Samvel Babayan "Paxtakor" bilan o'yindagi mag'lubiyatdan so'ng: "Durang adolatdan bo'lardi"

Aziz Tukhtamuradov
1 apr 2022, 21:27
"Navbahor" bosh murabbiyi Samvel Babayan "Paxtakor"ga qarshi o'yindagi mag'lubiyatdan so'ng (0:1) matbuot anjumanida o'z fikrlarini bildirib o'tdi.

"Bu birinchi davraning markaziy o'yinlaridan biri edi. O'yin va natija haqida gapirsam - agar durang bo'lganida adolatdan bo'lardi. Biz hujumda o'ynamadik. Yaxshi vaziyatlar bo'lgandi. Afsuski, hujumlarimiz o'xshamadi. 



- Goldan keyin nima uchundir "Navbahor" oldinga borish o'rniga, o'yinni tashlab yuborgandek ko'rindi. 

- Bunday bo'lmadi. Biz vaziyat yaratib, oldinga borishga urindik. Barcha oxirigacha harakat qildi. 

- Mazmunli, jangovar o'yin ko'rdik. Intizomni ushlab turdingiz. Lekin, nima uchun bu o'yin oxirigacha bo'lmadi? 

- Tayanch zonasida qo'pol xato bo'ldi. O'yin darajasiga keladigan bo'lsak, bu OCHL darajasidagi bahs bo'ldi. "Navbahor"da hozir  jamoa yangi. 60-70 foizga yangilangan. O'yindan-o'yingacha maksimal ravishda kuchayamiz. 


- O'yindagi almashtirishlaringiz mag'lubiyatga ta’sir qildi deb o'ylaysizmi?

- Yo'q. Bunga jarohat ham sabab edi. Azim Ahmedovda jarohat bor edi. Grigalashvilida esa almashtirish vaqti kelgandi. 

- "Navbahor" o'yin davomida aniq hujum qilgani yo'q. Lekin jamoa tarkib jihatdan yaxshi. Balki yaxshiroq hujum bo'lganida g'alaba bo'lardi?

- Biz bugun o'z salohiyatimizni ko'rsata olmadik. Xatolar bo'ldi. Hali buni tahlil qilib chiqamiz. Balki haddan ziyod g'alaba qozonishni istab yuborgandirmiz. 


- O'tkir Yusupovning o'yindan keyingi harakatlariga qanday baho berasiz? Bu to'g'rimi?

- Bu vaziyatni hali ko'rmadim. 


Aziz To'xtamurodov yozib oldi

Foto: Tolibjon Qosimov

O'xshash yangiliklar


Aziz TukhtamuradovMuallif
Manba: championat.asia