So’nggi yangiliklar

12:53"Бавария" ва "Ювентус" Англия термаси марказий ҳимоячисини ўз сафига қўшиб олмоқчи   0 12:32Миллатлар Лигаси доирасидаги баҳсда Бельгия Исроилни Венгрияда қабул қилади  1 11:56"Интер" "Зенит" ҳимоячисига қизиқиш билдирмоқда  0 11:27Mirabror Usmanov Cup-2024. Ўзбекистон бугун Қирғиз Республикасига қарши кураш олиб боради  1 10:53МЮдан навбатдаги юриш. Инглизлар 90 миллион евролик трансферни амалга оширишга тайёр  8 10:25«Барселона» Дани Ольмо бўйича музокараларни бошлади. Каталонияликлар қанча таклиф қилгани маълум  9 09:57«Атлетико» икки нафар Европа чемпионлари билан шартнома тузмоқчи  0 09:28Месси ХХI асрнинг энг яхши спортчилар рейтингининг ТОП-3лигидан жой олди. Роналду эса…  22 09:00Слот «Ливерпуль» бошқарувидаги дебют ўйнида Чемпионшип вакилига мағлуб бўлди  2 08:31«Пахтакор»нинг яна бир футболчиси «Металлург»га ижарага берилди  2 08:05АПЛ. Ким энг кўп ойлик олади?  1 07:37«Манчестер Юнайтед» олти нафар футболчисини сотишга тайёр  4 02:35Тожикистон футзал терма жамоаси бош мураббийи: "Бугун кучлироқ жамоа ғалаба қозонди"  1 01:38Хосе Венансио Лопес: "Адолатли натижа қайд этилди. Жорий йиғин давомида кўпроқ ҳимоя чизиғини яхшилаш ҳаракатидамиз"  2 01:05ОФК президенти Париж Олимпиадасида Осиё номидан иштирок этувчи терма жамоалар ва мусобақа расмийларига табрик йўллади  0

2010 yilgi intervyu - Nizom Nortojiev: "Jahon chempionatiga chiqish uchun tayyor emasmiz!" Yangiliklar

2010 yilgi intervyu - Nizom Nortojiev: "Jahon chempionatiga chiqish uchun tayyor emasmiz!"

Teglar :  Nizom Nortojiev
2010 yil fevral oyida sobiq futbolchi Nizom Nortojiev "Futbol Ekspress" gazetasiga intervyu bergandi. Quyida ushb intervyuni o'zgarishsiz taqdim etamiz.


Gazetamizning har sonida o'z vaqtida «Paxtakor» safida o'ynab, muxlislar yoqimtoyiga aylangan sobiq futbolchilar bilan suhbatlar berib boryapmiz. Bugun ham o'z ananamizga sodiq qolgan holda ish tutib, sizlarga taniqli himoyachilardan biri – Nizom Nortojiev bilan uyushtirilgan suhbatni havola etamiz. O'tgan hafta O'FFga qarashli suniy maydonda bu insonni ko'rib qoldim, ammo intervyu berishga ko'ndirish oson bo'lmadi. Sababi, Nizom aka, men faqat borini gapiraman, siz esa yoza olmaysiz dedilar. Lekin bir amallab ko'ndirdim, faqat sobiq futbolchining barcha aytganlarini qog'ozga tushurish shart bilan. Xullas, tanqidga boy bu suhbatni mazza qilib o'qishingiz mumkin.

- Nizom aka, so'nggi vaqtlarda o'zbek futbolida umuman ko'rinmay qolganingiz ko'plab ishqibozlarni qiziqtiradi. Hozir qanday ishlar bilan mashg'ulsiz?

- O'z uyimda, nevaralarimni tarbiyalab, erkalatib o'tiribman. Bundan tashqari, ingliz tilini mukammal bilish maqsadida kitob varaqlab, bilimimni oshiryapman.

- Milliy chempionatimiz uchrashuvlarini ko'rib turibsizmi?
- Yo'q. To'g'risi, oxirgi marta stadionga 2008 yil tushganman. Bir marta milliy terma jamoamizning Avstraliyaga qarshi bellashuvini ko'rish uchun «Paxtakor» stadioniga kirgandim. Ikkinchi marta, «Bunyodkor»ning «Adelaida Yunayted» bilan bo'lgan bahsini tomosha qilganman. Oynai jahon orqali ham oliy liga bahslarini juda kam, deyarli ko'rmayman desam mubolag'a bo'lmaydi.

- Futbolchilik faoliyatingizni yakunlaganingizdan keyin malum muddat turli klublarda murabbiy bo'lib ishlaganingizni bilamiz. Nima uchun hozir ham murabbiylik ishini davom ettirmayapsiz?
- Hozir futbolimizda «millionlar o'yini»ga bog'liq bo'lmagan insonlar faoliyat yuritmoqda. Bunday mutasaddilar bilan ishlash meni xarakterimga to'g'ri kelmaydi. SHu sababli murabbiylik ishini yig'ishtirganman.

- Xo'p, shunday ekan, o'sha shaxslarga kimligingizni isbotlash maqsadida ham ishlasangiz bo'lmaydimi?
- To'g'ri, ularga qasd qilib ham ishlashim mumkin, ammo o'sha insonlar buni tushunishmaydi.

- Keling, shu erda tanqiddan biroz chetga chiqib, tarixni eslaylik. 1972 yil birinchi marta «Paxtakor»ga kelgan Nizom Nortojiev, ikki marta klubni tark etgan va har safar yana mamlakatimizning birinchi raqamli jamoasi safiga qaytgan. Buning sabablarini tushuntirib o'tsangiz?
- Men klubga kelgan dastlabki yillarimda tarkib haqiqatdan ham kuchli bo'lgandi. Tan olaman, jamoadoshlarimning aksariyati kaminadan sezilarli darajada ustun edi. Ko'p vaqtimni zahirada o'tkazib yuborganim tufayli murabbiylar meni «Yangier»ga ijaraga berishdi. Albatta o'yin amaliyotiga ega bo'lishim uchun. Birinchi marta 1976 yil «Paxtakor»dan ketgandim. Oradan uch mavsum o'tgach jamoadoshlarim Ukraina osmonida aviahalokatga uchrab, yorug' olamni tark etishdi. Natijaga tarkibga yangi futbolchilar jalb etildi. SHular qatorida men ham bor edim. Ikkinchi marta «Paxtakor»ga qaytdim. O'sha yili oliy ligani to'qqizinchi o'rinda yakunladik. Buning uchun avvalo bizdan avvalgi jamoadoshlarimga minnatdorchilik bildirishimiz zarur. Aynan ularning avgustgacha yig'ib qo'ygan ochkolari evaziga to'qqinchi pog'onadan joy olgandik. Yangi mavsumda qiyinchilik bilan kuchlilar safida o'z o'rnimizni saqlab qoldik. Toshkentda ikki yarim yil to'p surganimdan keyin faoliyatimda yomon kunlar boshlandi. Moskvaning «Dinamo» jamoasi menga taklif bilan chiqqandi, ammo men «Paxtakor»dan ketishni istamay, sodiqligimni bildirdim. Biroq shundan keyin kutilmagan ishlar bo'lib ketdi. O'zim ham hech narsaga tushunmay qoldim. Sobiq Ittifoq Futbol Federaciyasi meni kutilmaganda uzoq muddatga diskvalifikaciya qildi. Jazo muddatini o'tab bo'lganimdan keyin faoliyatimni Yangiyo'l tumani, Xalqabod qo'rg'oni jamoasi – «Sohibkor»da davom ettirdim. Bu klubda o'ynovchi murabbiy vazifasini ham bajardim. Keyin yana «Paxtakor»dan taklif oldim. Nihoyat 1988 yil butsamni mixga ilib, murabbiylik ishini boshladim.

- «Paxtakor» kelishingiz qanday sodir bo'lgan edi?
- O'zim Toshkentning Eski shahar mavzesida tug'ilib o'sganman. CHorsudagi «Spartak» jamoasida «millionlar o'yini»ning ilk sir-asrorlarini murabbiylar – Viktor Kechinov hamda Maruf Akbarovdan o'rganganman. Eslatib o'tay, Viktor Kechinov o'zbek futbolining sobiq yulduzlaridan biri – Valeriy Kechinovning otasidir. Xullas, shu klubda to'p tepib yurgan kezlarimda «Paxtakor»ga o'sha vaqtdagi bosh murabbiy Vyacheslav Solovev taklif etgandi.

- Siz maydonda to'p tepib yurgan vaqtlaringizdagi futbol bilan hozirgisini orasida qanday farq bor?
- (hayratlanib) Eh-he! Juda katta farq bor. Fikrimcha, 70-80 yillardagi futbol hozirgisi qaraganda ancha ustun bo'lgan. Nafaqat futbol uchrashuvi, balki uning atrofidagi ishlarga bo'lgan munosabat professional tarzda edi. To'g'ri, men u vaqtdagi o'yinchilarni professional edi deya olmayman, ammo yuqorida aytib o'tganimdek, hamma o'z ishiga jiddiy etibor qaratardi. Hozir vaziyat umuman boshqacha, men futboldan chetda bo'lganligim uchun balki bunday fikrlarni bildirishim noo'rin bo'lar, biroq maydonda nima bo'layotganini ko'rib, bilib turibman yoki eshitaman. Vaqtida futbolchi bo'lganligim tufayli o'yinchilar bilan bog'liq ishlarni juda tez sezaman. SHu sababli aytishim mumkin, u vaqtlarda futbol haqiqatdan ham boshqacha edi.

- Bu o'sha vaqtlarda insonlar ancha sodda bo'lgani bilan bog'liqmi?
- Savolga ikki xil javob berish mumkin. Haqiqatdan ham, etmishinchi yillarda xalqimiz ancha sodda bo'lishgan, bunga qo'shilaman. Lekin o'sha sodda insonlar o'z ishiga professonaldek yondoshishgan. Bundan avvalgi savolingizga javob berishda ham aytib o'tdim. Futbolchilarni professional deb bo'lmasdi, biroq ishga, kasbiga bo'lgan munosabat professionallardek edi. Masul shaxslar xafa bo'lishmasin-ku, hozir ko'p ishlar faqat qog'ozda bajarilmoqda.

- Unda aytingchi, yurtimizda futbolni rivojlantirish uchun nimalarga jiddiy etibor qaratish shart?
- Birinchi navbatda bolalar futboliga bo'lgan munosabatni o'zgartirish shart! Bu siz hech narsaga erishib bo'lmaydi. Klublarimiz orasida birgina «Paxtakor»ning akademiyasida ishlar to'g'ri yo'lga qo'yilgan deb hisoblayman. Ko'pchilik «Mashal» jamoasining akademiyasini maqtaydi. Lekin muborakliklar xususida bunday demagan bo'lardim. Xo'p, aytingchi, «Mashal» akademiyasi nimasi bilan maqtana oladi? Taxminimcha, ular faqat reklama uchun ishlab kelishmoqda. Fikrimcha, futbolchilarning yoshlarini qisqartirishi ham, bu orqali pul ishlash ham shu klubda «rivojlangan». Esimni taniganimdan bilaman, o'sha kezlari viloyatdan Viktor Varyuxin chiqqan. Toshkentda yosh qisqartirishni bajarib bo'lmaydi. Sababi, har bir shaxs to'g'risidagi malumotlar kompyuterga kiritilgan. Viloyatlarda bu hali yuqori dajarada rivojlanmagani uchun kap-katta yigitlar ham o'smirga aylanib qolishmoqda.

Ikkinchi masala shuki, respublikamizda etuk murabbiylar sonini ko'paytirishimiz zarur. Birgina Yuriy Sarkisyanni inobatga olmasa, qolganlar «xizmat ko'rsatgan murabbiy» emas. Ortda qolgan o'n to'qqiz yil mobaynida nima uchun bunday mutaxassislarni chiqara olmadik. O'tgan yili Sergey Docenko vafot etdi, shu insonni hisobga olmasa, qolganlar xususida iliq fikrlarni bildirib bo'lmaydi. Aslida hamma o'z ishi bilan shug'ullanganida avvalroq ko'p narsalarga erishgan bo'lardik. Hozirgi murabbiylarni ustoz ko'rmagan shogird deyish mumkin? Istagan murabbiyingizni so'rang, ilgari nima ish qilganini aytib beraman. O'sha murabbiylarimizning yana bir xunuk odati bor: bir klubdan istefoga chiqarilsa, yangi jamoasiga barcha futbolchilarni olib o'tadi. Natijasi nima? Bir jamoa o'z-o'zidan «o'ladi». Murabbiy bir klubga yangi «qon» olib kirishi kerak, yo'q, biznikilar eskilaridan qo'rqmasdan foydalanishaveradi. Bu ham eng og'riqli nuqtalarimizdan biri. Hatto termalarimizda ham shunday mutaxassislar topiladi. Hali o'zi «pishib» etilmagan-ku, undan nimalarnidir kutamiz! Sobiq Ittifoq parchalanib ketgach, Ukraina futbolida ham pasayish kuzatildi. Arab mamlakatlari ishlab, o'ziga yarasha pul topib kelgan Valeriy Lobanovskiy termani boshqarishda ajoyib yo'l tutdi. SHu usulni sizga ham aytib o'tsam. Dunyo tan olgan murabbiy, o'zi ishongan shogirdlarini bir joyga to'plab, malum muddatga viloyatlarga jo'natadi. O'sha murabbiyning o'zi va oilasi uchun etadigan pullarni berib, birgina vazifani talab qiladi: o'zing borgan viloyatdagi futbolchilarning harakatlarini kuzat. Boshqa hech narsaga aralashma, har kun iloji boricha futbol, kamida mashg'ulotlarni ko'r va oilang bilan yaxshilab hordiq chiqar. Kimningdir harakatlari manzur bo'lsa, menga qo'ng'iroq qilib ogohlantir, uni terma yig'inlariga chaqirib sinab ko'raman. Bir o'q bilan ikki quyonni urish shunaqa bo'ladi, ham dam olish, ham ish qilish. Endi hisoblab chiqing, bir viloyatdan kamida bittadan futbolchi talabga javob bersa, terma jamoa o'zagi deyarli naqd bo'lib qoladi. Bundan tashqari, klublarda ham iqtidorli va tajribali o'yinchilar talaygina topiladi.

Yana bir og'riqli nuqtalarimiz biri – o'z vaqtida etakchi klublarda o'ynagan insonlarimiz bir chetda qolib, hayotida to'p tepmagan shaxslar murabbiy yoki futbolga aloqador lavozimlarda faoliyat olib bormoqda. Misol uchun, To'lagan Isoqov, Bahodir Ibragimov, Birodar Abduraimov, Vyacheslav Soloxo, Ravshan Yunusov, Ahrol Inoyatov, Vladimir SHtern. Bu insonlar futbolda ishlashi shart! Ular hozirgilarga o'xshab faqat nazariyotchi emas, balki amaliyotchi ham sanaladi. Mayli, biror bir klubda bosh murabbiy bo'lib ishlashmasin, lekin maslahatchilik qilishsa ham kattagina foydasi tegishi aniq. Masalan, To'lagan aka, hujumchilarga alohida ko'rsatma berishi mumkin, sababi, u maydonda o'ynagan. Qanday vaziyatda nima qilishni juda yaxshi biladi. Boshqalar haqida ham shunday fikrlarni aytsa bo'ladi.

- Siz sanab o'tgan insonlarning ish uslubi va dunyoqarashi bugun kun futboliga mos kelarmikan?
- Bitta faktni unutmang: futbolda Amerika ochishning hojati yo'q, chunki hammasi shu kungacha ochilib bo'lingan. Ularning fikrlari eskirmagan. Xo'p, nima uchun xorijga etuk legionerni chiqara olmayapmiz. SHuning o'zi ham futbolimizning bugungi kuni, saviyasi, kimlarning qo'liga qolib ketganidan darak bermayaptimi? Birgina Server Jeparovni olaylik, 2008 yil Osiyoning eng yaxshi futbolchisi bo'lishga erishdi, buning uchun juda xursandman. Lekin qitada eng zo'r bo'lgan o'yinchimizga hatto Rossiya klublari ham qiziqish bildirmadi. Bu nimadan darak bermoqda? Keling, shu murabbiylar haqida so'z ochildi, gaplarishda davom etsam. Pekin Olimpiadasiga borishigi kerak bo'lgan termamiz guruh bosqichidayoq kurashni to'xtatdi. Oxirigacha ishqibozlarni hali ham imkoniyatimiz bor deb aldab keldik. Xo'sh, nimaga? Nima keragi bor, muxlis ahlini aldashni? Bu orqali nimaga erishamiz? Bir yil Moskvada bo'lib o'tadigan «temiryo'lchilar» Kubogida CSKA «Milan»ga 0:3 hisobida yutqazib qo'ydi. Uchrashuvdan keyin Valeriy Gazzaev, hech narsani bahona qilmasdan, milanliklar bizdan kuchli edi deb qo'ya qoldi. Mana professionallik! Biz bir yomg'irni, bir issiqni, boshqa paytlar arablar maydonga yotib olishini bahona qilamiz. Kechirasiz-ku, bizning o'yinchilarni ustiga tushayotgan yomg'ir va quyosh nuri raqib futbolchilarini chetlab o'tyaptimi? Undan ko'ra, ochiqchasiga ular bizdan kuchli deb qo'ya qolishsin, hech kim haqiqatdan xafa bo'lmaydi. Yana bir gap kishining jaxlini chiqaradi. Nima emish, bu omadsizliklar uchun muxlislar oldida qarzdor ekanlar? Qoyil, kechirasiz-ku, qarzni keyingi qarzgacha to'lab qo'yish kerak. Bizdagi murabbiylar qachon qarzlaridan qutilishadi, hayronman! Bir narsaga hayron qolaman, olimpiya terma jamoamiz ham, milliy terma jamoa ham o'z oldiga qo'yilgan vazifani uddalay olmadi. Lekin buning uchun kim aybdor ekanligi aytilmadi ham, kimdir bu omadsizlik uchun bor aybni o'z bo'yniga olish kerak-ku, axir, to'g'rimi? Meva daraxti ekilganidan keyin, ko'karib, hosilga kirib meva bermasa yoki umuman qurib qolsa, uni sug'irib tashlash zarur. Ko'karishidan umid qilib tinmasdan suv quyganingiz bilan undan hech narsa ololmaysiz. Bizdagi holatni qarang, olimpiya bosh murabbiyi milliy terma jamoa ustoziga yordamchilardan biri bo'ldi. Bunga qoyil qolmasdan boshqa iloj yo'q. Eng yomoni, jahon chempionatidan quruq qolganimizdan keyin ham murabbiylar shtabida hech qanday o'zgarish sodir bo'lmadi. Sizga bir misolni aytaman, 2001 yil termamizni boshqargan Vladimir Salkov futbolchilarimizni mundialga etaklay olmagach, Toshkentga ham kelishni istamay shaxsan o'zi istefoga chiqqandi. Mana professionallik. O'z vazifangni uddalay olmayapsanmi, marhamat, o'z o'rningni boshqalarga bo'shatib qo'y. Termani mahalliy murabbiylar jahon chempionatiga olib chiqa olmayaptimi, demak, xorijdan katta pul to'lab bo'lsa ham etuk mutaxassis olib kelish zarur. SHundagina nimadir o'zgarishi mumkin. Oliy ligamizda 14ta klub bo'lsa, shuncha murabbiy bor. Termalarga ham mos ravishda bir nechta mutaxassislar ishlaydi. Qaysi biri bir klubdan bo'shasa, boshqasidan qo'nim topadi. Avvalgisi bunining o'rnini egallaydi. SHu tariqasi karuselga o'xshab aylanib yuraverishadi. Na o'zgarish bor, na rivojlanish.

- Murabbiylarimiz talabga javob bermas ekan, unda nima qilish kerak?
- Yosh mutaxassislar bor. Masalan, Marat Kabaev, Gennadiy Denisov, Igor SHkvirin, Mirjalol Qosimov, Mustafo Bilolov. SHularni katta pul to'lab bo'lsa ham Evropaga malaka oshirish uchun jo'natish kerak. Agar Evropa jamoalari so'raydigan pul O'FF yoki klublarimizga og'irlik qilsa, Rossiya jamoalaridan ham nimalarnidir o'rgansa bo'ladi.

- SHaxsan siz, necha yilda bir jamoani shakllantira olasiz?
- Nafaqat menga, balki barcha murabbiylar uchun bir qoida bor: jamoani shakllantirish kamida uch yilni talab etadi. O'sha uch yildan keyin murabbiylardan nimanidir talab qilish mumkin. Hozir klublar bir yildayoq chempion bo'lishmoqda.

- SHunday murabbiylarimiz borki, klublar bilan uch yilda ham hech narsaga erisha olmaydi?
- Demak, ular mutaxassis emas!

- Yuqorida terma jamoalarimiz murabbiylaridan ham norozi bo'ldingiz. Ularni ham to'g'ri tushuning, yurtimizda yaxshi futbolchilarning soni yildan-yilga kamayib ketmoqda?
- To'g'ri, buning sabablarini yuqorida tushuntirgan bo'ldim. Fikrimni davom ettiraman. Aytingchi, qaysi maktablarimizda bolalar futboliga bo'lgan etibor yuqori darajada? Fikrimcha, hech qaysi. Sababi, u erda ham bolalar futboli bo'yicha mutaxassislar ishlayotgani yo'q. Buni tan olaylik. Aslida bolalar futbolida ham taniqli futbolchilarimiz ishlashi lozim. O'z vaqtida Vladimir SHtern, Erkin Abduraimov ham yoshlar bilan ishlab ko'rishgan. Maktablarda murabbiy shogirdining oyog'iga to'pni qo'yib, o'rgatishi zarur. Hech bo'lmaganda o'zi ko'rsatib berishi kerak. Bizda qanaqa, o'sha mashqni bajar deydi-da, boladan mashqlarni kutadi. Birinchi marta maktabga kelgan etti yashar bola nima qilishga hayron, og'zi ochilib, ustozining jaxlidan qo'rqib turaveradi. Sizga oddiy bir misolni keltiray. Men bolalar bilan bir oy ishladim. Ishga yangi tayinlanganman, to'g'risi, birinchi kun nima qilishga hayron bo'ldim. Keyin direktor SHternni oldiga kirib, ishni nimadan boshlash mumkinligini so'radim, har holda u bu borada etuk mutaxassis. SHunda rahbariimiz avval qo'l ostingdagi shogirding to'p bilan qanday ishlashini, nimalarga qiziqishini bilgin deya uqtirdi. Buning uchun qo'liga to'pni berib qo'ygin-da, o'zing uni chetdan turib tomosha qil. Mana sizga bir ish uslubi, hozirgilarga o'xshab, yangi boladan ham kattalar bajaradigan mashqlarni talab qilish emas! Xullas, bir oyga yaqin ishladim, biroq keyin ayrim sabablarga ko'ra bu dargohdan ham ketdim. Nima emish, men bir amaldorning o'g'lini mashg'ulotlarga qo'ymabman. Aslida u bolaning o'zi har kun mashg'ulotga kelib, maydon chetida do'stlarini tomosha qilardi. Men esa mayli nima bo'lar ekan deb kutib yurgandim. Oxiri uni olib keladigan yigitga ukalaring boshqa narsaga qiziqsa kerak, uni qiynamanglar deb qo'yib, boshim baloga qoldi. Kechirasiz-ku, shunday murabbiylar bor, bolaning ota-onasidan pul oladi. To'g'ri, pul hammaga kerak, shaxsan o'zimga ham, lekin olingan pul bilan cheklanib qolsa ham mayli, yangi oyda yana o'shandan so'raydi. CHunki unda pul borligini bilib bo'lgan. Bilaman, bu gaplarim ayrimlarga og'ir botishi mumkin, boz ustiga, bular isbotlanmagan faktlar sirasiga kiradi. Lekin ham bolalar futbolida ishladim, ko'rdim, sir-asrorlarini bildim. Murabbiy bironta ota-onadan misol uchun, 200 AQSH dollari hisobida pul olsa, hech bo'lmaganda yarmini shogirdlarining to'plari, boshqa narsalariga sarflasa xafa bo'lmaysiz. Yo'q, bizda aksincha, birinchi oy olgani etmaganidek, yana so'raydi. Bu klublarimiz qoshidagi akademiyalarimizga ham tegishli gap. Agar buni bilishni istasangiz, Toshkent shahar birinchiliklariga boring va tomosha qiling. Ota-onalar murabbiylarni xohlagancha haqorat qilishadi. CHunki murabbiyning tili qisiq. Masalan, sizni haqorat qilsa, tezlik bilan unga javob qaytarasiz, ammo ular buni qila olishmaydi. Sababi, stadionning o'zidayoq sharmanda bo'lishi mumkin.

Yana bir gap, bolalar futbolida bitta guruhda har yili yangi murabbiy ishlashi kerak, bizda bir mutaxassis yoshlarni etti yoshida qabul qilsa, jamoagacha boshqaradi. Ochig'i, yurtimizda bolalar futbolidagi tayyorlov tizimini ham maqullab bo'lmaydi. 2003 yil birinchi marta Viktor Borisov yoshlarimizni kichik mundialga olib chiqdi. Qani o'sha yigitlar? O'tgan yili Misrga borib kelgan Ahmad Ubaydullaevning shogirdlari qani? Aynan ular 2014 yilgi jahon chempionatiga olib borishlari kerak. Eng asosiysi aybimiz shuki, hatto bolalar futbolida ham ishga professional tarzda yondoshish degan narsani bilmaymiz. Maktablarga berilgan to'p yoki boshqa jihozlar yarim yo'lda «tushib» qolaveradi. Hozir hamma futbolni tushunadi. Men bir marta qozog'istonlik Temur Segizboevning yubileyiga bordim. Bir narsani aytib o'tay, qozoqlar saviya borasida har doim biz bilan bir xil yoki ustun yurishgan. O'sha inson elib-yugurib, mamlakat Futbol Federaciyasini UEFA olib o'tdi. Ko'pchilik etiroz bildirishi mumkin, ammo haqiqat, ular bundan faqat yutishdi. UEFAga o'tish orqali ko'p narsalarga erishishsa bo'ladi. Ulardan xursand bo'lganim shuki, Federaciyada futbolga aloqador, aniqrog'i, o'z vaqtida to'p tepgan insonlar ishlashadi.

- Demak, O'FFni ham UEFAga o'tishining tarafdori ekansizda?
- Ha. CHunki Evropada hammasi professional. Terma jamoalar murabbiyi vazifasini uddalay olmadimi, ikkinchi marta boshqarishi uchun o'z ustida ishlashi, kerak bo'lsa, bir necha yillar kutishi shart bo'ladi. Bizdagiga o'xshab, hech narsa qila olmasa ham unga yana imkoniyat berilavermaydi. Ochig'ini aytaman, shu gaplarimni aniq yozing, mendan hech kim xafa bo'lmasin. Bu O'FF bilan biz yaqin orada jahon chempionatiga aniq chiqa olmaymiz. SHaxsan men buni isbotlab beraman. Istagan masul shaxs yonimga kelsin, kamchiliklarini aytib beraman. Futbolda ishlash uchun, avvalo futbolni tushunish kerak!

- 2014 yilgi jahon chempionatidan umid qilmasak bo'laverar ekan-da?
- Men bu gaplarimni bilan mana haqiqatni gapiradigan inson ham bor ekan-ku, deya o'zimni ko'rsatmoqchi emasman. SHunaqa xarakterim bor. Oqni-oq, qorani-qora deyman. 2014 yilgi mundial tugul, keyingisidan umid qilish qiyin. Sababi, biz bunga hali tayyor emasmiz. Xohlagan inson bilan garov bog'layman. 1994 yildan keyin nimaga erishdik? Xirosima maydonlaridagi g'alaba ham nimaning hisobiga kelganligini barcha biladi. O'sha vaqtdan boshlab, etti yoshli bolalarni alohida tarbiyalab borganimizda hozir ancha yaxshi holatga kelishgan bo'lardi. Futbolchi 25 yoshida maydonda javlon urib to'p tepishi kerak. Bizda unaqa vaqtlarda «tugab» bo'lishadi. Kamdan-kam o'yinchi 20 yoshiga qadar porlab chiqadi. «Paxtakor» azosi Vladimir Fyodorov 16 yoshida asosiy tarkibdan joy olgan, u haqiqiy noyob iqtidor egasi sanalardi. Yana qaytaraman, bizda har kim o'z sohasida ishlmayapti, xususan futbolda ham. Boz ustiga, kasbiga masuliyatli tarzda yondoshmaydi.

- Terma jamoalar murabbiyiga ham vaqt kerak bo'ladimi?
- Tassavur qiling, sizga bir kilogramm olma kerak. Ellik tupdan ortiq olma daraxti bor, hammasi pishib yotgan bog'ga kirib, o'sha bir kilogrammni tanlab olishingiz shart. Terma jamoalar murabbiyi ham shunga qiyoslanadi. Ular tayyorini olishadi, shu sababli bir hafta ham etishi lozim.

- Valeriy Lobanovskiyning usulini Mirjalol Qosimov ham qo'llasa, bizda bu ish berarmikan? Har holda yaxshi futbolchilar kamayib ketayotgani ayni haqiqat.
- Albatta foyda beradi. CHunki O'zbekiston iqtidorli yoshlar to'lib yotibdi. Faqat ularga etibor qaratish zarur. Mirodil Jalolovga o'xshagan insonlarning soni ko'paysa, futbolimiz yanada rivojlanadi. O'g'lim «Bunyodkor» yoshlarida malum muddat ishladi, klubda bolalarga juda katta etibor qaratilgan. Hamma narsa muhayyo! Lekin yana bir gap, klubda ishlayotgan insonlarni o'z ishiga masuliyatli yoki loyiq deya olmayman. Sababi, yuqorida aytib o'tdim, hamma o'z dardida, pul ishlash niyatida! Oddiy misol, maktablarga, akademiyalarga «Bunyodkor»-«Al Ittihod» uchrashuvini ko'rish uchun chipta berishsin. Bolalar bu yoshida har narsaga qiziquvchan bo'ladi, ayniqsa, futbol borasidagi yangiliklarga, shu orqali u arablardan nimadir o'rganishi mumkin. Stadionlardan muxlislarimizning «qochayotganligi» saviyamizdan darak berib turibdi. To'g'ri, o'sha futbolga aloqasi yo'q insonlar ham baribir bir kun ishidan ketadi. Hech kim abadiy emas, ammo futbolimizni aniq yo'lga tushurib olishimiz yana o'n besh yilni talab qiladi. Keyin nima qilamiz? SHu narsa kishini xafa qiladi. Mustaqillikka erishganimizda salkam yigirma yil bo'ldi. Ortda qolgan muddat oralig'ida bitta Evropa darajasidagi stadion qurildimi?

- Yaxshi saviyadagi legionerlarning klublarimizda to'p surishiga munosabatingiz?
- Rivaldo – jahon tan olgan yulduzlardan biri. Aynan u «Bunyodkor»ning sardori, o'yin boshqaruvchisi, xullas, jamoadagi haqiqiy etakchi. O'zlaring chempionat saviyasi terma jamoaning kuchini belgilaydi deysizlar. Birinchilik kuchli bo'lishi uchun klublarning saviyasi yuqori bo'lishi lozim. Kuchli klublarda mahalliy o'yinchilarga ko'proq ahamiyat berilsa maqsadga muvofiq bo'ladi. «Bunyodkor»da Rivaldo kelishi bilan Jeparov yo'q bo'lib qoldi. Vaholangki, Server milliy terma jamoamizning haqiqiy etakchisi!

- Futbolchining hayotida pul qanchalik muhim o'rin tutishi kerak?
- Mana qarang, bir jamoa sharafini himoya qilyapsiz, sizga kiyim-kechak, oziq-ovqat beradi. Bu tabiiy hol, mashg'ulot va o'yindan boshqa hech narsa bilan shug'ullanmaysiz. Sizga yana kerak? Bizning davrda klubning ikkita adminstratori bo'lardi. Biri jamoadagi ichki ishlar uchun, qolgani tashqi ishlar bilan shug'ullanardi. Yani, futbolchi oilasiga nima kerak bo'lsa o'sha adminstratorga aytadi, u tashlab keladi. Qisqasi, futbolchi to'pini tepib yuraveradi. Boshqa ish bilan shug'ullanishga uning vaqti yo'q. Maosh olinganidan keyin o'sha administratorga qarz bo'lib qolingan pul beriladi. Hozirgi holatni umuman tushunib bo'lmaydi. Yana qaytaraman, pul hammaga kerak, lekin avva ishlash shart!

- So'zlaringizdan sezilib turibdiki, klublarimiz futbolchilarga katta pul berayotgani futbolimizga salbiy tasir ko'rsatayotgan ekan-da?
- To'ppa-to'g'ri! CHempionatimiz saviyasi tushayotganiga birinchi sabablar biri aynan shu. Ochig'i, hozirgi o'yinchilar o'zlariga yarasha bo'lmagan maosh olishmoqda. Ko'tarma puli qaerdan chiqdi, hayronman. Nima emish, bu borada Evropaga taqlid qilishayotgan ekan. Unda to'p tepishda ham evroaliklarga taqlid qilishsin! Biz ham pul olardik, lekin mehnatimizga yarasha taqdirlanardik. Eng yomoni, hammasi uchun muxlislar siqilgani qoladi. Terma jamoamiz jahon chempionatiga boradimi degan savolingizga qo'shimcha, Osiyoga 4,5 o'rin berilgan. Avstraliya qo'shilganidan keyin o'sha yarimta ham band qilindi. Tan olaylik, biz Osiyoning o'nta eng kuchli mamlakatlari qatoriga kiramiz. To'rttalik yoxud beshtalikka emas! Muxlislarni aldagandan ko'ra, Toshkentga hech bo'lmasa Moskvaning «Spartak» jamoasini o'rtoqlik uchrashuviga chaqirishsin-da, haqiqiy kuchimizni bilib olishsin! SHundan so'ng, ishqibozlar oldida qarzdormiz demasdan, kamchiliklar ustida bosh qotirishgani maqul.

- Oliy ligamizning saviyasi haqida sizdan faqat yomon fikrlarni eshitar ekanmizda?
- Aytingchi, maqtaladigan nimasi bor? CHempionatimizda uchta o'yin bor: «Bunyodkor» va «Paxtakor» o'rtasidagi ikki bahs va Kubok finali, bo'ldi boshqa o'yinlar haqida gapirishning hojati yo'q. Beshinchi turdan keyinoq, kuzda birinchiligimiz qanday tugashini bilib olish mumkin. Yuqoridagi fikrimda sobit qolaman. Dastavval, bolalar futbolini ko'tarish shart! Faqat, iltimos, og'iz yoki qog'ozda emas! Amalda ham biror ish qilish zarur. Qishda na klublarimiz uchun, maktablarimiz uchun sifatlarni maydonlarni topa olmaysiz. O'FF qoshidagi suniy maydonning ijara narxi naqd 300 ming so'm! Bu kimga kerak? Federaciyasi har kuni bittadan maktab uchun maydonni vaqti-vaqti bilan ajratib tursin. Mayli, ko'p emas, bolalar hech bo'lmasa bir soat shunday maydonlarda shug'ullanishsa, futbolga bo'lgan mehri yanada oshadi.


- Oxigi savol, yaqin orada Nizom Nortojievni murabbiy sifatida biror bir klubda ko'ramizmi?
- Bilmadim.


MA'LUMOT UCHUN 

Tug'ilgan sanasi: 13.03.1955. 

Tug'ilgan joyi: Toshkent. 

Birinchi murabbiylari: Maruf Akbarov va Viktor Kechinov. 

Futbolchilik faoliyati: «Paxtakor» (1972-1975), «Yangier» (1976-1978), «SHahrixon» (1979), «Paxtakor» (1979-1981), «Sohibkor» (Xalqabod, 1985-1986), «Paxtakor» (1986-1988). 

Futbolchilikdagi ampulasi: markaziy himoyachi. 

Murabbiylik faoliyati: «Sohibkor» (Xalqabod, o'ynovchi murabbiy, 1986), «To'raqo'rg'on» (1991-1992), «G'azalkent» (1993), «Oqtepa» (2007).


«Futbol Ekspress» gazetasi
2010 yil, fevral
Furqatbek NISHONOV suhbatlashdi.


P.S. Nizom Nortojiev 2015 yil dekabr oyida vafot etgan.

Reyting: +16   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика