Shohruh Ishanov: "Jamoamiz 2005 yilda tavallud topgan futbolchilardan iborat"

Sherzod Nurmatov
15 apr 2022, 20:42
O'zbekiston kubogi 2-turidan o'rin olgan "Sho'rtan" – "Andijon II" (3:0) o'yinidan so'ng andijonliklar bosh murabbiyi Shohruh Ishanov fikrlari bilan o'rtoqlashdi.


- O'yin haqida

- Avvalo, "Sho'rtan"ni yutuq bilan tabriklayman. Jamoamiz yigitlari bor kuchlarini sarflashdi, bu uchun rahmat. Ochiq o'yin ko'rsatdik. "Olimpik" bilan bahsda himoyaviy o'yin ko'rsatgandik. Ochiq futbol ko'rsatganimiz bois raqib bizni 3 ta gol bilan jazoladi. 

- Tarkib yosh futbolchilardan tuzilgan. Bugun ularga jon-jahdingiz bilan ko'rsatma berdingiz. Jamoa rahbariyati oldingizga qandaydir maqsad qo'yganmi?

- Yo'q. Bizda vazifa yo'q. Albatta, har bir o'yinda g'alaba qozonish uchun maydonga tushamiz. Jamoamiz 2005 yilda tavallud topgan futbolchilardan iborat. Bu – futbol. Kimdir yutadi, kimdir yutqazadi. Bugun mag'lub bo'ldik, demak, raqibning omadi keldi va g'alabaga erishdi.

- Birinchi golda darvizabonga keskin etiroz bildirdingiz. O'sha vaziyatda kim aybdor edi?

- O'yinda butun jamoa harakatlanadi. Kimnidir ayblash qiyin. Futbolda darvozabon bitta qarorga keldimi, uni oxirigacha bajarishi kerak. U oldinga chiqdi va ortga qaytib ketdi. Birinchi to'p uniki edi. U hujumchi bemalol zarba berishiga yo'l qo'yib berdi.

- Birinchi taymning o'zida o'zgarishga qo'l urdingiz, yani hujumchi o'rniga yarim himoyachini maydonga tushirdingiz. Bu hisob yiriklashib ketmasligi uchun qilindimi?

- Yarim himoyachi ham, hujumchi ham 2005 yilda tug'ilgan futbolchilar, shuning uchun ularni tezroq almashtirish kerak edi. Bunaqa katta maydonga biz birinchi marta o'ynayapmiz. Shuning uchun tez-tez o'zgarish qilib turishim kerak, hamma yigitlarga imkoniyat berishim kerak. Ular professional futbol havosidan nafas olib ko'rishlari zarur. 

- Bir holat e'tiborimizni tortdi. Jamoada bir nafar tibbiyot xodimi bor ekan. Og'ir o'yinlarda bu kamlik qilmaydimi? Murabbiy sifatida qo'shimcha tibbiyot xodimlarini jalb qilishni so'ramaganmisiz?

- Jamoamiz yangi tashkil topgan. Kamchiliklarni sekin-sekin bartaraf etib boryapmiz. Rahbariyat tomonidan tajribali shifokor jalb qilingan. Bizning zimmamizda faqat yaxshi o'yin ko'rsatish qolyapti.

O'xshash yangiliklar


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: championat.asia