So’nggi yangiliklar

15:59МЮ футболчиси ўтирган машинага маст ҳайдовчи урилди  0 15:18Ўзбекистон олимпия терма жамоасида Йўлдошев ўрнига бошқа футболчи қайдномага киритилди  13 14:56"Барселона" энди шортларга ҳам реклама ёпиштиради  1 14:50"Барселона" 19 ёшли ҳужумчиси учун "Ал Ҳилол"дан 40 млн. евро сўраяпти  1 13:55Тен Хаг: "МЮ исталган жамоани ютишга қодир"  3 13:20Мурод Тошматов эркин агентга айланди  2 12:45"Сити" ёзда трансферлар амалга оширадими? Пеп жавоб берди  1 12:25Жароҳати сабабли илк ўйинда қайдномага киритилмаган мисрлик футболчи Ўзбекистонга қарши майдонга тушишга тайёр  2 12:07МЮ стандарт вазиятлар учун мураббий сотиб олди  0 12:01"Металлург" аъзоси Мирғиёс Сулаймонов эркин агентга айланди  3 11:50Ўтган йили Тошкентга келган Миср Олимпия термасининг неча нафар футболчиси Париждаги мусобақада иштирок этмоқда?  12 11:34"Футбол бола тилидан" лойиҳаси давом этади. Меҳмонимиз - 9 ёшли Абдураҳмон Исломов  0 11:30Миср олимпия терма жамоаси ҳақида нималарни билишимиз керак ёхуд "Фараон" юрти вакиллари билан танишамиз  7 11:00«Реал Мадрид» келаси ёзда яна бир юлдуз футболчини текинга сотиб олади  8 10:32Ўзбекистонлик ҳакамлар олимпия ўйинларидаги илк учрашувларига тайинлов олишди  4

Jasur Abduraimov: Bitta ustun jihatimiz bor… Yangiliklar

Jasur Abduraimov: Bitta ustun jihatimiz bor…

Malumki, shu yilning 13-30 oktyabr kunlari Bahraynda yoshlar (U-19) o'rtasidagi Osiyo chempionatining final bosqichi bo'lib o'tadi. Qitamizning 16ta saralangan termalari to'rtta guruhda bahslarga kirishadilar.

Ushbu turnirda yarim finalga etib kelgan to'rt jamoa 2017 yili Janubiy Koreyada o'tkaziladigan jahon chempionati(U-20)da qatnashish huquqini qo'lga kiritadilar. Kichik mundial yo'llanmasiga ega bo'lish uchun kurashadiganlar orasida O'zbekiston yoshlar termasi ham bor. Qura natijasiga ko'ra, Jasur Abduraimov shogirdlari D guruhida Xitoy, Avstraliya va Tojikiston jamoalariga qarshi bahs olib borishadi. Guruhdagi ikki omadli terma chorak finalga yo'llanma olishadi. Hamyurtlarimiz bevosita JCH-2017 chiptasini taqdim etuvchi uchrashuvda C guruhida dastlabki ikki o'rinni egallagan jamoalardan biriga to'qnash keladilar. Ushbu kvartetda Qatar, Yaponiya, Yaman va Eron termalari bor. Buning uchun esa birinchi galda guruhdan chiqish vazifasini uddalash kerak. Bir yarim yil mobaynida shakllantirilayotgan jamoamiz Osiyo chempionatiga tayyorgarlikni reja asosida davom ettirmoqda. O'FF Terma jamoalar markazi yoshlarimizning qita chempionatiga munosib tarzda tayyorgarlik ko'rishlari uchun barcha sharoitlarni yaratib berdi. Bir nechta xorij yig'inlari, Osiyo va Evropa termalari bilan o'rtoqlik uchrashuvlari tashkil etildi. Kuni kecha ushbu jamoamiz Markaziy Osiyo chempionatida qatnashib, g'oliblik shohsupasiga ko'tarildi. Qarorgohi poytaxtimizda joylashgan Markaziy Osiyo futbol associaciyasi tomonidan tashkil etilgan dastlabki musobaqa O'zbekiston va Tojikiston termalari uchun qita birinchiligiga bevosita tayyorgarlik vazifasini o'tab berdi. Takidlash joiz, bu ikki jamoa Osiyo chempionatida bir guruhdan joy olishgan. Biz CAFA CUP (Central Asia Football Assosiation - MOFA kubogi) musobaqasi yakunlanganidan so'ng O'zbekiston yoshlar terma jamoa­si bosh murabbiyi Jasur Abduraimovdan intervyu oldik.

- Jasur aka, suhbatimiz avvalida poytaxtimizda o'tkazilgan Markaziy Osiyo kubogi haqidagi fikringizni bilmoqchi edim. Bu musobaqa jamoangiz uchun qanchalik foydali bo'ldi?


- SHubhasiz, O'zbekiston va Tojikiston termalari uchun ushbu turnir ancha samarali kechdi. Har ikki jamoa Osiyo chempionati final bosqichida ishtirok etishadi. Qizig'i, qita birinchiligida tojikistonliklar bilan bir guruhdan joy olganmiz. SHu bois, yurtimiz mezbonlik qilgan musobaqada barcha qartalarni ochmaslikni lozim topdik. Aytmoqchi bo'lganim, bu turnirdagi ishtirokimizga qarab o'yinimizga to'liq baho bermaslik kerak. Yigitlarning potenciali bundan ham yuqori va ular yanada mazmunliroq futbol namoyish eta oladilar. Boshqa tomondan, Markaziy Osiyo chempionati terma jamoamizning zaif jihatlarini ham ko'rsatib berdi. Hali qiladigan ishlarimiz ko'p ekanligini bilib oldik. O'ziga yarasha muammolarimiz bor. Ularning echimini faqat mehnat, mehnat va yana mehnat evaziga bartaraf etishimiz mumkin. Boshqa hech qanday yo'li yo'q. Men jamoaning ichida bo'lganim uchun uning kamchilik va yutuqlarini boshqalarga qaraganda yaxshiroq bilaman. So'nggi paytlarda tunu kun jamoa bilan bilan birga bo'lyapman. Osiyo chempionati boshlanishiga oz fursat qolmoqda. Mavjud kamchiliklarni bartaraf etish uchun vaqt kerak.

- Aynan qaysi kamchilik va muammolarni nazarda tutyapsiz?


- Toshkentdagi turnir shuni ko'rsatdiki, eng katta kamchiliklarimizdan biri - yuzaga keltirilayotgan xavfli vaziyatlarni golga aylantira olmaslik. Misol uchun, final uchrashuvini oling. Deyarli bir soat mobaynida maydonda bir kishi kam harakat qilgan bo'lsakda, kamida 3-4ta golga tortadigan yuz foizlik imkoniyatlar yaratdik. Lekin ulardan foydalanishga kelganda yigitlar yaxshigina oqsashdi. Birinchi galdagi vazifamiz - qulay vaziyatlardan foydalanish foizini oshirish. Osiyo chempionatida bu kabi xavfli vaziyatlar hozirgidek ko'p bo'lmaydi. Boridan maksimal darajada foydalanishimiz shart. Qolaversa, hozir biz tanlagan o'yin uslubini amalga oshirish oson ish emas. Yana bir bor aytaman, buning uchun vaqt kerak. Biz xohlagan o'yin chiqmagunicha mashg'ulotlarda takrorlayverishimiz lozim. Etibor bergan bo'lsangiz, umuman boshqacha futbol namoyish etyapmiz. To'g'ri, Osiyo chempionatidagi raqibimiz ham poytaxtimizga tashrif buyurgani uchun turnir davomida o'z o'yinimizni to'liq namoyish eta olmadik. Lekin shunisi aniqki, bizning uslubimiz boshqa terma jamoalarimiznikidan farq qiladi. Oldimizga ulkan vazifalarni qo'yganmiz. Ko'ryapsiz, zamonaviy futbolning talablari umuman boshqacha. SHuning uchun, darvozabondan tortib to hujumchigacha bo'lgan poziciyalarda ish olib borishimiz kerak. Hujum tashkil etayotgan paytda maydondagi 11 nafar futbolchimizning bari ishtirok etishi shart. To'g'ri, kimningdir ulushi kamroq bo'ladi. Lekin o'sha futbolchi ham hujuga o'z hissasini qo'shishi lozim. Bir narsani aytishim joiz, bu yosh futboldagi eng qiyini. O'tish davri deyishadi-ku! Kattalar futboliga o'tadigan yoshda oson bo'lmaydi. Statistikaga etibor bering, qancha futbolchilarimiz kattalar futboliga o'tish davrida yo'q bo'lib qolishdi. Vaholanki, ular o'smirlar va yoshlar o'rtasidagi jahon chempionatida yarq etib porlab chiqishgandi. Bunday paytda futbolchilar qo'llab-quvvatlashga muhtoj bo'lishadi. Kim ularni qo'llaydi? Albatta, biz - murabbiylar. Ularga to'g'ri yo'l ko'rsata olsak, yoshlar futbolidan kattalar darajasiga o'tish davri oson kechadi. Har bir shogirdimiz bilan individual tarzda gaplashish kerak. Uni eshitish darkor. Qolaversa, bu borada ko'p narsa klublarga ham bog'liq. Axir, jamoamizga aynan klublar futbolchi etkazib berishadi. Ko'pincha klublarimiz biz qo'ygan talablarni bajara olishmayapti. Yani, futbolchi terma jamoaga kelib tayyorgarlik ko'rishi emas, aksincha, safimizga tayyor holda kelishi lozim. Aksariyat holatlarda buning teskarisi bo'lmoqda. Professional futbolchilar bilan ishlash oson. Yoshlar masalasi esa ancha nozik. Masalan, Qirg'iziston termasiga qarshi kechgan o'yinda qizil kartochka olgan futbolchimizga baqirib, uni koyiganimda, ruhan sinib qolishi hech gap emasdi. Eng yomoni - tushkunlikka tushish. Yosh futbolchining tajribasi kamligi bois, bunday holatlardan chiqib ketishi oson bo'lmaydi. Xavfli vaziyatlardan foydalana olmaganda ham xuddi shu omilga tayanish lozim. Futbolchilarni tushunish juda muhim.

- Klub va terma jamoa o'rtasidagi talab haqida gapirdingiz. Bu borada klublar bilan hamjihatlikda ishlash qanday yo'lga qo'yilgan?


- Hamkorlik o'rnatilgan. Asosiy tarkibda o'ynayotgan terma jamoaga nomzod futbolchilarimizda muammo deyarli yo'q. Ular asosiy tarkib mashg'ulotlarida ishtirok etishadi, kattalar bilan yonma-yon to'p surishadi. Bu juda ham yaxshi. Terma jamoaga nomzod qolgan futbolchilar ham shunday imkoniyatga ega bo'lishsa, bundan biz murabbiylar juda ham xursand bo'lardik. Lekin tan olish kerak, klublarda ishlar biroz boshqacha yo'lga qo'yilgan.

- CAFA CUP musobaqasida deyarli har kuni o'yin o'tkazdinglar. Osiyo chempionatida esa ikki kun o'tib, uchinchi kuni maydonga tushasizlar. Bu borada futbolchilarning jismoniy tayyorgarligida muammo bo'lmasmikan?


- Bilasizmi, o'yinchining jismoniy tayyorgarligi maromida bo'lishi mumkin. Lekin undan to'g'ri foydalana olmaslik bu - fojia. Noto'g'ri futbol o'ynash mavjud imkoniyatlarni ko'kka sovurish deganidir. To'qson daqiqa davomida maydonning bu boshidan u boshiga 100 metr masofaga to'rt marta besamar borib kelishdan nima naf? Jismoniy holatim yaxshi, deb kuchni foydasiz sarflash hech qachon natija bermaydi. Zamonaviy futbolda jismoniy tayyorgarlik birinchi o'rinda turadi, degan fikrga biroz qo'shilmayman. Eng muhimi, diqqat-etibor, maydonda tez fikrlash va shunga monand tarzda qaror chiqarish, chaqqon harakat, to'pni yo'qotgan holatda tezda ortga qaytish shart. Menga shu talablarni bajara oladigan futbolchilar kerak. Ikki soatlik mashg'ulot chog'ida birinchi daqiqadan to so'nggi soniyagacha diqqat-etiborni birdek saqlab qolish lozim. SHu narsada ham biroz oqsayapmiz. Xorij jamoalari bilan bir nechta o'rtoqlik uchrashuvlari o'tkazdik. Mana shu o'yinlarda raqibga jismoniy tomonlama yutqazmadik. Bizga aynan diqqat-etiborni bir joyga jamlay olmaslik pand berdi. SHuning ustida ko'proq ishlashimiz kerakligini tushunib etdik. Men kuchni birinchi o'ringa qo'yaman. Kuch bu - jismoniy tayyorgarlik emas, balki chidamlilikdir. Ana shu jihatlarni yoshlarda yanada takomillashtirishga etibor qaratyapmiz.

- Tojikiston termasini Markaziy Osiyo chempionatidagi ishtiroki orqali ko'rdik. Guruhdagi qolgan raqiblarni o'rganish jarayoni qanday ketyapti? Terma jamoalar markazi sizlarga bu borada amaliy yordam ko'rsatyaptimi?


- Albatta, o'rganyapmiz. O'z o'rnida raqiblar ham bizning o'yinlarimizni kuzatishmoqda. Yuqorida aytdim, Markaziy Osiyo chempionatida yopiq futbol namoyish etdik. Fikrimcha, hamma qartalarni ochish shart emas. Aynan shu narsani yigitlardan talab qildim va ular shunga monand harakat qilishdi. Bilasizmi, bu eng yomoni. O'z o'yiningizni ko'rsata olmaslik juda qiyin. Yopiq futbolni faqat superprofessional futbolchilar o'ynay oladilar. Ha, xatolar bo'ldi, lekin yigitlar harakat qilishdi.

- Dastlab ikkinchi terma tarkibida o'ynagan Sanjar Qodirqulovni final uchrashuvida asosiy jamoaga chaqirdingiz. Ammo uni maydonga tushirmadingiz. Buning sababi nimada?

- Qodirqulov ikkinchi jamoada o'zini ijobiy tomondan ko'rsata oldi. Qolaversa, asosiy tarkib o'yinchilaridan biri. Maydonga tushirmaganimning sababi oddiy. U kunning birinchi yarmida ham to'liq ikki bo'lim o'ynadi. Sanjarni yana maydonga tushirishdan mano yo'q edi. SHunchaki, jamoa bilan birga bo'lishini xohladim. Hali oldinda o'yinlar ko'p. Eng muhimi, oktyabr oyida o'tkaziladigan rasmiy uchrashuvlarga yuz foiz tayyor holatda etib borish. Biz hozir shu haqida ko'proq o'ylayapmiz. Osiyo chempionatiga boradigan tarkibni 90 foizga aniqlab oldim. Bir-ikki nafar yangi futbolchilar qo'shilishi mumkin, lekin katta o'zgarishlarga qo'l urmaymiz. Hozirda ixtiyorimizda bo'lib turgan o'yinchilar deyarli bir yarim yildan buyon birga to'p surishmoqda. Ichki muhit alo darajada, bir oiladek bo'lib qolganmiz. Ana shu hamjihatlikni saqlagan holda Osiyo chempionatida o'z oldimizga qo'yilgan vazifani amalga oshirishga harakat qilamiz.

- Oldinda qanday rejalar bor?

- Tez orada O'FF Terma jamoalar markazi Osiyo chempionatigacha bo'lgan vaqt uchun tayyorgarlik rejasini taqdim etadi. Ayni payt bu borada ish olib borilyapti. Albatta, xorij yig'inlari tashkillanadi. Bir narsani aytish esdan chiqibdi. Bugungi kunda 8-9 nafar futbolchimiz oliy liga klublarining asosiy tarkibida maydonga tushyaptilar. O'tgan yil bilan taqqoslasak, terma jamoaning hech bir azosi bunday imkoniyatga ega emasdi. Demak, bu borada o'sishga erishilgan. Agar Osiyo chempionatida o'zimiz kutgan o'yinni namoyish eta olsak, ishonchim komil, oliy ligada to'p suradigan yoshlarimiz soni yanada oshadi.

- Demak, aniq rejalar hozircha yo'q, shundaymi?

- Aniq rejamiz yo'q. Lekin bu borada ishlashyapti. Har qanday holatda ham xorij yig'inlari tashkil etiladi. Evropaning ko'zga ko'ringan termalari bilan o'rtoqlik uchrashuvlari o'tkazamiz. Ko'hna qita jamoalaridan o'rganadigan narsalarimiz bisyor. SHaxsan o'zim ana shunday kuchli termalar bilan nazorat bahslari tashkil qilib berishni so'radim. Hozir hamma futbol o'ynashni o'rganib olgan. Bundan 20-30 yil avvalgidek holat yo'q. Kuchli va kuchsiz jamoalar o'rtasidagi tafovut u darajada katta emas. Lekin bizning bir ustun jihatimiz bor. Faqat uni keyinroq bilib olasiz. Hozircha bu sir.

Kamoliddin ALIMOV suhbatlashdi

Reyting: +1   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика