"Darvozabon maydonga tushgach barcha narsani unutishi kerak". O'zbekiston milliy terma jamoasi tarixidagi birinchi darvozabon Anvar Jabborov bilan katta intervyu
04 iyu 2020 14:35
Yangiliklar
"Darvozabon maydonga tushgach barcha narsani unutishi kerak". O'zbekiston milliy terma jamoasi tarixidagi birinchi darvozabon Anvar Jabborov bilan katta intervyu
To'g'ri, intervyularni telegram yoki instagram kabi ijtimoiy tarmoqlar orqali olsak ham bo'lardi. Lekin, ko'rishib bir piyola choy ustida ajoyib suhbat qurganga hech narsa etmaydi. Demak, bugungi suhbatdoshimiz O'zbekiston milliy terma jamoasi tarixidagi ilk darvozabon - Anvar Jabborov. Ko'pchilik yoshi kichik muxlislar uchun notanish bo'lgan ushbu mutaxassisning futbolchilik va murabbiylik faoliyati haqida qisqacha malumot berib o'tamiz.
Bolalikdan millionlar o'yiniga oshno bo'lgan Anvar Jabborov darvozabon sifatida ilk bor 18 yoshida ko'zga tashlana boshlandi. O'sha paytda u mamlakatning o'rtamiyona jamoalaridan biri, SSSR Birinchi ligasida ishtirok etuvchi "Zarafshon" jamoasi safiga borib qo'shiladi. Tajriba va mahoratini oshirish maqsadida keyingi yillarni "Kosonsoy", "Yoshlik" jamoalarida o'tkazdi. Uni "Paxtakor"ga taklif etilishi bevosita "Nurafshon"dagi o'yinlariga bog'liq edi. Aynan Buxorodagi barqaror o'yinlari sabab Anvar Jabborov "Paxtakor"ga ko'chib o'tadi. 1992 yilda esa ilk bor tashkil etilgan O'zbekiston milliy terma jamoasi libosida Tojikistonga qarshi uchrashuvda debyut qilib tarix zarvaraqlaridan joy olgandi. "Paxtakor"dagi uch yillik faoliyati mobaynida jamoaning asosiy kiperiga aylandi va qariyb barcha uchrashuvlarda asosiy darvozabon sifatida harakat qildi. Faoliyati davomida O'zbekistonning "Navbahor", "Navro'z", "Progress", "Sug'diyona", "Mashal" jamoalari darvozasini qo'riqladi. 2000 yilgi mavsum avvalida u Hindistonning "Vasko Sports Klab" jamoasiga yo'l oldi va bir mavsum legioner sifatida to'p tepdi."Qizilqum" jamoasida o'tkazgan oxirgi mavsumidan so'ng qo'lqoplarini mixga ilishga qaror qildi. Murabbiylikka qadam qo'ygan qahramonimiz shu vaqtga qadar "Mashal" va "Bunyodkor" akademiyalarida, "Navbahor" jamoasida, O'zbekistonning turli yoshdagi terma jamoalarida darvozabonlarni tayyorlashda jonbozlik ko'rsatgan.
- Bilamiz, siz O'zbekiston milliy terma jamoasi libosida ilk rasmiy uchrashuvda maydonga tushgan birinchi darvozabon sifatida tarixga kirgansiz. Keling, dastlab o'sha yillarni yodga olsak. Mustaqil O'zbekiston tarixidagi birinchi o'yindan o'ziga hos taassurotlar qolgan bo'lishi aniq...
- Meni ilk bor terma jamoaga Rustam Akramov taklif qilgandi. O'sha paytda "Paxtakor" jamoasida to'p tepardim. Adashmasam, Markaziy Osiyo kubogi turnirida biz ham ishtirok etganmiz. Ilk rasmiy o'yinni esa ushbu musobaqa doirasida Tojikiston terma jamoasiga qarshi o'tkazaganmiz. 2:2 hisobida durang natija qayd etganmiz. Gollarni ikkalasini ham Rustam Abdullaev urgandi. U futbolchilik faoliyati davomida mahoratli hujumchilardan biri bo'lgan. Mustaqillikdan keyingi birinchi uchrashuv bo'lgani uchun qiyinchilik tug'dirgan. Buni tan olaman. O'z o'rnida ustozim Rustam Akramovga rahmat aytib qolaman. Birinchi darvozabon sifatida tarixda qolishimga ular sababchilar. Birinchi yig'ilgan jamoada o'z davrining eng kuchli futbolchilari bor edi. Gennadiy Denisov, Valeriy Kechinov, Andrey Pyatnickiy va boshqalar. Keyinchalik ularni aksariyati xorijga ketishdi. Men bilan birga Tojikiston bilan o'yinga Pavel Bugalo ham taklif etilgandi.
- Avvalari darvozabonlar bilan ishlaydigan murabbiylar bo'lmagan. Hozirda har bir klubda va terma jamoalarda kiperlar bilan alohida mutaxassislar ishlaydi...
- Ha. Oldin bir jamoada ikki, uzog'i uch nafar murabbiy bo'lardi, xolos. O'shalarni o'zi barcha ishlarni qilardi. Darvozabonlar bilan umuman boshqa odam ishlagan, yani biron bir yuqori saviyadagi futbolchi yordamlashardi. Aniqrog'i, o'zimiz mustaqil shug'ullanardik. Ular esa ko'maklashardi. Keyin shunday qarorga kelishdiki, jamoalarga murabbiylar shtabiga darvozabonlar murabbiylarini kiritishdi. Bu ishni birinchi marotaba "Traktor" bosh murabbiyi Valeriy Nikolaevich Lyotkin boshlab berdi. Jamoada SHeykin darvozada turardi. Vyacheslav Tomilin futbol bilan xayrlashgach nima qilishini bilmadi va darvozabonlar murabbiyi sifatida ish boshladi. Menimcha, jamoalarga darvozabonlar murabbiyi juda zarur edi. CHunki, kiper bo'ynida juda katta masuliyat bo'ladi. U bilan alohida ishlamasa bo'lmasdi. Bosh murabbiyga og'irlik tushardi. Qanday otilish kerak, qaysi joyda qanday turish kerak bularni barchasini posbonlarga o'rgatish lozim edi. Ularni xatolarini ko'rsatib bera oladigan va tahlil qila oladigan alohida mutaxassislarni ishlashi faqat foyda keltirardi. Masalan futbol maktablarida darvozabonlar 14, 15 yoshgacha o'zi mustaqil mashg'ulot olib borishi mumkin. Lekin, o'smir yoshdan boshlab posbonlarni tarbiyalashga darvozabonlar murabbiyi kerak bo'ladi. Ko'p darvozabonlarni o'yinlardan keyin ruhiyati tushib ketadi. O'ziga kela olmaydi. Bu murabbiylikdagi tajribamdan qiyos.
- Bugungi kunda jamoalarda darvozabonlar murabbiylari aksariyat hollarda tayyor kiperlarni shug'ullantiradi. Futbol maktablarida va to'g'raklarda esa darvozabonlar murabbiylarini deyarli uchratmaymiz. Sizningcha darvozabonlarni tarbiyalash qanday amalga oshirilishi kerak?
- 11-12 yoshgacha maydonda o'zini erkin his qilgan holda ko'proq to'p bilan muomala qilishni o'rganib poydevorni qo'yib olish zarur. 15 yoki 16 yoshdan keyin bo'yiga, jismoniy holatiga va xarakteriga qarab darvozabonlikka tayyorlab borish kerak. Ayrim darvozabonlar urinib ko'radi, mashg'ulotlarda ishlaydi. Lekin, natija o'xshamaydi. Ko'p gol o'tkazib yuborgach ruhiy jihatdan sinib qolishadi. Ularga nisbatan bosim ko'p bo'ladi. Ishlagan joyimda, masalan "Bunyodkor" akademiyasida darvozabonlarga dars berganimda ham rahbarlarga va bosh murabbiylarga bosim qilmaslikni aytganman. Mayli 10ta gol o'tkazib yuborsa ham darhol reakciya qilmaslikni tushuntiraman. Bu darvozabonning ruhiyatiga salbiy tasir qiladi. O'yindan bir yoki ikki kun o'tib xatolarni tahlil qilamiz va tushuntiramiz. Klubga kelgunga qadar bularni barchasi futbol maktablarida o'qitilishi kerak. Darvozabonlar murabbiylarini ishi shunaqa qiyin. Gohida to'p qo'liga tegib kirib ketadi, bazan futbolchini zarbasi o'ta mukammal chiqadi. Bularni bari mashg'ulotlarda tushuntiriladi.
- Yuqorida ham takidlab o'tdik. Oldin darvozabonlar murabbiylari bo'lmagan. Lekin, jismonan baquvvat darvozabonlar etishib chiqqan. Har bir klubda bittadan taniqli darvozabon bo'lardi. "Traktor"da SHeykin, "Navbahor"da Bashkevich, "Dinamo"da Evgeniy Safonov va hokazo. Endi hozirgi paytga bog'laydigan bo'lsak darvozabonlarga shug'ullanish uchun bugungi kunda oson bo'lib qoldi. CHunki, alohida murabbiy bilan va maxsus jihozlar bilan mashqlarni olib borishadi...
- Biz ko'proq o'z ustimizda ishlardik. Hattoki, stadiondan bizni haydab chiqara olishmasdi. Bashkeevich Belorus futbol maktabi tarbiyalanuvchisi bo'lgan. 1991 yil uni O'zbekistonga olib kelishgan. "Navbahor" SSSR birinchi ligasida qatnashardi. O'zini sifatilarini ko'rsata oldi. O'zbekiston kubogida va chempionatida g'olib chiqdi.
- Ko'p kuzatamiz darvozabonlar va futbolchilar mashg'ulotlarni tezroq tugatib ketishni istashadi...
- Ha, bu to'g'ri. Mashg'ulotlardan keyin darrov kiyimlarini yig'ishtirib ketish payida bo'lishadi. Internet va ijtimoyi tarmoqlarda kechasi bilan o'tirishadi. O'z ustilarida ishlashmaydi. Qaysidir manoda dangasa bo'lib qolishgan. Bizda mashg'ulotlar ertalab olib boriladi. Xo'p, kechqurun ham uyda mustaqil ishlasa bo'ladi-ku. Buni jamoamda shug'ullantirayotgan darvozabonlarimga ham aytaman. Mashg'ulotdan keyin uyga borib dam olish va to'yib uxlash kerakligini takidlayman. Ertalabki mashg'ulotlarga kuchga to'lib, tetik holatda kelishlarini talab qilaman.
- 2016 yil "Navbahor" jamoasida faoliyat boshlagan edingiz. Hisoblab chiqilsa o'sha mavsumning o'zida jamoada besh nafar murabbiy ishlaganini ko'rishimiz mumkin. Namangandagi faoliyatingizni qanday baholaysiz?
- Namangan xalqi o'ta talabchan, futbolni yaxshi ko'radigan va futbolni tushunadigan xalq hisoblanadi. Ular har bir turda g'alabani istashadi. Buni o'zim boshimdan o'tkazganman. 1986-1987 yillarda "Kosonsoy" jamoasida to'p tepganimda stadion odam bilan to'lardi. 15-20 mingga yaqin muxlislar kelardi. Yutqazgan o'yinlarimizda ham oxirigacha turib bizni qo'llab-quvvatlardi. Biz "Kosonsoy" bilan o'yinlarda yutsak ham, yutqazsak ham ular to'g'ri tushunardi. Hozir ham "Navbahor"ning muxlislariga faqat va faqat havas bilan qarayman.
- Bugungi kunda Pro liga vakili “Oq-tepa” jamoasi sharafini himoya qilayotgan darvozabon Erkin Jabborov o'g'lingiz bo'ladi. Uning o'yinlarini kuzatib tavsiyalaringizni berib borasizmi?
- Ha, Erkin o'z vaqtida “Paxtakor” darvozasini qo'riqlagandi. Beshta uchrashuvda maydonga tushib bitta gol o'tkazib yuborgach zahiraga mixlangan. “Xorazm”, “Qizilqum” jamoalarida yomon to'p tepmadi. Garchi o'g'lim bo'lsada ishiga aralashmayman. Hattoki, qancha oylik olishini ham bilmaganman. Biron bir klub bilan shartnoma tuzayotganda o'rtasiga qo'shilmayman. CHunki, u mustaqil professional futbolchi. O'yinlarini deyarli ko'rmayman.
- O'zbekistonlik futbolchilar texnika va tezlik jihatdan Osiyodagi deyarli aksariyat termalardan ustun sanaladi. Lekin, hamon fikrlash borasida ulardan ortda qolmoqdamiz. Koreya, Yaponiya, Saudiya Arabistoni termalarining futbolchilari uzatmalarga va paslarga ko'p vaqt sarflamaydi. Biz tezroq fikrlashni o'rganishmiz kerak emasmi?
- SHunday jamoalardan biri Kievning "Dinamo"si edi. Valeriy Labanovskiy birinchi galda jismoniy holatga va futbolchilarining fikrlash tezligiga etibor qaratardi. Uning jamoasidagi futbolchilar bir-birlarini qaramasdan tushunardi. Orqaga oldinga qaramaydi. Mashg'ulotlarda doim takidlayman, boshni ishlatinglar va o'ylanglar. Aql bilan to'p tepinglar. Yurak va kallaga quloq solinglar bo'ldi deyman. Boshqa hech narsa kerak emas. Odamni boshqaradigan ikki narsa kalla va yurak. Darvozabon va boshqa futbolchilar 18 20 yoshgacha o'sadi. Mana hozir qo'l ostimdagi kiperlardan biri bemalol yoshlar terma jamoasiga tortadi. Buni Timur Kapadzeni o'ziga ham aytdim.
- Murabbiy sifatida qo'l ostingizdagi darvozabonlardan nimani talab qilasiz? Ish uslubingiz va falsafangiz qanday?
- Haqiqiy proffessional darvozabon o'z ishiga doim vijdonan yondashishi lozim. U uyda ham, televizorda ham ko'rib, mustaqil o'z ustida ishlab, yuqori saviyadagi darvozabonlardan o'rnak olishi shart. SHaxsan o'zim 1978, 1982 yilgi Jahon chempionatlarini ko'rib dunyo yulduzlarini o'yinlaridan andoza olganman. Meni fikrimcha darvozabon maydonga chiqqanidan so'ng ko'zi yonib turishi kerak. Ko'zi chaqnab tetik bo'lsa o'yinda o'zini yo'qotib qo'ymaydi. U qanday holatda bo'lishidan qatiy nazar mashg'ulotda astoydil mehnat qilsa samarasini o'yinda ko'radi. Men har bir mashg'ulot boshlanishidan oldin shogirdlarimni ko'ziga qarayman. U uhlayaptimi yoki nimanidir o'ylayaptimi, muammolari bormi qiziqib so'rayman. Bo'lmasa maydonda hayoli boshqa joyda bo'ladi. Uni fikrini jamlash uchun obdon suhbatlashaman.
- O'zingiz etishtirgan va tarbiyalagan darvozabonlar sifatida bugungi kunda Superligada o'ynayotgan kimlarni ko'rsata olasiz? Masalan, Aslonbek Ahrorov joriy mavsumda "Andijon"ning asosiy darvozaboni bo'lib harakat qilmoqda...
- Aslon bilan bir yil ishladim. "Mashal" akademiyasida ishlaganimda Sanjar Quvvatov, Eldor Suyunovlarni 15, 16 yoshidan boshlab tarbiyalaganman. So'ng asosiy jamoada Denis Ivankov qo'l ostida shug'ullanishgan. Javohir Ilyosov o'zimizda "Lokomotiv"da o'ynamoqda. Tayyor darvozabon bilan ishlash hamisha oson bo'lgan. Normativlarni va kerakli ko'rsatmalarni berasiz tamom. Yoshlarni va o'smirlarni darvozabonlikka tayyorlash mashaqqatli.
- Endigi savolim Ignatiy Nesterov haqida. Nesterov uzoq yillar davomida milliy terma jamoamizning birinchi raqamli darvozaboni bo'lib keldi. Sizningcha keyingi yillarda birinchi raqamli maqomni kim olishi mumkin?
- Terma jamoada ayni paytda har tomonlama tayyor turgan Superligada o'zini ko'rsatayotgan darvozabon turishi kerak deb o'ylayman. Superligada 14 ta jamoadan jami 28ta darvozabon chiqadi. Ayni paytda terma jamoada men hozirgi kundagini aytmoqchiman, "Navbahor" kiperi O'tkir Yusupovni termaga loyiq deb bilaman. U barqaror o'yin ko'rsatmoqda, reakciyasi ham tez. Terma jamoa sentyabrda yig'in o'tkazsa o'sha paytdagi tayyor va barqaror o'ynayotgan darvozabonni chaqirish kerak. Albatta, men bosh murabbiyning ishiga va qarorlariga aralashmoqchi emasman. Maslahat berishga ham ojizlik qilaman. Esingizda bo'lsa terma jamoada Anvar Rashidov ishlaganida Nesterov va Temur Jo'raev taklif etilardi. Hozir Denis Ivankov ishlayapti, Quvvatov va Suyunov muntazam taklif etilmoqda. Bu nimani anglatadi? Barcha murabbiylar o'zi tanigan va bilganlar bilan ishlamoqda. Qolganlar munosib emasmi? Barchaga teng munosabatda bo'lish lozim. Bu eng katta minuslarimizdan biri. Men Suyunov va Quvvatov yomon futbolchi deyish fikridan yiroqman. Ammo, qolgan boshqa darvozabonlarga ham imkoniyat bersa zarar qilmaydi.
- Murabbiylikda qaysi jamoadagi faoliyatingizdan ko'nglingiz to'lgan?
- O'z vaqtida Qozog'istonda "Taraz" jamoasida ishlaganman. SHu klubda rohatlanib o'zim istagandek mehnat qilganman. Ismi esimda qolmagan, qo'l ostimda Qozog'iston milliy terma jamoasini darvozaboni shug'ullanardi. O'yinida pasayish bo'lgani sabab uni boshqa terma jamoaga chaqirishmagandi. "Taraz"ga keldi, uch oy birga shug'ullandik. O'zini darajasiga qaytdi. SHu yili u yozda yana terma jamoaga qaytdi. Beshta o'yinda darvozasi dahlsizligini saqlab qoldi. Uni onasi o'zbek, otasi qozoq millatiga mansub edi. Harakterida qozoqlarni yonib turishi va o'zbeklarning og'ir, bosiqligi umumlashgandi. SHu bois ishlash oson bo'lgan. "Mashal", "Nasaf"da yomon ishlamadim. Intervyuga taklif qilganingiz uchun tashakkur. Sizlarga ham omad va zafarlar tilab qolaman.
Abdulaziz Iskandarov suhbatlashdi.
Fikrlar