

Championat.asia sayti turning eng yaxshilarini aniqladi.
Tur murabbiyi - Azamat Sharipov (“BuxDU”)
“BuxDU” bu turda “Yaypan”ni mehmon qilib, 2:1 hisobida g'alaba qozondi. Buxoroliklar mazkur bahsda murabbiyning ko'rsatmalariga amal qilgan holda o'zining eng yaxshi tomonlarini ko'rsatdi va mavsumdagi ilk g'alabasiga erishdi. Shu tariqa, aynan jamoa ustozi Azamat Sharipov tur murabbiyi sifatida etirof etildi.

Tur futbolchisi - Asilbek Aliev (Respublika FA)
Respublika FA “TerDU” bilan bahs yuritib, 4:2 hisobida g'alaba qozondi. Mazkur o'yin hujumchi Asilbek Alievning benifisiga aylanib ketdi va u xet-trik qayd etdi. Shunday qilib, aynan Aliev so'zsiz tur futbolchisiga aylandi.

Tur darvozaboni - Xojamberdi Shonazarov (“QMU Jayxun”)
“QMU Jayxun” ortda qolgan turda “G'azalkent” mehmoni bo'lib, durang o'ynadi (0:0). Uchrashuv mobaynida Xojamberdi Shonazarov bir qator seyvlari bilan ajralib turdi. Ayniqsa, u so'nggi daqiqalarda ajoyib seyv ko'rsatib, jamoasini muqarrar goldan asradi. Shunday qilib, 27 yoshli futbolchi tur darvozaboni nomiga loyiq ko'rildi.

Tur goli - Ruslan Qalmag'ambetov (“Aral”)
“Aral” bu turda “Paxtakor farm”ni yirik hisobda taslim qildi (3:0). Mazkur bahsning 10-daqiqasida mezbonlar to'purari Ruslan Qalmag'ambetov to'pni darvozaboning ustidan oshirib qo'yish orqali hisobni oshdi. Chiroyli kiritilgan ushbu to'p Championat.asia xodimlari tomonidan tur goli deb topildi.

Eslatib o'tamiz, tur doirasidagi “Olimpik-MobiUz” – “Lochin” bahsi 18 iyul kuni bo'lib o'tadi.



