So’nggi yangiliklar

14:49Артём Довбик "Рома"нинг таклифини қабул қилди ва клубга ўтишга яқин  1 14:21Ольмо "Барселона"дан ташқари барча клубларнинг таклифини рад этди  1 13:58Ихеаначо Ла Лига клубига ўтишга яқин  0 13:31Ашурматов: "Олимпиада олдидан Ўзбекистон терма жамоасининг плей-оффга чиқишига катта умид боғланганди"  7 13:02"Рома" "Ювентус" футболчиси билан шартнома имзолашга яқин  0 12:38Филлипс "Манчестер Сити"ни тарк этмоқчи  1 12:17ПСЖ ва АПЛ клублари Уильямснинг Испанияда қолишни афзал кўришини ҳис қилишмоқда. "Барселона" – фаворит  0 11:48Лондон клуби Ван-Биссака борасида МЮ билан музокаралар ўтказмоқда  1 11:25Шерзод Қодиров "Динамо"дан кетди?!  0 11:04«Бухоро» «Локомотив» футболчиси билан шартнома тузди  3 10:40Лени Йоро «Арсенал»га қарши учрашувда жароҳат олди  4 10:12«Ювентус» юлдузи Лондонга кўчиб ўтишга яқин  1 09:46Неймар идеал футболчи қандай бўлиши кераклиги ҳақида фикр билдирди  3 09:17«Пахтакор» икки нафар футболчи билан шартнома тузганини эълон қилди  10 08:50Sofascore. Кечаги учрашув учун Ўзбекистон ОТЖ футболчилари қандай баҳоларга лойиқ кўрилди?  51

Intervyu. Vagiz Galiulin: “Oldimizga qo'yilgan vazifamizni hammadan sir tutgandik” Yangiliklar

Intervyu. Vagiz Galiulin: “Oldimizga qo'yilgan vazifamizni hammadan sir tutgandik”

Teglar :  Vagiz GaliulinTosno
“Tosno” bilan birga Rossiya birinchi divizionida to'p surgan hamyurtimiz Vagiz Galiulin yana premer-ligaga qaytishga muvaffaq bo'ldi.

Ular yakuniga etgan mavsumni ajoyib tarzda o'tkazishdi va haqli ravishda elita uchun chiptani qo'lga kiritdilar. Futbolchimiz esa jamoasining muvaffaqiyatida o'zining katta hissasini qo'shgani bilan ajralib turdi. Yodingizda bo'lsa, Vagiz bungacha jarohatlar iskanjasiga tushib qolgani sababli ko'p vaqtini maydondan tashqarida o'tkazishga majbur bo'lgandi. Nihoyat, bu safar u ko'ngildagidek o'yin amaliyotiga ega bo'la oldi va shunga yarasha jamoasi uchun foyda keltirdi. Aytish lozimki, chempionat tugaganidan so'ng Galiulinning klubi bilan tuzgan shartnomasi ham tugagandi. O'zining aytishiga qaraganda, u “Tosno” bilan yana ikki yilga yangi shartnoma imzolagan. Kuni kecha o'zi bilan bog'landik.  

-   Avvalambor sizni va “Tosno” klubini Rossiya premer-ligasiga yo'l olganinglar bilan tabriklaymiz. Dastlab yakuniga etgan mavsum haqida to'xtalib o'tsangiz...
-   Tabrik uchun katta rahmat. Bilasizmi, ortda qolgan mavsum biz uchun juda qiyin o'tdi. CHempionat boshlanmasidan avval oldimizga aniq vazifa qo'yilgandi va uni bajarishga muvaffaq bo'ldik. Rosti, klub oldiga qanday maqsad qo'yilganini hech kimga, hatto jurnalistlarga ham aytmagandik. Hammadan sir tutgandik. Jamoaning ichida aniq vazifa bor edi. Muxlislarimizga katta rahmat. Biz ularsiz bu natijaga erisha olmasdik.


-   Jadvalga qarasak, “Tosno” “Dinamo”dan so'ng 2-o'rinni egalladi. Umuman olganda, “Dinamo” katta farq bilan oldinga o'tib ketgandi. SHuningdek, “Tosno” ham 3-o'rindagi “SKA-Xabarovsk”dan ancha ilgarilab ketdi. Demoqchimanki, “Dinamo” bilan “Tosno” boshqalarga qaraganda ancha kuchlimidi?
-   Ha, biz “Dinamo” klubi bilan birga boshqalarga nisbatan ancha oldinga o'tib ketdik. Ammo bu bilan o'zimizni yaqqol kuchli edik deb ayta olmayman. U erda yaxshi jamoalar juda ko'p. Ko'plab jamoalar premer-ligaga chiqishni juda istashgandi. To'g'risi, birinchi divizion juda qiyin musobaqa. Nimagaki, maqsadingizga erishishingiz uchun juda ko'p yutishingiz kerak bo'ladi. SHuningdek, safarlarga borish ham ko'p vaqtni oladi. Masalan, “Luch-Energiya” bilan o'yin uchun Vladivostokka 9 soat uchishimizga to'g'ri keladi. Xabarovskka esa 8 soat mobaynida parvoz qilishimiz kerak. SHu sababli ham bu juda og'ir turnir hisoblanadi. Mana shunday holatda ham vazifani bajarganimizdan juda xursand bo'ldik.

-   Vagiz, ayting-chi, mavsumning qaysi paytiga kelib premer-ligaga yo'l olganinglarni his qila boshladingiz?
-   Mavsum tugashiga oltita tur qolganida bizga bitta g'alaba kerak edi. Lekin mana shu birgina g'alabani juda katta qiyinchilik bilan qo'lga kiritdik. “Nefteximik” bilan o'yindan so'ng premer-ligaga chiqqanimizni aniq his qildim.

-   Klub natija bajarilganidan keyin muvaffaqiyat uchun futbolchilarga qanday mukofot berdi?
-   Rosti, bu mavzu haqida gapirsam to'g'ri bo'lmaydi. Yaxshisi, bu borada jim bo'lganim maqul.

-   Siz mavsum davomida “Tosno” safidagi eng yaxshi futbolchilardan biri bo'ldingiz. Ayniqsa, standart vaziyatlardan bir nechta chiroyli gollarni urdingiz. Nima deb o'ylaysiz, ana endi “Tosno” misolida o'zingiz uchun mos jamoa topdingizmi?
-   “Tosno” juda yaxshi klub. Lekin bilasizmi, uni menga mos jamoa deb ayta olmayman. Buni faqat vaqt ko'rsatadi. Bu borada hali hammasi oldinda.

-   Mahalliy muxlislarning sevimli futbolchisiga aylana oldingiz. Ular bilan munosabatingiz qanday? Uchrashib turasizmi?
-   Ha, muxlislarimiz bilan ko'rishib turamiz. Boya aytgan gapim rost: biz ularsiz bunday natijaga erisha olmagan bo'lardik. Ishqibozlarimiz bilan ko'pincha o'yindan keyin ko'rishib turamiz. Nimagaki, biz asosan Sankt-Peterburgda turamiz. Nijniy-Novgorodga borib o'ynaymiz. O'sha erda muxlislarimiz jamoamizni qo'llab-quvvatlashardi va o'shanda ular bilan ko'rishish imkoni bo'lardi.


-   Klub Sankt-Peterburgda yashab, o'yin o'tkazish uchun Nijniy-Novgorodga borib qiynalib qolmasmidi?
-   Nijniy-Novgorodda yangi stadion qurilgani uchun uy o'yinlarimizni o'sha erga borib o'tkazardik. Maydon sifati ham juda yaxshi edi. Sankt-Peterburgning oldida Tosno degan shahar bor. O'sha erda stadion bor edi va ilgari o'yinlarni shu erda o'tkazishardi. Lekin maydoni yaxshi emasdi. Nijniy-Novgorodda yangi stadion qurilgani uchun birinchi divizionda o'z maydonimizdagi uchrashuvlarni o'sha erda o'ynadik. Bizga qiyin bo'lgani yo'q. Ikkala shahar bir-biridan uzoqda emas. Oraliq masofasi 150 kilometr. Avtobusda ikki soatda etib boramiz.

-   Vagiz, vazifa ham bajarildi. Endi klub bilan tuzilgan shartnomangizni uzaytirasizmi? Umuman, keyingi rejalaringiz ham “Tosno” bilan bog'liqmi?
-   Ha. “Tosno” bilan 2019 yilga qadar yangi shartnoma tuzdim. Hozircha vazifam ushbu klub bilan premer-ligada o'ynash. U yog'ini vaqt ko'rsatadi.

-   Esingizdami, Rossiya birinchi divizioniga o'tgan paytingizda ikki qadam oldinga yurish uchun avval bir qadam orqaga qadam bosish kerak, degandingiz. Mana, yana bir bor premer-ligaga qaytdingiz...
-   Albatta, o'sha aytgan gapim esimda bor. Men uchun birinchi qadam – “Tosno” bilan premer-ligaga chiqish edi. Endi ikkinchi qadam “Tosno” tarkibida kuchlilar orasida munosib o'yin ko'rsatish va ko'proq g'alabalar qozonish.

-   Ko'pincha birinchi diviziondan premer-ligaga chiqqan klub yana bir yildan keyin ortga qaytishiga guvoh bo'lganmiz. Bunga “Mordoviya” yoki “Orenburg”ni misol keltirishimiz mumkin. Bu borada “Tosno” syurpriz ko'rsata olarmikin?
-   Men bunday narsalarga ishonmayman. Misol uchun “Ufa” premer-ligaga chiqqanidan beri o'ynayapti va uchinchi mavsumini o'tkazyapti. Premer-ligada qolamizmi-yo'qmi, hamma narsani vaqt ko'rsatadi. Albatta, birinchi o'rindagi vazifamiz u erda jon saqlab qolish. Keyingi yildan esa boshqa maqsadlar bo'ladi.


-   Har bir futbolchining o'ziga xos odatlari bo'ladi. Irimga ishonasizmi? Umuman, uchrashuvdan avval nima qilasiz?
-   To'g'ri, har xil futbolchilar bor va ko'pini ko'rganmanki, ularning turli xil odatlari bo'ladi. Lekin menda bunday odatlar yo'q. Men uchun hammasi oson va oddiy.

-   Masalan, kimdir o'yindan oldin musiqa eshitadi yoki miriqib uxlaydi...
-   Musiqa tinglamayman. O'yin kuni men uchun boshqa kunlar qatori oddiy bo'ladi va shunchaki o'yinga tayyorlanaman xolos.   

-   Darvoqe, sizni betob bo'lib qoldi deb eshitgandim. Nima bo'ldi o'zi? Sog'liq yaxshimi?
-   CHempionat tugaganidan keyin biroz kasal bo'lib qoldim, isitma kirib qoldi. Keyin Qozonga oilamning oldiga ketdim. U erda 10 kun dam oldim va shu tariqa o'zimga keldim. Endi hammasi yaxshi. Hozir Moskvadamiz, “Tosno” bilan yig'inni boshlab yuborganmiz. Premer-liga uchun tayyorgarlik olib boryapmiz.

-   Premer-ligaga chiqqaningizdan so'ng sizni O'zbekistondan kimlar tabrikladi?
-   O'zbekistondan men uchun ko'p tabriklar keldi. Yaqinlarimdan, do'stlarimdan...fursatdan foydalanib, hammasiga minnatdorchilik bildirgim kelyapti. Albatta, menga eng birinchi tabrik dadamdan keldi. Dadam juda ham bizning ushbu g'alabamizni kutgandi. Internet orqali ham barcha o'yinlarimni ko'rib turardi. Muvaffaqiyatimizni dadamga bag'ishlayman. Qolaversa, 11 iyun kuni dadam 70 yoshini qarshi oldi. Fursatdan foydalanib, dadamni yubiley bayrami bilan tabriklayman. Albatta, “Tosno”ning muvaffaqiyatini dadamga bag'ishlayman.

-   Yana premer-ligada o'ynashga har tomonlama tayyormisiz? Har holda sog'ingandirsiz?
-   Ha, premer-ligani juda sog'indim. Lekin biz hali yana ko'p ishlashimiz kerak. CHunki u erda kuchli klublar va ularning orasida yo'qolib qolmasligimiz uchun ham jiddiy tarzda shug'ullanyapmiz. Nasib bo'lsa, hammasi yaxshi bo'ladi.


-   Terma jamoamizning Eronga qarshi o'yinini ko'rdingizmi?
-   Afsuski, bu o'yinni ko'ra olmadim. Bu paytda men jamoam bilan mashg'ulot paytida edim. Keyin o'yinning esda qolarli vaziyatlarini tomosha qildim. Bizda hali ham imkoniyat bor. Janubiy Koreyada 13, bizda esa 12 ochko bor. Oldinda esa ikkita turibdi. Terma jamoamizga omad tilayman. Termada yaxshi futbolchilar to'planishgan. Nasib bo'lsa, ular o'z oldiga qo'yilgan vazifani bajara oladilar.

-   Rossiyada Konfederaciyalar Kubogi boshlanyapti. O'yinlarni ko'rasizmi? Kimga muxlislik qilasiz?
-   Albatta, Konfederaciyalar Kubogi musobaqasini katta qiziqish bilan kuzatib boramiz. Muxlislik? Hech kimga ishqibozlik qilmayman. SHunchaki, hamma o'yinda miriqib futbol ko'raman.

-   Portugaliya terma jamoasi Qozon shahrida istiqomat qilyapti. Ularni ham ko'rish uchun borasizmi?
-   To'g'ri, Portugaliya Qozonga keldi, ammo men bora olmayman. CHunki hozirgi paytda Moskvada yig'in o'tkazyapmiz. Ammo xotinim va farzandim Portugaliya terma jamoasi o'yinini ko'rish uchun stadionga borishadi. CHiptalarni ham xarid qilib bo'lishgan.  

-   Sobiq klubingiz – “Andijon”ni ham kuzatyapsizmi?
-   To'g'risini aytsam, birinchi ligaga tushib ketganidan keyin “Andijon”ni kuzatayotganim yo'q. Yana oliy ligaga qaytishiga ishonaman.

-   Klubga oldin siz bilan birga ishlagan Usmon Toshev keldi...
-   Ha, dadam bilan gaplashganimda Usmon Toshev kelgani haqida aytdi. U juda yaxshi murabbiy, birga ishlaganmiz. “Buxoro”ni boshqargan paytida uning qo'li ostida to'p surganman va u erdan keyin “Rubin”ga ketganman. SHuningdek, “Buxoro”da o'ynab O'zbekiston yoshlar terma jamoasiga ham chaqirishgandi. Toshev yoshlar bilan ham yaxshi ishlaydi. “Andijon” ajoyib tanlovni amalga oshirdi. Albatta, ularga omad tilayman va oliy ligaga qaytishining tarafdoriman.

FIRDAVSXON suhbatlashdi.

Reyting: +17   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика