Afsonaviy Paolo Maldini bilan suhbat
01 apr 2019 11:00
Yangiliklar
Afsonaviy Paolo Maldini bilan suhbat
— Siz 16 yoshingizda “Milan”da debyut qilgansiz. Birinchi bahsga metro orqali etib kelgan ekansiz. SHu rostmi?
— 16 yoshimda hali haydovchilik guvohnomam yo'q edi. Men Milanello mashg'ulot markaziga metro yoki avtobusda borardim. Uchrashuvga esa klub avtobusida jamoa bilan birgalikda borar edik.
— Nima deb o'ylaysiz, Sakki futbolda haqiqatdan ham yangilik qila oldimi? Uning mohiyati nimada edi?
— Sakki rostan ham inqilobchi. U futbolni o'zgartira oldi, u futbolchilarni tayyorlash borasida metodlar yaratdi. Sakki avval futbolchilar bilan ishlamagan atletika murabbiylarini olib keldi. Lekin undan tashqari yana inqilobchi bor edi — Berluskoni. U esa hamma narsani o'zgartirib tashladi. Aynan u Sakkini tanlagandi. Prezident klubni yangi uslub bilan yo'naltirdi — zamonaviyroq, xalqaro talablarga javob bera oladigan qilib. U Italiya himoyaviy o'yin ko'rsatishini xohladi hamda muxlislar fikrini ijobiy tomonga o'zgartirish maqsadida klub murabbiyligi lavozimiga Sakkini taklif qildi.
Sakki jismoniy tayyorgarlik tomondan ko'plab ijobiy narsalar o'ylab topdi. O'sha vaqtlar juda qiyin kechgan. U juda og'ir mashqlar qildirar edi. Bunday mashqlarga ko'pchilik dosh bera olmasdi.
— Van Basten, Raykard, Gullit — gollandiyalik uchlik juda yaxshi natijalar qayd etishardi. “Milan” qay darajada ularga bog'lanib qolgandi? Yani ular jamoa uchun qanchalik muhim edi?
— O'sha jamoaning asosi ancha oldin tiklab bo'lingandi. Sakki hamda Berluskoni kelguncha klub tarkibida Barezi, Tassotti, Filippo Galli, Evani, Kostakurta kabi kuchli o'yinchilar bor edi. Himoya — “Milan”ning yuragi — yaratilgan edi. Gollandiyaliklar Sakki uslubiga juda mos kelgan. Van Basten, Gullit va Raykaard “Milan”ni xalqaro maydonda ham yanada mashhur qila olishdi.
— Sizning otangiz “Milan” afsonasi bo'lgan. Bu sizga yordam berganmi yoki aksincha?!
— Bosim bo'lgan, albatta. To'g'risini aytsam o'g'illarimga qaraganda, menga osonroq bo'lgan ekan. CHunki ularga ikki avlod vakillari bosim o'tkazadi. Otasining mashhur bo'lishi farzandga bazida qiyinchilik tug'diradi. Biroq boshqa tomondan bundan fahrlanasiz.
— 1998 yil otangiz terma bosh murabbiyi bo'lgan. Siz esa jamoa sardori edingiz. Birga qanday ishlagansiz?
— Bu juda qiyin bo'lgan. Albatta, shu yordamida katta tajribaga ega bo'lganman, biroq ancha qiynalganman. Otam bilan yoshlar terma jamoasi, asosiy termada hamda “Milan”da birgalikda ishlaganman. Bunday paytda jamoadoshlar oldida ham noqulay vaziyatga tushib qolasiz. Lekin u doim hammaga bir xil munosabatda bo'lgan. Hech ham menga yon bomasdi. Bu esa menga katta yordam bergan.
— Siz faqat “Milan”da o'ynayman deb vada bergan ekansiz. SHu rostmi?
— Yo'q, bunday vada bermaganman. Biroq ich-ichimdan klub, shahar hamda muxlislarga shunday deganman - "hayolimda". Buni hech qachon og'zaki aytmaganman. Men ko'p narsaga erishdim deb o'ylayman — 10 yoshimda “Milan” safida faoliyatimni boshlab, 41 yoshimgacha milanliklar bilan birga bo'ldim.
— “Milan”dagi yorqin g'alabangiz?
— Birinchisining o'rni baribir boshqa deyishadiku. SHu gapga qo'shilgan holda, bu savolingizga CHempionlar Kubogida “Styaua”ga qarshi bahsdagi ilk g'alabam deb javob beraman. Aynan shu g'alaba kelgusidagi muvaffaqiyatlariga sababchi bo'ldi desam, adashmayman. Uchrashuvda klubimiz ishqibozlari raqib jamoa muxlislariga qaraganda ancha ko'p edi. Sababi CHausheska rejimi “Styaua” muxlislari o'yinga kelishlariga imkon qoldirmagan edi. O'shanda bizni “Milan”ning 90 ming muxlisi qo'llab-quvvatlab turgan. Haqiqiy bayramdek bo'lgan edi!
— Siz Italiya termasi bilan Jahon CHempionati hamda Evropa CHempionati finallarida o'ynagansiz. Lekin chempion bo'lish sizga nasib qilmadi. SHuningdek, JCH-2006ga borish imkoniyati sizda bo'lgandi. Lekin rad javobini bergansiz. Bundan afsuslanmaysizmi?
— Albatta, chempion bo'la olmaganimdan afsusdaman. Juda ko'p imkoniyatim bo'lgan: 4 marta JCHda, 3 marotaba Evropa chempionatlarida ishtirok etganman. Taqdir emas ekan. JCH-2006dan yarim yil avval Lippi meni termaga chaqirdi. Ammo bundan 4 yil oldin ketgan edim. SHu sababli qaytish noto'g'ri bo'ladi deb o'yladim. Axir jamoa shu pog'onagacha mensiz kelgan. Ular mundialga chiqishga loyiq edi.
— 1994 yilgi final. Bajo penaltidan urolmadi. Jamoaningiz juda kuchli edi. Undan qanchalik darajada jahlingiz chiqqan?
— Italiya kuchli edi, ammo menimcha, Braziliya baribir bizdan biroz kuchliroq edi. Bajo yarim finalda jarohat olgan edi. Biz himoyada yaxshi o'ynadik, lekin Braziliya g'alabaga ko'proq loyiq edi.
— 1990 yil siz Neapoldagi JCHning yarim finalida mag'lub bo'ldingiz. Aytishlariga qaraganda, Italiyadan ko'ra, Maradonani ko'proq quvvatlashgan ekan. SHu gap to'g'rimi?
— Italiyada ham shunday deyishadi. Ha, aslida shunday bo'lgan. Biz Neapolda o'ynadik, neapolliklar esa Maradonani juda ham yaxshi ko'rishadi. O'shanda hattoki, italyanlar ham unga muxlislik qilgan. Lekin bu mag'lubiyatimizga sabab bo'lolmaydi. Biroq bu narsa o'yinchilar ruhiyatiga katta salbiy tasir ko'rsatgan.
— SHevchenkoni birinchi marta ko'rganingiz yodingizdami?
— CHempionlar Ligasida “Dinamo” tarkibida qanday o'ynaganini ko'rgandim. O'shanda u 3ta gol urgan. Hamma u haqida gapirardi. U “Milan”ga o'tadi degan gap-so'zlar ko'payib ketgan edi.
— SHeva haqidagi birinchi taassurotingiz?
— Avvaliga unga oson bo'lmagan. Boshqa til, boshqacha taomlar, boshqacha qonun-qoidalar. “Dinamo” va “Milan” — umuman turlicha jamoa. Unga Rezo CHoxonelidze katta yordam bergan. U SHevchenko bilan kelgan va italyancha so'zlasha olardi. SHeva maydonda juda tezlik bilan harakat qila olardi. Aynan shu jihati jamoaga tez moslashib ketishida ko'mak bo'ldi.
— Siz unga yordam berishni o'z zimmangizga olganmidingiz?
— Unga hamma ko'maklashgan. Jamoadagilar yangi o'yinchilar ayniqsa, legionerlarga katta yordam berishadi.
— 25 million dollar — 1999 yillardagi vaqt uchun juda katta pul. Bu pullar havoga uchib ketishi mumkinligi haqida o'ylab ko'rganmisiz?
— “Dinamo” o'yinini ko'rganimizda u "super yulduz" bo'la olishini tugshungan edik. Mashg'ulotlarda esa u “o'zgacha o'yinchi” ekanini anglab etdik. U jismonan ancha baquvvat edi. Ko'pincha legionerlar Italiyadagi mashqlarga chiday olmaydi. Ammo SHeva yanada ko'proq ishlashni so'rardi. CHunki u “Dinamo” metodlariga ko'nikib qolgan edi.
— Ukrainada SHevchenkoni salohiyatli futbolchi deb hisoblashardi. Bu “Milan”da sezildimi?
— SHarqiy Evropa futbolchilari Italiyada o'ynashga qiynaladi. Ammo o'sha payt SHevada qandaydir muammolar bo'lganini eslay olmayman. U ispan mentalitetiga tez o'rgangan. SHubhasiz, u salohiyatini maydonda ko'rsatib bera oldi. Italyanchani yaxshi o'rgandi. Bu ham muhim. CHunki futbolchi jamoadoshlari bilan maslahatlashishi kerak.
— Erkinlik tufayli bazi legionerlar ko'plab muammolarga duch keladi. SHu masalada SHevchenko haqida nima deya olasiz?
— Ha, erkinlik boshni aylantirib, yo'ldan chalg'itishi mumkin. “Milan”da hamma narsaga ruxsat berishardi. Ammo tartib-intizomga amal qilishlari shart edi. SHeva ham bundan mustasno emas edi.
— U "Oltin to'p" yutishini bilganmidingiz?
— Bunga umid qilgandik, albatta. U yuqori darajadagi o'yinchi. “Milan” ham ko'p bora g'alaba qozonardi. Uning buyuk o'yinchi bo'lishini bilardik. SHu sababli, “Oltin to'p” sohibi bo'lishiga shubha yo'q edi.
— O'sha vaqtdagi “Milan” — "yulduzlar"dan tashkil topgan jamoa edi. Har biri “Oltin to'p”ga loyiq, ammo ulardan faqat biri bunga munosib deb topilgan. Bu sizlarga alam qilmaganmi?
— Umuman olganda, hammasi ham siz aytganchalik emas. Hujumda ajoyib o'yinchilar ko'p edi: Indzagi, Krespo, Tomasson, Rivaldo. Jamoa faqat bir hujumchiga qarab qolmagandi. Hammaning maqsadi bir — g'alaba qozonish. SH sababli, faqat kuchlilar maydonga tushardi. Bilasizmi, bizda hech qachon SHeva zaxirada qolishi mumkin degan gap hayolimizga kelmasdi. CHunki u eng yaxshi o'yinchi edi.
— Himoyachilar kamdan-kam holatda “Oltin to'p”ni qo'lga kiritadi. Sizda bu sovrin yo'qligidan afsuslanasizmi?
— Endi qarang, hujumchilarning “gollari” bor. Himoyachilar esa etiborni o'zlariga qaratishlari uchun qandaydir noyob ish qilishlari kerak. Hujumchi, masalan chet el chempionatlaridan birida o'zini ko'rsatishi oson: ko'p gol ursa kifoya. “Oltin to'p” — shaxsiy sovin. Men esa futbolni — jamoaviy o'yin deb hisoblayman. SHu sababli, klub bilan birga g'alaba qozonishni istaganman. SHunday ekan, nima uchun “Oltin to'p”im yo'qligidan afsus chekishim kerak?!
— 2003 yilgi final. “Yuve” qarshi bahs. Eng yorqin xotiralar bilan bo'lisha olasizmi?!
— Bu muhim mavsum edi. Biz 9 yil deganda ECHL finaliga qaytgan edik. “Inter”ga qarshi yarim final har tomonlama qiyin kechgan: ham jismonan, ham ruhan. “Yuventus” bilan bo'lgan final uchrashuvi ruhan yana ham qiyin edi. SHeva hal qiluvchi penaltini tepdi, chunki u muhim pallalarda sovuqqon bo'lib, o'zini yo'qotib qo'ymasdi. Hakam 15-20 sekund kutishimizni aytdi. Biz juda ham havotirda edik. Bu muammo bo'lishi ham mumkin edi. Biz SHeva hammasini uddalashi, o'zin yo'qotib qo'ymasligiga umid qildik. Lekin shukurki, hammasi yaxshilik bilan yakunlandi.
— 2005 yilgi final fantastik bo'lib, tarixda o'chmas iz qoldirgan. Siz birinchi daqiqadayoq gol urishga muvaffaq bo'lgansiz, ammo mag'lub bo'lgan edingiz. Qanday taassurotlar qolgan?
— O'sha finalda men futbolning barcha yaxshi va yomon taraflarini his qilganman. To'g'ri, 1-daqiqada gol urdim — bu men uchun ham ajoyib holat. Biz 3:0 hisob bilan tanaffusga chiqdik. Ammo ikkinchi taymda raqib jamoa o'yin tizginini o'z qo'liga oldi va hisobni tenlashtirdi. Penaltilar seriyasida esa ular 3:2 hisob bilan g'alabaga erishdilar. Nima ham derdik, o'shanda g'olib bo'lish bizga nasib qilmagan ekan. Buni tushuntirib berolmayman. Bu — futbol.
— SHeva “Milan” muxlislari uchun kim deb o'ylaysiz?
— SHeva — muxlislar uchun afsonaviy futbolchilardan biri. Aslida, faqat ular uchun emas, barcha italiyaliklar hamda butun dunyo uchun ham u tirik afsona. U — jahon miqyosidagi o'yinchi.
— Siz — bir jamoa afsonasisiz. Uzoq yillar davomida faqat bir klubda o'ynash uchun qaerdan g'ayrat-shijoat olgansiz?
— Agar futbolni chindan yaxshi ko'rsangiz, g'ayratning o'zi kelaverar ekan. Men futbolni, mashq qilishni sevardim va doim yuqoriga intilardim. Jismoniy taraflama qiynalmaganman. Organizmim juda kuchli edi. Men 25 yil yuqori darajada o'ynashimda ota-onamning xizmati katta, albatta.
— O'g'lingiz ham sizdek “Milan” afsonasi bo'lib, 25 yil “rossoneri” safida o'ynashini xohlarmidingiz?
— Albatta. Ikki o'g'limning ham faoliyati menikiga o'xshashini istayman.
— SHevchenko — o'g'lingiz Danielening kumiri. U ham hujumda o'ynaydimi?
— Katta o'g'lim — markaziy himoyachi. Kichigi esa — hujumchi. U SHeva qanday o'ynaganini ko'rgan bo'lishi mumkin. Ammo ko'p bahslarni tomosha qilmagan. To'g'risini aytsam, ularning xonasida “Milan”ni eslatadigan narsalar juda kam. Farzandlarim endigina futbolga qadam qo'yishdi. Ular SHevchenko erishganlarining hech bo'lmasa yarmini uddalasa ham, bundan boshim osmonga etardi.
Ikkisi ham SHevani yaxshi ko'radi. U bilan ko'p bora ko'rishib turamiz. U bolalar bilan o'ynashni biladi. U farzandlarimga golf, futbol o'ynashni o'rgatadi.
— SHevchenkoning eng yaxshi sifatlari?
— Futbolchi sifatida — jismoniy tayyorgarligi va kuchi mukammal darajada. U nafaqat jarima maydoni, balki butun maydon bo'ylab yugurib o'ynay olardi. Hujum uchun bir qancha imkoniyatlar yaratib berardi. SHuningdek, har qanaqasiga gol ura olardi: bosh bilan, chap va o'ng oyoq bilan.
Inson sifatida — juda ochiqko'ngil, quvnoq inson. Avvaliga biz bilan ancha qiynalgan. CHunki til bilmasdi. Bir bir stol atrofida o'tirib, suhbatlashsak, u faqat bir gapni takrorlardi: “Xonamga kirishim kerak, dam olaman”. Ammo til o'rganganidan keyin o'zi biz hazil qilib o'tiradigan bo'ldi.
— Siz “Milan”da ancha murabbiy bilan ishlagansiz. Qaysi biri sizda katta taassurot qoldirdi?
— Bir narsa deyish qiyin. Juda ko'p buyuk murabbiylar bo'lgan. SHu bilan birga, otam ham. Lidxolm 16 yoshimda menga debyut qilish imkonini berdi — bu juda muhim. Har biri menga kerak paytda kelgan desam, adashmayman. Omadim bor ekan: Lidxolm menga o'ziga ishonishni o'rgatgan bo'lsa, Sakki futbolga qarashlarimni o'zgartirdi. Kapello esa o'z poziciyamdagi kuchlilardan biri ekanimni anglatdi. Faoliyatimning eng gullagan va so'nggi damlarimni Anchelotti davrida o'tkazdim.
— Berluskonining afsonaviy “Milan”dagi o'rni?
— U klubga kelib, uni butunlay o'zgartirib yubordi. Natijada “Milan” o'z oldiga jiddiy maqsadlar qo'ygan zamonaviy klub bo'ldi. Prezident kuchli o'yinchilarni sotib oldi. Hozir “Milan”da ishlayman va kundan-kunga klubni rivojlantirish, maqsadga etish juda mushkul ekanini tushunib etyapman.
— Berluskoni bilan munosabatingiz qanday edi?
— Hammasi boshidan alo darajada bo'lgan. Silvio menga “ikkinchi otangman” deb aytardi. Uning o'g'li bilan do'st edik. SHu sabab, uyiga ko'p borardim.
— Otangiz murabbiy bo'lgan. O'zingizni shu kasbda sinab ko'rishni hech istamaganmisiz?
— Otam qanday ishlaganini ko'rganman. SHuning uchun, bunday hayotni istamaganman. Doim chamadon ko'tarib yurardi, hamma narsasi tez o'zgaradi: klub, rahbariyat, jamoa. Bu men uchun emas.
— SHevchenko — murabbiy. U haqida Italiyada nimalar deyishadi?
— Faqat yaxshi gaplar. Ukraina termasi Italiyaga qarshi o'rtoqlik o'yinida yaxshi o'ynadi. SHeva yangi kasbga tez moslashib ketgani ochig'i, meni hayron qoldirdi. Italiyada legionerlarga taktikani yaxshi o'rgatishadi. Aynan shu unga hozirda qo'l kelyapti.
— Balki kelgusida SHevchenko “Milan”ga bosh murabbiy bo'lar, nima dedingiz?
— Kim bilsin?! SHeva hamda “Milan” o'rtasidagi munosabat doim yaxshi bo'lgan. Futbolda hamma narsa bo'lishi mumkin. Axir hayot kutilmagan voqealarga boy.
— Siz qandaydir mukofot yuta olmaganingizdan afsuslanasizmi?
— Otam murabbiy, men jamoa sardori bo'lgan payt Jahon CHempionatida g'olib bo'lganimda ajoyib ish bo'lar edi. Ammo umuman olganda, hammasidan ko'nglim to'q. Taqdir menga tuhfa etgan hayot va futbolchilik faoliyatimdan mamnunman.
Nozima Zaripova tarjimasi
Fikrlar