etilishi oxir-oqibat policiyaning etiborini tortdi. Policiya o'yinchilarning telefon qo'ng'iroqlarini tinglashni boshladi. Futbolchilar men bilan gaplashishardi. Yakunda meni va futbolchilarni qamoqqa olishdi. Kelishilgan o'yinlar jiddiy jinoyat deb hisoblanmaydi. SHu sababli hammamizni qo'yib yuborishdi va shunchaki futboldan chetlatishdi. Avstraliya policiyasi meni so'roq qilish uchun Finlyandiyaga keldi. Ular meni Avstraliyaga ekstradiciya qilmoqchi bo'lishdi. Ammo sud qaroriga ko'ra, Avstraliya hududiga oyoq bosmagan inson hech qanaqasiga ekstradiciya qilinishi mumkin emas ekan. Men Avstraliyaga umuman bormagan bo'lsam qanday qilib bu jinoyatni sodir qilishim mumkin? SHu mantiq bilan meni qamoqqa tiqa olishmadi. Men kabi holat kriketda ham yuz bergan ekan. Umuman avstraliyalik insonlarga katta miqdorda pul tikish taqiqlangan. Ular eng ko'pi bilan 200-300 dollar pul tikishlari mumkin.


- Biroz g'alati savol tug'ildi. O'z vaqtida juda ham ko'p pul topgansiz. SHuncha pulni nima qildingiz? Qaerga ketdi shuncha pul?

- Men hamma pulimni qimorda yo'qotganman. Men pul tikishga o'rganib qolganman, xumori tutadi. Men pulimni ayollarga sarflamayman, narkotik istemol qilmayman, o'sha payt chekmasdim ham. CHekishni boshlaganimga ikki yil bo'ldi. Umuman olganda alkogol, sigaret, ayollar bu men uchun emas. Mening nozik nuqtam qimor o'ynash, o'yinlarga pul tikishdir. Agarda men qimor o'ynamaganimda hozir multi-millioner bo'lardim, men taxmninan 50 mln dollar pulga ega bo'lardim.

- Yani agarda faqat kelishilgan o'yinlar bilan shug'ullanganingizda?

- Ha. Meni oilam, farzandlarim yo'q edi. Zerikishdan qimor o'ynardim, pul tikardim. Qimmatbaho mashinalar, katta uylar men uchun qiziq emasdi. Yagona ovunchog'im qimor o'ynash edi. Barcha pullarimni qimor o'ynab yo'qotganman. Bilasizmi, men 2010 yilgi Jahon chempionatidagi Ispaniya - Gonduras o'yinida 1 million dollar yo'qotganman. Ispaniyaning eng kamida uchta to'p farqi bilan g'alaba qozonishiga pul tikkanman. David Vilya 17', 51' daqiqalarda gol urdi. 62-daqiqada esa David Vilya penaltini amalga oshira olmadi. O'yin esa 2:0 tugadi va men million dollarga tushdim. O'sha payt stadionda edim. Men natijaga ishona olmadim. Ispaniya juda ko'p vaziyatlar yaratgandi. Men David Silva maydonga tushsa kerak deb o'ylagandim, yakunda esa murabbiy Xesus Navasni maydonga tushirdi. Fabregas esa jarima maydoni ichida juda qulay vaziyatni ko'kka sovurdi. 


P.S. Ushbu suhbatda tilga olingan, lekin yuqorida maqolaga tushirilmagan yana ikkita voqelik bor. Har ikkala voqea ham o'zbek futboli bilan bog'liq. "Championat.asia" sayti o'sha 2 jarayonni ham alohida taqdim etadi.

Muallif : Tolibjon Qosimov
Reyting: +16   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика