Azamat Abduraimov: O'ylaymanki, Olimpiya terma jamoamiz O'FFning istiqbolli loyihalaridan biri bo'ladi
10 okt 2017 13:53
Yangiliklar
Azamat Abduraimov: O'ylaymanki, Olimpiya terma jamoamiz O'FFning istiqbolli loyihalaridan biri bo'ladi
Garchi Abduraimov futbolchilik davrida o'zidan yorqin iz qoldirgan bo'lsa-da, murabbiylikni boshlaganidan beri futzaldagi chempionlikni hisobga olmaganda katta futbolda hozircha natija ko'rsata olgani yo'q.
Abduraimovlar sulolasi vakili intervyu berar ekan, hozirgi O'FF olib borayotgan siyosat, milliy terma jamoamizga JCH-2018 saralash bosqichida nima etishmagani, shuningdek o'zining murabbiylik faoliyatiga to'xtalib o'tdi.
- Azamat Erkinovich, ko'pincha o'yindan keyin futbolchilar o'zaro futbolka almashishadi. Sizda 1994 yilgi Osiyo o'yinlaridan birorta futbolka saqlanib qolganmi? Masalan, Janubiy Koreya yoki Xitoy bilan kechgan o'yinlardan so'ng.
- Bilasizmi, biz o'sha musobaqaga faqat bir komplekt liboslarda borgandik. Umuman olganda, Osiyo o'yinlariga borishimiz avvaldan rejada bo'lmagan, hammasi birdaniga hal bo'lgan. Biz musobaqaga borganda futbolchilar oldiga qatiy talab qo'yilgandi, yani final o'yiniga qadar hech kim bilan futbolka almashmaslik. Faqat final bahsi yakuniga etgachgina men raqib o'yinchisi bilan futbolka almashganman. Mana endi oradan yillar o'tib esiz futbolkamni o'zimda saqlab qolmagan ekanman, deya afsuslanib yuraman. CHunki biz o'sha paytda qanday natijani qo'lga kiritganimizni bilmasdik. Bu o'zbek futboli uchun juda katta voqea bo'lishini oradan yillar o'tib tushunib etganmiz. O'z terma jamoam futbolkasi naqadar qadrli va qimmatbaho ekanini o'sha payt bilganimda almashtirmagan bo'lardim.
- Keling, endi hozirgi kun haqida gaplashamiz. Malumki, 7 sentyabr kuni Toshkentda tashkil etilgan “Sport tashkilotlarini boshqarish va jahon tajribasi” mavzusidagi xalqaro konferenciyada siz ham ishtirok etdingiz. Unda O'zbekiston futbol federaciyasini qanday boshqarish kerakligi haqida o'z fikringizni bildirdingiz. Ayting-chi, keyinchalik fikrlarni O'FF rahbariyatiga etkazish imkoni bo'ldimi?
- Avvalo shuni aytishim kerak, bizda birinchi marta bunday xalqaro konferenciya yuqorining buyrug'i bilan emas, balki Anhor.uz sayti tashabbusi ostida amalga oshirildi. Rossiyadan Alisher Aminov, Vladimir Leonchenko singari mutaxassislar taklif etildi. Ular sport tashkilotlarini boshqarish haqida jahon tajribasi bilan o'rtoqlashishdi va buni O'zbekistonda qanday qo'llash kerakligi bo'yicha o'z dasturlarini taqdim etishdi. Biz ushbu tadbirga futbol faxriylari sifatida taklif qilingandik va fursatdan foydalanib ko'pchilik o'z fikrini bildirdi.
Konferenciyada bir masalaga alohida etibor qaratildi, yani, o'zbek futboli islohotlarga muhtoj. Bu haqda keyinchalik O'FFning yangi rahbari Umid Ahmadjonov ham aytib o'tdi. Biz futbolni ko'tarishimiz kerak, lekin buni davlat yordamisiz amalga oshirib bo'lmaydi. Bu haqda konferenciyada ham gapirildi. Hozir bizda hukumat ko'magisiz futbolni ko'tarish imkoni yo'q. Men futbolni yuksaltirish borasida o'z fikr-mulohazalarimni Alisher Aminovga etkazib, uning dasturini qo'llab-quvvatladim.
Tan olish kerak, oxirgi yillarda Osiyo qitasida mavqeimizni ancha boy berib qo'ydik. Yoshlar, o'smirlar va olimpiyachilarimiz jahon chempionati, Olimpiada o'yinlariga yo'llanmani qo'lga kirita olishmadi. Milliy terma jamoa esa JCH-2018 saralash bosqichini muvaffaqiyatsiz yakunladi. SHuningdek, bolalar futbolida ham muammolar ko'p, ichki chempionat saviyasi ancha tushib ketgan, federaciya ishi deyarli ko'rinmayapti. Lekin bu muammolarni davlat ko'magisiz echish qiyin. Bizga uzoq muddatli rivojlanish dasturi zarur.
- Siz O'FF prezidenti Umid Ahmadjonov haqida gapirib o'tdingiz. U federaciya faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni taklif qilyapti. Bundan tashqari, uning aytishicha, O'FFda 90 foiz xodim o'zgaradi. Bunga munosabatingiz qanday?
- Menimcha, buning allaqachon vaqti etib kelgan. Yaqinda O'FF prezidenti bilan dastlabki matbuot anjumani o'tkazilib, unda yangi vice-prezident, shuningdek O'FF ijroqo'm azolari ham ishtirok etishdi. Matbuot anjumanida Umid Ahmadjonov asosan beshta yo'nalishdan iborat to'rt yillik dastur haqida axborot berdi. Dasturda keltirilgan punktlarga to'liq qo'shilaman va muammolar bartaraf etilsa ko'pchilik qatori men ham xursand bo'laman.
To'g'risini aytish kerak, bungacha O'FF olib borayotgan siyosat shaffof emasdi: kadrlar masalasi qanday hal qilinadi, federaciyaning byudjeti qancha, xarajatlar smetasi qanday hal etiladi, biz bular haqida bilmasdik. Moliyaviy ochiqlik davr talabi hisoblanadi, hozirgi kunda Evropada barcha federaciyalar shu asosda ish olib bormoqda. Bizning federaciya ham buyog'iga shu yo'lni tanlashi kerak deb o'ylayman. Hozir ko'pchilik rivojlanishning nemischa moduli haqida gapiryapti. SHu o'rinda men ham buni maqullayman, biz futboli rivojlangan mamlakatlarning eng yaxshi usullarini o'zlashtirishimiz kerak. Buning uchun shaffoflik eng ahamiyatga molik jihatlardan biri hisoblanadi.
Men federaciyada tizimni o'zgartirish kerakligi haqida ko'p gapirganman. Bu bilan bir odam o'rniga boshqasini olib kelish haqida gapirmayapman, balki butun tizim haqida fikr bildiryapman. Masalan, bizda murabbiylar kengashi qayta tiklanishi kerak, juda ko'p futbol federaciyalarida bo'lgani kabi sport direktori lavozimini yo'lga qo'yish darkor, shuningdek marketing va menejment bo'limlariga ham katta etibor qaratish zarur.
Futbol - bu biznes. Endilikda biz ham o'zimiz pul topish to'g'risida o'ylashimiz lozim. Masalan, PFLning haligacha titul homiysi yo'q, RFPL (Rossiya)da esa bor. Bu - “Rosgosstrax” sug'urta kompaniyasi. Har doim ham davlatning cho'ntagiga qarab qolish kerakmas. Menimcha, buni O'FFning yangi rahbari, Ijroqo'm azolari juda yaxshi tushunib turishibdi. Muxlislarni xursand qilayotgan jihat esa hozirgi O'FF tizimida Bobur SHodiev kabi biznesni juda yaxshi tushunadigan kishining borligi va o'ylaymanki, uning biznesdagi tajribasi futbolni rivojlantirish borasida qo'l keladi.
- Madomiki, O'FFda kadrlar masalasi ko'rib chiqilayotgan ekan, siz ham federaciyada ishlash bo'yicha taklif oldingizmi? O'zingizni qaysi rolda sinab ko'rgan bo'lardingiz?
- Meni yaqinda suhbat uchun federaciyaga taklif etishdi. U erda O'FF vice-prezidenti SHoakram Ismoilov bilan hozirgi futbolimiz haqida suhbat qurdik. Suhbat davomida biz federaciyaning bungacha qanday ishlab kelgani, qaerda xatolarga yo'l qo'yilgani va bundan keyin qanday ishlashi kerakligi borasida o'zaro fikr almashdik. Bundan tashqari, men bir necha yil davomida Vadim SHodimatov bilan tayyorlagan dasturimiz haqida gapirib berdim. Bu dastur 2018-2020 yillarda olimpiya terma jamoamizni Olimpiada o'yinlariga puxta tayyorlashni o'z ichiga oladi. Bungacha yaqin do'stim, hozirgi kunda “Bunyodkor” PFK Bosh direktori bo'lib ishlayotgan Murod Alievga ham dastur haqida gapirib bergandim. Aytishim mumkinki, dastur unga maqul keldi.
- Dastur haqida qisqacha malumot bersangiz.
- Dasturda 2020 yil Yaponiyada o'tkaziladigan Olimpiada o'yinlariga terma jamoamizni qanday tayyorlash kerakligi atroflicha ko'rsatilgan. Biz ushbu dasturda maqsadga erishish uchun o'yinni qanday yo'lga qo'yish, murabbiylar shtabini mujassamlashtirish, taktika va maqsadlarni batafsil keltirib o'tganmiz. Qolaversa, oldingi saralashlardagi muvaffaqiyatsiz ishtiroklarni chuqur tahlil qilgan holda keyingisida nimalarga etibor berish kerakligi haqida fikr yuritganmiz.
Yaxshi natijaga erishish uchun himoyadan hujumga tez o'tishni yo'lga qo'yish zamonaviy futbol talabi bo'lib qoldi. 1994 yilgi Osiyo o'yinlarida g'olib bo'lganimizning asosiy siri ham shunda edi: biz tez, aqlli va hujumkor futbol namoyish etardik. O'ylaymanki, O'FF Vadim SHodimatov ikkalamizga Ijroqo'm yoki murabbiylar kengashi oldida so'zga chiqib ushbu dasturni to'liq tushuntirib berish imkonini beradi. Olimpiyachilar - bu futbolimiz kelajagi! Agar biz ularning Olimpiada o'yinlariga borishini taminlay olsak, bu futbolimiz rivoji uchun juda katta turtki beradi, qolaversa keyinchalik shu futbolchilar milliy terma jamoaning asosi bo'ladilar.
- Demak, siz urg'uni yoshlar va bo'lajak olimpiyachilarga beryapsiz. Milliy terma jamoa haqida nima deya olasiz? Sizningcha, jahon chempionatiga chiqish uchun nima etishmadi?
- Men o'z ish uslubimga ko'ra milliy terma jamoa o'yinlarini tahlil qilib chiqdim. Birinchi navbatda ko'zga tashlangan narsa shuki, bizda jismoniy kuch etarli emas. Aynan jismoniy holat bo'yicha qitaning etakchi jamoalariga yutqazyapmiz. Tan olish kerak, Yaponiya, Koreya, Eron va Avstraliya bizga nisbatan fizik jihatdan kuchli. Bundan kelib chiqadiki, biz ham zudlik bilan jismoniy holatni shakllantirish ustida ish olib borishimiz kerak. Etakchilar bilan o'yinlarda ko'proq atletizm va yakkakurashlarda yutqazyapmiz va chetdan qaraganda bu xunuk kartina bo'lib ko'rinmoqda.
Ikkinchi muammo - golli vaziyatlardan foydalana olmaslik. Saralashning oxirgi raundida biz o'nta o'yinda atigi oltita gol urdik. Va hech bir gol hujumchi tomonidan kiritilmadi. Menimcha, bu erda bosh murabbiy muammosi ko'zga tashlanadi, sababi boshqa nomzodlar bo'lishiga qaramay faqat bitta hujumchini maydonga tushiraverdi. Keyingi masala - himoyadan hujumga juda sekin o'tamiz. Qolaversa, raqib himoyasini engib o'tish, qanotlarda faol o'ynamaslik ham biz uchun muammoligicha qolmoqda. To'g'ri, to'pni nazorat qilyapmiz, lekin yakun yo'q baribir.
O'yinlarni tahlil qilar ekansan, jamoamizda o'yinga moslashish jarayoni yo'qligini ko'rasan. Bizda faqat bitta taktika 4-2-3-1 bo'lib hamma o'yinlarda faqat shundan foydalandik. Futbol tili bilan aytganda, “B rejasi” umuman ko'zga tashlanmadi yoki biz bor edi-yu, ammo undan foydalana olmadik. O'yinchi almashtirishlar ham hech qanday naf bermadi. Eron terma jamoasi bizga Toshkentda qanday saboq berib ketganini bir yodga oling. Keyrush Babayanni taktik taraflama yutib ketdi. O'yin boshida eronliklar kuchli pressing uyushtirgan holda bizga umuman imkon berishmadi. Keyinchalik ular gol urib olgach chuqur himoyaga o'tib olishdi. Biz hududiy jihatdan ustunlikka ega bo'lsak-da, qarshi hujumlarda ular faol ko'rindi. Bu o'yinga qo'yilgan reja qanchalik aniq bo'lganidan hamda jamoaning bir taktik sxemadan ikkinchisiga uddaburonlik bilan o'ta olganidan darak beradi.
- Sizningcha, milliy terma jamoamizning yangi bosh murabbiyi kim bo'lishi kerak?
- O'FF rahbariyati to'rt yillik rivojlanish dasturi haqida malumot berar ekan, birinchi o'ringa milliy terma jamoaga bosh murabbiy tayinlash vazifasini qo'ygan. Va katta ehtimol bilan yangi murabbiy xorijlik bo'ladi. Hozirgi holatda bu juda to'g'ri qaror. Agar bizga chetdan kuchli, shu bilan birga o'z ishini biladigan murabbiy kelsa bu albatta foydamizga ishlaydi. 2019 yil navbatdagi Osiyo Kubogi bo'lib o'tadi va ungacha murabbiyda o'yinchilarni aniqlab olish uchun bemalol vaqt bo'ladi. Xorijlik murabbiyning yaxshi tomoni - u hech qaysi klub manfaatini ko'zlamaydi, barcha jamoalarga birdek qaraydi. O'ylaymanki, avvalgi xatolardan kelib chiqib hozirgi rahbariyat ham milliy, ham olimpiya terma jamoasiga bir kishini murabbiy qilib qo'ymaydi. CHunki buning foyda bermasligiga bir emas, ikki bor guvohi bo'lganmiz.
- Siz o'z vaqtida yoshlar terma jamoasini boshqargansiz. SHundan kelib chiqib hozirgi yoshlarga nimalarni maslahat bera olasiz?
- Hamma eshitgan oddiy narsani yana qaytarmoqchiman. Faqat iqtidorning o'zi kamlik qiladi, o'sish uchun juda ko'p mehnat qilish kerak. Albatta, futbolni sevish birlamchi. Otam aytganidek, futbol hech kimning oldida qarzdor bo'lib qolmaydi. Faqat sportning bu turini sevib bor kuch bilan sadoqatini ko'rsatishi kerak. O'zimdan kelib chiqib aytadigan bo'lsam, ikkala oyoqda bir xil zarba berish uchun har kuni soatlab mashq qilardim. Mashg'ulot tugagach, darvozabon bilan qolib unga ham o'ng, ham chap oyoqda tinmay zarba yo'llardim.
Muxlislar 1994 yil Janubiy Koreyaga urgan golimni mening eng chiroyli golim deb bilishadi. Nima uchun? CHunki o'sha golni uzoqdan, buning ustiga chap oyoqda urganman. Aslida esa o'naqayman. Endi fintlarga keladigan bo'lsak, buning uchun fishkalar yordamida ishlash katta yordam beradi. Negadir hozirgi yoshlar mustaqil mashg'ulotlarga kam etibor beradigan bo'lib qolishdi. Bizning paytda soatlab maydonda qolib ketardik. Ko'pincha Ronaldu va Messini o'zaro taqqoslaymiz, ular olayotgan pullarni muhokama qilamiz. Lekin unutmaylikki, yulduzlik darajasiga chiqish oson emas va buning uchun ko'p mehnat talab qilinadi.
- Siz shuningdek, futzalda ishlab “Ardus” bilan O'zbekiston chempioni bo'lgansiz.
- Ha, bu yoqimli xotiralardan biri. Bu mening murabbiylik faolyatimdagi ilk muvaffaqiyatim bo'lgan. “Ardus” 2004 yil tuzilgan bo'lsa, biz o'sha yiliyoq dastlabki urinishda chempion bo'lgandik. Bu men uchun katta tajriba maktabi bo'lgan va uni hech qachon unutmayman. “Ardus”ni qabul qilib olganimda jamoa ikkinchi o'rinda borayotgandi. Biz chempionat oxirigacha ikkinchi o'rinda borib, so'nggi turda peshqadam ustidan g'alaba qozongan holda chempion bo'lganmiz.
- Lekin futbolda murabbiyning ishi doim ham bir tekis kechmaydi. Siz muvaffaqiyatsizliklarga qanday qaraysiz?
- Savolingizni tushundim. Muxlislar Azamat Abduraimov “Andijon”da ishlab o'zini ko'rsata olmagan deyishadi. Men bunga xotirjam qarayman. Mag'lubiyat hammani kuchli qiladi, shu jumladan murabbiylarni ham. Har doim g'alaba qozonadigan murabbiy jahon futbolida ham yo'q. Men o'zimizning futbolda chempion bo'lib, keyin boshqa jamoaga borib ishlagan, ammo hech qanday natija ko'rsata olmagan ko'plab murabbiylarni aytishim mumkin. Ko'p narsa qo'lingdagi mahsulotga bog'liq. Masalan, “Andijon” hozir ham birinchi ligada o'ynamoqda. Men u erdan ketgandan so'ng oradan uch yil o'tdi va bu vaqt oralig'ida jamoada olti marta murabbiy almashdi, natija esa hamon yo'q. Demak, gap “Abduraimov yomon murabbiy”ligida bo'lmasa kerak, balki aybni klub tizimidan va rahbariyatdan qidirgan maquldir.
Menda mag'lubiyatlar ham, g'alabalar ham bo'lgan. 2008 yilni olaylik, o'shanda “Bunyodkor” sport direktori edim va jamoa o'z tarixida birinchi bor mamlakat chempionligi va Kubokni qo'lga kiritgan. Bundan tashqari, “Dinamo”da ham yomon ishlamaganman. U erda yaxshi jamoa tuzgandim, biz doim hujumkor va muxlislarga yoqadigan futbol namoyish etardik. Samarqandlik muxlislar hanuz o'sha damlarni quvonch bilan eslab turishadi. Bunga aminman. SHuni aytishim mumkin, men o'zimga ishonaman va ishonch murabbiy uchun juda muhim. Etibor bering, 1994 yilgi chempion tarkibdan qanchadan qancha yaxshi murabbiylar etishib chiqdi. CHunki ularda g'oliblik ruhi bor va uncha-buncha mag'lubiyat ularni sindira olmaydi. Yana shunga ishonamanki, bizning futbol hali mavjud va bir kun kelib biz ham albatta katta g'alabalarga erishamiz.
- Vaqt ajratib saytimiz ofisiga tashrif buyurganingiz uchun minnatdorchilik bildiramiz. Futboldagi keyingi faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz.
- SHu fursatdan foydalanib men ham Championat.asia saytiga omad va qiziqarli loyihalar ko'payishini tilab qolaman. Muxlislarimizga esa futbolni yaxshi ko'rishlarini, o'zbek futboliga ishonishlarini va qo'llab-quvvatlashlarini tilayman. Hozirgi paytda amalga oshirilayotganlar o'zgarishlar vaqti kelib albatta o'zining ijobiy mevasini beradi deb umid qilaman.
Nigora Abidova suhbatlashdi.
TAS-IX Emas
Fikrlar