

Bugungi mehmonimiz sobiq futbolchi, murabbiy Shuhrat Rahmonqulov bir necha soatlardan so'ng start oladigan Superliganing 9-turi uchrashuvlariga o'z taxmin va fikrlarini bildirdi.
- AGMK so'nggi o'yinlarda mavsum boshiga qaraganda ancha o'ziga kelib oldi. Birin-ketin raqiblarini yutib kelyapti. Shunday ekan ularda ruhiyat bilan bog'liq muammo bo'lmasligi kerak. "Bunyodkor"ning esa o'yini bir o'xshab qolsa hech qanday jamoaga imkoniyat qoldirmaydi. Istalgan jamoa bilan o'ynay oladi. Agar bugun ham shunday bo'lsa, AGMKga qiyin bo'lishi aniq. Qolaversa jamoada bosh murabbiy o'zgardi. Bu uchrashuvda nisbatan mezbonlarda imkoniyat balandroq.
- Ushbu uchrashuvda teng kuchli jamoalar uch ochko uchun kurashadi. Timur Kapadze qo'l ostidagi yoshlar ishtiyoqqa to'la. Har bir o'yinda oxirigacha kurashmoqda. Fikrimcha o'yinda durang natija qayd etiladi. "Lokomotiv" uyda o'ynayotgani uchun hujum qiladi. Chiroyli futbol ko'ramiz.
- "Metallurg" tarkibida "Dinamo"ga qaraganda tajribali futbolchilar talaygina. Menimcha, bu o'yinda baribir tajriba o'z so'zini aytsa kerak.
- Vodiy derbisi. "Navbahor" - "Neftchi" ishtirokidagi o'yinlar doim diqqat markazida bo'lib kelgan. O'zim ham bunday atmosferadagi uchrashuvlarda to'p tepganman. Bu bellashuvda "Navbahor" favorit. Mezbon, muxlislar, so'nggi o'yinlardagi ko'tarinkilik bunga mezbonlarga yordam berishi mumkin. Biroq "Neftchi" futbolchilari ham qarab turmaydi. Kurashadi, qarshilik ko'rsatishga urinadi. Oxirgi o'rindagi jamoa uchun har bir o'yin final hisoblanadi. Yo'qotilgan har bir ochko keyinchalik ta’sirini o'tkazadi. Ilhom Mo'minjonov, qolgan barcha murabbiylarga imkoniyat, vaqt berish kerak. Hozirgi sharoitda faqat fursat qilish zarur.
- Bugungi kunda "Nasaf" futbolchilari ayni zo'r sport formasida. Ular yonib turibdi. "Qizilqum"da tajribali va mahoratli futbolchilar ko'p. Ustunlik "Nasaf"da. Navoiyliklar esa bu o'yinda faqat tajriba yordam beradi.
- "Qo'qon-1912"ga ayni paytda ishtiyoq va o'ziga bo'lgan ishonch qaytgan. "Lokomotiv" bilan o'yindagi g'alaba ular uchun foydaga ishlashi tabiiy. Baxtiyor Ashurmatov Qo'qonda yaxshi jamoa shakllantirgan. Kurashuvchan tarkib yig'gan. Yaypanda jangovar durang ko'rishimizni taxmin qilaman. Uchrashuv Qo'qonni o'zida o'tganida balki g'alabaga imkoniyat ko'payardi.
- Qisqacha aytsam, qiziqarli futbol guvohiga aylanamiz. "Surxon" "Paxtakor" bilan o'yinda mag'lubiyatdan qutulib qoldi. Xarakter ko'rsatishdi. "So'g'diyona" raqibiga qaraganda ancha shakllanib ulgurgan.
Muallifning telegram kanali - Intervyular olami



